O‘zbekiston tarixi
Usmonov Q., Sodiqov M., Oblomurodov N. O’zbekiston tarixi fanidan ma’ruzalar matni. 1 qism. - T.: Moliya, 2000, 40-58- betlar
Download 2.25 Mb. Pdf ko'rish
|
@Kutubxona Elektron-O zbekiston tarixi maruzalar matni
7. Usmonov Q., Sodiqov M., Oblomurodov N. O’zbekiston tarixi fanidan
ma’ruzalar matni. 1 qism. - T.: Moliya, 2000, 40-58- betlar. 1. Davlat tuzilmalarining shakllanish shart-sharoitlari. Mehnat qurollarining takomillanishi natijasida erga ishlov berish yaxshilanib, ekin maydonlari kengayib, odamlarning mehnati unumliroq bo‘lib bordi. Temirning kashf etilishi, undan yasalgan mehnat qurollari qishloq xo‘jaligi va hunarmandchilikning tez o‘sishiga olib keldi. Odamlarning daryolarni bo‘g‘ib, to‘g‘onlar qurib, kanallar qazib erlarga suv chiqarish imkoniyati kengaydi. O‘rgatilgan ishchi hayvonlari qo‘shilgan temir tishli omochlar bilan erni haydashning o‘zlashtirilishi hosildorlikning oshishini, ko‘proq mahsulotlar etishtirishni ta’minladi. Bu odamlar turmushini ancha yaxshiladi, umrini uzaytirdi, aholi son jihatdan ko‘payib bordi. Urug‘chilik munosabatlari ham o‘zgarib boradi. Ikki urug‘ a’zolaridan tashkil topgan er- xotin-juft oilalar vujudga keladi. Katta patriarxal oilalar urug‘ jamoalaridan ajralib chiqadi, ularga urug‘ jamoalariga qarashli erlardan chek erlari ajratib beriladi. Shu tariqa urug‘ jamoasining umumiy xo‘jaligi oilalar jamoasiga bo‘linadi. Bunday oilalar jamoasi ishlab chiqarish jamoalari deb ham ataladi. «Avesto»da ta’kidlanishicha, katta patriarxal oila «nmana», bir necha «nmana»larning birikuvi urug‘ jamoasi - «vis»ni tashkil etgan. Ma’lum hududdagi qo‘shni «vis»lar jamoasi «varzana», birnecha «varzana»lar jamoasi qabila - «zantu»ni tashkil etgan. Arxeolog olim A.Asqarov tomonidan topib o‘rganilgan Sherobod cho‘lidagi Sopollitepada bu holatni aynan kuzatish mumkin. Sopollitepa o‘troq dehqonchilik xo‘jaligi asosida tashkil topgan 8 ta katta oila jamoasining qishlog‘i. Ularni birlashtirgan omil urug‘chilik iplari emas, balki birinchi navbatda ishlab chiqarish bo‘lgan. Ana shu 8 ta katta oila tarkibida patriarxal tizim asosida qurilgan yuzdan ortiq juft oilalar bo‘lgan. Katta oila jamoasini boshqarish ishi ular orasidan saylangan oqsoqol - «nmanapati» qo‘lida bo‘lgan. Demak, Sopollitepada 8 ta oqsoqol bo‘lib, ularni birlashtiruvchi oqsoqollar kengashi bo‘lgan. «Avesto»da aytilganidek, «Nmana» - katta oila jamoasi, «nmanapati» - katta oila boshlig‘i. Agar shu tizimdan kelib chiqadigan bo‘lsak, Sopollitepa qishlog‘i aholisi 8 ta «nmana»dan tashkil topgan «vis»dir. «Vis» - urug‘ jamoasi «Vispati» esa ana shu «nmana»larni birlashtirgan oqsoqollar kengashining boshlig‘i, urug‘ oqsoqoli, katta qishloqning boshlig‘i. Demak, ishlab chiqarish jamoalarini boshqarish mo‘’tabar zotlar - oqsoqollar qo‘lida bo‘lib, ular jamoa hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan barcha ishlarni oqsoqollar kengashi orqali hal qilganlar. Oqsoqollar kengashi qo‘lida diniy va dunyoviy hokimiyat jamlangan bo‘lib, u jamoaning kundalik faoliyatidagi xo‘jalik masalalarini hal qilgan. Katta oila jamoasining oqsoqoli bir vaqtning o‘zida o‘zining oila jamoasi uchun diniy va dunyoviy boshliq, piru ustod va murabbiy bo‘lgan. Urug‘ - qishloq oqsoqoli esa oqsoqollar kengashining boshlig‘i sifatida butun qishloq ahlining ham boshlig‘i hisoblangan. Mo‘’tabar shaxslarning topshiriq va buyruqlari jamoa a’zolari uchun majburiy bo‘lgan. Ishlab chiqarish jamoalari tarkibini tashkil etgan har bir oila o‘z xususiy mulkiga ega bo‘lgan. Xususiy mulkning kelib chiqishi, jamoalarning ishlab chiqarish qonun-qoidalari asosida tashkil topishi o‘z navbatida mulkiy tabaqalanishni keltirib chiqardi. Boylik avvalo jamoa oqsoqollari, harbiy boshliqlar, mo‘’tabar shaxslar qo‘lida to‘plana bordi. Ular erning hosildor qismini egalladilar, ko‘plab chorva mollarga ega bo‘ldilar. Oqsoqollar oila jamoalari, urug‘ va qabila ishlarini boshqargani uchun jamoachilar ularga etishtirgan hosillarining, chorva mollarining bir qismini berishga majbur etilgan. Oqsoqollar o‘z iste’molidan ortib qolgan bunday mahsulotlarni mis, oltin, kumush buyumlarga ayirbosh qilganlar. Qabilalar o‘rtasida yaxshi er va yaylovlar uchun, chorva mollari uchun urushlar kelib chiqqan. Qabiladosh jangchilar urush harakatlariga boshchilik qilish uchun o‘z harbiy yo‘lboshchilarini saylaganlar. Urushda qo‘lga kiritilgan o‘ljaning ko‘p qismi yo‘lboshchiga hamda oqsoqolga berilgan. Shu tariqa oqsoqollar va yo‘lboshchilar jamiyatda alohida, ustun mavqega ega bo‘lib, ularni zadogonlar deb atashgan. Keyinchalik, zadogonlar o‘z o‘g‘illariga nafaqat boyligini, mulkini, shuningdek o‘z lavozimlarini ham meros qilib qoldirganlar. Zadogonlar jamoa, urug‘ va qabilalar ustidan o‘z hukmronligini o‘rnatgan. Ishlab chiqarish jamoalarining paydo bo‘lishi asta-sekin ortiqcha mahsulotlarni ayirboshlashni hamda ijtimoiy mehnat taqsimotini keltirib chiqaradi. Jamoa a’zolari ishlab chiqarishning o‘zlariga qulay sohasini tanlab oladilar. Shu tariqa dehqonchilikdan chorvachilik, keyinroq hunarmandchilik ajralib chiqadi. Ayrim ishlab chiqarish jamoalari dehqonchilik bilan boshqalari chorvachilik yoki hunarmandchilik bilan shug‘ullanadilar. Ular o‘rtasida dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilik mahsulotlarini o‘zaro ayirboshlash kengayib boradi. Bu o‘z navbatida savdogarlar tabaqasini, ilk shaharlarning belgilaridan biri sifatida bozorlarni keltirib chiqaradi. Jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida tovar ayirboshlash yuz beradi, dastlabki shaharlar paydo bo‘ladi. Arxeologlar Afrosiyob (hozirgi Samarqandning sharqiy chekkasi), Erqo‘rg‘on va Uzunqir (Qashqadaryo vodiysi), Ko‘zaliqir (Xorazm), Qiziltepa (Surxondaryo) va boshqa qadimiy shaharlar xarobalarini o‘rganishgan, ularning qiyofalarini tasvirlashgan. Qadimgi shaharlar mudofaa devorlari bilan o‘ralgan, ularda saroylar, qal’alar, hunarmandchilik ustaxonalari, bozorlar bo‘lgan. Shaharlarni shahar boshliqlari - hokimlar boshqargan. Shunday qilib, jamiyatda ijtimoiy tenglik barham topadi, mulkdor badavlat oilalar, o‘z tirikchiligini o‘zi ko‘radigan tabaqalar, mol-mulksiz kambag‘allar vujudga keladi. Uzoq davom etgan bu jarayon davlatlarning tashkil topishi uchun shart-sharoitlarni tayyorladi. Download 2.25 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling