Qarshi davlat universiteti lingvistika kafedrasi


MATN KOMPONENTLARINING SEMANTIK VA PRAGMATIK MUNOSABATLARI


Download 0.52 Mb.
bet20/69
Sana23.04.2023
Hajmi0.52 Mb.
#1382587
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   69
Bog'liq
matnshunoslik

14-ma’ruza

MATN KOMPONENTLARINING SEMANTIK VA PRAGMATIK MUNOSABATLARI

Tayanch sо‘z va iboralar: Matn va uning xarakterli belgilari, matn – nutq maxsuli sifatida, matndagi semantik munosabat, radikal semantik munosabat, bevosita semantik munosabat, bog‘lanishli nutq, matn komponentlarining pragmatik munosabati, “grammatik gap” va “mantiqiy hukm”, abzats makromatn komponenti sifatida.

Ma’lumki, matnning har qanday turi ham tugallangan fikr ifodasini beradi. Bu matnning xarakterli belgilaridan biri sanaladi. Uning ikkinchi belgisi komponentlarining mazmunan bog‘lanishli ekanligi hisoblanadi. Zotan, matn gorizontal chiziqda (sintagmatik qator doirasida) shakllanadi va bu jihatdan kommunikativ yaxlitlikni tashkil etadi. Shunday bо‘lgach, о‘zbekcha matnlarda bog‘lanishlilik quyidagi ikki kо‘rinishda voqelanadi: a) matnda berilayotgan ikki va undan ortiq hodisalar о‘rtasidagi bog‘liqlik; b) hodisalarning о‘zaro qorishuvi natijasida shakllangan ma’no butunligida aks etuvchi bog‘liqlik.


Matn, albatta, nutqimiz mahsuloti sanaladi. Shuning uchun “bog‘lanishli nutq” (“svyaznaya rech”) tushunchasi tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri matn bilan aloqadordir. Matnda bog‘lanishlilik uning komponentlari munosabatida, birinchi galda ularning semantik munosabatida о‘z aksini topadi. Tilshunos olimlar matnda ifodalanayotgan semantik munosabatni о‘z navbatida, quyidagicha ikki turga ajratib о‘rganmoqdalar:
1. Radikal munosabat. Bunda matn komponentlari о‘zaro tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri bog‘lanmay matnda ifodalanayotgan umumiy ma’no sathida munosabatga kirishadi. 2. Tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri yoki bevosita munosabat. Bunda matnning tarkibiy qismlari bir -biriga bog‘liq bо‘ladi va birining ma’nosi ikkinchisining ta’sirida oydinlashadi1.
Aytish lozimki, matn komponentlarining о‘zaro bog‘lanishiga xos bо‘lgan semantik munosabatning har ikki turi ham muhim ahamiyat kasb etadi, zotan, har bir matnning asosiy vazifasi ma’lum xabar ifodasini berishdan iboratdir. Bu esa semantik yaxlitlikni talab qiladi. Matnning bunday sifati muqarrar ravishda yozma nutqda kuzatiladi. Og‘zaki nutqda esa uning semantik butunligi har doim ham voqe bо‘lavermaydi. Chunki, og‘zaki nutqda uzuq-yuluq jumlalar ham kо‘p ishlatiladi. Bundan tashqari, ma’no yaxlitligiga tinglovchining replikasi ham sezilarli darajada salbiy ta’sir kо‘rsatadi.
Matn komponentlarining ma’no jihatdan bog‘lanishli bо‘lishi nafaqat matnning ma’no butunligini, balki uning tarkibiy qismlari sanaluvchi mustaqil gaplarning ham mazmuniy salmog‘i bekami-kо‘stligini ta’minlaydi. Tо‘g‘ri, matndan tashqarida gap grammatik jihatdan mutlaqo kamchiliksiz bо‘lishi mumkin. Lekin uning ma’no butunligi faqat matn sathida boshqa gaplar bilan о‘zaro munosabatda kelganda tо‘liq ifodasini topa oladi. Bu matn tarkibida qо‘llanilgan barcha gaplarga xosdir, faqat matnning boshlanishida kelgan gap о‘zining nisbiy mustaqilligi bilan shu matn tarkibiga kirgan boshqa gaplardan farq qiladi2.
Matn tarkibida gaplarning о‘zaro semantik munosabatlari xususida sо‘z yuritilganda, tafakkurimizda hukmlar majmuasi qanday bog‘lanishini tasavvur etib kо‘rmog‘imiz lozim. Matn komponentlarining bog‘lanishli ekanligini о‘rganish til va tafakkur birligi dialektik qonuniyatidan kelib chiqadi. Shuning uchun mustaqil gaplarning о‘zaro munosabati zamirida shakllanuvchi gapdan katta har qanday nutq birligi о‘zining umumiy mazmuni salmog‘i jihatidan tafakkur mahsulining til unsurlari vositasida ifodalanishini taqozo etadi.
Gapning sо‘zlar munosabatidan tashkil etilishini nazarda tutsak, bunda sо‘zning fikr ifodasini voqelantiruvchi belgi ekanligini dalilay olamiz. Biroq nutqimiz qolipida rо‘y beruvchi psixologik muloqatda sо‘z emas, balki gap asosiy belgi sanaladi. Bu nutqimiz sathida gapning о‘ziga xos maqomini, uning boshqa birliklardan (masalan, sо‘z, sо‘z birikmasi va h.k.) farqini aniq va ravshan namoyon etadi3.
Yuqorida keltirilgan fikr va mulohazalar til bilan mantiqning о‘zaro uzviy bog‘liqligini kо‘rsatadi. Ammo bu bilan mantiq va til kategoriyalari qorishib ketadi, demoqchi emasmiz, albatta. Chunki mantiqning ham, tilning ham faqat о‘ziga xos bо‘lgan qonuniyatlari mavjud. Shuning uchun sintaktik kategoriyalarni mantiq kategoriyalari nusxasi sifatida talqin etib bо‘lmaydi. Ana shu bois hukm tushunchasini bu о‘rinda shartli deb bilmog‘imiz lozim. A.A.Potebnya tо‘g‘ri ta’kidlaganidek, grammatik gap mantiqiy hukm bilan bir xil ma’no kasb eta olmaydi4.
Darhaqiqat, hukmning aniq va mukammalligi faqat nutqda aniqlanadi. Buning uchun esa bir necha hukm о‘zaro munosabatda olib tahlil etiladi. Shuning uchun an’anaviy mantiqda muayyan bir hukmni nutqdan tashqari holatda olib tahlil qilinishi bugungi kun talablariga javob berolmay qoldi.
Bugungi kunda an’anaviy grammatikalarda berilgan sintaktik qurilmalar tahlilidan о‘zgacha tahlil materiallariga ehtiyoj tug‘ilganligi sababli odatdagi semantik va sintaktik tahlillar doirasi ancha kengaydi. Boshqacha aytganda, matn lingvistikasi masalasi kun tartibiga asosli ravishda kirib keldi. Buning asosiy dalili sifatida hozirgi lingvistik tadqiqotlarda о‘zaro bog‘lanishli bо‘lgan bir necha sintaktik qurilmalar nutqning yaxlit bir bо‘lagi sifatida talqin etilayotganini kо‘rsatish mumkin.
Nutqda о‘zaro bog‘liq bо‘lgan gaplarning semantik va sintaktik muammolarini о‘rganishda mazkur gaplarni alohida olmay, har birini boshqalari bilan bog‘liq holda talqin etilgandagina ularning ma’no tugalligi haqida sо‘z yuritish mumkin. Bunday vaziyatda mazkur gaplarning nafaqat ma’no tugalligi, balki sintaktik xususiyatlarining ham ancha mukammal izohlanishi uchun imkoniyat yaratiladi. Masalan, ma’lum bir nutq parchasida namoyish xususida fikr bildirilayotgan bо‘lsa, namoyishchilar (demonstranti) sо‘zi bunday matn uchun subyekt vazifasini о‘taydi, zotan, mazkur sо‘z bir о‘rinda gapda о‘zining asliy shaklida, boshqa gaplarda esa olmosh bilan (masalan, ular, о‘zlari olmoshlari), о‘zga bir sinonimik sо‘z bilan (masalan, kishilar, odamlar, xalq) ifodalanadi va har safar gapda bu tushunchaning mavjudligini his etamiz.
Matn komponentlari tarkibida biror sо‘z yoki birikmaning bu taxlit qо‘llanishi nafaqat semantik, balki sintaktik vazifa ham bajaradi. Chunki mazkur sо‘z oldingi gapda grammatik ega vazifasida kelsa, keyingi gaplarda tо‘ldiruvchi, aniqlovchi bо‘lib qо‘llanilishi ham mumkin5.
Ana shulardan kelib chiqib, о‘zbekcha matnlarni sintaktik va pragmatik tahlili bobida hali о‘z yechimini kutayotgan juda kо‘p jumboqlar mavjudligini ta’kidlash lozim.

Download 0.52 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   69




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling