385-modda. Apellatsiya shikoyatini (protestini) berish tartibi
Apellatsiya shikoyati (protesti) apellatsiya instansiyasi sudi nomiga yo‘llanadi, lekin hal qiluv qarorini, ajrimni, qarorni chiqargan sudga beriladi.
Apellatsiya shikoyati (protesti) sudga ishda ishtirok etuvchi shaxslarning soniga qarab ko‘chirma nusxalari bilan birga taqdim etiladi, bundan elektron hujjat tarzida yuboriladigan apellatsiya shikoyati (protesti) mustasno.
Zarur hollarda, sudya apellatsiya shikoyati bergan shaxsning yoki apellatsiya protesti keltirgan prokurorning zimmasiga apellatsiya shikoyatiga yoxud protestiga ilova qilingan yozma materiallarning ko‘chirma nusxalarini ishda ishtirok etuvchi shaxslarning soniga qarab taqdim etish majburiyatini yuklatishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 383, 384, 386, 387-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 33-sonli “Sudlar tomonidan fuqarolik ishlarini apellatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining 3 va 5-bandlari.
386-modda. Apellatsiya shikoyatining (protestining) mazmuni
Apellatsiya shikoyatida (protestida) quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:
1) shikoyat (protest) yo‘llanayotgan sudning nomi;
2) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi), uning yashash joyi yoki joylashgan yeri (pochta manzili);
3) shikoyat qilinayotgan yoki protest keltirilayotgan hal qiluv qarori, qaror va ushbu sud hujjatlarini chiqargan sud;
4) hal qiluv qarorining, ajrimning, qarorning noto‘g‘riligi nimadan iborat ekanligi;
5) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning iltimosi;
6) shikoyatga (protestga) ilova qilingan yozma materiallarning ro‘yxati.
Apellatsiya shikoyatini shikoyat berayotgan shaxs yoki uning vakili imzolaydi. Apellatsiya protestini mazkur ishda ishtirok etgan-etmaganligidan qat’i nazar, prokuror yoki uning o‘rinbosari keltiradi va imzolaydi.
Apellatsiya shikoyatida (protestida) shikoyatni (protestni) bergan shaxsning yoxud uning vakilining telefonlari va fakslari raqamlari, elektron pochta manzili ko‘rsatilishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 383-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining 29.08.2001-yildagi “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonuni 33, 34, 35, 36-moddalari.
Do'stlaringiz bilan baham: |