Qarshi davlat universiteti lingvistika kafedrasi


-ma’ruza MatnDA sintaktik aloqaNI ta’minlovchi LEKSIK vositalar


Download 0.52 Mb.
bet19/69
Sana23.04.2023
Hajmi0.52 Mb.
#1382587
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   69
Bog'liq
matnshunoslik

13-ma’ruza
MatnDA sintaktik aloqaNI ta’minlovchi LEKSIK vositalar


Tayanch sо‘z va iboralar: matn, matn komponentlari, matn komponentlarining sintaktik aloqasi, iatnda sintaktik aloqani ta’minlovchi vositalar, leksik takror, olmoshlar, sinonim sо‘zlar, abzatslararo sintaktik munosabat.
Keyingi yillarda jahon tilshunosligida matn, uning mohiyati, leksik va grammatik xususiyatlari tadqiqiga bag‘ishlangan ishlar ortib bormoqda. Ularning aksariyatida matn komponentlarining semantik aloqasini о‘rganishga asosiy e’tibor qaratiladi. Bizningcha, matn komponentlarining sintaktik jihatdan ham bog‘lanishli ekanligini mukammal talqin etish uchun vaqt keldi, zotan, matn faqat semantik jihatdan emas, balki sintaktik jihatdan ham yaxlitlikni taqozo etadi. Boshqacha aytganda, matn komponentlari qanday yо‘sinda bо‘lmasin sintaktik jihatdan ham о‘zaro bog‘langan bо‘ladi.
Kuzatishlar shundan dalolat beradiki, matn komponentlarining о‘zaro sintaktik bog‘lanishiga quyidagi omillar о‘z ta’sirini kо‘rsatadi: a) leksik takror; b) sinonimik munosabatlar; v) olmoshlar; g) kirish sо‘z va birikmalar; d) bog‘lovchilar.
Ba’zan leksik takror matn komponentlarining sintaktik aloqasi uchun asos bо‘ladi: Mana bugun, Nizomjon yana Dildor bilan uchrashdi. Nizomjon yig‘ilib qolgan gaplarini entikib, shoshilib gapirar, Dildor bо‘lsa beparvogina uning gaplariga quloq solib borar edi. Umuman, Dildor keyingi paytlarda sal boshqacharoq bо‘lib qolgan edi. Nizomjonni kо‘rganda bir qizarib olardi-da, pildirab qochib ketardi (S.Ahmad. Ufq).
Keltirilgan matnda Nizomjon va Dildor sо‘zlariga e’tibor bersak, ularning turli sintaktik vazifalarda kelib, matn komponentlarining о‘zaro sintaktik munosabatini ta’minlanayotganini kо‘ramiz. Birinchi gapda Nizomjon ega, Dildor tо‘ldiruvchi, ikkinchi komponent – murakkab sintaktik qurilmada esa Nizomjon va Dildor sо‘zlarining har ikkalasi ham ega vazifasida kelmoqda. Uchinchi gapda Dildor ega vazifasida, tо‘rtinchi gapda esa Nizomjon sо‘zi tо‘ldiruvchi bо‘lib kelmoqda. Bundan tashqari, mazkur matnda gaplari sо‘zi ham takroriy qо‘llanilib, bir о‘rinda vositasiz, ikkinchi о‘rinda esa vositali tо‘ldiruvchi vazifasini bajaradi.
Sinonimik sо‘zlar badiiy matn komponentlarining sintaktik munosabatini ifodalashda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda bir komponentning sathida kelayotgan ma’lum bir sо‘zning ikkinchi, uchinchi va h.k. komponentlarda sinonimlari yoki sinonimik ma’noli unsurlari ishtirok etadi: Qish sovuqlari ham Gavharshodbegimning hayotidan uzoqlashib ketdi. Ulug‘bek . . . ikki qavatli kо‘shkda onasi sharafiga katta qabul marosimi о‘tkazdi. Marosimda Gavharshodbegimning barcha kelinlari shaharning aslzoda ayollari ham ishtirok etdilar. Ziyofatdan sо‘ng hammalariga sarupolar ulashildi. (P.Qodirov. Ona lochin vidosi).
Keltirilgan matnda sinonimik ma’noli quyidagi sо‘zlar mavjudligini kо‘ramiz: Gavharshod begim – ona (si), qabul marosimi – ziyofat, kelinlar (i), aslzoda ayollar – hammalari(ga), barcha – hamma.
Ayni paytda matn komponentlari (gaplar)ning soni tо‘rtta bо‘lib, sinonimik ma’noli sо‘zlar ularning barchasida qatnashmoqda va komponentlarning о‘zaro sintaktik aloqasini ta’minlaydi1.
Matnning tarkibiy qismlari о‘rtasida sintaktik aloqa shakllanishi uchun olmoshlarning ham ahamiyati juda kattadir. Bunda olmoshning ot, sifat, son, ravish kabi mustaqil sо‘zlar о‘rnida qо‘llanila olishi muhim mavqega ega bо‘ladi: Mehmonlar og‘ir sukunatdan qorong‘i xonaqohga bitta – bitta kirdilar. Barcha о‘zini gо‘yo payg‘ambar qabri oldida his etardi. О‘rtadagi toshni navbat bilan bir – bir о‘pib, hо‘ng – hо‘ng yig‘ladilar.
Gumbaz ustidagi kabutarlar ovozi ularga guyo samodan kelgan payg‘ambar ovozi kabi tuyulardi (Oybek. Ulug‘ yо‘l).
Berilgan matn tо‘rt komponentli bо‘lib, birinchi va ikkinchi gaplar barcha jamlovchi olmoshi vositasida, ikkinchi va uchinchi gaplar implitsit ifodali ular uchinchi va tо‘rtinchi gaplar esa ularga olmoshlari bilan sintaktik aloqada ekanligini kо‘ramiz. Mazkur olmoshlarning barchasi mehmonlar sо‘zining substitutlari sifatida kelib barcha – ega, yashirin holda kelayotgan ular ham ega, ularga olmoshi esa vositali tо‘ldiruvchi funksiyalarini bajarmoqda.
Matn komponentlarining sintaktik aloqasi kirish sо‘z vositasida voqelanishi ham mumkin. Bunda kirish sо‘z о‘z vazifasiga kо‘ra bog‘lovchiga yaqinlashadi2. Xususan, kirish sо‘z vazifasida kelgan modal sо‘zlarda bunday imkoniyat ancha salmoqlidir. Kirish sо‘zlar hozirgacha tilshunoslikda gapning boshqa bо‘laklari bilan grammatik aloqaga ega emas, degan fikr qat’iylashgan.
Matn shakllanishida bog‘lovchilar ham muhim vazifa bajaradi. Bunda bog‘lovchilarni vazifalariga kо‘ra ikkiga bо‘linadi: a) mustaqil gaplarning о‘zaro munosabatini ta’minlovchi bog‘lovchilar; b) abzatslar munosabatini ta’minlovchi bog‘lovchilar.
Matn tarkibidagi mustaqil gaplarning sintaktik munosabatini ta’minlovchi bog‘lovchilar mikro maydonda ham, makro maydonda ham qо‘llanishi mumkin.
Bog‘lovchi makromatn tarkibida kelganda kо‘proq abzatslarning semantik va bir paytning о‘zida sintaktik aloqalarini ta’minlash uchun xizmat qiladi:
1. Atrofni о‘rab kelayotgan merganlar yoy о‘qi bilan uni nishonga olayotganlariga kо‘zi tushib, vahimasi battar oshdi. Sarosima ichida qoyatoshning narigi pana tomoniga о‘zini otdi.
Biroq qoyaning narigi tomoni ikki yuz quloch balandlikdagi tosh jarzov edi. Zov tagidan о‘tgan Hirot daryosi tog‘lardan kelgan sel bilan tо‘lib-toshib oqmoqda (P.Qodirov. Ona lochin vidosi).
2. . . . oshirib bajarganlarga ustama mukofot belgilash; tog‘da sobiq Quyki rayonini tiklash; uning о‘ziga xos ekonomikasi bilan alohida shug‘ullanish …
Lekin bu takliflarni aytish uchun Orif aka kо‘p idoralarning ichiga kirib chiqdi (A.Muxtor. Chinor).
Berilgan misollarning har ikkisi ham makromatnning muayyan parchalari sanaladi. Birinchi misolda makromatnning ikki abzatsi biroq zidlov bog‘lovchisi orqali sintaktik va semantik munosabatga kirishayotganini kо‘ramiz. Ayni paytda ikki abzatsning sintaktik aloqasi uchun qoya, narigi tomoni sо‘z va sо‘z birikmalari ham xizmat qilmoqda. Bu о‘rinda abzatslararo leksik takror qо‘llanilayotganini kо‘ramiz. Mazkur vositalar, о‘z navbatida, abzatslar о‘rtasidagi sintaktik munosabatning yanada mukammalroq tus olishiga kо‘maklashmoqda.
Ikkinchi misolda abzatslararo sintaktik munosabat lekin zidlov bog‘lovchi vazifasida shakllangani kо‘zga tashlanadi. Bu о‘rinda ham sintaktik aloqaning uzviy ekanligini qayd etamiz. Chunki ayni paytda ikki abzats sintaktik munosabati uchun ikkinchi abzats boshida kelayotgan bog‘lovchidan tashqari, bu kо‘rsatish olmoshi hamda birinchi abzatsda ma’no salmog‘ini umumlashtirib kо‘rsatayotgan takliflar sо‘zining ham ahamiyati katta bо‘lmoqda.
Shunday qilib, matn komponentlarining turli yо‘llar bilan, jumladan, leksik takror, sinonimik vositalar, olmosh - substitutlar, kirish sо‘z va birikmalar, bog‘lovchi kabilar yordamida sintaktik munosabat tashkil etishini kо‘ramiz. Bunday vositalarning har biri kelgusida alohida tadqiqotlar uchun asos bо‘la oladi.
Nazorat savollari:
1. Matn komponentlarining о‘zaro sintaktik bog‘lanishi haqida tushuncha.
2. Matn tarkibida mustaqil gapning sintaktik munosabatini izohlang.
3. Matnda abzatslararo sintaktik munosabat qanday ta’minlanadi?
4. Mikromatnda abzatslararo sintaktik munosabatni ta’minlashda bog‘lovchilarning ishtirokni qanday izohlaysiz?
5. Matndagi sintaktik aloqani ta’minlashda olmoshlar va ma’nodosh sо‘zlarning о‘rni.

Download 0.52 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   69




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling