Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi Tarjimon va izohlar muallifi: Abdulaziz Mansur tarjima haqida
Download 0.71 Mb.
|
Документ
Izoh: Kafforatning ma'nosi evaz, badal, afvdir. Demak, qasos olmay xunidan kechib yuborsa, qilgan gunohlariga afv ato etilar ekan.
Ularning izlaridan Iso ibn Maryamni o'zidan oldingi (tushirilgan) Tavrotni tasdiq etuvchi holda izdosh qilib yubordik va unga Injilni - ichida hidoyat va nuri bilan o'zidan oldingi (tushirilgan) Tavrotni tasdiq etuvchi holda taqvodorlar uchun hidoyat va nasihat (manbai) qilib berdik. Injil egalari undagi Alloh nozil etgan narsa (oyatlar) bilan hukm qilsinlar. Alloh nozil etgan (oyatlar) bilan hukm qilmaydiganlar, ana o'shalar fosiqlardir. Sizga (esa, ey, Muhammad,) o'zidan oldingi Kitob(lar)ni tasdiq etuvchi va u (kitoblar)ni muvofiqlashtiruvchi sifatida Kitob (Qur'on)ni haqiqatan nozil qildik. Bas, ular o'rtasida Alloh nozil etgan (oyatlar) bilan hukm qiling. Sizga kelgan haqiqatdan (chetlab), ularning havoyi (fikrlari)ga ergasha ko'rmang! Har bir (ummat) uchun (alohida) shariat va yo'l (ta'yin) qilib qo'ydik. Agar Alloh xohlasa edi, sizlarni bir ummat (bir xil shariatda) qilib qo'ygan bo'lur edi. Lekin, O'zi bergan narsa (shariatlar)da sizlarni sinash uchun (shunday qilmadi). Bas, xayrli (savobli) ishlarda bir-biringizdan o'zishga oshiqingiz! Hammangizning qaytib boradigan joyingiz Allohning huzuridir. O'shanda (U) sizlarga kelisholmay yurgan narsalaringiz xabarini berajak. Ular o'rtasida Alloh nozil etgan narsa (oyatlar) bilan hukm qiling. Ularning havoyi (fikrlari)ga ergashmang va Alloh Sizga nozil etgan (hukmlari)ning ba'zilaridan Sizni chalg'itishlaridan ehtiyot bo'ling! Agar yuz o'girsalar, bilingki, Alloh ularga ba'zi gunohlari tufayli musibat yetkazishni istamoqda. Albatta, odamlarning ko'pchiligi fosiq (itoatsiz)dirlar. Johiliyat (davri) hukmini qo'msayaptilarmi?! Chin ishonchli kishilar uchun Allohdan ko'ra kimning hukmi chiroyliroq ekan?! Ey, imon keltirganlar! Yahudiylar va nasroniylar bilan do'st tutinmangiz! (Ularning) ba'zilari ba'zilari bilan do'stdirlar. Sizlardan kimki ular bilan do'st tutinsa, u albatta ulardan (bo'lib qolur). Albatta, Alloh zolimlar qavmini hidoyat qilmagay. Izoh: Hijratning uchinchi yilida kechgan Uhud jangiga oid bu oyatdagi taqiq musulmonlar uchun yahudiy va nasroniylarning dini yoki millati tufayli emas, balki ungacha musulmonlar bilan xolis aloqada bo'lib kelgan mazkur odamlarga jang asnosida tarafdor va ittifoqdosh bo'lishdan ogohlantirish edi. Dillarida "kasallik" bor kimsalar: "Bizga biror ofat yetib qolishidan qo'rqamiz", - deb, ular tomon intilayotganini ko'rasiz. Axir, Alloh (musulmonlarga) g'alaba ato etib yoki O'z huzuridan biror buyruq berib qolsa, ichlarida sir tutgan narsalariga pushaymon bo'luvchilarga aylanib qolishlari mumkin-ku! (Ana o'shanda) imon keltirganlar: "Zo'r berib, sizlar bilan birgamiz deb qasam ichganlar ana shularmi?" - degaylar. Ularning (savobli) ishlari yelga ketdi, natijada ziyon ko'ruvchilarga aylanib qoldilar. Ey, imon keltirganlar! Sizlardan kimki dinidan qaytsa, Alloh shunday bir qavmni keltirurki, ularni Alloh sevadigan va ular ham Uni sevadigan, mo'minlarga (nisbatan) kamtar, kofirlardan esa (o'zlarini) yuqori tutuvchi, Allohning (toati) yo'lida jiddu jahd qiluvchi, malomatchining malomatidan qo'rqmaydigan bo'lurlar. Bu Allohning fazlidirki, uni O'zi xohlagan (bandalari)ga berur. Alloh (karami) keng, dono zotdir. Darvoqe, sizlarning do'stingiz faqat Alloh, Uning Rasuli va imon keltirganlar hamda namoz o'qiydigan va ruku' qilgan hollarida ham zakot beruvchilardir. Izoh: Bu oyat Hazrat Ali ibn Abi Tolib (r. a. ) xususida nozil qilingan. Ul zoti sharif namoz ichida ruku'da engashib turganlarida, bir gado kelib tilamchilik qiladi. Hazrat Ali barmoqlaridan uzuklarini chiqarib, gado tomonga otib yuboradilar. U kishining bu muruvvatlari Allohga maqbul bo'ladi. Kimki Allohni, Rasulni va imon keltirganlarni do'st tutsa, albatta, Allohning (bu) hizbi chinakam g'oliblardir. Izoh: Hizb so'zining lug'aviy ma'nosi guruh, partiya, tobe kishilar demakdir. Allohning hizbi deganda Payg'ambari va imon keltirgan zotlarni, musulmonlarni tushunish lozim bo'ladi. Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldin Kitob berilganlardan diningizni mazax va o'yin qilib olganlar hamda kofirlar bilan do'st tutinmangizlar. Mo'min bo'lsangizlar, Allohdan qo'rqingizlar! (Ular) namozga azon aytsangizlar, uni (namozni) mazax va o'yin qilib oladilar. Bu ularning anglamaydigan qavm ekanidan (dalolat)dir. Ayting: "Ey, ahli kitoblar! Allohga, bizga nozil qilingan (Qur'on)ga va oldin nozil qilingan (Kitoblar)ga imon keltirganimiz, sizlarning aksariyatingiz esa fosiq (itoatsiz) bo'lganingiz tufayli bizdan o'ch olyapsizlarmi?" Ayting: "Alloh nazdida bundan ham yomonroq "savob" (jazo) to'g'risida sizlarni xabardor qilaymi? Alloh la'natlagan, g'azab qilgan, ulardan (ba'zilarini) maymun va cho'chqalarga aylantirgan hamda shaytonga ibodat qilganlar (uchun beriladigan jazodir). Ana o'shalarning makoni yomon va to'g'ri yo'ldan ko'proq adashgan kimsalardir. Izoh: Ushbu oyat dalolat qiladiki, odam maymundan emas, balki tarixda ba'zi osiy kishilardan maymun va cho'chqalar paydo bo'lgan. Tafsirlarda aytilishiga qaraganda, shanba kuni baliq ovidan qaytarilgan bir qabila yahudiylari Allohga hiyla ishlatib nofarmonlik qilganlari uchun Alloh ularni maymun shakliga kiritish bilan jazolagan. Iso (a. s.)ga nozil bo'lgan dasturxon ne'matlariga noshukurchilik qilgan kofirlarni esa Alloh taolo jazolab, cho'chqa shakliga kiritib qo'ygan degan rivoyat bor. Sizlarga kelib: "Imon keltirdik", - deyishadi. Vaholanki, kufr bilan kirib, kufr bilan chiqib ketadilar. Alloh ular yashirib yurgan narsa (ikkiyuzlamachiliklari)ni yaxshi biluvchidir. Ularning aksariyati gunoh, adovat va haromxo'rlik sari shosha-pisha intilayotganliklarini ko'rasiz. Qilayotgan ishlari o'ta yomon ishdir. Ruhoniy va olimlari ularni gunoh gaplari va haromxo'rliklaridan qaytarsalar bo'lmaydimi? Qilayotgan sir-sinoatlari juda yomondir! Yahudiylar: "Allohning "qo'li" bog'liq (baxil)", - dedilar. O'zlarining qo'llari bog'lanur va (bu) gaplari sababli la'natlanurlar. Aslida (Uning) "ikki qo'li" ochiq. Qanday xohlasa, (shunday) ehson qilaveradi. Sizga Rabbingizdan nozil etilgan (Qur'on) ulardan ko'plarining adashuvi va kufrini orttirdi, xolos. Ularning oralariga, to qiyomat kunigacha (davom etadigan) adovat va nafrat solib qo'ydik. Urush olovini yoqishlari bilan, uni darhol Alloh o'chirib turadi. Yana (ular) Yer yuzida fasod (ishlarni qilish)ga harakat qiladilar. Alloh (esa) buzg'unchilarni yaxshi ko'rmaydi. Agar ahli kitoblar imon keltirganlarida va taqvo qilganlarida edi, albatta, ularning gunohlarini kechirgan va ne'mat jannatlariga kirgizgan bo'lur edik. Agar ular Tavrot, Injil va Parvardigorlari tomonidan ularga nozil qilingan (Qur'on)ga rioya qilishganida, tepalaridan (ma'naviy), oyoqlari ostidan (moddiy) ta'minlangan bo'lur edilar. (Darvoqe), ular ichida mo''tadil (mo'min) toifa ham bor. (Lekin) ulardan ko'pchiligining qilayotgan ishlari o'ta yomondir. Ey, Rasul! Rabbingizdan Sizga nozil qilingan narsa (oyatlar)ni (odamlarga) yetkazing! Agar (buni) qilmasangiz, Uning Risolasini yetkazmagan bo'lursiz. Alloh Sizni odamlar (zarari)dan saqlagay. Albatta, Alloh kofirlar qavmini hidoyat sari yo'llamagay. Ayting: "Ey, ahli kitoblar! Toki Tavrot, Injil va Rabbingiz tomonidan sizlarga nozil qilingan narsalarni barpo etmaguningizga qadar, hech bir narsa (din)da muqim emassizlar". Sizga Rabbingiz tomonidan nozil qilingan narsa (Qur'on) ularning ko'plarida faqat haddan oshish va kufrnigina orttirayotir. Bas, kofirlar qavmiga (nisbatan) taassuf qilmang! Albatta, imon keltirganlar, yahudiy bo'lganlar, sobiiylar (farishtalarga sig'inuvchilar) va nasroniylardan Alloh va oxirgi Kunga imon keltirib, savobli ish(lar)ni qilganlar uchun (oxiratda) xavf yo'q va ular tashvish ham chekmaydilar. Isroil avlodining ahdlarini oldik va ularga payg'ambarlar yubordik. Har gal bir payg'ambar ularga (havoyi) nafslari xush ko'rmaydigan narsa (hukm)ni keltirganda, bir qismini yolg'onchiga chiqardilar va (boshqa) bir qismini esa o'ldirdilar. Yana (ularga hech qanday) fitna (jazo) yetmaydi, deb hisobladilar va oqibatda "ko'r va kar" bo'lib qoldilar. So'ngra Alloh ularni kechirgandan keyin ham ko'plari (yana) "ko'r" va "kar" bo'lib qoldilar. Alloh (esa) ular qilayotgan ishlarni ko'rib turuvchidir. "Alloh bu - Masih ibn Maryam", - deganlar kofir bo'ldilar. Masih ularga dedi: "Ey, Isroil avlodi! Rabbim va Rabbingiz (bo'lmish) Allohga ibodat qilingiz!" Kimki Allohga shirk keltirsa, albatta, unga Alloh jannatni harom qilur va borar joyi do'zaxdir. Zolimlarga (esa) yordamchilar bo'lmas. "Alloh Uchtaning (Alloh, Maryam va Isoning yoki Ota, O'g'il va Muqaddas Ruhning) biridir", - deganlar (ham) kofir bo'ldilar. Yagona Ilohdan boshqa iloh yo'qdir. Agar aytayotgan (gap)laridan qaytmasalar, ular orasidan kofir bo'lganlariga alamli azob yetishi muqarrardir. Nahot Allohga tavba qilib, Undan kechirim so'ramaydilar?! (Axir,) Alloh kechirimli va rahmli-ku?! Masih ibn Maryam faqat rasul (Alloh elchisi)dir. Undan oldin (ham) rasullar o'tgan bo'lib, Onasi siddiqa (imonda sodiq ayol)dir. Ikkisi ham (boshqa insonlar kabi) taom yer edilar. Qarang, u (odam)larga hujjatlarni qanday aniq bayon etayapmiz. So'ngra qarangki, (ular) haqiqatdan qayoqqa qarab og'ayaptilar?! Ayting: "Alloh qolib, sizlarga na zarar va na foyda (keltirish)ga ega bo'lmagan narsalarga ibodat qilasizmi?" Alloh - U eshituvchi va biluvchidir. Download 0.71 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling