Qon tizimi - Har qanday tizim bir nechta tarkibiy qismdan tashkil topgani kabi qon tizimiga ham quyidagilar kiradi: 1) qonning o‘zi; 2) qon yaratilishini ta‘minlaydigan tuzilmalar: 3) qonning yemirilishida ishtirok etuvchi a‘zolar: 4) qon hosil bo`lishi va yemirilishini boshqaruvchi mexanizmlar. Umurtqali hayvonlarda qon hujayralari asosan suyak ko‘migida hosil bo`ladi. Eritrotsitlarning yemirilishi, ulardagi temirdan qayta foydalanish va gemoglobin sintezi ham ko‘mikda sodir bo`ladi. Qarib qolgan eritrotsitlarning qondan ajratib olinishi va ularning qayta ishlanishi taloq faoliyatiga bog‘liq. Limfa tugunlarida oq qon tanachalari rivojlanib yetiladi. Bu jarayonda taloq va timus ham ishtirok etadi. Qon tizimi faoliyatini boshqarishda maxsus gumaral omillar – eritropoetinlar, leykopoetinlar va trombopoetinlar katta ahamiyatga ega. Nerv tizimi ham bu jarayonda ishtirok etadi.
- Qon suyuq to‘qima bo`lib, plazma va shaklli elementlardan tashkil topgan. U tomirlar doirasida uzluksiz harakat qilganidan organizmda asosan tashuvchi vazifasini bajaradi. Tashiladigan moddalarning tabiati va ahamiyatiga qarab, qonning quyidagi vazifalari tafovut qilinadi: 1) nafas oldirish; 2) ovqatlantirish; 3) ekskretor; 4) boshqaruv; 5) kreator boshqarishlarni ta‘minlash; 6) gomeostatik; 7) haroratni boshqarish; 8) himoya. Nafas oldirish faoliyati. Bu faoliyat o‘pkadan to‘qimalarga kislorod yetkazib berish va ularda hosil bo`lgan karbonat angidridni o‘pkaga olib borishdan iborat. Kislorod tashilishini eritrotsitlardagi gemoglobin bajaradi. Karbonat angidridning tashilishida ham eritrotsitlar katta ahamiyatga ega
- Odamning qoni suyuq plazma va undagi muallaq shaklli elementlardan tashkil topgan. Qonning bu ikki qismi orasida ma‘lum nisbat saqlanadi. Qon hajmining 55%i plazmaga to‘g‘ri keladi, qolgan 45% hajmni shaklli elementlar tashkil qiladi. Qonning umumiy hajmidan eritrotsitlarga to‘g‘ri keladigan qismi gematokrit son, deb ataladi. Erkaklarda gematokrit son 44-46%, ayollarda – 41-43% bo`ladi. Katta odam organizmidagi qonning umumiy miqdori gavda vaznining 6-8%, ya‘ni 4-6 litrni tashkil qiladi. Qonning organizmdagi miqdorini bo‘yoqlar yoki radioaktiv moddalar yordamida aniqlash mumkin. Masalan, kongorot qonga ma‘lum miqdorda yuboriladi. Oz vaqt o‘tishi bilan u qonda tekis taqsimlanadi. Endi tomirdan qon olib, unda bo‘yoq konsentratsiyasi aniqlanadi va bo‘yoqning qonda suyulish darajasiga qarab, qon miqdori hisoblab topiladi. Qonning miqdori nisbatan doimiy bo`lgan ko‘rsatkichlardan biri. Ammo, uzoq vaqt davomida muntazam ravishda jismoniy ish bilan shug‘ullanish, baland tog‘ga ko‘tarilish va shu sharoitda uzoq vaqt bo`lish natijasida organizmning kislorodga bo`lgan ehtiyoji ortadi va qon miqdori ko‘payadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |