455-modda. Ijro ishini yuritishni to‘xtatib turish va tugatish
Sud davlat ijrochisi sud tomonidan berilgan ijro varaqasi asosida qo‘zg‘atgan ijro ishini yuritishni qonunda nazarda tutilgan hollarda, undiruvchining, qarzdorning, davlat ijrochisining arizasi bo‘yicha to‘xtatib turishi yoxud tugatishi mumkin.
Sud tomonidan berilgan ijro varaqasi asosida qo‘zg‘atilgan ijro ishini yuritishni to‘xtatib turish va tugatish shu sud tomonidan yoki davlat ijrochisi joylashgan yerdagi sud tomonidan amalga oshiriladi.
Ijro ishini yuritishni to‘xtatib turish yoki tugatish to‘g‘risidagi ariza kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddatda taraflarni chaqirmagan va sud muhokamasi o‘tkazmagan holda sud tomonidan ko‘riladi.
Ijro ishini to‘xtatib turish yoki tugatish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan ajrim chiqarilib, uning ko‘chirma nusxasi undiruvchiga, qarzdorga, shuningdek davlat ijrochisiga yuboriladi.
Ajrim ustidan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining 29.08.2001-yildagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonuni 34 — 39-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 10.04.2009-yildagi 06/196-sonli “Sud hujjatlarini ijro etishga oid qonun hujjatlarini qo‘llash bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori 12-bandi ikkinchi xatboshisi.
456-modda. Ijro ishini yuritishni tiklash
Ijro ishini yuritish uni to‘xtatib qo‘yish uchun asos bo‘lgan sabablar yoki holatlar bartaraf etilganidan keyin, ushbu ishni to‘xtatib qo‘ygan sud tomonidan undiruvchining, davlat ijrochisining arizasiga ko‘ra tiklanadi.
Ijro ishini yuritishni tiklash to‘g‘risidagi ariza kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddatda, taraflarni chaqirmagan va sud muhokamasini o‘tkazmagan holda sud tomonidan ko‘riladi.
Ijro ishini yuritishni tiklash to‘g‘risidagi arizani ko‘rish natijalari bo‘yicha ajrim chiqarilib, uning ko‘chirma nusxasi undiruvchiga, qarzdorga, shuningdek davlat ijrochisiga yuboriladi.
Sudning ijro ishini yuritishni tiklashni rad etish to‘g‘risidagi ajrimi ustidan ushbu Kodeksda belgilangan tartibda shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 10.04.2009-yildagi 06/196-sonli “Sud hujjatlarini ijro etishga oid qonun hujjatlarini qo‘llash bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori 11-bandi o‘n yettinchi xatboshisi.
Do'stlaringiz bilan baham: |