Qo‘shma gaplar


Zidlov munosabatli bog‘langan qo‘shma gaplar


Download 53.33 Kb.
bet5/26
Sana03.02.2023
Hajmi53.33 Kb.
#1148177
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   26
Bog'liq
шпор

Zidlov munosabatli bog‘langan qo‘shma gaplar. Bog‘langan qo‘shma gaplarning bu turida «ikki komponent» orasidagi mazmun bir-biriga zid qo‘yilsa ham, shu zidlikka qaramay, keyingi gapdagi voqea-hodisa yuzaga kelgan bo‘ladi. Ko‘pincha birinchi gapda tasdiq, keyingi gapda esa inkor mazmuni ifodalanadi. Ba’zan birinchi gap inkor, ikkinchi gap tasdiq shaklida keladi. Misol: Zaynab ham kulgiga qo‘shildi, ammo Kumush yuzini chetga o‘girgan kuyi o‘tirar edi. (A.Qodiriy). Sadoqatli oftobachi uning ko‘kragiga choroyna, qo‘liga boshqa zirxli narsalar kiydirmoqchi edi, lekin bunga Humoyunning sabri chidamadi (P.Qodirov). Uxlovchilarning ikkisi pinagini buzmadi, ammo do‘konning to‘rida yotgan chuvak bir yigit cho‘chib, boshini ko‘tardi. Osmonni birdan qora bulut qopladi, lekin yomg‘ir yog‘ishdan darak yo‘q.
Zidlov munosabatli bog‘langan qo‘shma gap komponentlarini o‘zaro bog‘lashda ammo, lekin, biroq kabi bog‘lovchilar va shu bog‘lovchilar vazifasidagi –u(-yu), -da yuklamalari ishlatiladi.
Zidlov bog‘lovchili bog‘langan qo‘shma gaplardagi mazmun to‘siqsiz ergash gapli qo‘shma gapdagi mazmunga yaqin bo‘ladi: bog‘langan qo‘shma gaplarda ham bir-biriga zid bo‘lgan ikki hodisa ifodalanadi: Masalan: Sobir O‘ktamni kabinaga o‘tirishga qistadi, lekin u unamadi (Oybek) - bog‘langan qo‘shma gap. Sobir O‘ktamni kabinaga o‘tirishga qistasa ham u unamadi – to‘siqsiz ergash gapli qo‘shma gap.


ERGASH GAPLI QO`SHMA GAPLAR




Ergashgan qo‘shma gaplar teng bo‘lmagan komponentlarning tobelanish orqali birikuvidan tuziladi. Bu komponentlar orasida fikriy, grammatik va intonasion butunlik mavjud bo‘ladi.
Ergashgan qo‘shma gap qismlariga: 1) fikrda nisbiy mustaqillik; 2) predikativ munosabat; 3) komponentlar orasida nisbiy tugal intonatsiya xos.
Ergashgan qo‘shma gap tarkibidagi har bir sodda gap mazmunan nisbiy mustaqildir. Bu predikativ qismlar, bosh gap, ergash gap deb yuritilishidan qat’iy nazar, bir-biriga mazmunan bog‘lanadi, bir-birini izohlaydi, aniqlaydi, to‘ldiradi. Ergash gap bosh gapga ergashadi, bosh gap esa, mustaqilday ko‘rinsa ham, ergash gap tomonidan izohlanadi. Shuning uchun ularni alohida-alohida mustaqil gap deb bo‘lmaydi.
Qo‘shma gap qismlarining har birida predikativ munosabat bo‘lishi kerak. Qiyoslash uchun misollar: Kimki bilimdonligi va donoligini ko‘z-ko‘z qilsa, u bilimdon ham emas, dono ham emas. 2) Tunning mayin shivirlashlariga quloq solmay, yulduzlarning jamoliga tikilib, ancha vaqt jim o‘tirdik (Oybek). Keltirilgan misollarning birinchisi ikkita gapdan tuzilgan bo‘lib, har bir gapda (komponentda) ega va kesim mavjud, ya’ni ikkita predikativ markaz mavjud.
Qo‘shma gap komponentlarida ba’zan ega yashirinishi, bunday qism faqat kesim bilan ifodalanishi ham mumkin: Kelsam, yo‘q ekansiz.
Har qanday gap, to‘liq yoki to‘liqsiz, bir sostavli yoki ikki sostavli bo‘lishidan qat’iy nazar, ma’lum bir intonasion tugallik bilan talaffuz qilinadi. Ergash gapga xos intonatsiya tugallikni ifodalamasa ham, ergash gapning bosh gapdan ajralib turishini va unga tobe ekanligini ta’minlaydi. Shuning uchun maxsus intonatsiya bilan aytilmaydigan ayrim birikmalarni ergash gap deb bo‘lmaydi. Bunday birikmalar gapning biror bo‘lagini izohlab keladi.
Ergashgan qo‘shma gaplar fikriy, grammatik va intonasion butunlikdan iborat bo‘lib, ularning sostavidagi sodda gaplar sintaktik jihatdan biri ikkinchisiga tobe bo‘ladi.
Ergashgan qo‘shma gap tarkibidagi komponentlar ko‘pincha ergashtiruvchi bog‘lovchilar vositasi bilan birikadi. Ergashtiruvchi bog‘lovchilar ergash gap bilan bosh gapning grammatik aloqasini ko‘rsatuvchi vosita sanaladi.
Ergashgan qo‘shma gaplardagi sodda gaplarning bog‘lanishida nisbiy so‘zlarning roli muhimdir. Nisbiy so‘z vazifasida ko‘pincha, so‘roq, belgilash olmoshlari va ayrim ravishlar ishlatiladi. Nisbiy so‘zlar ergash gap bilan bosh gapni bog‘labgina qolmay, har bir komponentda ma’lum bir gap bo‘lagi vazifasini ham bajaradi. Bularning ergash gap va bosh gap tarkibida ishlatilishi quyidagi tartibda bo‘ladi: oldingi gapdagi olmosh yoki ravishga mos holda keyingi gapda ham olmosh yoki ravish keladi. Bu so‘zlar ko‘pincha savol-javob tarzida ishlatilib, odatda savol tarzidagi so‘z oldingi gapda, javob tarzidagi so‘z keyingi gapda keladi. Masalan: Qaerda tinchlik va osoyishtalik bo‘lsa, u yerda farovonlik va taraqqiyot bo‘ladi. Kim ravshan fikrlasa, u ravshan bayon qila oladi.
Ergashgan qo‘shma gapdagi ohang bog‘langan qo‘shma gapdagi ohangga nisbatan boshqacharoq bo‘ladi: unda tovush avvalgi qismda ko‘tarilib, keyingi qismda ancha pasayadi.
Ergashgan qo‘shma gaplar bosh va ergash gaplardan tashkil topadi. Bosh gap tuzilishi jihatidan mustaqil sodda gaplarga o‘xshaydi, ergash gap doimo bunday xususiyatga ega bo‘la bermaydi. Bosh va ergash gaplar maxsus ergashtiruvchi vositalarga ega bo‘lishi jihatidan ham bir-biridan farq qiladi.
Ergashgan qo‘shma gapdagi ergash gapni bosh gapga tutashtirishda kesimni shakllantiruvchi affikslar (ravishdosh, sifatdosh shakllari, shart fe’li affiksi –sa va boshqalar) ham muhim rol o‘ynaydi. Misol: Havo tez-tez o‘zgarib tursa ham yog‘ingarchilik kam bo‘lyapti. Zaynab yalt etib qaynonasiga qaradi, chunki O‘zbek oyimning boyagi gapi endi unga anglashilgan edi. (A.Qodiriy). Bir mahal eshik g‘irchillab ochilib, Dadaboy amaki kirib keldi. (O‘.Umarbekov). Quyosh chiqqach, bulutlar tarqaldi, ketdi. (Oybek). Agar aql ojiz bo‘lsa, oyoqda tinim bo‘lmaydi. (A.Mah).
Ergash gap bosh gapga bog‘lanib, uning biror bo‘lagini yoki butun bir bosh gapni izohlaydi. Ergash gap bosh gapdagi biror bo‘lakni yoki butun bir gapni izohlab, to‘ldirib, aniqlab kelish xususiyati bilan sodda gapdagi gap bo‘laklariga o‘xshaydi.
Ergash gaplarning deyarli hammasi mustaqil sodda gaplarga xos asosiy belgilarga – ma’lum mazmunni ifodalash, predikativlik munosabatini bildirish, pauza bilan ajralish xususiyatlariga egadir. Ba’zi ergash gaplarning sintaktik vazifasi ularning gap bo‘lagiga o‘xshash ekanligini ko‘rsatadi – ergash gaplarning ayrimlari sintaktik vazifasi jihatidan gap bo‘laklariga mos keladi. Masalan, payt, o‘rin, sabab, maqsad, o‘lchov-daraja kabi ergash gaplar payt, o‘rin, sabab, maqsad, daraja-miqdor hollariga o‘xshash sintaktik vazifani bajaradi. Biroq, ayrim gaplar (masalan, shart, to‘siqsiz, chog‘ishtirish-o‘xshatish, natija ergash gaplar) gap bo‘laklariga mos kelmaydi.

Download 53.33 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   26




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling