400-modda. Birinchi instansiya sudining ajrimlari ustidan apellatsiya tartibida shikoyat qilish (protest keltirish) huquqi
Taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar, shuningdek ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxslar birinchi instansiya sudining ajrimlari ustidan sud tomonidan ajrim topshirilgan yoki yuborilgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida apellatsiya instansiyasi sudiga quyidagi hollarda sudning hal qiluv qaroridan alohida shikoyat qilishi, prokuror esa protest keltirishi mumkin:
1) ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda;
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 72-moddasi ikkinchi qismi, 113, 142-moddalari, 348-moddasi, 371-moddasi uchinchi qismi.
2) sudning ajrimi ishning keyingi harakatlanishiga to‘sqinlik qiladigan hollarda.
Birinchi instansiya sudining boshqa ajrimlari ustidan xususiy shikoyat (protest) berilmaydi, biroq bunday ajrimlarga qarshi e’tirozlar apellatsiya shikoyatiga (protestiga) kiritilishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 4-moddasi birinchi qismi to‘rtinchi xatboshisi, 374— 377-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 28.12.1998-yildagi 31-sonli “Fuqarolarning sud ishlariga doir murojaatlarini ko‘rib chiqish amaliyoti haqida”gi qarori 10-bandining ikkinchi va uchinchi xatboshilari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 33-sonli “Sudlar tomonidan fuqarolik ishlarini apellatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori 2-bandi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2019-yil 25-oktabrdagi 19-sonli “Fuqarolik ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudining ajrimlari to‘g‘risida”gi qarorining 3, 15, 16-bandlari.
401-modda. Xususiy shikoyatlar (protestlar) berish va ularni ko‘rib chiqish tartibi
Xususiy shikoyatlar (protestlar) ushbu bobda belgilangan tartibda beriladi va ko‘rib chiqiladi.
402-modda. Birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan shikoyat qilinganligi (protest keltirilganligi) munosabati bilan ishni ko‘radigan apellatsiya instansiyasi sudining vakolatlari
Apellatsiya instansiyasi sudi xususiy shikoyatni (protestni) ko‘rib chiqib:
1) ajrimni o‘zgarishsiz qoldirishga, shikoyatni (protestni) esa qanoatlantirmaslikka;
2) ajrimni bekor qilishga va ishni mazmunan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishga;
3) ajrimni butunlay yoki qisman o‘zgartirishga yoxud bekor qilishga va masalani mazmunan hal qilishga haqli.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 396, 397-moddalari.
Do'stlaringiz bilan baham: |