Oʻzbekiston respublikasining soliq kodeksi (Yangi tahriri) Oʻzbekiston Respublikasining
Download 4.81 Mb. Pdf ko'rish
|
Снимок экрана 2023—11—28 в 12.18.51
114-modda. Mol-mulkni xatlash
(1-q.) Soliq organining soliq toʻlovchi boʻlgan yuridik shaxsning mol-mulkiga nisbatan mulk huquqini cheklashga doir harakati soliq qarzini undirish toʻgʻrisidagi qarorning bajarilishini taʼminlash usuli sifatida mol-mulkni xatlashdir. (2-q.) Soliq qarzi boʻyicha soliq toʻlovchilarning mol-mulkini xatlash sud qaroriga koʻra amalga oshiriladi. Soliq toʻlovchi tomonidan soliq qarzi tan olingan taqdirda, soliq organi qarori asosida soliq toʻlovchining soliq qarzi boʻyicha mol-mulkiga taqiq qoʻyishi mumkin. (3-q.) Soliq toʻlovchining soliq qarzi boʻyicha uning mol-mulkini xatlash soliq toʻlovchiga soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnoma yuborilgan kundan boshlab oʻn besh kalendar kun ichida u tomonidan toʻliq bajarilmagan taqdirda amalga oshiriladi. (4-q.) Mol-mulkni xatlash toʻliq yoki qisman boʻlishi mumkin. (5-q.) Mol-mulkni toʻliq xatlash soliq toʻlovchining oʻz mol-mulkiga nisbatan huquqlarini shunday cheklashki, bunda u xatlangan mol-mulkni tasarruf etishga haqli emas, ushbu mol-mulkka egalik qilish va undan foydalanish esa soliq organining ruxsati bilan hamda uning nazorati ostida amalga oshiriladi. (6-q.) Mol-mulkni qisman xatlash soliq toʻlovchining oʻz mol-mulkiga nisbatan huquqlarini shunday cheklashki, bunda ushbu mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish soliq organining ruxsati bilan va uning nazorati ostida amalga oshiriladi. (7-q.) Mol-mulkni xatlash soliq toʻlovchining bankdagi hisobvaraqlarida pul mablagʻlari yetarli boʻlmagan yoki yoʻq boʻlgan taqdirda faqat soliqni (penyani, jarimani) toʻlash majburiyati uning ana shu mol-mulki hisobidan bajarilishini taʼminlash uchun qoʻllanilishi mumkin. (8-q.) Mol-mulkni xatlash ushbu Kodeksning 117-moddasiga muvofiq soliq organi tomonidan soliq qarzini undirish toʻgʻrisidagi talabnoma soliq toʻlovchiga yuborilgandan soʻng qoʻllanilishi mumkin. (9-q.) Soliq toʻlovchining barcha mol-mulki xatlab qoʻyilishi mumkin. (10-q.) Faqat soliq qarzini uzish uchun zarur va yetarli boʻlgan mol-mulk xatlab qoʻyilishi lozim. (11-q.) Oʻzbekiston Respublikasida doimiy muassasa orqali faoliyatni amalga oshirmaydigan chet el yuridik shaxsining koʻchmas mulki obyekti, mazkur koʻchmas mulki obyektining qiymati undiriladigan soliq qarzi summasidan ortiq boʻlganda, Oʻzbekiston Respublikasi hududida ushbu chet el shaxsining undiruv qaratilishi mumkin boʻlgan boshqa mol- mulki boʻlmagan taqdirda xatlab qoʻyiladi. (12-q.) Soliq toʻlovchining mol-mulkini xatlash toʻgʻrisidagi qaror soliq organining rahbari (rahbar oʻrinbosari) tomonidan tegishli qaror shaklida qabul qilinadi. (13-q.) Soliq toʻlovchining mol-mulkini xatlash videotasvirga olingan holda, bunday imkoniyat mavjud boʻlmaganda esa - xolislar ishtirokida amalga oshiriladi. (OʻzR 11.03.2022-y. OʻRQ-758-son Qonuni tahriridagi qism) (Oldingi tahririga qarang) (14-q.) Mol-mulkni xatlashni amalga oshiruvchi organ mol-mulkni xatlash chogʻida soliq toʻlovchining (uning qonuniy va (yoki) vakolatli vakilining) ishtirok etishini rad qilishga haqli emas. (15-q.) Xatlashni amalga oshirishda xolislar, mutaxassislar sifatida ishtirok etuvchi