378-modda. Apellatsiya, kassatsiya, nazorat instansiyasi ajrimining (qarorining) mazmuni
Apellatsiya, kassatsiya, nazorat instansiyasi sudining ajrimi yoki qarorida quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:
1) ajrim yoki qaror chiqarilgan sana va joy;
2) ajrim yoki qaror chiqargan sudning nomi va tarkibi;
3) taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning ishtiroki to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
4) ish kimning shikoyati yoki protesti bo‘yicha ko‘rib chiqilganligi;
5) shikoyat qilingan yoki protest keltirilgan sud hujjatining nomi va uning qisqacha mazmuni;
6) shikoyatda yoki protestda bayon etilgan vajlar, taqdim etilgan materiallarning qisqacha mazmuni, ishni ko‘rishda ishtirok etgan shaxslarning tushuntirishlari va prokurorning fikri;
7) apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat instansiyasi sudi xulosaga kelishiga asos bo‘lgan sabablar hamda sud amal qilgan moddiy va protsessual huquq normalari;
8) qarorning xulosa qismi.
Hal qiluv qarori, ajrim, qaror bekor qilingan va ish yangidan ko‘rib chiqish uchun yuborilgan taqdirda, kassatsiya yoki nazorat instansiyasi sudi ishni yangidan ko‘rganda qaysi holatlar aniqlanishi zarurligini, qaysi dalillar talab qilib olinishi kerakligini, shuningdek ish topshirilayotgan sud boshqa qanday harakatlarni bajarishi lozimligini ko‘rsatishi shart.
Sud shikoyatni (protestni) rad qilsa, qaysi sabablarga ko‘ra shikoyat yoki protestdagi vajlarni noto‘g‘ri deb yoki qarorni bekor qilish, o‘zgartirish yoxud yangi hal qiluv qarori chiqarish uchun asos bo‘lmaydi deb topganligini ham o‘z ajrimida yoki qarorida ko‘rsatishi shart.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 01.06.2001-yildagi “Fuqarolik ishlarini apellatsiya, kassatsiya va nazorat tartibida ko‘rish amaliyoti haqida”gi 4-sonli qarorining 17-bandi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 33-sonli “Sudlar tomonidan fuqarolik ishlarini apellatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori 20-bandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |