252-modda. Hal qiluv qarorini bayon qilish
Sudning hal qiluv qarori ishni ko‘rib chiqqan sudning majlisida raislik qiluvchi tomonidan yozma shaklda bayon etiladi va u tomonidan imzolanadi.
Sudning hal qiluv qarori bir nusxada tuziladi va ish materiallariga qo‘shib qo‘yiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 5, 6, 19, 249-moddalari.
253-modda. Hal qiluv qarorining mazmuni
Sudning hal qiluv qarori kirish, bayon, asoslantiruvchi va xulosa qismlaridan iborat bo‘ladi.
Hal qiluv qarorining kirish qismida ish raqami, hal qiluv qarori qabul qilingan vaqt va joy, hal qiluv qarorini qabul qilgan sudning nomi, sudyaning familiyasi, ismi va otasining ismi, sud majlisining kotibi, taraflar, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar ko‘rsatiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2019-yil 24-maydagi 12-sonli “Sudning hal qiluv qarori haqida”gi qarorining 7-bandi.
Hal qiluv qarorining bayon qismi o‘zida da’vogarning talabi, javobgarning e’tirozlari va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning tushuntirishlarini aks ettirishi kerak.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2019-yil 24-maydagi 12-sonli “Sudning hal qiluv qarori haqida”gi qarorining 8-bandi.
Hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida ishning sud tomonidan aniqlangan holatlari, sudning ish holatlari to‘g‘risidagi xulosalari asoslangan dalillar, sudning u yoki bu dalillarni rad qilganligi haqidagi xulosalari, sud amal qilgan moddiy va protsessual huquq normalari ko‘rsatilishi kerak. Arz qilingan talab javobgar tomonidan tan olingan taqdirda, asoslantiruvchi qismda faqat arz qilingan talabning tan olinganligi va uning sud tomonidan qabul qilinganligi ko‘rsatilishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2019-yil 24-maydagi 12-sonli “Sudning hal qiluv qarori haqida”gi qarorining 9 va 15-bandlari.
Hal qiluv qarorining xulosa qismida sudning arz qilingan talablardan har birini to‘liq yoki qisman qanoatlantirish to‘g‘risidagi yoxud qanoatlantirishni rad etish haqidagi xulosasi bo‘lishi, sud xarajatlarini taqsimlash, hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilish muddati va tartibi ko‘rsatilishi kerak.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 249, 251, 254 — 259-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2019-yil 24-maydagi 12-sonli “Sudning hal qiluv qarori haqida”gi qarorining 16-bandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |