54-modda. Moliyaviy ijara va lizing
(1-q.)
Ushbu Kodeks maqsadida shartnoma boʻyicha mol-mulkni (moliyaviy ijara obyektini)
oʻn ikki oydan koʻp muddatga egalik qilish va foydalanishga berish chogʻida yuzaga keladigan
ijara munosabatlari moliyaviy ijara deb eʼtirof etiladi. Moliyaviy ijara shartnomasi quyidagi
talablardan hech boʻlmaganda bittasiga javob berishi kerak:
1) moliyaviy ijara shartnomasining muddati tugagach, moliyaviy ijara obyekti ijarachining
mulkiga oʻtkazilsa;
2) moliyaviy ijara shartnomasining muddati moliyaviy ijara obyekti xizmat qilish
muddatining 80 foizidan oshsa yoki moliyaviy ijara obyektining moliyaviy ijara shartnomasi
tugaganidan keyingi qoldiq qiymati uning boshlangʻich qiymatining kamida 20 foizini tashkil etsa;
3) moliyaviy ijara shartnomasining muddati tugagach, ijarachi moliyaviy ijara obyektini
moliyaviy ijara shartnomasida belgilanadigan qatʼiy narx boʻyicha haqini toʻlab olish huquqiga
ega boʻlsa;
4) moliyaviy ijara shartnomasining amal qilish davrida ijara toʻlovlarining joriy
diskontlangan qiymati obyektning uni moliyaviy ijaraga topshirish paytidagi joriy qiymatining 90
foizidan oshsa. Joriy diskontlangan qiymat buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilikka
muvofiq aniqlanadi.
(OʻzR 21.04.2021-y. OʻRQ-683-son Qonuni tahriridagi band)
(2-q.)
Ushbu Kodeks maqsadida moliyaviy ijaraning alohida turi lizing deb eʼtirof etilib,
bunda bir taraf (lizing beruvchi) boshqa tarafning (lizing oluvchining) topshirigʻiga koʻra uchinchi
tarafdan (sotuvchidan) lizing shartnomasi boʻyicha shartlashilgan mol-mulkni (lizing obyektini)
oladi hamda uni ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan talablarga muvofiq boʻlgan
shartnoma boʻyicha egalik qilish va foydalanish uchun lizing oluvchiga haq evaziga beradi.
(3-q.)
Ushbu Kodeks maqsadi uchun moliyaviy ijara (lizing) shartnomasining tarafi boʻlgan
ijarachiga (lizing oluvchiga) moliyaviy ijara (lizing) predmetining xaridori sifatida qaraladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |