Rahbar: Xoliqulova G


Epik she’riyatdagi ba’zi hikoyatlar talqini va badiiyati


Download 244 Kb.
bet6/10
Sana09.04.2023
Hajmi244 Kb.
#1343659
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Bog'liq
alisher navoiy hikoyatlarida rumiy ananalari

2.1. Epik she’riyatdagi ba’zi hikoyatlar talqini va badiiyati
a) «Lison ut-tayr» dostonida.
Alisher Navoiy va fors-tojik she’riyatining buyuk mutasavvif shoiri Farididdin Attor ijodiyoti, xususan, «Mantiq ut-tayr» va «Lison ut-tayr» dostonlarini qiyosiy usulda tadqiq qilish uzoq yillardan buyon adabiyotshunoslik ilmida muhim mavzu bo‘lib kelmoqda. Jumladan, «Lison ut-tayr»ni chuqur va asosli o‘rganish uchun forsiy adabiyotning yirik nomoyondalari adabiy merosiga ham murojaat qilish lozim. Shunday shoirlardan biri Mavlono Jaloliddin Rumiy hisoblanadi. Rumiyni uning salaflari Nizomiy, Sanoiy, Attor asarlari qanchalik ilhomlantirgan bo‘lsa, undan keyin yashab ijod etgan juda ko‘p sharq shoirlari Rumiy she’riyatidan, ayniqsa, uning «Masnaviyi ma’naviy» asaridan yanada kengroq ta’sirlanganlar.
«Lison ut-tayr» Attor dostoniga nazira tarzida yozilgan bo‘lsa-da, u aynan tarjima ruhida yozilmagan. Negaki «Mantiq ut-tayr»da uchramaydigan ayrim hikoyatlarning «Lison ut-tayr»da uchrashi buning yorqin dalilidir. Bu o‘rinlar Alisher Navoiyning Attorga nisbatan Mavlono Jaloliddin Rumiyga yaqinligini ko‘rsatadi. Navoiyning tasavvufga munosabati Attorga nisbatan boshqacharoq, ya’ni hayotiy, umumiylikdan holiroq. «Mantiq ut-tayr»da uchramaydigan hikoyatlarning «Lison ut-tayr»da uchrashining asosiy sababi ham mana shunda. Qiyoslayotgan hikoyalarimiz ikkala ijodkor, Alisher Navoiy va Jaloliddin Rumiyda ham sharq shoirlarining asrlar mobaynida diqqat e’tiborini o‘ziga tortgan o‘lim muommosi talqiniga bag’ishlangan. Jaloliddin Rumiyning «Masnaviyi ma’naviy» asaridagi («Bir kishining Azroilning nazariga duch kelib, undan qochgani. Sulaymon saroyiga borib unga arz etgani») hikoyati quyidagi bayt bilan boshlanadi:
Bir kishi savdo tusharkan boshiga,
Hovliqib keldi Sulaymon qoshiga.27
Alisher Navoiyning «Lison ut-tayr» asaridagi hikoya esa shunday bayt bilan boshlanadi:
Naqldurkim avji rif’at kavkabi,
Mehtari a’zam Sulaymoni nabi.28
Naql qilishlaricha, Mehtari a’zam Sulaymon nabi bir kun taxtda orom olib turganida yoniga bir malak kelibdi. U jon oluvchi Azroil edi. Shu kuni o‘limga mahkum bir kishini Sulaymon saroyida ko‘rgan va hayron bo‘lgan Azroil payg’ambarga deydi:
Bu azizki qoshingda bu zamon
Turmish, o‘lmaktin anga yo‘q gumon.
Umrg’a to‘lmish ajal paymonasi,
Hukm etmishkim bo‘lib hamxonasi.
Ham bu soat qatl tig’in solg’amen,
Hind iqlimida jonin olg’amen.
Ana shunda g’aroyib hodisa yuz beradi. Azroil qo‘lida jon taslim qilishi kerak bo‘lgan kishining ahvoli o‘zgaradi:
Bu kun ahvolimga hayronman base,
Marg vahmedin pareshonman base.
Unga o‘lim changalidan qutulishning birdan bir yo‘li bu mulkni tark etib boshqa yurtlarga qochish bo‘lib tuyiladi. Ammo u Hindistonga borib qolishi va aynan Hindistonda jon taslim etishini xayoliga ham keltirmaydi. Shunda Sulaymon shamolga uni o‘zi istagan joyga eltib qo‘yishga farmoyish beradi:
Natijada shu bo‘ladiki,
Yelga amr etti Sulaymon ul nafas,
Kim: “Oni elt andakim qilg’ay havas!
Yel ani olib uchirdi tundi tez,
Bori a’zosig’a solib rustaxez.
Hindistonga yetib borgach, g’ayritabiiy ravishda shamolni to‘xtatadi va Dedi: « bu yerda manga orom ber,
Kim bo‘lur bo‘lmoqqa matlubim bu yer».
Bu orom har lahza o‘tmay abadiy oromga aylanadi, ya’ni qazo hukmini Azroil belgilangan joyda va muddatida ado etadi. Hikoyadagi «shamol» ramziy mazmunni ham aks ettiradi. Shuning uchun Navoiy o‘z fikrlarini:
Yel bila hamtaklik etsa gar kishi,
Ruh qabzi keldi Azroil ishi.
Kimda-kim shamol bilan yelib yugursa ham, jonini olish Azroilning ishidir deya xulosalaydi. O‘limni qanday va qayerda qarshi olishishini odam farzandining o‘zi bilmaydi. Ammo uning kuni bitgan bo‘lsa, hech qanday holatda o‘limdan qocha olmaydi. Aksincha hikoyatdagi odam singari ixtiyoriy tarzda ajalga tomon chopadi. Hikoyatdan kelib chiqadigan asosiy ma’no ham shu.
Rumiy hikoyatida ham bir odam Azroildan qo‘rqib, Sulaymon saroyiga yugurib keladi. Qo‘rquvdan titrayoyotgan bu odamdan Sulaymon payg’ambar so‘raydi. Shunda u titragan holda:
Eshigimga keldi Azroil bugun,
Bir boqishda bitdi darmonim butun.
«Xo‘sh mendan nima istaysan?» -degan, Sulaymonning savoliga:
Yelga amr etgin uchirsin Hind tomon,
Balki jonim unda topgaydir omon.
Bu kishining holati ham Navoiy qahramonining holatidan umuman farq qilmaydi. Chunki ularning har ikkalasining ham ko‘nglida o‘lim tahlikasi g’olibdir. Ikkalasi ham Sulaymon mulkidan qochishni najot deb bilishadi. Farq shundaki, Navoiy hikoyatidagi kimsa jon topshiradigan manzili Hindiston ekanligini bilmaydi, lekin o‘zi sezmagan holda Hindistonga borib to‘xtaydi. Rumiy tasviridagi kishi esa Hindistonni o‘zi tanlaydi, biroq ishning oqibati nima bo‘lishini bilmaydi. Ularning ikkalasi ham shamolning xizmati va tezligiga umid bo‘g’lashadi.
Rumiy hikoyasi 17 baytdan iborat bo‘lsa, Navoiy hikoyasi 24 baytni tashkil etadi. Navoiy Sulaymon payg’ambar tarifiga 5 bayt bag’ishlagan bo‘lsa, Rumiy uning saroyi va nomini tilga olish bilan kifoyalanadi. Shuningdek, voqea bayonida Rumiy izchillikka qat’iiy rioya qilmaydi. Lekin masalaning tub mohiyatini anglashga yaqindan yordam beradigan falsafiy-didaktik mulohazalarini ifodalaydi va uning oxirgi satrida «O‘limdan qochish xirs-u harakatini sen Hindiston deb bil»- deya takidlaydi.
Demak, Hindiston so‘zi zamirida xirs va tahlika oloviga ishora qiluvchi ramziy ma’no ham singdirilgan. Jaloliddin Rumiy o‘z hikoyatini fikr mulohazaga chorlovchi nihoyatda ta’sirli misralar bilan tugatadi:
Bo‘yladir ushbu jahonda qiylu qol,
Och ko‘zingni, boq jahonga ibrat ol.
Sen o‘zingdan-ku qocholmassen aniq,
Bas, netib Haqdin qocharsen, ey rafiq.
Mavlono so‘rar: «Kimdan qochmoqdamiz? O‘zimizdanmi? Bu xomxayol bilan kimdan o‘zimizni qutqarmoqdamiz? Tangridanmi? Naqadar be’mani. Bu dunyodan, Tangridan g’ofil bo‘lmoqdir. Dunyo pul, ayol, kiyim-kechak, tijoratdan iborat emas. Buni bil». (Birinchi kitob, 956-bayt) Insonning har bir xatti-harakati va amali nafsiga tobedir. Odam qazo va qadarning hukmidadir. Inson o‘zining mayl-u, xohishiga qarshi o‘laroq, qazo hukmini o‘z qo‘li bilan amalga oshiradi. Bunday paytda bandasining nochorligi, Qazo hukmidan bo‘yin tovlashga urinishi «qochish» deya talqin qilinadi. Rumiy ham Navoiy ham kitobxon diqqat e’tiborini mana shu masalaga jalb qilganlar. Hikoyatlarda taqdirdan, qochmoq insonning o‘z-o‘zidan qochish kabi baholanmoqda.
Umuman, Navoiyning fikrlari Rumiy hikoyatidagi so‘zlarning davomiga o‘xshab ko‘rinsa-da, ular ma’noni rivojlantirish, kuchaytirish, tiriklik to‘g’risida yanada chuqurroq o‘ylashga undash quvvati bilan ahamiyatlidir.
«Lison ut-tayr»dagi hikoyatlar Alisher Navoiyning faqat tasavvuf va tasavvuf adabiyotidan chuqur xabardorligidan emas, balki ularni talqin qilishda mustaqil mushohada yo‘lini tanlaganidan ham dalolat beradi. Shu ma’noda biz dostondagi yana bir hikoyatga diqqatimizni qaratmoqchimiz. Farididdin Attorning «Mantiq ut-tayr» asarida ta’riflangan yetti vodiydan bittasi «Ma’rifat»dir. Navoiy asarida ham bu vodiy ta’rifiga alohida o‘rin ajratilgan. Attor ma'rifat haqidagi fikr qarashlarining isboti sifatida Sulton Mahmud va bir xarobadagi faqir hikoyatini naql qiladi. Alisher Navoiy nisbatan boshqacha yo‘l tanlaydi va bu Navoiyning Attorga nisbatan Mavlono Rumiyga yaqinligini ko‘rsatadi. Aslini olganda, tasavvufiy mazmundagi asarlarda tamsil o‘laroq talqin qilingan ko‘pchilik hikoyatlar kitobdan kitobga o‘tib, ko‘chib yurgan hikoyatlardir. Shuning uchun ularni nasriy asarlarda ham uchratish mumkin. Imom G’azzoliyning «Ehyoyi ulum ad-din» kitobida shunday hikoyat bor: Naql qilishlaricha, ko‘rlar o‘z mamlakatlariga fil atalmish bir hayvon kelganligini eshitibdilar. Ularda hech qachon ko‘rmagan, hattoki nomini ham eshitmagan bu hayvonni bilish ishtiyoqi qo‘zg’alibdi. Ko‘r bo‘lganliklari uchun filni qo‘llari bilan ushlab, tasavvur hosil etmoqchi bo‘lishibdi. Biri filning oyoqlarini, biri xartumini va tishini yana biri esa quloqlarini ushlabdi. Ortga qaytgach birodarlari ulardan fil haqida so‘rashibdi. Filning oyog’ini ushlagan ko‘r: «Fil qalin bir ustunga o‘xshaydi, lekin ust qismi unchalik qattiq emas», debdi. Tishlarini ushlagani esa: «Yo‘q, mutloqo bunday emas, u qattiq va quruq ustundir. Ayni zamonda unchalik yirik ham emas», Filning quloqlariga qo‘li tekkan basir debdi: «Bu gaplar mutloqo noto‘g’ri. Fil qalin va keng teri kabidir».
Imom G’azzoliy qissadan hissa chiqarib, «ko‘rlarning har biri, bir jihatdan to‘g’ridir, chunki har kim ushlagan joyini anglatgan va anglatilgan sifatlar filda bordir. Ammo ular bilgan narsalarini bir joyga jamlaganda fil haqida to‘g’ri tasavvur hosil bo‘lishini anglay olmaganlar», deydi. G’azzoliy «Tavbaning vojibligi va fazilati» deya nomlangan faslda keltirilgan bu hikoyat orqali mazhab talashuvchilarga tanqidiy munosabatni ifodalagan.
«Fil» hikoyati Jaloliddin Rumiyning ham diqqatini o‘ziga jalb etgan. Lekin Mavlono Rumiy uni boshqacharoq shakl va maqsadda talqin qiladi. «Masnaviy»dagi hikoyatda fil bor, ammo basirlar yo‘q. Unda aytilishicha bir qorong’u binoda fil borligi haqida xabar tarqalgach, bir necha kishi uni ko‘rishga borishadi. Tabiiyki, qorung’ulik va zulmat bunga imkon bermaydi. Shunda xonaga kirganlar filni qo‘l bilan anglashga urinadilar. Fil xartumini ushlagan kimsa uni novaga o‘xshatsa, qulog’ini tutgan kishi filni yelpig’ich deb atabdi. Filni oyog’ini tutgan odam esa, ustunga nisbat beradi. Yelkasiga qo‘l tekkizgani fil taxtga o‘xshash ekan, deydi.
Bu qarama-qarshilik va keskin ixtilofga sabab, haqiqatni anglay olmaslik, va haqiqatni bilish yarog’idan mahrumlikdir. Shuning uchun Rumiy o‘z xulosasida agar «filshunoslardan» har birining qo‘lida sham bo‘lganda edi, oradagi ixtilofga o‘rin qolmasdi, deydi:
Dar kafi har yak agar shami budi,
Ixtilof az guftashon berun shudi.
Albatta, Mavlono Rumiy nazarda tutgan «sham» haqiqat shamidirki, uningsiz inson na o‘zini, na Haqni tanish quvvatiga yetisha oladi. Jaloliddin Rumiy ilova qiladi: «Tuyg’u ko‘zi bor yo‘g’i bir hovuchga, bor yo‘g’i ko‘pikka o‘xshaydi. Hovuch butun boshli filni birdan ushlay olmaydi-ku! Dengizni ko‘rgan ko‘z boshqa, ko‘pikni ko‘rgan ko‘z boshqa. Ko‘pikni qo‘ygin-da, dengizning ko‘zi ila olamga qaragin!»
Bunday qaraganda, «Lison ut-tayr»dagi fil bilan bog’liq hikoyat shaklan Imom G’azzoliynikiga o‘xshashdir. Unda ham, bunda ham fil to‘g’risida ma’lumot beruvchilar basirlar. Lekin filga nisbatan ishlatilgan qiyos va tashbehni G’azzoliyga qaraganda ham, Mavlono Rumiyga qaraganda ham Alisher Navoiy ko‘paytirishga erishgan. Ayni paytda Rumiy qo‘llagan o‘xshatishlar (masalan, fil oyog’ining ustunga, qulog’ining yelpig’ichga, o‘xshatilishi) Navoiyda takrorlangan:
Ulki yetkurdi qulog’iga ovuch,
Dedi tahrik ichra ikki yelpug’uch.
Alisher Navoiy hikoyatida, filning hartumini ushlagan kishi, filni yo‘g’on bir suv hartumiga, filning oyoqlariga tegingan kishi, filni ustunga o‘xshatadi. Mavlono Rumiy hikoyatida, filning gavdasini ushlab ko‘rgan kishi, filni bir qoyaga o‘xshatsa, Navoiy hikoyatida filni boshini paypaslab ko‘rgan kishi uni bir qoyaning tumshug’i deb sharh qiladi. Tishlarini bayon qiluvchi «kishi fil ikkita suyakdan iborat»,- deydi. Qornini paypaslab ko‘rgan kishi filni beustun deb ta’riflaydi. Ko‘rinib turganidek, Alisher Navoiyda, Mavlono Rumiyga nisbatan filning tana a’zolari (quyrug’i, tishlari, boshi, qorni) mufassal bayon qilingan. Bu o‘rinda mazhab talashuvchi kimsalarning holati va fikr saviyasini tushunish mumkin. Haqiqat ziyosidan mahrum kishilarning haqparastlik va haqshunoslik iddaolarining nimaga arzishini ham tasavvur qilsa bo‘ladi. Lekin ma’rifat ahlining talashuv va tortishuvlarini qanday baholash kerak bo‘ladi? Alisher Navoiy salaflaridan farqli tarzda o‘quvchini diqqatini aynan shu savolga qaratadi va buning tub ildizini shunday fikrlar bilan izohlaydi:
Bo‘ldi o‘z irfoni har kimga sifat,
Ko‘p tafovut qildi paydo ma’rifat.
Har kishi o‘z tavrida istab kamol,
Qildi vodiy tay qilurg’a ishtig’ol.
Ma’rifat ahli orasida har xil tafovutlarning yuzaga qalqib chiqishi ham tabiiy. Chunki buyuk allomalar ta’kidlaganidek, ma’rifat ilmdan farqli o‘laroq, nafsiy va rabboniy sifatdir. Unda nafsoniy sifat mavjud bo‘lganligi uchun ham har kim o‘z bilgani va o‘zi tanlagani tariqat talablari bo‘yicha fikr yuritishga majburdir. Alisher Navoiy bu haqiqatni Ma’rifat vodiysiga doir fikr mulohazalarining tamsiliy ifodasi bo‘lmish hikoyatda katta mahorat bilan yoritib berishga muvaffaq bo‘lgan.
«Lison ut-tayr» asarida har bir qush –bir ramz ekanligi ma’lum. Jumladan, Xo‘roz ham dunyoviy shahvat va lazzatni ifodalovchi timsol. U Hudhudga murojaat qilib, shunday deydi: «ey qushlarning raisi tojdori, biz ikkovga ham Haq tojni nasib qildi. Lekin bizning vazifamiz boshqa-boshqa. Senga rahbahbarlik ato etildi va qushlarning peshvosiga aylanding». Xo‘roz so‘zi oxirida Tangri uni har yon sayr qilmoqdan, ozod etganligini ham alohida qayd etadi. Albatta, ushbu fikrlar Hudhudda e’tiroz paydo qiladi, hamda tanbeh tariqasida Xo‘rozga sidra daraxtida yashaydigan bir qush taqdirini so‘zlab beradi. Bu qushning «xilvatgohi anjuman» bo‘lib, u joyidan jilmasdan sayr etgan. Bu sayrda Arshga parvoz qilsa-da, uni elga zohir qilmagan. Alisher Navoiy Hudhud tilidan Simurg’ (ya’ni Alloh) sari parvoz etishni bevosita qanot qoqib, chindan ham uchish deb tushunmang. Sidra daraxtiga qo‘nib turgan qush qimirlamaydi, ammo xilvatga oshkor chekingani ham yo‘q. Lekin shu turishida u anjumanda xilvat ham qilyapti, o‘tirgan joyida sayr etyapti ham. Chunki uning biror dami –lahzasi ham Simurg’dan ayri emas. Simurg’ning vasli uning ko‘nglida. Axir Allohga intilish uning ko‘nglida kechadi-ku. Shuning uchun parvozini elga oshkor ko‘rsatish shart emas. Chunki bu parvoz zohirda emas botinda ro‘y beradi. Hudhudning nazdida Xo‘roz bilan sidranishin qush orasida yer bilan osmoncha tafovut bor. Chunki uning butun mashg’uloti fisq-u fujur, qichqirishlari keraksiz g’avg’o, o‘zini ko‘z-ko‘z qilishi esa, «yuz yomonliq», yaxshilarga o‘zini nisbat berishi xomxayoldir. Xullas u o‘zini xo‘roz hisoblagani bilan aslida makiyondir.
«Mantiq ut tayr»da xo‘roz timsoli ham, Hudhud tilidan izhor qilingan yuqoridagi singari tanqidiy fikr-mulohazalar ham uchramaydi. Shu ma’noda mazkur savol-javob «Lison ut -tayr»ning yangilanishini ko‘rsatishga xizmat qiladi. Ammo Navoiy o‘z dostoniga Xo‘roz obrazini olib kirishda o‘zigacha mavjud bo‘lgan tasavvufiy adabiyot tajribalariga ham ijodiy yondashgan. Navoiy tasviridagi Xo‘roz g’oyaviy jihatdan avvalo, Qur’oni karim va Mavlono Rumiyning «Masnaviy» asariga dahldordir.
Qur’oni karimning «Baqara» surasi 260-oyatida shunday deyiladi: «Ibrohim: «Ey, Rabbim, menga o‘liklarni qanday tiriltirishingni ko‘rsat»,-deganida, Alloh: «Ishonmadingmi?» -dedi. Ibrohim aytdi: «Yo‘g’-e, lekin dilim yanada taskin topsin». Alloh aytdi: «To‘rtta qushni olib, huzuringga jamla va ularni maydalab, atrofingdagi har bir tog’ning ustiga ularni bo‘lak-bo‘lak qilib qo‘yginda, keyin ularni chaqirgin, ular tirilib darhol huzuringga keladilar. Bilginki, albatta, Alloh qudrat va hikmat egasidir».
Jaloliddin Rumiy «Masnaviy»ning beshinchi daftarini muxtasar an’anaviy muqaddimadan so‘ng xuddi shu oyatning badiiy talqini bilan boshlaydi va shunday yozadi:
Sen zamon ichra Xalildirsen hanuz,
Yo‘lto‘sar to‘rt qushni ushla boshin uz.
Har biri oqilga so‘ylab naqlini,
Xuddi quzg’undek cho‘qiydi aqlini.
Xalqqa gar istar esang umri abad,
To‘rtta shumning boshini uz beg’alat.
So‘ng tiriltirgil-da, bergil bol-u par,
Kelmagay toki ulardan bir zarar.
Ma’naviy to‘rt qushki, ma’shum rohzan,29
Xalq dil-u jonida tutmishlar vatan.
Mazmuni: «Ey zamon Xalili, ey aqli hush oftobi, sen bu to‘rt qaroqchi qushni o‘ldir. Qarg’aga o‘xshash bu qushlarning har biri oqillarning aql ko‘ziga parda tortadi. Agar xalqning abadiy yashashini istasang, bu to‘rt aldoqchi va yomon qushlarning boshini kesgin. Ularni yana boshqatdan shunday tiriltirginki, ulardan kishilarga hech qanday zarar yetmasin. Bu to‘rt ma’naviy qaroqchi qush xalqlar ko‘nglida makon qurganlar». (Beshinchi kitob, 9-bet) Qur’onda bu qushlarning nomi ko‘rsatilmagan.30 Lekin ularning inson kamoloti uchun xavfli va halokatli ekanligiga ishora qilingan. Mavlono Rumiy esa, masalani aniqlashtiradi va ushbu qushlarning sifatlari bilan birga nomlarini ham aniq ko‘rsatadi:
To‘rtta qushning boshini uzgil base,
Jumla xalqning umrini cho‘zgil base.
Chun ular g’ozdir, tovus, zog’-u xo‘roz,
Nafs aro har lahza bergaylar ovoz.
G’oz hirsdirkim, xo‘roz – shahvat erur,
Gar tovus - joh ersa, zog’- niyat erur.31
Demak, Qur’onda nomi zikr etilmagan to‘rt qushning birisi Bat (O‘rdak), ikkinchisi Tovus, uchinchisi Zog’ (Qarg’a), to‘rtinchisi Xo‘roz bo‘lib, Mavlono Rumiyning e’tirofi bo‘yicha ular hirs, joh va mansab, orzu-havas, nafs va shahvat timsolidirlar. To‘rt yomon xulq va illatning ramzi bo‘lgan ana shu to‘rt qush o‘dirilmaguncha inson na ma’naviy hayotda, na sayr-u sulukda yuksaklikka erisha oladi. Shuning uchun Mavlono Rumiy ularning har biri, jumladan, xo‘rozning mahv etilishiga doir fikrlarga diqqatni qaratadi. Chunki «xo‘roz» tirik ekan, shahvat va shahvatparastlik quvvati pasaymaydi, u go‘yo zahardek achchiq sharobga o‘xshaydi. U shahvatdir va juda ham shahvatparastdir. Shahvatning achchiq sharobidan mastdir.
«Masnaviy» asaridagi o‘rdak, tovus, qarg’a, xo‘roz, ya’ni ushbu to‘rt qush «insoniy nafsning eng yomon va xunuk ko‘rinishlarining ramzi»dir. Ibrohim payg’ambarning tajribasi, bir tomondan, nafsoniy hayotdagi o‘lim, ruhoniy hayotdagi tirilish tarzida talqin qilinsa, ikkinchi jihatdan u komil inson mazmunida gavdalantiriladi.
Bir qarashda, «Lison ut-tayr»dagi tovus va o‘rdak timsollariga singdirilgan ma’no «Mantiq ut-tayr» dostonidagi ushbu qushlarga xos xususiyatlardan deyarli farqlanmaydi. Zero, Attor ham tovusni zohirparastlik, o‘rdakni quruq zuhd va taqvo ramzi sifatida tasvirlaydi. Shu bilan birga, «Lison ut-tayr» dostonidagi tovus timsoli tasvirida Navoiyning o‘ziga xos yo‘l tutganligiga guvoh bo‘lamiz.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Navoiy dostoniga xo‘roz obrazi shahvat va shahvatparastlikka munosabat ehtiyoji tufayli olib kirilgan. Bizning nazarimizda, Navoiy bunda bevosita Mavlono Rumiy nuqtayi nazariga suyangan va «Masnaviyi ma’naviy» so‘zlaridan ilhomlangan bo‘lsa ajab emas.

Download 244 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling