Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi Tarjimon va izohlar muallifi: Abdulaziz Mansur tarjima haqida
Download 0.71 Mb.
|
Документ
Izoh: Bu hukm aslida Isroil avlodiga qarata aytilgan bo'lsa-da, u barcha musulmonlar uchun ham tegishlidir.
Darhaqiqat, Alloh va Uning payg'ambariga qarshi jang qiladigan va Yer yuzida buzg'unchilik qilib yuruvchilarning jazosi - o'ldirilish yo chormixlanish yoki oyoq-qo'llarining qarama-qarshi tomondan kesilishi yoxud yerdan (vatandan) quvg'in qilinish*. Ana shu (jazo) ular uchun bu dunyoda sharmandalik va oxiratda ular uchun ulkan azob (ham bor)dir. Izoh: Bu oyat nozil bo'lishining sababi Imom al-Buxoriy rivoyat qilgan hadisda aytilganidek, Ukl va Urayna qabilalaridan bir guruh odamlar kelib, Rasululloh huzurida imon keltiradilar. So'ngra sut so'raydilar. Sadaqaga kelgan tuyalar sutidan ichishga ruxsat berganlarida, ular borib tuyakash cho'ponni o'ldirishib, tuyalarni haydab olib ketadilar. Dindan qaytgan bu munofiqlar ortidan bir guruh musulmonlarni yuborib ularga jazo berish buyuriladi. Yetib borib, ularning qo'loyoqlarini kesishib, ko'zlarini ham o'yishadi. Bu xabarni Rasululloh eshitib, ko'z o'yish, quloq va burunni kesish kabi qiynoqlarni Islom dinida man etilishini e'lon qiladilar. Ammo, sizlar ular ustidan qodir bo'lishingiz (qo'lga tushirishlaringiz)dan oldin tavba qilganlar (bundan mustasno). Bilib qo'yingizki, Alloh kechirimli va rahmlidir. Ey, imon keltirganlar! Allohdan qo'rqingiz va Unga (yaqinlashtiruvchi savobli ishlardan) vasila (vosita) izlangiz hamda Uning yo'li (toati)da jiddu jahd qilingiz, toki tole topursizlar. Darhaqiqat, kufrda bo'lganlar qiyomat kunining azobidan qutilish uchun (to'lashga) mabodo Yer (yuzi)dagi (hamma) narsa va (balki) yana o'shancha (narsa)ga ega bo'lganlarida ham, ulardan qabul qilinmagay. Ularga alamli azob (berilur). Do'zaxdan chiqishni istaydilar. Holbuki, ular undan chiquvchi emaslar. Ularga muqim (abadiy) azob (berilur). O'g'ri erkak va o'g'ri ayolning - qilmishlariga yarasha jazo va Allohdan azob sifatida - qo'llarini kesinglar! Alloh qudrat va hikmat egasidir. Kimki, (bu) zulmidan keyin tavba qilsa va (o'zini) tuzatsa, albatta, Alloh uning tavbasini qabul etadi. Albatta, Alloh mag'firatli va marhamatlidir. Osmonlar va Yerning hukmronligi Allohga xos ekani, (binobarin) xohlagan kishini azoblab, xohlagan kishini kechirishini bilmadingizmi? Darhaqiqat, Alloh hamma narsaga qodirdir. Ey, Rasul! Og'izlari bilan: "Imon keltirdik" deydigan, (lekin) dillari imon keltirmaganlar va yahudiylardan kufr sari intilayotganlari Sizni xafa qilmasin! (Ular) yolg'on (to'qish) uchun (Sizning gaplaringizni) eshitib oluvchi va huzuringizga kelmagan, o'z o'rinlariga qo'yilgan so'zlarni keyin o'zgartiradigan boshqa qavm (yahudiylar) uchun (gaplaringizni) eshitib oluvchilardir. Aytadilar: "Agar shu (o'zgartirilgan hukm) sizlarga berilsa, (qabul qilib) olinglar. Bordiyu berilmasa, saqlaninglar!" Kimniki Alloh (fitnada) sinashni istasa, Siz uning uchun Allohdan hech narsaga ega bo'la olmaysiz. Ana o'shalarning qalblarini poklashni Alloh iroda qilmagan. Ular uchun bu dunyoda sharmsorlik va ular uchun oxiratda ulkan azob (muqarrardir). (Ular) yolg'on (to'qish uchun Siz)ga quloq soluvchilar va haromni (porani) yeydiganlardir. Agar Sizga (hukm so'rab) kelsalar, o'rtalarida hukm chiqaring yoki ulardan voz keching! Agar ulardan voz kechsangiz (ham), Sizga sira zarar yetkazmaydilar. Agar hukm qilsangiz, o'rtalarida adolat bilan hukm qiling! Albatta, Alloh odillarni sevadi. O'zlarida Tavrot va unda Allohning hukmi bo'la turib, nechuk Sizni hukm chiqarishga undaydilar va so'ngra yuz o'giradilar (hukmingizga amal qilmaydilar)?! Ana o'shalar aslo mo'min emaslar. Darvoqe, Biz Tavrotni nozil etdik. Undagi hidoyat va nur (ahkomlar izohi) bilan itoatkor nabiylar, zohidlar va ulamolar yahudiy bo'lganlarga Allohning Kitobidan yod oldirilgan (bilimlari)ga binoan hukm bayon eturlar. O'zlari bunga guvohdirlar. Bas, (ey, hukm chiqaruvchilar,) odamlardan qo'rqmangiz, Mendan qo'rqingiz va Mening oyatlarimni ozgina bahoga almashtirmangiz! Alloh nozil qilgan narsa (oyatlar) bilan hukm qilmaganlar, ana o'shalar kofirlardir. Biz unda (Tavrotda) ularga jonga jon, ko'zga ko'z, burunga burun, quloqqa quloq, tishga tish va jarohatlarga qasos (olinur) deb, bitib qo'ydik. Kimki u (qasos)ni sadaqa qilib (kechib) yuborsa, u (gunohlariga) kafforatdir. Alloh nozil etgan (oyatlar) bilan hukm qilmaydiganlar, ana o'shalar zolimlardir. Download 0.71 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling