389-modda. Birinchi instansiya sudining apellatsiya shikoyatini (protestini) olganidan keyingi harakatlari
Sudya yoki sud raisi apellatsiya shikoyatini (protestini) olgandan keyin:
1) ishda ishtirok etuvchi shaxslarga shikoyatning (protestning) ko‘chirma nusxasini yuborishi;
2) ishda ishtirok etuvchi shaxslarni apellatsiya instansiyasi sudida ishni ko‘rish vaqti va joyi to‘g‘risida xabardor qilishi;
3) hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) uchun belgilangan muddat o‘tgan vaqtdan e’tiboran o‘n kun ichida ishni kelib tushgan shikoyat (protest) bilan birga apellatsiya instansiyasi sudiga yuborishi shart.
Hal qiluv qarori, ajrim, qaror ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) uchun belgilangan muddat ichida hech kim ishni suddan talab qilib olishi mumkin emas. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sudda ish materiallari va kelib tushgan shikoyat (protest) bilan tanishishga haqli.
Shikoyat qilish (protest keltirish) uchun o‘tkazib yuborilgan muddat tiklangan taqdirda birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorining ijrosini to‘xtatishga haqli bo‘lib, bu haqda ajrim chiqariladi.
Hal qiluv qarorining ijrosi apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan shikoyatni (protestni) ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha ajrim qabul qilinguniga qadar bo‘lgan muddatga to‘xtatiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 385-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 33-sonli “Sudlar tomonidan fuqarolik ishlarini apellatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori 11-bandi birinchi xatboshisi.
390-modda. Apellatsiya shikoyatiga (protestiga) qo‘shilish
Sud protsessida apellatsiya shikoyati bergan taraf tomonida ishtirok etayotgan sherik ishtirokchilar va uchinchi shaxslar berilgan shikoyatga qo‘shilishi mumkin. Mazkur shaxslar keltirilgan apellatsiya protestiga ham qo‘shilishi mumkin.
Shikoyatga (protestga) qo‘shilish haqida ariza berilganda davlat boji undirilmaydi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 45, 385-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 33-sonli “Sudlar tomonidan fuqarolik ishlarini apellatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori 9-bandi beshinchi xatboshisi.
Do'stlaringiz bilan baham: |