245-modda. Prokuror fikri
Ishda ishtirok etuvchi prokuror sud muzokaralaridan keyin nizoning mohiyati bo‘yicha o‘z fikrini bayon etadi, bundan prokurorning boshqa shaxslarning huquqlarini, erkinliklarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida bergan arizasi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ishlar mustasno.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 50, 51-moddalari.
246-modda. Ishni mazmunan muhokama qilishni tiklash
Sud muzokaralarini eshitgach, sud ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan yangi holatlarni aniqlash yoki yangi dalillarni tekshirishni zarur deb topsa, u ishni mazmunan muhokama qilishni tiklash to‘g‘risida ajrim chiqaradi. Ishni mazmunan muhokama qilish tamom bo‘lganidan keyin sud muzokaralari umumiy tartibda o‘tkaziladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 225, 229 — 243-moddalari.
247-modda. Hal qiluv qarorini qabul qilish uchun sudning alohida xonaga (maslahatxonaga) kirishi
Sud muzokaralarini eshitganidan keyin sud hal qiluv qarorini qabul qilish uchun alohida xonaga (maslahatxonaga) chiqib ketadi, bu haqda raislik qiluvchi sud majlisi zalida hozir bo‘lganlarga e’lon qiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 249 — 251-moddalari.
248-modda. Sudning hal qiluv qarorini o‘qib eshittirish
Sud hal qiluv qarori imzolanganidan keyin sud majlisi zaliga qaytib kiradi, bu yerda sudning hal qiluv qarorini raislik qiluvchi o‘qib eshittiradi. Raislik qiluvchi sud majlisining bayonnomasi bilan tanishish va hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilish tartibi va muddatini tushuntiradi hamda ushbu ish bo‘yicha sud majlisini yopiq deb e’lon qiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 249 — 253-moddalari.
23-bob. Sudning hal qiluv qarori
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2019-yil 24-maydagi 12-sonli “Sudning hal qiluv qarori haqida”gi qarori.
Do'stlaringiz bilan baham: |