175-modda. Sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi arizani qabul qilishni rad etish asoslari
Sudya sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi arizani qabul qilishni ushbu Kodeksning 194-moddasida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha rad etadi. Sudya arizani qabul qilishni quyidagi hollarda ham rad etadi, agar:
1) arz qilingan talab ushbu Kodeksning 171-moddasida nazarda tutilmagan bo‘lsa;
2) qarzdor O‘zbekiston Respublikasi sudlari yurisdiksiyasi doirasidan chetda bo‘lsa;
3) huquq to‘g‘risida nizo mavjud deb hisoblansa.
Arizani qabul qilishni rad etish to‘g‘risida sudya ariza sudga kelib tushgan kundan e’tiboran uch kunlik muddat ichida ajrim chiqaradi.
Arizani qabul qilish rad etilganligi undiruvchining shu talab bo‘yicha da’vo ishini yuritish tartibida da’vo taqdim etish imkoniyatiga to‘sqinlik qilmaydi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 172-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006-yil 3-fevraldagi 4-sonli “Buyruq tartibida ish yuritishni tartibga soluvchi qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 7, 14 — 18-bandlari.
176-modda. Sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi arizani qaytarish
Sudya sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi arizani quyidagi hollarda qaytaradi, agar:
1) ariza ushbu Kodeksning 172-moddasida belgilangan talablarga rioya etilmagan holda berilgan bo‘lsa;
2) ushbu Kodeksning 173-moddasida nazarda tutilgan hujjatlar ilova qilinmagan bo‘lsa;
3) arz qilingan talabni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmagan bo‘lsa;
4) davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilmagan bo‘lsa, davlat boji to‘lashni kechiktirish mumkinligi qonunda nazarda tutilgan hollarda esa bu haqda iltimosnoma mavjud bo‘lmasa yoxud iltimosnoma rad etilgan bo‘lsa;
5) sud buyrug‘i berilguniga qadar undiruvchidan sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi arizani qaytarish haqida ariza kelib tushgan bo‘lsa.
Sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi arizani qaytarish haqida sudya ariza sudga kelib tushgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay ajrim chiqaradi.
Sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi arizaning qaytarilishi yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bartaraf etilganidan keyin ushbu ariza bilan sudga ikkinchi marta murojaat etishga to‘sqinlik qilmaydi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 172-moddaci.
Do'stlaringiz bilan baham: |