shaxslarga, shuningdek soliq toʻlovchiga (uning vakiliga) ularning huquqlari va majburiyatlari tushuntiriladi. (16-q.) Mol-mulkni xatlash oldidan xatlashni amalga oshiruvchi mansabdor shaxslar soliq toʻlovchiga (uning vakiliga) xatlab qoʻyish toʻgʻrisidagi qarorni va oʻzlarining vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlarni koʻrsatishi shart. (17-q.) Xatlashni amalga oshirishda mol-mulkni xatlash toʻgʻrisida bayonnoma tuziladi. (18-q.) Mol-mulkni xatlash toʻgʻrisidagi bayonnomada yoki unga ilova qilinadigan roʻyxatda xatlanishi lozim boʻlgan mol-mulk sanab oʻtiladi va tavsiflanadi, ashyolarning nomi, miqdori va xususiy alomatlari, imkoni boʻlganda ularning qiymati koʻrsatiladi. (19-q.) Xatlanishi lozim boʻlgan barcha ashyolar xolislarga va soliq toʻlovchiga (uning vakiliga) koʻrsatiladi. (20-q.) Mol-mulkni xatlab qoʻyish toʻgʻrisida qaror chiqargan soliq organining rahbari (rahbar oʻrinbosari) xatlab qoʻyilgan mol-mulk turishi lozim boʻlgan joyni belgilaydi. (21-q.) Xatlab qoʻyilgan mol-mulkni boshqa shaxsga berishga (bundan xatlashni qoʻllagan soliq organining nazorati ostida yoki ruxsati bilan amalga oshirilishi mustasno), rastrata qilishga yoki yashirishga yoʻl qoʻyilmaydi. (22-q.) Mol-mulkni xatlab qoʻyish toʻgʻrisida oʻziga nisbatan qaror qabul qilingan soliq toʻlovchining iltimosiga koʻra, soliq organi mol-mulkni xatlashni ushbu Kodeksning 107- moddasiga muvofiq mol-mulk garoviga almashtirishga haqli. (23-q.) Soliq qarzi uzilgan va (yoki) ushbu Kodeksning 107-moddasiga muvofiq mol-mulk garovi toʻgʻrisida shartnoma tuzilgan taqdirda, mol-mulkni xatlash toʻgʻrisidagi qaror soliq organining vakolatli mansabdor shaxsi tomonidan bekor qilinadi. (24-q.) Soliq organi mol-mulkni xatlash toʻgʻrisidagi qaror bekor qilingani toʻgʻrisida soliq toʻlovchini ushbu qaror qabul qilingan kundan keyin besh kun ichida xabardor qiladi. (25-q.) Mol-mulkni xatlash toʻgʻrisidagi qaror mol-mulk xatlab qoʻyilgan paytdan to ushbu qaror uni chiqargan soliq organining vakolatli mansabdor shaxsi tomonidan bekor qilingunga qadar yoxud ushbu qaror yuqori turuvchi soliq organi yoki sud tomonidan bekor qilingunga qadar amal qiladi. (26-q.) Ushbu moddada belgilangan qoidalar yuridik shaxs boʻlgan soliq agentining mol- mulkini xatlashga nisbatan ham qoʻllaniladi. (27-q.) Soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi boʻyicha foyda soligʻiga doir soliq majburiyatlarining bajarilishini taʼminlash maqsadida ushbu moddaning qoidalari quyidagi xususiyatlarni hisobga olgan holda qoʻllaniladi: birinchi navbatda ushbu soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi masʼul ishtirokchisining mol-mulki xatlanadi; soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi masʼul ishtirokchisining mol-mulki ushbu soliq majburiyatini bajarish uchun yetarli boʻlmagan taqdirda, soliq organi yetishmagan summa qismida ushbu konsolidatsiyalashgan guruhning boshqa ishtirokchilariga tegishli mol- mulkni xatlashga haqli. Bunda soliq organining rahbari (uning oʻrinbosari) soliq toʻlovchilar toʻgʻrisidagi mavjud axborot asosida soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining boshqa ishtirokchilari mol-mulkini qaysi ketma-ketlikda xatlashni mustaqil ravishda belgilaydi. Download 4.81 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling