Turkistonda Milliy-hududiy davlat chegaralanishi.Turkiston xalqlarining azaliy birligi va yaxlitligini barbod qilish maqsadida Moskva bolsheviklari tomonidan 1924-1925 yillarda o’tkazilgan tadbir. «Ular bo’lib tashla va hukmronlik qil!» shioriga amal qilib Turkiston o’lkasidagi tarixi, dini, madaniyati va taqdiri mushtarak bo’lgan xalqlarni bir biridan ajratib har biriga mustaqil Respublika maqomini berib ular ustidan nazoratni mustahkamlash uchun amalga oshirilgan siyosat edi. Mahalliy davlat arboblari (T.Risqulov, S.Xo’janov, S.Asfandiyorov) larning Turkiston yagona, bir butun va uning yaxlitligini buzish maqsadga muvofiq emas deb Moskvaga bir necha bor murojaat qilishlariga qaramay ularning tashabbuslari inobatga olinmadi. Milliy hududiy chegaralanish natijasida Turkistonda O’zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi (O’zSSR), Turkmaniston Sovet Sotsialistik Respublikasi (TSSR), Tojikiston, Qirg’iziston va Qozog’iston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikalari tashkil etildi.
O’zbekiston SSR. 1924-1925 yillarda Moskva ko’rsatmasi bilan o’tkazilgan ma’muriy-hududiy davlat chegaralanishi oqibatida 1925 yil 13 fevralda Buxoroda Umumo’zbek sovetlarining I quriltoyida O’zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi tashkil etiladi. 1927, 1937 va 1978 yillarda qabul qilingan O’zSSR Konstitutsiyalarida O’zbekistonnning davlat mustaqilligi, o’z taqdirini o’zi belgilash huquqlari yozib qo’yilgan bo’lsada, ammo SSSR jinoyat kodeksida bunday huquqdan foydalanishga chaqirish davlatga nisbatan jinoyat sifatida baholanar edi. O’zbekistonning siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy hayoti to’lik markaz va kompartiya nazoratiga olindi. SHuning uchun ham O’zSSR mavjud bo’lgan 1925-1991 yillar tarixshunoslikda qaramlik yillari deb yuritiladi.
SredazEKOSO. (O’rta Osiyo Iqtisodiy Kengashi). 1923 yil martda O’rta Osiyo Respublikalar: TASSR, BXSR, XXSRni iqtisodiy jihatdan birlashtirishga bag’ishlangan I Iqtisodiy konferentsiyada tashkil qilindi. V.I.Leninning iborasi bilan aytganda Iqtisodiy Kengashlar Markazning joylardagi «ko’z-qulog’i» bo’lishi kerak edi. Konferentsiyada qabul qilingan nizomda ham SredazEKOSOning asosiy vazifasi qilib O’rta Osiyo respublikalarining iqtisodiy imkoniyatlarini birlashtirib, Markaz ehtiyojlarini hisobga olgan holda sotsializm qurilishiga yo’naltirish deb belgilangan edi. SredazEKOSO qarorlarini barcha O’rta Osiyo respublikalari hukumatlari bajarishga majbur edi. SredazEKOSO o’z faoliyati davomida O’rta Osiyo respublikalari iqtisodiyotini Markaz manfaatlariga bo’ysundirishga harakat qildi. SredazEKOSO 1934 yil 2 oktyabrda SSSR XKK va VKP (b) MQning qarori bilan tugatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |