Qarshi davlat universiteti lingvistika kafedrasi


Download 0.52 Mb.
bet23/69
Sana23.04.2023
Hajmi0.52 Mb.
#1382587
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   69
Bog'liq
matnshunoslik

Tovushlarning kichik, ulug‘i,
Tovushlarning hidi – bо‘yi bor.
Tovushlarning sovuq, ilig‘i,
Tovushlarning rangi-rо‘yi bor.
Tovushlarning shirin-achchig‘i,
Bordir hatto yumshoq, qattig‘i.
Shoir rassom bо‘lsaydi agar,
Chizar edi shundan lavhalar.
Yuqorida keltirilgan she’riy parchada tovushlarning kichigi, tovushlarning hidi, tovushlarning sovug‘i, tovushlarning rangi, tovushlarning shirini, tovushlarning yumshog‘i kabi birikmalar g‘ayriodatiyligi, “yangiligi”, noodatiyligi bilan matn tarkibida alohida ajralib turadi.
Noodatiy birikmalar grammatik jihatdan о‘ziga xos xususiyatlarga ega. Biz tо‘plagan materiallarda sifat + ot modelli ikki komponentli atributiv birikmalar oksyumaronni shakllantirishga kо‘proq xizmat qiladi. Masalan, о‘zbek tilida forscha-tojikcha “shirin” sо‘zi “shakar, bol, qiyom va shu kabilarning ta’miga oid” ma’nosini bildiradi (О‘TIL-5, 1U, 579). Shunga binoan bu sо‘z ijobiy baholi sо‘zlar bilan kelib, shirin olma, shirin sо‘z, shirin jon, shirin suhbat singari birikmalar hosil qiladi. Xuddi shu qolipdagi birikma zid ma’noli sо‘zlar bilan hosil qilinsa, noodatiy, oksyumaronli birikma vujudga keladi: shirin dard, shirin g‘am, shirin о‘lik, shirin azob, shirin sitam, shirin qiyinchilik kabi. Oksyumaron // oksimoron sо‘zi yunoncha (oxymoron – zakiy nodon) bо‘lib, qarama-qarshi ma’noli sо‘zlardan favqulodda yangi mazmun keltirib chiqarishga asoslangan kо‘chim turidir. Oksyumarondagi mana shu xususiyat unga kuchli obrazlilik baxsh etadi5. Masalan: “- Otaxon jannati odam ekanlar. Juda shirin о‘lik bо‘ptilar“ (Said Ahmad. Lab haqida doston) kabilar.
Yozuvchi Nazar Eshonqul ijodidagi “badbaxt chehralar” noodatiy birikmasi ham xuddi shu model asosida shakllangan, oksyumaronli, noodatiy birikmadir:
Badbaxt chexralar – Xuddi qora chimmatining pardasini kо‘tarib, yuragingizni о‘rtash uchun sizga bir qarab qо‘ygan gо‘zal fors qizi yanglig‘ uning mavhum, halqalari bir-birini zо‘rg‘a ushlab turgan zanjirday uzundan-uzun jumlalarining yuzidagi niqobi ostidan ba’zan menga ulug‘ yozuvchining badbaxt chehralari kо‘rinib ketardi6.
Hozirgi о‘zbek she’riyatida faol qо‘llanilayotgan “dilbar sukunat”, “dilbar koinot” singari noodatiy birikmalar ham xuddi shu model asosida shakllangan: Sukut. Sukut. Dilbar sukut // Qalbda xayajon (SH.Salimova); Sen borsan – men uchun gо‘zal bu hayot // Sen borsan – men uchun dilbar koinot (A.Oripov) kabilar.
О‘zbek tilida sifatdosh + ot modelli ikki komponentli atributiv birikmalar ham noodatiy oksyumaronli birikmalarni shakllantirishda muxim о‘rin tutadi. Masalan, “baqirmoq” fe’li “ovozni boricha qо‘yib, shang‘illab gapirmoq, qichqirmoq” ma’nolarini bildiradi (О‘TIL-5, 1, 187). Bu sо‘z sifatdosh qо‘shimchasini qabul qilgach, baqirgan kishi, baqirgan bola, baqirgan talaba singari birikmalar tarkibida aniqlovchi vazifasini bajaradi. Shu model asosida shoir Rauf Parfi “baqirgan sukunat” noodatiy birikmasini hosil qilgan edi.
О‘zbek tilida qaratqichli aniqlovchi + qaralmish modelli atributiv birikmalar ham oksyumaronlar keng qо‘llanmoqda. Masalan:
Hasrat bog‘i – О‘zbekiston Xalq shoiri Shukurullo asari asosida qо‘yilgan “Hasrat bog‘i” spektaklidagi voqealar, falsafiy mulohazalar totalitar tuzum zug‘umlarini о‘z taqdirida sinagan xalq shoiri va dramaturg umr daftarining mazmuni desak mubolag‘a bо‘lmas (Islomov T. Hasrat bog‘i // О‘zAS, 14.07.2006).
Vijdon qо‘ng‘irog‘i – Ne’mat Aminov adabiyotda, hayotda vijdon qо‘ng‘irog‘ini mardona chalib ketdi, desak mubolag‘a bо‘lmaydi. Bu bebaho va beozor qо‘ng‘iroq ustozni bilganlar, kо‘rganlar va asarlarini о‘qib-uqiganlar qalbida, xotirasida hamisha aks-sado berib turishiga ishonamiz (Jо‘rayev A. Ustozning tillo tabassumlari // О‘zAS, 14.07.2006).
Og‘riq lazzati – sarlavha. Yozuvchi Nazar Eshonqul о‘z hikoyalaridan biriga shunday oksyumaronli sarlavha qо‘ygan. Og‘riq lazzati – eng oliy lazzat, - deb yozishardi mahkumlar bilan qilingan suhbatlarda, - bu lazzatni faqat og‘riqqa mahkum bо‘lgach sezish mumkin” (N.Eshonqul); Og‘riq farog‘ati – Shundagina biz og‘riq farog‘atidan sо‘ng ham uning о‘zimiz turgan zaminga tushmaganini angladik – u narigi yoqda, lazzat yurtida qolgan edi – uning jonsiz tanasi ham san’at asariga aylangan va yashnoq gullarga kо‘milib yotardi (N.Eshonqul) kabilar.
Bunday qaratqichli birikmalarning ayrimlari uch va undan ortiq komponentli murakkab noodatiy birikmalardir: Rо‘yoday omonat umidsizlik panjaralari – Shunda sening kо‘ngling dilbar, latif, orzumand tuyg‘ular bilan tо‘ladi va hayotingni boshqatdan boshlaging, kо‘z oldingdagi rо‘yoday omonat umidsizlik panjaralarini parcha-parcha qilib tashlaging kelib qoladi (N.Eshonqul); Sirli falak qal’asi – Senga mening bu ohu vohlarim yetmaydi. Sen xayollar ham yetib borolmaydigan sirli falak qal’asiga yashiringansan (N.Eshonqul) kabilar.
О‘zbek tilida obyektli munosabatga asoslagan noodatiy birikmalar ham ma’lum darajada uchraydi. Masalan, shoir M.Abdulhakimov ijodida “og‘riqlarni sevib qolganman” noodatiy birikmasi kо‘zga tashlanadi. Bu birikmada hokim komponent о‘timli fe’l (sevib qolmoq) о‘zidan oldin tushum kelishigidagi tо‘ldiruvchi (og‘riqlarni) ni talab qilgan va shu asosda obyektli munosabat asosida tо‘ldiruvchili birikma shakllangan.
Tilimizda obyektli munosabatga asoslangan ayrim noodatiy birikmalar ham shakllanib bormoqda, bunda badiiy tarjimalarning ulushi kattadir. Masalan, rus shoiri YE.Yevtushenko ijodida “ochlik bilan tо‘qman” noodatiy birikmasi uchraydi. A.Axmatovada esa “uvos tortib shirin yig‘layman” noodatiy birikmasi hosil qilingan.
Shoir Rauf Parfining “Muhabbat” she’ridan olingan quyidagi matnga diqqat qilaylik:
Lov-lov yonayotir quyosh – ul najot,
Osmon chorlayotir, chorlar yuksak tog‘.
Shunday yuragimda tovushsiz faryod,
Men senga inonmoq istayman, evoh..
Bu she’riy matnda tovushsiz faryod noodatiy birikma sanaladi, negaki bu birikmani tashkil etuvchi sо‘zlar (tovush va faryod)ning ma’nolari bir-biriga zid, ya’ni forscha-tojikcha “faryod” sо‘zi “meyoridan ortiq ovoz bilan nola (qilish), dod solib yig‘lash, dodlash” ma’nolarini bildiradi (О‘TIL-5, 1U, 325-326), “ovoz, sado, sas” ma’nolarini bildiruvchi “tovush” (О‘TIL-5, 1U, 130)ning zidi bо‘lgan “tovushsiz” sо‘zi esa unga aniqlovchi sifatida qо‘llangan hamda yaxlit sо‘z birikmasi hosil qilingan. Ana shuning hisobiga bu sо‘z birikmasi noodatiy birikmaga aylanib matnda kuchli emotsionallikni ifodalovchi asosiy vositalardan biriga aylangan.
Boks oqarmoqda - …bir hamkasbimiz aka-uka Klichkolarni nazarda tutib “Boks oqarmoqda” deya yozganiday, biz ham yuqoridagi sarlavhani tanladik. Lekin gap, bilsangiz va e’tibor qilsangiz, ringda ham, rangda ham emas… (О‘zAS, 14.07.2006).
Uxlayotgan baxtni uyg‘oting – “О‘zAS”ning 9 iyun sonida chop etilgan Damin Jо‘raqulovning “Uxlayotgan baxtni uyg‘oting” maqolasida yozilganidek, inson о‘z vaqtining quli emas, jilovdori bо‘lishi zarur. Chunki behuda о‘tgan har bir daqiqamiz qaytmaydi (О‘zAS, 14.07.2006).
Shunday qilib, о‘zbek tilida noodatiy birikmalar asosan atributiv, qaratqichli, obyektli munosabat asosida shakllanadi, ayrim noodatiy birikmalar esa sodda gap qolipli predikativ munosabat asosida yuzaga kelgan hamda noodatiy birikmalarning barcha struktural kо‘rinishlari badiiy, publitsistik matnlarda faol qо‘llanishi bilan xaraktekrlanadi.
Nazorat savollari:
1. Sо‘z birikmasi va uning turlari haqida tushuncha.
2. Erkin sо‘z birikmasi va turg‘un sо‘z birikmasi orasidagi munosabat haqida.
3. Noodatiy birikma va uning grammatik strukturasi haqida.
4. Matnlarda noodatiy birikma (oksyumaronli birikma)larning qо‘llanish xususiyatlari.

Download 0.52 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   69




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling