Turkiston Avtonom Sovet Respublikasi (TASR). 1917 yil oktyabrda Rossiyada podsho hukumati ag’darilgach, Rossiya imperiyasiga qarashli Turkiston general gubernatorligi (1867-1917) ham tugatildi. Hokimiyat bolsheviklar qo’liga o’tgach Turkiston o’lkasida ham ma’muriy-hududiy qayta qurishlar amalga oshirilib, Turkiston general gubernatorligiga qarashli hududlarda 1918 yil aprel oyida Sovet Rossiyasi (RSFSR) tarkibiga kiruvchi Turkiston Avtonom Sovet Respublikasi (TASR) tashkil etildi. TASR Konstitutsiyasida Turkistonning muxtor o’lka sifatida avtonom huquqlari ko’rsatilgan bo’lsada o’lka hukumatining ichki va tashqi siyosati bevosita Moskva bolsheviklari tomonidan nazorat ostiga olingan edi. 1924-1925 yillarda markaz tomonidan o’tkazilgan ma’muriy-hududiy chegaralanish natijasida TASR tugatilib uning o’rnida milliy sovet respublikalari (O’zbekiston SSR, Turkmaniston SSR ) va avtonom sovet o’lkalari tashkil etildi.
Xorazm Xalq Sovet Respublikasi (XXSR). Turkiston General gubernatorligi tugatilib uning o’rnida Turkiston Avtonom Sovet Respublikasi tashkil etilgach, bolsheviklar Rossiya andozasidagi «xalq inqilobi»ni Turkistonda amalda bo’lib kelayotgan xonliklarga ham joriy qilishni (aniqrog’i uni eksport qilishni) ko’zlay boshladi. SHu maqsadda 1920 yil 2-fevralda Xiva xonligida ham sun’iy inqilob amalga oshirilib, oxirgi Xiva xoni Said Abdullaxon hokimiyati ag’darib tashlandi va 1920 yil 26 aprelda Xorazm Xalq Sovet Respublikasi (XXSR) e’lon qilindi. XXSRda yangi Konstitutsiya qabul qilinib, keng ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy islohotlar amalga oshirila boshlandi. Lekin bu islohotlar mavjud ijtimoiy-siyosiy vaziyatdan kelib chiqib emas, balki Moskva bolsheviklari andozasi va ko’rsatmasi asosida ko’r-ko’rona amalga oshirilgani bois aksariyat hollarda teskari natijalarni berdi. XXSR 1924-25 yillarda o’tkazilgan ma’muriy-hududiy davlat chegaralanishi natijasida tugatilib, yangi tuzilgan O’zSSR tarkibiga qo’shib yuborildi.
Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR). Buxoro Amirligida amir hokimiyati ag’darilgach 1920 yil 2-sentyabrda Bolsheviklar andozasida tashkil etilgan Respublika. 1921 yil sentyabr oyida BXSR Konstitutsiyasi qabul qilindi. BXSRda keng ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy islohotlar amalga oshirila boshlandi. Lekin bu islohotlar mavjud ijtimoiy-siyosiy vaziyatdan kelib chiqib emas, balki Moskva bolsheviklari andozasi va ko’rsatmasi asosida ko’r-ko’rona amalga oshirilgani bois aksariyat hollarda teskari natijalarni berdi. BXSR 1924-25 yillarda Turkistonda o’tkazilgan ma’muriy-hududiy davlat chegaralanishi munosabati bilan tugatilib yangi tashkil etilgan O’zbekiston Sovet Respublikasi tarkibiga kiritildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |