19-bob. Umumiy qoidalar
182-modda. Sud tomonidan da’vo ishini yuritish tartibida ko‘riladigan ishlar
Sud tomonidan da’vo ishini yuritish tartibida ko‘riladigan ishlarga, agar qonun hujjatlarida ularni ko‘rishning boshqacha tartibi nazarda tutilmagan bo‘lsa, fuqarolik, mehnat, oilaviy, uy-joy va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan da’volar bo‘yicha ishlar kiradi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 14-sonli “Birinchi instansiya sudi tomonidan fuqarolik protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 2-bandi.
183-modda. Da’vo ishini yuritishga doir ishlarni ko‘rish tartibi
Da’vo ishni yuritishga doir ishlar ushbu kichik bo‘limda ko‘rsatilgan istisno va qo‘shimchalar bilan birga fuqarolik sud ishlarini yuritishning umumiy qoidalari bo‘yicha ko‘riladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 1 — 169, 359 — 362, 373 — 445-moddalari.
184-modda. Ishga tiklash to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha uchinchi shaxslarni jalb qilish
Mehnat shartnomasi g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilingan xodimlarni yoki g‘ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o‘tkazilgan xodimlarni ilgarigi ishiga tiklash to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud mehnat shartnomasini bekor qilishga yoki boshqa ishga o‘tkazishga farmoyish bergan mansabdor shaxsni uchinchi shaxs sifatida javobgar tarafida ishda ishtirok etish uchun o‘z tashabbusi bilan jalb qilishi shart.
Sud mehnat shartnomasining bekor qilinishi yoki boshqa ishga o‘tkazish ochiqdan-ochiq qonunni buzgan holda amalga oshirilganligini aniqlasa, shu protsessning o‘zidayoq aybdor mansabdor shaxs zimmasiga majburiy progul yoki kam haq to‘lanadigan ish bajarilgan vaqt uchun haq to‘lash sababli tashkilotga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash majburiyatini yuklatadi. Bunday hollarda mansabdor shaxsdan undiriladigan summalarning miqdori mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 89, 92, 97 — 103, 111, 184, 208, 271, 274, 277-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 17.04.1998-yildagi “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakti)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qo‘llanilishi haqida”gi 12-sonli qarori.
Do'stlaringiz bilan baham: |