Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi Tarjimon va izohlar muallifi: Abdulaziz Mansur tarjima haqida
Download 0.71 Mb.
|
Документ
Izoh:So'z Badr jangi to'g'risida ketmoqda. Bu jangda musulmonlar soni Makka mushriklaridan kam bo'lishiga qaramasdan g'alaba qozonganlar.
Odamlarga ayollar, farzandlar, uyum-uyum oltin-kumushlar, saman otlar, chorva va ekinlarga nisbatan mehr qo'yish ziynatli qilib qo'yildi. Bular (aslida) dunyo hayotining (o'tkinchi) matohidir. Allohning huzurida esa (bundan) chiroyli joy (jannat) bordir. Ayting (ey, Muhammad): "Sizlarga bulardan ham yaxshiroq narsa haqida xabar beraymi? Taqvodor kishilar uchun Parvardigorlari huzurida ostidan anhorlar oqib turadigan, abadiy yashaladigan bog'lar, pok xotinlar va Allohning rizosi bor. Alloh bandalarni ko'rib (kuzatib) turuvchidir". (Ular): "Ey, Rabbimiz, bizlar Senga imon keltirganmiz. Bas, bizning gunohlarimizni kechir va bizni do'zax azobidan asra!" - deydilar. (Ular) sabrli, sadoqatli, itoatli, saxovatli va sahar chog'larida Allohdan mag'firat so'raydiganlardir. Adolatda (barqaror) turib, Alloh guvohlik beradi: "Allohdan o'zga iloh yo'qdir". Farishtalar va ilm egalari ham (buni ta'kidladilar). (Albatta,) qudratli va hikmatli Allohdan o'zga iloh yo'qdir. Albatta, Alloh nazdida (maqbul) din Islom (dini)dir. Ahli kitoblar (yahudiy va nasroniylar)ga ma'lumot (tavhid va Muhammad to'g'risidagi vahiy) kelgandan keyin hasad yuzasidan o'zaro ixtilof (inkor) qilishga o'tdilar. Kim Allohning oyatlarini inkor etsa, (bilib qo'ysinki,) Alloh tez hisob-kitob qiluvchi zotdir. Agar Siz bilan (din haqida) bahslashsalar, "(Men) va menga ergashganlar o'zimizni Allohga bo'yin sundirdik", - deb ayting! So'ng, ahli kitoblar va (kitob berilmagan) savodsiz (mushrik arablar)dan: "Islomga kirdingizmi?" - deb so'rang. Agar Islomga kirsalar, demak, to'g'ri yo'lni topibdilar. Agar bosh tortsalar, bas, Sizning burchingiz, faqat (ularga haqiqatni) yetkazib qo'yishdir. Alloh bandalarni ko'rib (kuzatib) turuvchidir. Allohning oyatlarini inkor etadigan, payg'ambarlarni nohaq qatl qiladigan va adolatga chaqiruvchi kishilarni o'ldiradigan kimsalarga alamli azob haqida "bashorat" bering! Qilgan amallari bu dunyo va oxiratda behuda ketadigan va ularga yordamchilar ham bo'lmaydigan kimsalar ana o'shalardir. Ko'rmadingizmi (ey, Muhammad,) Kitob (Tavrot ilmi)dan nasiba berilgan kimsalar o'z oralarida hakamlik qilish uchun Allohning Kitobiga chaqirilganlaridan keyin ularning bir guruhi yuz o'girib ketdilar?! Bu (yuz o'girishlari)ning sababi - "Bizga do'zax o'ti faqat sanoqli kunlardagina tegadi", - degan gaplaridir. O'zlari to'qigan uydirma gaplari ularni dinda aldab qo'ydi. Izoh:Ularning buzuq e'tiqodlariga binoan, ular do'zaxda 40 kun yoki 7 kun jazolanar emishlar. Ularni shubhasiz (keladigan) Kun (qiyomat)ga to'plaganimizda va har bir jonga zulm qilinmagan holda o'z amallariga yarasha to'la jazo va mukofot berilganda, (hollari) ne kechar?! Ayting: "Ey, hukmronlik egasi - Alloh, Sen xohlagan kishiga hukmronlik ato etursan va xohlagan kishingdan hukmronlikni tortib olursan, xohlagan kishingni aziz qilursan va xohlagan kishingni xor etursan. Yaxshilik Sening qo'lingdadir. Albatta, Sen hamma narsaga qodirsan. Kechani kunduzga kiritursan va kunduzni kechaga kiritursan. O'likdan tirikni chiqarursan va tirikdan o'likni chiqarursan hamda xohlagan kishingga behisob rizq berursan". Izoh:O'likdan tirikni chiqarish deganda bir tomchi jonsiz shahvat suvidan jonzotni yaratishi, tuxumdan jo'ja chiqarishi yoki kofirdan mo'min farzandni paydo qilishi, shuningdek, tirikdan o'likni chiqarish deganda mazkurlarning aksini tushunish kerak bo'ladi. Mo'minlar turganida mo'minlar kofirlarni do'st tutmasinlar! Kim shunday qilsa, Allohga hech qanday daxli qolmas. Magar, ulardan ehtiyot bo'lish uchun (yuzaki muomala qilsangiz) mumkindir. Alloh sizlarni "O'zidan" ogohlantiradi. Alloh (huzuri)ga, albatta, qaytish bordir. Ayting: "Ko'ksingizdagi narsani xoh yashiring, xoh oshkor qiling, Alloh uni bilur. Osmonlaru Yerdagi narsalarni (ham U) bilur. Alloh hamma narsaga qodirdir. Har bir jon o'zi qilgan yaxshi va yomon amallari (ko'z o'ngida) hozir qilingan Kun (qiyomat)da ular (yomon amallari) bilan uning o'rtasi uzoq masofa bo'lishini orzu qiladi. Alloh sizlarni "O'zidan" ogohlantiradi. Alloh bandalarga mehribondir. Ayting (ey, Muhammad): "Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag'firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir". Ayting: "Alloh va payg'ambarga itoat etingiz!" Agar yuz o'girsalar, Alloh, shubhasiz, kofirlarni sevmas. Albatta, Alloh Odam va Nuhni hamda Ibrohim va Imron avlodlarini olamlar uzra (payg'ambarlik uchun) tanladi (ularni) bir-birlaridan zurriyot etib. Alloh eshituvchi va bilimdon zotdir. Download 0.71 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling