Rahbar: Xoliqulova G
Download 244 Kb.
|
alisher navoiy hikoyatlarida rumiy ananalari
Tuzilishi va tarkibi. Bitiruv malakaviy ishining tarkibi ishning umumiy tаvsifi, ikki asosiy bob, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat bo‘lib, umumiy hajmi yetmish ikki sahifani tashkil etadi.
Rumiy va uning o‘zbek adabiyotiga ta’siri. Mavlono Jaloliddin Rumiy XIII asrda yashab ijod etgan. Sharqning eng mashhur shoirlaridan biri. Mavlono hijriy-qamariy 604-yili - melodiy 1207-yili 30-sentabrda Balxda dunyoga kelgan. Mavlono Jaloliddin Rumiyning muxlis va muridlari uning siymosini insoniylikdan ham yuqoriroq bir darajada tasvirlaydilar. Bunday tasvirlarda voqelikdan ko‘ra mualliflarning Movlonoga bo‘lgan cheksiz ixlos-u, e’tiqodlarini ko‘rsatadigan xayoliy to‘qimalar ham aks etadi. Lekin shunday asarlar ham borki, ularda Mavlononing o‘z asarlariga va istedodli olimlar tomonidan yozilgan ba’zi asarlarga tayanib ish olib borilgan. Jumladan, Muhammad Istelomiy o‘zining «Ilohiy ishq kuychisi. Mavlono Jaloliddin Rumiy» asarida Aflokiyning «Manoqib ul-orifin» asariga tayanib quyidagilarni keltiradi. «Masnaviy»ni yaratgan zotning ismi Muhammad, laqabi esa Jaloliddindir. Yor-u do‘stlari uni «Mavlono» deb ataganlar. Aflokiy ham uni «Mavlono» deb ataydi. Jaloliddin Rumiyning «Maqoloti Shamsi Tabriziy» asarida ham «Mavlono» so‘zi uchraydi, ustozi Shams Tabriziy unga «Mavlono» deb xitob qiladi. Mavlono yoshlik chog’idayoq mo‘tabar bir shaxs sifatida «Xudovandgor» nomini olgan edi. Uni birinchi marotaba otasi «Xudovandgor» deb chaqirgan ekan.* Hozirgi davrda yozilgan adabiyot tarixiga oid manbalarda Mavlono «Mavlaviy» nomi bilan ko‘proq tilga olinmoqda.6 Aflokiy «Manoqib ul-orifin»da Mavlononi «Sirrulloh ul-a’zam» deydi va bu ta’bir insonni, xususan, Mavlonodek bir insonni Haq asrorining tajalliygohi deb biladigan Haq soliklarining ixlos-u, e’tiqodi asosida vujudga kelgan. Mavlono she’rlarida «Xomush» taxallusini qo‘ygan, deganlar bor. Chunki «Devoni Shams»dagi ko‘pgina g’azallar «Xomush», «Xomo‘sh» «Xamush» so‘zlari bilan yakunlanadi. Holbuki, bu so‘zlar ko‘p holatlarda taxallus sifatida ishlatilmaydi, balki jumla tarkibidagi oddiy so‘zlardir: Hala, man xamo‘sh gashtam, xamo‘sh kun! Mazmuni: Men jim bo‘lib qoldim, sen ham jim bo‘l. Mavlononi «Rumiy» va «Mavlonoyi Rumiy» nomi bilan ham ataydilar. Chunki u Rumda, qadimgi Kichik Osiyo - hozirgi Turkiyada yashagan. Otasi, o‘zi va xonadonining qabrlari ham Ko‘niya shahridadir. Mavlono maktabining imtiyozli jihatlari sanalgan ba’zi bir qoida va odoblar Mavlononing o‘g’li Sulton Valad xalifaligi davrida vujudga kelgan. Sulton Valad ham otasiga o‘xshab masnaviylar yozishga harakat qilgan. Uning qobiliyat va iste’dod darajasi Mavlonodek bo‘lmasa-da, otasining hayoti haqida muxlislar uchun sodda va go‘zal bir uslubda «Valadnoma» nomi bilan mashhur bo‘lgan uch kitobdan iborat doston yozib qoldirdi. Bu asar barcha masalalarga yorug’lik kiritolmasa-da, Mavlono hayoti haqidagi eng ishonchli manbadir. U fors tilida nasriy bir risola ham yozib qoldirgan bo‘lib, Bahovalad va Burhoniddin Muhaqqiq asarlari kabi «Ma’orif» deb atalgan. Sulton Valadning to‘rt o‘g’li bo‘lib, «Orifi Chalabiy» nomi bilan mashhur bo‘lgan Jaloliddin Faridun xalifaligi davrida muridi-Aflokiy uning ko‘rsatmasiga binoan «Manoqib ul-orifin» nomli asarini yozib qoldiradi. Ushbu kitob Mavlono hayoti haqidagi eng qadimgi manbalardan biri sanaladi. Mavlononing «Devoni Shamsi Tabriziy» asari ruboiy va g’azallardan iborat bo‘lib, «Devoni Kabiri Shamsi Tabriziy», «Devoni Shamsul-haqoyiq» va hozirgi davr adabiyotlarida «Devoni kabr» nomlari bilan tilga olinadi. Jaloliddin Rumiy ilohiy ilhom og’ushida ijod qilgan. Mavlono Shams Tabriziy bilan uchrashgach, butun dunyoni unutdi. Va’z aytmay qo‘ydi. Muridlar, shogirdlar ham ko‘ziga ko‘rinmasdi. Bu holdan tashvishga tushgan muxlislar Shams Tabriziyning joniga qasd qilishgacha boradilar. Buni sezgan Shams Tabriziy 1246-yil 11-martda hech kimga sezdirmasdan Ko‘nyodan chiqib ketadi. Bu ayriliq Mavlono Rumiyga qattiq ta’sir qiladi. Mavlono Rumiy hech kimsani ko‘rishni istamasdi. U azada kiyiladigan hindiboriydan qoramtir-noparmon yaktak tiktirdi. Boshiga baland misrang qalpoq kiyib, ustidan ixcham salla o‘radi, oyog’iga raqs tushishga qulay yumshoq kafsh-maxsi kiydi, g’am-anduh nishonasi bo‘lsin deb yoqasini chok etdi. Shoirning o‘limidan so‘ng mavlaviylar sulukini tuzgan Mavlononing o‘g’li Sulton Valad bu kiyimni marosim libosiga aylantirdi. Shu-shu Jaloliddin Rumiy hech qachon madrasa so‘risi-yu, masjid minbariga chiqmadi. Mushoira va majlisi samo‘-u o‘z yangi e’tiqodini e’lon etadigan minbar bo‘ldi. Mavlononing zabun holidan afsuslangan shogirdlar Shams Tabriziyni izlashga kirishadilar. Sulton Valad uni Shomdan topib keladi. Yana dilkash suhbatlar boshlanib ketadi. Ustozini yana qaytadan ko‘rgan Mavlono unga o‘gay qizi Kimyoni nikohlab beradi. Ustoz-u shogird Shams va Mavlononing samimiy suhbatlari yana oylab davom etadi. Ularni bir-biridan ayirishni boshqa ilojii topolmagan raqiblari (ular orasida Mavlononing kichik o‘g’li Alouddin ham bo‘lgan) Shams Tabriziyni 1247-yilning 5-dekabrida pinhona qatl ettiradi. Ustozi va do‘stidan judo bo‘lgan Mavlono og’ir ayriliq va judolikdan qattiq iztirobga tushib, ustozi Shams Tabriziyni xotirlab, mehr-muhabbat, firoq, vafo va jafo, ayriliq va judolik haqida qaynab-jo‘shib she’rlar yoza boshlaydi. She’rlar devonini «Devoni kabr» yoki «Devoni Shamsul haqoyiq» deb atab, ustozi Shams Tabriziyga bag’ishlaydi. Natijada uning devoni «Devoni Shams» nomi bilan ham shuhrat qozonadi. «Devoni Shams» nomi bilan qayta-qayta Eronda, Hind va boshqa joylarda chop etilgan. Majmuadagi g’azallarning aksariyatini Mavlono Shamsga atab yozgan. Ustozi Shamsni topishdan umid uzgach, Salohiddin Zarko‘b va Hisomiddin Chalabiylarni o‘ziga yaqin tutib, ularga ham atab g’azallar bitgan. «Devoni Kabr» yoki «Kulliyoti Shams Tabriziy»da g’azaliyotdan tashqari, qita’ot, tarje’ot va ruboiyot ham mavjud. Mavlononing ikkita yirik asari - «Devoni Shams» va «Masnaviy»sidan tashqari, fors tilidagi nasriy asari «Fihi mo fihi» Mavlononing turli munosabatlar bilan berilgan savollarga yozgan javoblaridan iboratdir. Bu kitobning asosiy mavzusi axloq va irfon bo‘lib, oyatlar, hadislar va tasavvuf shayxlari aytib qoldirgan so‘zlarning sharh-u tafsiri ham berilgan. Aytish mumkinki, bu kitob «Masnaviy»da keng va qamrovli yoritilgan masalalar xususida bahs yuritadi. Unda ham «Masnaviy»dagi kabi masallar va hikoyatlar Mavlono so‘zlari bilan qo‘shilib ketadi. Faqat farqi shundaki, «Masnaviy»dagi mavzular shoirona latofat va zarofat bilan bezatilgan, ammo «Fihi mo fihi»da Mavlono kundalik muloqotlarida ishlatgan sodda uslub qo‘llanadi. «Masnaviy» baytlaridagi murakkabliklar «Fihi mo fihi»da uchramaydi. Bu kitob ba’zi holatlarda «Masnaviy»dagi ma’nolarni to‘g’ri tushunib olishimizga yordam beradi. Mavlononing forsiy nasrda yozilgan yana bir asari «Makotib» yo «Maktubot» deb ataladi. Bu asar birinchi marotaba turk donishmandi, doktor Faridun Nofiz tomonidan qamariy 1356-yili Istanbulda «Maktuboti Mavlono Jaloliddin» nomi bilan chop etilgan. Bu majmuada 144 ta maktub mavjud bo‘lib, ularning aksariyatini Mavlononing muridlari va yor do‘stlarining kundalik hayotiga taalluqli mavzularda yozgan xususiy va shaxsiy maktublar tashkil etadi. Mavlononing yana bir nasriy asari «Majolisin sab’a» deb ataladi. Yettita majlisni o‘z ichiga olgan bu asar, aftidan, muridlar va shogirdlar tomonidan yozilib, tahrir qilingan. Doktor Faridun Nofiz «Majolisi sab’a»ni ham «Makotib»i bilan birga qamariy 1356-yili Istanbulda nashr ettirgan. Har bir badiiy va adabiy asarning sarchashmasini birinchi navbatda muallif yashagan jamiyatdan, so‘ngra uning shaxsiy hayotidan, ko‘rgan kechirganlaridan, atrofidagi u bilan muloqotda bo‘lgan zamondoshlaridan, o‘qib-o‘rganganlaridan, uni qiziqtirgan adabiyotlardan izlash kerak. Birinchi navbatda Mavlono fikr va aqida jihatdan ularga tayangan kitoblarni nazarda tutish lozim. Masalan, Qur’on Mavlononing birinchi va asosiy manbayi bo‘lgan. Yoki otasi Bahovaladning «Maorif»i uzoq yillar davomida uning qo‘lidan tushmagan manbalardan biri bo‘lgan. Mavlono Shams Tabriziydan eshitgan va bir qismi «Maqoloti Shams»da keltirilgan so‘zlarni ham «Masnaviy» sarchashmalaridan biri deb hisoblash lozim. Ko‘p hollarda «Masnaviy»da Shams aytgan va, shubhasiz, Mavlono undan eshitgan, ba’zida esa otasining suhbatlaridan esda qolgan qissalar va fikr-u, mulohazalarni keltiradi. Gohida Mavlononing o‘zi qaysi qissani qaysi manbadan, masalan, «Kalila va Dimna»dan olganligiga ishora qilib o‘tadi. Keyingi bosqichda Mavlononing o‘zi bevosita ishora qilib o‘tmagan, ammo qissaning mazmunidan qayerdan olinganligi ma’lum bo‘lib turgan kitoblarga duch kelamiz. Mavlono Sanoiy va Attor ijodiga katta qiziqish bilan qaragan. Jaloliddin Rumiy otasi bilan Balxdan chiqib, hajga borayotganda Nishopurda mashhur tasavvuf shayxi va muttasavvif shoir Farididdin Attor bilan uchrashadi. Ko‘zlarida ilohiy nur chaqnab turgan 13 yoshli Jaloliddinning kelajakda ulug’ bir zot bo‘lib yetishishini sezgan Attor «Asrornoma» asarini unga taqdim etadi. Bahouddin Valadga qarata: «Bu bola hademay olamdagi barcha oshiqlar qalbiga o‘t soladi!» -deb bashorat qiladi. Bu asarni Mavlono Rumiy har doim o‘zi bilan birga olib yurgan va Attorni o‘zining ustozlaridan biri deb hisoblagan. Rumiy e’tirofi: Girdi Attor gasht Mavlono, Sharbat az dasti Shams budash no‘sh. (Mavlono Attor atrofida aylanib yurdi, ammo sharbatni Shamsiddin Tabriziy qo‘lidan ichdi).7 Mavlono «Mantiq ut-tayr», «Musibatnoma» va «Tazkirat ul-avliyo» kabi asarlaridan, Sanoiyning «Sayr ul-ibod» va boshqa asarlaridan, G’azzoliyning «Ehyoyi ulum-ad-din», «Kimyoyi saodat» va boshqa «Nasihat ul-mulk» kabi kitoblaridan, Muhammad bin Munavvarning «Asror ut-tavhid» nomli kitobi va Sa’labiyning «Qisas ul-anbiyo» asarlaridan foydalangan. Yana bir qancha asarlar mavjudki, ular faqat dalil isbotlar bilan «Masnaviy»dagi ba’zi hikoyatlar, qissa-hikoyatlardagi mazmunlarning yaratilishida manba sifatida xizmat qilgan, deb xulosa chiqarish mumkin. Bu o‘rinda islom tasavvufining muhim manbalari Hofiz Abu Nahim Isfaxoniyning «Hulliyat–ul-avliyo», Zamaxshariyning «Rabi’-ul-abror», Muhiddin ibn Arabiyning «Futuhoti makkiya», «Fusus-ul-hikam» va boshqa asarlarini, shuningdek, ayrim hollarda yana Sanoiy va Attor asarlarini, «Qisas ul-anbiyo», «Dalolil-un-nabaviya» kabi asarlarni alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Mavlono Jaloliddin Rumiyning tasavvuf adabiyotidagi o‘rnini belgilashda ham uning tariqati va faoliyatini Hakim Sanoiy va Farididdin Attorning davomchisi sifatida tushunish bor. Sharqshunos olim Bertels Mavlononing «Attor ruh bud va Sanoiy du chashmi u, Mo az be Sanoiy va Attor omadam». Mazmuni: «Attor ruh, Sanoiy uning ko‘zi edi, Biz Sanoiy va Attordan keyin keldik» so‘zlaridan kelib chiqadi.8 Eron olimi Taqiy Purnamdariyon esa «Mavlaviy she’riyati shakl, hajm, mavzu va irfoniy ma’no-mazmunlar ko‘lami jihatidan Sanoiy va Attor she’riyatidan ustunroqdir» - deya ta’kidlaydi.9 «Masnaviy»ning yozilish tarixiga doir ma’lumotlarda ham Sanoiy va Attor ta’siri haqida so‘z boradi. Turk olimi Abdulboqi Gulpinorli sharhicha, Mavlono bilan uning shogirdi Hisomiddin Chalabiy o‘rtasida Hakim Sanoiy va Attor falsafasi haqida so‘z ketarkan, shogird ustoziga Sanoiyning «Hadiqatu-l-haqoyiq» va Attor asarlariga o‘xshash asar yozsangiz deya maslahat beradi. Bu haqda Alisher Navoiy o‘zining «Nasoyim ul-muhabbat» asarining Hisomiddin Chalabiy zikrida alohida to‘xtalib quyidagilarni keltiradi: «Chalabiy Nizomiddin as’hob maylini Hakim Sanoiy «Ilohiynoma»sig`a va Shayx Farididdin Attor «Mantiq ut-tayr» va «Musibatnoma»sig`a ma`lum qildi, Mavlono xidmatlarig`a arz qildikim, g`azaliyot asrori ko`p bo`lubdur, mazkur bo`lg`on kitoblar tarzi bila agar kitobe mavzun bo`lsaki, do`stlarg`a yodgore bo`lg`ay, inoyatdur».10 «Masnaviy» manbalari haqida fikr yuritganda, Mavlononing fiqh, diniy ilmlar irfon va tarixdan tashqari, arab adabiyoti va forsiyzabon shoir-u, yozuvchilar asarlaridan yaxshi xabardor bo‘lganligini ham esda tutmoq lozim. «Masnaviy»da Rudakiy she’rlari, Firdavsiy «Shohnoma»si, Anvariy devoni, Xoqoniy qasidalari ta’siri seziladi. Uchinchi daftarda jahon shohining vakili haqida hikoya qilinadi. Mavlono vakilni Buxoroga qaytarayotib, undagi qaytish ishtiyoqini ko‘rsatish maqsadida Rudakiyning «Bo‘yi jo‘yi Mo‘liyon oyad hame» qasidasidan mashhur baytlarini keltiradi. Rudakiyning his-hayajonlarga to‘la ta’birlarini ishlatadi.11 Mardlik, shijoat va qahramonlik xususida so‘z ketganda esa «Shohnoma»dan Rustamni keltirib, diniy rivoyatlar qahramoni- Hamza bilan yonma-yon qo‘yiladi. (Birinchi kitob, 82-bet) «Masnaviyi ma’naviy» faqat hikoyat va rivoyatlar majmuasi emas. Ammo uni diniy-tasavvufiy, falsafiy va hayotiy masalalarning badiiy tasvirlari berilgan hikoyat va rivoyatlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Eron olimi A. Zarrinko‘bning fikr-mulohazalariga tayanib, «Masnaviy»dagi hikoyatlarni to‘rt guruhga ajratish maqsadga muvofiqdir. Ular quyidagilar: Xalq og’zaki ijodiyotidan olingan hikoyatlar. Payg’ambarlar va tasavvuf arboblariga bag’ishlangan hikoyatlar. Yozma adabiyotdan o‘zlashtirilgan hikoyatlar. Ramziy –majoziy xususiyatga ega hikoyatlar. «Masnaviyi ma’naviy»da hech qaysi bir manbada uchramaydigan va hech qaysi kitoblardagi hikoyatlarga o‘xshamaydigan hikoyatlar ham mavjud. Ularning ba’zilari «Masnaviy»dan oldingi kitoblarda uchramasa ham, Mavlono yashagan davrda ancha ma’lum va rasm bo‘lgan hikoyat va latifalar bo‘lib, keyinchalik ham og’izdan og’izga o‘tib xalq orasida qolgan. Ba’zilarini esa Mavlono bahs va irshod mavzusiga moslab o‘zi to‘qigan bo‘lishi mumkin. Bu holda ham Mavlono xotirasi va tasavvuridagi hikoyatlardan ba’zi bir unsurlar ham qo‘shilib ketgan bo‘lishiga shubha yo‘q. Aytish joizki, «Masnaviy»dagi barcha rivoyat va hikoyatlar Mavlono nazarda tutgan g’oyalar bilan hamohanglikda yaratilgan. Biron hikoyatning Mavlono g’oyalariga to‘g’ri kelmaydigan joyi yo parchasi hamisha o‘zgartiriladi. Masalan, birinchi daftardagi juhud podshohi va uning tarsolar o‘rtasida nizo solishi haqidagi hikoyatni olaylik . (Birinchi kitob, 86-92-betlar) Mavlono bu hikoyatga irfoniy kayfiyat bag’ishlaydi. Bu hikoyatdagi vazirning tarso firqalarning sardorlariga bitgan maktublari orifona irshodlardan iboratdir. «Masnaviy»ning ikkinchi daftaridagi Muso va Cho‘pon qissasi ham aynan manbadagidek emas. (Ikkinchi kitob, 1724-bayt) Mavlononing hikoyatga kiritgan tavakkul va iqtibos haqidagi bahsi ham manbada aynan shu tarzda mushohada etilmaydi. Chunki Mavlono qissaga vosita sifatida qaraydi va uni «ma’no donalari»ni saralab beradigan g’alvir deb biladi. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimiz Mavlono hikoyatlarining ba’zilari o‘z davrida rasm bo‘lgan hikoyatlardir. Buning isboti sifatida Sa’diy She’roziyning «Guliston» va «Bo‘ston» asarini ko‘rsatish mumkin. Mavlono Rumiy bilan bir davrda yashagan Shayx Sa’diyning ham shuhrati el og’ziga tushgan va so‘zi olamga yoyilgan edi. Ammo bu ikki mashhur va buyuk inson o‘rtasida do‘stlik rishtalari va muloqotlar bo‘lganmi, yo‘qmi, manbalarda aniq bir ma’lumotni uchratish qiyin. Bu haqda Shamsiddin Aflokiyning «Manoqib ul-orifin» asarida keltirilishicha, Mavlono zamonida Malik Shamsiddin Hindiy degan kishi Sheroz shohi edi. O‘zi ahli holdan bo‘lmish Sheroz mulkining maliki Sa’diy She’roziyni bilgan va undan «ruh ozuqasi» uchun bir g’azal yozib yuborishni so‘rab maktub yo‘llagan. Sa’diy o‘zining g’azalini yubormay, ammo Mavlononing o‘sha paytlar Sherozgacha yetgan va o‘zi mahliyo bo‘lgan bir g’azalini olib, «Muborak qadamli bir podshoh zuhur etdi, bu g’azal unikidir, bunday go‘zal g’azal bugungacha yozilmagan va bundan so‘ng ham yozilmas», -deb xat yuborgan edi. Shuningdek, Sa’diy Rum safari va Mavlono ziyoratiga borish orzusida ekanligini ham izhor etadi. Aflokiy ma’lumotlaridagi mazkur g’azal ustoz Furuzunfar nashrga tayyorlagan «Devoni Shams»ning 463-raqamli quyidagi matla bilan boshlanadigan g’azalidir: Har nafas ovozi ishq merasad az chappu rost Mo ba falak meravem, azmi tomosho kirost? Mazmuni: O‘ng so‘ldan har nafas ishq sadosi keladi. Biz falakka uchamiz, kim biz bilan tomoshoga bormoqchi? Aflokiy so‘zining davomida Malik Shamsiddin Mavlono g’azalini o‘qib, tobi qochdi, yig’lay boshladi. Darrov samo‘ majlisi barpo etdi va Sa’diyga ko‘p sovg’a-salomlar yubordi. Sa’diy Rumga yo‘l olib u hazratning qo‘llarini o‘pish sharafiga muyassar bo‘ldi. Bu rivoyat boshqa manbalarda keltirilmagan. «Ravzat ul-jannat» va «Ajoyib ul-buldon» asarlaridagi rivoyatga ko‘ra, Sa’diy sayohat qilgan yillari Ko’niyaga yetib, Mavlono xonaqohidan uzoqroq bir joyda qo‘nim topdi. Bir kuni Mavlono usulida bir g’azal yozishga qaror qiladi va birinchi misrani yaratdi. Misra quyidagicha: «Sarmast agar dorayi, olam ba ham baroyad», ikkinchi misrani qancha urinib ko‘rmasin yaratolmaydi. Mavlono majlisiga kiradi va Mavlono shu tobda xuddi shu g’azalni o‘qirdi: Sarmast agar dorayi, olam ba ham baroyad, Xoki vujudi maro gard az adam baroyad. Mazmuni: Agar mast bo‘lib kirsang, olam barbod bo‘ladi, Vujudimiz tuprog’idan yo‘qlik changi ko‘tariladi. Mavlononing so‘zlari ruhiy ahvol natijasida chiqishini fahmlagan Sa’diy, unga katta ixlos-e’tiqod bilan qaraydigan bo‘ladi. Ammo Muhammad Istelomiy o‘zining yuqoridagi asarida bu fikrlarni rad etgan holda «Mavlono va Sa’diy o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan deb o‘ylamaslik kerak. Faqat ular bir-birining ijodidan ba’zi bir narsalarni o‘qigan, bir-birining holat va martabalaridan ba’zi bir narsalarni eshitgan bo‘lishlari mumkin xolos»,12-deb keltiradi. Jaloliddin Rumiy va Sa’diy Sheroziylar ijodidagi mushtaraklikni ular yaratgan asarlar orqali va asarlaridagi ba’zi hikoyatlar orqali bilish mumkin. Jumladan, «Hotami Toy» haqidagi sayyor sujetli hikoyat XIII asrda ham va undan keyin ham juda ko‘plab asarlar tarkibida uchraydi. Sa’diyning «Guliston» asarida bir necha o‘rinda Hotami Toy haqidagi hikoyatlarga duch kelamiz. Sa’diy Hotami Toyning bir jihatini ko‘rsatsa, Mavlono Rumiy boshqa bir jihatlarini hikoya qiladilar. Lekin har ikkala ijodkor hikoyatlarining g’oyasi va mazmuni bir xil, ularning ikkalasida ham Hotami Toyning saxiyligidan hikoya qilinadi.13 Sa’diy hikoyatida Hotami Toy aynan tilga olinmaydi, darvesh va bir kishi sifatida tilga olinadi, lekin hikoyatning mazmun-mohiyatidan u haqida so‘z borayotganligi anglashilib turadi. Mavlono Rumiyda o‘tinchi chol va Hotami Toyning suhbati keltiraladi. Har ikkala hikoyatda ham bir maqsad yotadi. «Masnaviyi ma’naviy»ni anglash jarayonida yana bir narsani nazarda tutmoq lozim. Bu uning umumjahoniy jozibasi va Mavlonodan keyin cheksiz ta’siridir. Bu joziba va ta’sir faqatgina Kichik Osiyo va Eronni qamrab olmaydi, balki uning nurlari fors tili va adabiyoti orqali bir tomondan butun Hind yarim oroli va islom olamiga taralgan bo‘lsa, ikkkinchi tomondan, sharqshunoslik ilmining rivojlanishi bilan butun dunyoga yoyildi. XV asrga kelib Kamoliddin Husayin Xorazmiy (1368-1436)* «Masnaviy»ga sharh yozishni boshlab, unga «Javohir ul-asror va zavohir ul-anvor» deb nom qo‘ydi. Ammo u faqat «Masnaviy»ning uch daftarini sharhladi xolos. Xorazmiy «Masnaviy»ga «Kanzul-ul-haqoyiq» deb nomlangan she’riy sharh ham yozgan va «Javohir ul-asror»da undan ba’zi bir baytlarni keltiradi. Demak, u buni «Javohir ul-asror»dan oldinroq yozgan bo‘lishi kerak.14 Nuriddin Abdurahmon Jomiy «Masnaviy» ibtidosini tafsir qilib, manzuma bitadi. Shoh Doiy Sheroziy o‘z «Ishqnomasi»da «Masnaviy»dan so‘zlaydi, undan iqtiboslar keltiradi. «Devoni Shams» uslubida g’azallar bitadi va eng muhimi «Masnaviy»ga «Xoshiyai Shoh Doiy» nomi bilan mashxur bo‘lgan hoshiya yo sharh yozib qoldiradi. XV asrning oxirida Mullo Husayin Voiz Koshifiy Mavlono g’oyalarini va dunyoqarashini yangicha talqin bilan tahlil qilib «Lubbi lubobi Masnaviy» nomli asar yozadi. Mashhur Hind shoiri va faylasufi Iqbol Muhammad (1873-yilda tug’ilgan) «O‘zlik asrori» va «Jabroil qanoti» asarlarida Mavlononi o‘ziga pir, yo‘l ko‘rsatuvchi Hizr deb ta’riflaydi. O‘zbek adabiyotining yirik vakili Alisher Navoiy ijodida va Navoiydan keyingi o‘zbek adabiyotida ham Mavlono Rumiy ijodining ta’siri samaralidir. Buni Xoja (1480-1547), So‘fi Ollayor (1644-yil tug’ilgan), Mashrab (1656-1711), Huvaydo (1781-yilda vafot etgan), Nishotiy (XVIII asr, Xorazm), Gulxaniy (XVII asrning oxiri XIX asrning 20-yillari) ijodi misolida kuzatish mumkin. Sayyor sujetli kichik ibratli hikoyatlar, mazmunli masallar Sharq badiiy adabiyotida va o‘rta asr hamda uyg’onish davri Yevropa adabiyotida keng tarqalgan edi. Nizomiy Ganjaviy, Sa’diy, Jaloliddin Rumiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy kabi buyuk ijodkorlar adabiy merosida bunday asarlarni ko‘plab uchratamiz. Bu doho ijodkorlar ijodidan unumli foydalangan «Miftoh ul-adl» va «Gulzor» asarlarining muallifi Poshshoxo‘ja Abdulvahobxo‘ja o‘g’lidir. Xoja o‘zining yuqoridagi asarlari tarkibidagi hikoyatlari bilan Jaloliddin Rumiyning tasavvufiy qarashlarini davom ettirib, uning g’oyalarini targ’ib qilmagan bo‘lsa-da, «Masnaviyi ma’naviy» asaridagi ba’zi hikoyatlarni «Miftoh ul-adl» va «Gulzor» asarida uchratish mumkin. Masalan, Mavlono Rumiyning «Masnaviyi ma’naviy» asarida Sulton Mahmud va Ayoz haqida hikoyat keltiriladi. (Birinchi kitob, 175-176-bet) Mavlono Rumiy hikoyatda Ayozning fahm-farosatini, aql-idrokini ko‘rsatib beradi. Mahmud G’aznaviyning xos xizmatkori Ayoz saroyga kelgan kuni ustidagi po‘stloqdan qilingan eski kiyimi va chorig’ini bir xonaga osib qo‘ygan, o‘tmishini unutmaslik uchun ularni saqlar edi. Bu xonaning eshigini qulflagan, u yerga hech kimni kiritmas edi. Ayoz har kuni bu xonaga kelar, ancha payt o‘tirar va o‘z-o‘ziga «Zinhor kibrlanib ketma, mana chorig’ing, mana po‘stloq kiyiming!» der edi. Xasadgo‘y saroy ayonlari esa Ayozni katta boylik yashirib qo‘ygan deb o‘ylab unga tuhmat qilishadi va oxir-oqibatda izza bo‘lishadi. Mavlono hikoyatida Ayozning saroyga kelganidan boshlab, amaldor vazifalarida ishlash jarayonlari hikoya qilinadi. «Masnaviy hikoyalariga sharhlar. Naynoma» kitobida,15 «Ayozning siri», «Ayozning farosati» singari nomlar bilan bir nechta hikoyat sharhi bilan beriladi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, Mavlono Rumiy o‘zining tasavvufiy va irfoniy fikr-mulohazalarini isboti uchun hikoyatlardan vosita sifatida foydalanadi. Xojaning «Miftoh ul-adl» asari ham adolat, saxiylik, to‘g’rilik kabi sifatlar va ba’zi salbiy illatlarni fosh qilish haqidagi hikoyatlardan iborat. Bu asar yagona sujetga ega bo‘lmay, hikoyatlar, masallar to‘plami shaklidadir. Shuni ham aytish kerakki, asardagi masallarning ko‘pchiligi qaytadan ishlangan folklor asarlaridir. Poshshoxo‘jani aynan Mavlono Rumiyning qarashlarini davom ettirgan deb ayta olmaymiz. Faqat asarlar tarkibidagi ba’zi o‘xshash hikoyatlar tahlili orqali ulardagi mushtaraklikni kuzatamiz. Chunki Mavlono Rumiy tasavvuf ahlining vakili, uning asari Qur’on va Hadisi shariflarning tafsiri va yana boshqa bir qator masalalarga bag’ishlangan. Xojaning «Miftoh ul-adl» asarida ham Sulton Mahmud G’aznaviy va Ayoz haqida hikoyat mavjud bo‘lib, unda ham Ayozning aql-idroki, fahm-farosati ochib beriladi.16 Xoja Mavlonodan farqli ravishda boshqa xil hikoyatni keltiradi, ikkala ijodkorning ham hikoyatlarining go‘yasi bir-biriga juda yaqin, ammo ular turli maqsadlar uchun xizmat qiladi. Xoja asarida yana bir Mahmud G’aznaviy va tolibi ilm hikoyati mavjud bo‘lib, unda bir hikoyat ichida uchta hikoyat keltiriladi. Bu hikoyatlarda asosan qozilar haqida so‘z boradi. Tolibi ilm Mahmud G’aznaviyga «Ilon va laklak» haqidagi hikoyatni aytib beradi. Hikoyatga ko‘ra laklak doim ilon yer emish va bir kun ilonlarning hammasi jam bo‘lib, har kuni bir ilon uning huzuriga yemish bo‘lish uchun boradi. Laklak ham bunga ko‘nadi va qasam ichadi. Bolalari katta bo‘lgach bitta ilonga to‘ymay, bir kuni ikkita ilonni tutib ketadi va unga ilonlar arz qilganida men doim minora ustida turaman va minoradan turib masjidga qarayman. Gunohdan qo‘rqmayman deb aytadi.17 Mavlono Rumiy asarida ham shunga o‘xshash hikoyat mavjudki, unda laklakni o‘rnida arslon, ilonlarni o‘rnida barcha hayvonlar. Bu hikoyatlarda sujet chizig’i bir xil, faqat Mavlono Rumiy hikoyatida tovushqon (quyon) arslonni yengadi. Hikoyat so‘ngida Mavlono Rumiy ilova qiladi: «Ey odam, sen bu dunyo qudug’ining tubiga xirs, ochko‘zlik bilan tashlangan maxbus bir arslonsan. Nafsingni yengda, quyon kabi erkin bo‘l. Sening nafsing sahroda yeb-ichmoqda, zavq-u safo qilmoqda. Sen esa mana bu mish-mish va tortishuv qudug’ining ichidasan». (Birinchi kitob, 92-bet, 900- bayt) Mavlono Rumiy hikoyatda arslonni «nafs arsloni» sifatida tilga oladi. «Arslon, ov hayvonlari va tovushqon» hikoyati orqali tavakkul, jiddu jahd, juz’iy iroda masalalarga ham mantiqli izoh beradi. Tavakkul «olma pish, og’zimga tush» deya jimgina, sokin, harakatsiz yotish degani emas. Zero, habibi muhtaram (alayhissalom) «Tuyamni Allohga tavakkul qilib, qo‘yib yubordim» degan arabiyga «Avval tuyangni bog’la, keyin tavakkul qil… » deganlar. Bul-da Payg’ambar so‘zidur, bil ani: Qil tavakkul, lek tushovla tuyani. Ramzi «Al kasib habibulloh»ni bil, Qil tavakkul, lek tanbal bo‘lmagin.18 Boborahim Mashrab o‘zining sermazmun ijodida Mavlono Rumiy izidan boradi. Mashrabning «Mabdai nur» asari asosan Jaloliddin Rumiyning «Masnaviy»si ta’sirida yozilgan. «Mabdai nur» quyidagi tartibda bitilgan: Asarning boshlanish qismida Jaloliddin Rumiyning «Masnaviy»sidan ilk bayt olingan va shu ilk bayt sharhi sifatida kirish qismi yozilgan. Undan so‘ng «Masnaviy»dan turli baytlarni saylab olib har bir qismning boshlanmasiga bitilib, undan keyin Mashrabning o‘zi shu baytlarning sharhi sifatida turli diniy-afsonaviy, axloqiy hikoyatlarni bergan. «Mabdai nur» 176 ta diniy, afsonaviy, axloqiy hikoyatlardan, 30 ta ta’limiy parcha, 35 ta g’azal, 2 ta o‘zbekcha, 1 ta arabcha mustazoddan iborat. Mazkur, masnaviy usulida bitilgan «Mabdai nur» o‘z xarakteri bilan Sa’diyning «Bo‘ston», Alisher Navoiyning «Hayrat ul-abror» asarlaridek falsafiy-axloqiy yo‘nalish mazmunidadir. «Mabdai nur» Jaloliddin Rumiyning «Masnaviyi ma’naviy» asaridagi mashhur: Bishnav az nay chun hikoyat mekunand, Az judoyiho shikoyat mekunand,- misrali baytini erkin tarjima sharhiy bayonini berishdan boshlanadi. Chunonchi, yuqoridagi bayt bahonasida quyidagi baytlar keltiriladi: Anglag’il nay ne hikoyatlar qilur, Kim judolig’dan shikoyatlar qilur. Nay vujudi orifi billohdur, Chiqsa naydin har sado dono bilur, Har zamon naydin chiqur savt-u sado, Bas quloq solsang barisi bir nido. Xayr-u sharni on qadar tahqiq qil, Ey Aminiddin mani pandimni bil. Sargardon aylar sani kibr-u g’urur, Garchi munda bilmasang marg bildirur. «Mabdai nur»dagi dastlabki ushbu misralarda Boborahim Mashrab o‘zining falsafiy –tasavvufona qarashlarini ifodalab, inson bilan yaratuvchi Allohning asli bir vohid, lekin inson vujudi bir nay bo‘lib, unga jon yashiringan. Muallif fikrini davom ettirib, bizga noma’lum Aminiddinga nasihat qilib, xayr-u, sharni tahqiq qilishga da’vat qiladi. Shuningdek, inson besh kunlik yorug’ dunyoda umrida kibr-u, g’ururga berilmasligini uqtiradi. Asarda bunday axloqiy-falsafiy qarashlar, ko‘plab uchraydi. Bu xildagi fikrlar asar tarkibiga singdirib yuborilgan g’azal-mustazodlardagi misralarda ham yorqin ko‘zga tashlanadi. Jumladan, quyidagi baytda: Saqardin ham batardur mardi noqobil bila yurmoq, Agar mard topmasang, lozim erur uzlatda o‘lturmak. Ya’ni, safarda, hayotda noqobil odam bilan hamroh bo‘lish do‘zax azobidan-da og’irdir. Agar yaxshi mard inson topilmasa, uzlatda o‘tirmoq afzal. Boborahim Mashrabning «Mabdai nur» asarini «Masnaviyning turkiy tildagi sharhi» deb atashadi. O‘zbek mumtoz adabiyotida tasavvuf an’analarini izchil davom ettirib, o‘ziga xos maktab yaratgan mashhur tariqat arbobi va zabardast mutassavvuf shoir, so‘fiyona fe’l, shoirona ko‘ngil sohibi So‘fi Ollayor ham Mavlono Rumiy izidan borib, ilohiy ma’rifatning badiiy talqiniga bag’ishlangan «Maslak ul-muttaqin asari»ni fors-tojik tilida yaratadi. Bu asar el orasida shuhrat tutganidan, do‘st-u yaqinlari turkiy tilda ham shunday bir kitob tartib berishni iltimos qiladilar. Bunga javoban u «Maslak ul-muttaqin»ni birmuncha qisqartirib, turkiyda nazm yo‘lida teradi va unga «Sabot ul-ojizin» («Ojizlar saboti») deb nom beradi. Tasavvuf ta’limotining ma’naviy axloqiy masalalarini keng yoyish bilan u o‘zbek tasavvuf adabiyoti rivojiga katta hissa qo‘shdi. Bu asarda Qur’oni karim ma’nolari, Hadisi sharif hikmatlari va tasavvuf ta’limoti g’oyalari ajib bir tarzda uyg’unlashib ketgan. U islom ahkomlari, tariqat talablari, insoniy komillik shartlarini birma-bir ta’riflab beradi. Kishilarni haq yo‘liga da’vat qilish, ezgu insoniy fazilatlarini ulug’lab, bani basharga xos qusur va illatlarni qoralash, tiriklikning kundalik tashvishlaridan yuqori ko‘tarilib, yuksak maqsad sari intilish, ulug’ g’oyalar bilan yashash, nafs zanjirlarini uzib, ma’naviy-ruhiy parvoz qilish, insonlik mohiyatini anglash, bandalik shartlarini bajarish, dunyoning o‘tkinchi xoy-u havaslariga chalg’ib, oxirat tadorigini unutmaslik, insonlik sharafi va baxtini Haq va xalqqa xizmat qilishda deb bilish va boshqalar shayx va shoir asarining mazmun - mohiyatini tashkil qiladi. Bu asar mazmun-mohiyati, g’oyasi jihatidan ham Mavlono Rumiyning «Masnaviyi Ma’naviy» asariga hamohangdir. XVIII asr oxiri XIX asrning 20-yillarida Qo‘qonda yashab ijod qilgan, mashhur masalnavis adib Gulxaniy o‘z ijodida mashhur hind eposi «Kalila va Dimna», Abdurahmon Jomiyning «Silsilat uz-zahob» asarlari, shuningdek, Sa’diy Sheroziy, Hofiz Sheroziy, Xusrav Dehlaviy, Alisher Navoiy, So‘fi Ollayor kabi so‘z ustalarining hikmatlaridan unumli foylangan. Uning «Zarbulmasal» asarida nasriy va she’riy yo‘lda yozilgan ba’zi hikoyatlar va naqllarning ildizlari Mavlono Rumiy ijodiga borib bog’lanishini kuzatamiz. Jumladan, Mavlononing «Masnaviy»sida Bir teva hikoyati beriladi. Hikoyat shunday misralar bilan boshlanadi: Tevani bir kishi ko‘rdi, so‘rdi: - Hoy, Shul zamon qaydin kelursan, xushchiroy. Dedi:- Hammomdan kelurman, ko‘rmisen? Dedi: -Rost, tizzangda ko‘rdim belgisin… Mavlono Rumiy ijodida ramziy-majoziy yoki masal xarakterga ega hikoyatlar ham bor deb ta’kidlab o‘tgan edik, ammo bu hikoyat Gulxaniy masali singari ramziy majoziy xarakterga ega emas. Gulxaniyning «Zarbulmasal» asarida ham «Yolg’onchi tuya» masali beriladi. Unga ko‘ra tulki tuyadan qayerdan kelyapsan deb so‘raydi. Tuya hammomdan deb javob qaytaradi. Bu o‘rinda Gulxaniy Mavlono Rumiy an’anasini davom ettirgandek ko‘rinadi. Xulosa qilib aytganda, Mavlono Rumiy o‘zidan keyingi Sharq so‘z san’atiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Boborahim Mashrab, Mirzo Abduqodir Bedil, Muhammad Iqbol kabi buyuk so‘z ustalari uni o‘zlariga ustoz deb bilishgan. Jumladan, Abdurauf Fitrat hassos o‘zbek shoiri Mashrabning Rumiy ta’siri ostida ijod qilgani,19 u «ko‘proq Jaloliddin Rumiydagi so‘fiyona hayajonni o‘z she’rlarida aks ettirishga» tirishganini ta’kidlagan edi. Jaloliddin Rumiy asarlari asrlar davomida o‘zbek shoirlariga ilhom berib kelgan, masnaviyxonlik xalqimiz o‘rtasida keng tarqalgan. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida «Masnaviyi ma’naviy»ning yuzga yaqin qo‘lyozma va bosma nusxalarining mavjudligi buning isbotidir. Download 244 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling