1. Davlat yerlari (podshohi). 2. Xususiy mulk (xususiy yerlar). 3. Vaqf yerlari.
Xon va uning qarindoshlari, oliy martabali boshqa turli amaldorlar, ruhoniylar, savdo-sotiq tabaqalari barcha yerlarning deyarli yarmiga egalik qilishgan. Amaldorlarning yerlari 2-3 ming tanobni tashkil etgan. Xon va uning qarindoshlari undan ham katta hajmdagi yer maydonlariga egalik qilishgan. Qolgan yerlar davlat ixtiyoriga olingan (vaqf yerlaridan tashqari). Davlat yerlarida va xususiy mulk yerlarida ijarachi dehqonlar mehnat qilganlar.
Davlat yerini ijaraga oluvchilar bevatan, xususiy yerlarni ijaraga oluvchilar koranda, vaqf yerlarini ijaraga oluvchilar esa vaqfchi deb atalgan.
Xonning qarindoshlari o‘z xususiy yerlaridan davlatga soliq to‘lamas edilar. Davlat soliqlaridan ruhoniylar, katta amaldorlar, tarxon yer olganlar ham ozod etilgan edilar. Biroq soliqni bu yerlarda ishlovchi ijaradorlar, ya’ni mehnatkashlar to‘lashgan.
Suv tanqisligi tufayli dehqonchilik qiyin sharoitda olib borilardi. Shu bois Amudaryodan suv chiqarishga e’tibor berildi. XVIII asrning 70-yillarida Davkor ko‘li yonida kanal, XIX asr boshlarida esa Lavzan, Qilich Niyozbiy, Katta Xonobod kanallari qurildi. Bu tadbirlar yerlarni sug‘orish holatini yaxshilashga ko‘maklashdi.
Qishloq xo‘jaligi. Xonlik aholisi, asosan,qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullangan. Dehqonchilik va u bilan bog‘liq bo‘lgan chorvachilik qishloq xo‘jaligining ikki asosiy sohasi edi. Dehqonchilikda g‘alla, paxta va poliz mahsulotlari yetishtirish yetakchi o‘rin egallagan. Ekinzorlarning yarmidan ortig‘ida g‘alla yetishtirilgan. G‘allachilikda kuzgi bug‘doy ekish yetakchi o‘rin egallagan. Dehqonlarning don ekinlaridan mo‘l hosil olishlariga hatto chet elliklarning ham tan berganligiga tarix guvoh. Chunonchi, Xivaga kelgan yevropalik sayyohlardan biri aytgan quyidagi so‘zlar manbalarda saqlanib qolgan: “Men Germaniyaning o‘zida dalada ishlovchilarning Xivadagidek mirishkorligini ko‘rmaganman“. Don ekinlari ichida jo‘xori ekish bug‘doydan keyin ikkinchi o‘rinda turgan. Sholi esa, asosan, suv ko‘p hududlarda yetishtirilgan. Ekinzorlarning 1/5 qismida paxta yetishtirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |