Populyatsiyaning asosiy xususiyatlari
Tabiatda turlar, odatda, bir-birlaridan ma’lum tarzda himoyalangan populyatsiyalar to‘plamidan iboratdir. Ekologik nuqtai nazardan populyatsiya tirik organizmlar har qanday turkumining asosiy elementi tarzida qaraladi. Biologiya fanida har qanday individlar yig‘indisi populyatsiya (lotincha «populus» halq so‘zidan kelib chiqqan) deb tushiniladi. Ekologik nuqtai nazardan esa, ma’lum yashash joyida o‘z mavjudligini cheklanmagan uzoq muddat davomida ta’minlay olish va erkin chatishish qobiliyatiga ega bo‘lgan turning individlari guruhiga populyatsiya deyiladi. Demak, populyatsiya guruhga birlashgan individlar yoki organizmlar bo‘lib, ular bir-birlari, o‘zlari yashaydigan muhit bilan doimo aloqada bo‘ladilar. Populyatsiyalar alohida ajralgan holda yashamaydilar. Bir tur populyatsiyalari boshqalari bilan o‘zaro ta’sirlashadi, ya’ni ular bilan biotik turkumlar-yaxlit tizimlarni hosil qiladi. Har bir turkumda qandaydir populyatsiya muhim rol o‘ynaydi. U ma’lum ekologik nisha tashkil etadi va boshqa turlarning populyatsiyalari bilan hamkorlikda uning barqaror hayotiy faoliyatini ta’minlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |