242-modda. Davlat boshqaruvi organlarining xulosalari
Sud tomonidan sud protsessida ishtirok etish uchun jalb qilingan yoki o‘z tashabbusi bilan protsessga kirishgan davlat boshqaruvi organlarining xulosalari sud majlisida o‘qib eshittiriladi, shundan keyin xulosalarni oydinlashtirish va to‘ldirish maqsadida sud, ishda ishtirok etuvchi shaxslar mazkur organlarning vakillariga savollar berishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 52, 53-moddalari, 68-moddasi uchinchi qismi.
243-modda. Ishni mazmunan muhokama qilishni tamomlash
Ish bo‘yicha to‘plangan barcha dalillar tekshirib bo‘linganidan keyin raislik qiluvchi ishda ishtirok etuvchi shaxslardan ularda ish materiallarini biror narsa bilan to‘ldirish istagi bor-yo‘qligini so‘raydi. Bunday arzlar bo‘lmagan taqdirda, raislik qiluvchi ishni mazmunan muhokama qilish tamom bo‘lganligini e’lon qiladi va sud sudning muzokaralarini eshitishga o‘tadi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 244-moddasi.
244-modda. Sud muzokaralari
Sud muzokaralari ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nutqlaridan iborat bo‘ladi.
Sud muzokaralari ishtirokchilari o‘z chiqishlarida sud tomonidan aniqlamagan holatlarga, shuningdek sud majlisida tekshirilmagan dalillarga asoslanishga haqli emas.
Dastlab da’vogar va uning vakili, keyin javobgar hamda uning vakili so‘zga chiqadi. Boshlangan sud protsessida nizo predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilgan uchinchi shaxs va uning vakili taraflardan keyin so‘zga chiqadi. Nizo predmetiga nisbatan mustaqil talablar bildirmagan uchinchi shaxs va uning vakili uchinchi shaxs ishda qaysi da’vogarning yoki javobgarning tarafida ishtirok etayotgan bo‘lsa, shu da’vogardan yoxud javobgardan keyin so‘zga chiqadi.
Boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudga murojaat etgan prokuror, shuningdek davlat boshqaruvi organlarining, tashkilotlarning vakillari yoki ayrim fuqarolar sud muzokaralarida birinchi bo‘lib so‘zga chiqadi.
Sud tomonidan sud protsessida ishtirok qilishga jalb etilgan yoki protsessga o‘z tashabbusi bilan kirishgan davlat boshqaruvi organlarining vakillari sud muzokaralarida taraflar va uchinchi shaxslardan keyin so‘zga chiqadi.
Sud muzokaralari ishtirokchilari bir-birlariga luqma tashlashi mumkin. Oxirgi luqma huquqi doimo javobgar va uning vakiliga tegishli bo‘ladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 43, 48, 49, 50, 52-moddalari.
Do'stlaringiz bilan baham: |