Rahbar: Xoliqulova G


Jaloliddin Rumiy Alisher Navoiy nigohida


Download 244 Kb.
bet5/10
Sana09.04.2023
Hajmi244 Kb.
#1343659
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Bog'liq
alisher navoiy hikoyatlarida rumiy ananalari

1.2. Jaloliddin Rumiy Alisher Navoiy nigohida. Jaloliddin Rumiy o‘zidan keyingi Sharq adabiyoti va falsafasiga katta ta’sir o‘tkazgan siymolardan biridir. Ayniqsa, uning ozarbayjon, o‘zbek, uyg’ur, turk adabiyotiga ta’siri samarali bo‘lgan. Jaloliddin Rumiy va Alisher Navoiy adabiy merosini tarixiy-qiyosiy yo‘nalishda o‘rganish, Navoiy she’riyatini botiniy olamini mukammal bilish, undagi bir qator murakkab tushuncha va haqiqatlarning mohiyatini to‘g’ri talqin qilishga yo‘l ochadi. Ayni paytda Alisher Navoiyning «Nasoyim ul-muhabbat», «Majolis un-nafois», «Mahbub ul-qulub», «Xamsat ut-mutahayyirin» asarlarida Mavlono haqidagi fikr-mulohazalari, bu daho san’atkorning ta’sirida yaratgan satrlari Rumiy dunyosiga kengroq kirishga yaqindan yordam beradi. Alisher Navoiyning o‘tmish shoirlari ijodiga bo‘lgan munosabati ko‘p qirrali va keng qamrovli masaladir. Navoiyning asarlari ko‘zdan kechirilsa, unda Firdavsiydan tortib Hofiz Sheroziy, Kamol Xo‘jandiy, Ahmad Yassaviy, Adib Ahmad Yugnakiy va Haydar Xorazmiygacha bo‘lgan fors-tojik va o‘zbek adabiyotining bir qancha nomoyondalari haqida fikr yuritilganligi nomoyon bo‘ladi. Bu, albatta, Alisher Navoiyning o‘zigacha bo‘lgan davr ilmiy va adabiy merosidan yaxshi xabardorligidan guvohlik beradi. Shu jihatdan Alisher Navoiyning «Nasoyim ul-muhabbat» asaridagi ma’lumotlar nihoyatda muhimdir. Ma’lumki, Alisher Navoiyning «Nasoyim ul-muhabbat» asari tasavvuf ahli silsilasiga bag’ishlangan asar hisoblanib, bir qancha so‘fiylar, hakimlar, tasavvuf ahli haqida malumotlar beriladi. Jumladan, Jaloliddin Rumiy haqida ham qimmatli fikrlar mavjud. Alisher Navoiy ushbu asarda dastlab Rumiyning otasi Bohouddin Valad, undan so‘ng uning suhbatdosh va shogirdlaridan Said Burhoniddin Muaqqiq, Jaloliddin Rumiy, Mavlono Shams Tabriziy, Hisomiddin Chalabiy, Shayx Salohiddin Faridun Ko‘nyaviy ma`ruf bi-Zarkub haqidagi fikrlar bildirilgan. Ularda ham Rumiyning hayoti va faoliyati bilan bog’liq ma’lumotlarga duch kelamiz. Bu albatta bejiz emas. Chunki ulardan biri Mavlono Rumiyning otasi Bahouddin Valad bo‘lsa, ikkinchisi Burhoniddin Muhaqqiq, Shams Tabriziy ustozlaridir. Biri farzandi Sulton Valad bo‘lsa, ikkinchisi Salohiddin Zarkub (zargar) va Hisomiddin Chalabiy uning shogirdlaridir. Mavlono Rumiyning ota-onasi haqida quyidagi ma’lumotlarni keltiradi: «Bahouddin Valad, Muhammad Husayn Ahmad Xatib Bukriy. Ba`zi debdurki, Shayx Najmiddin suhbatig`a yetibdur. Amir ul-mo`minin Abubakr farzandlaridindur. Onasi Xuroson podshohi Alouddin Muhammad Xorazmshohning qizidur».20
Ma’lum bo‘ladiki, Mavlono Rumiyning ajdodlari ota tomondan ham, ona tomondan ham buyuk shaxslar bo‘lgan. Va Alisher Navoiy ushbu ma’lumotlari bilan, Bahouddin Valadning Shayx Najmiddin Kubro bilan suhbatlashganligi, uning kubroviya tariqatiga e’tiqod qilganligini nazarda tutadi. Bahouddin Valadning tushida Payg’ambarimiz Muhammad s.a.v. «Sulton ul-ulamo» laqabini beradi. Bahouddin Valadning Balxdan Makkaga safari chog’ida Mavlono Rumiy hali kichik yoshda bo‘ladi. Bahouddin Valad pir, voiz, mudarris bo‘lib, uning butun mamlakat bo‘ylab muxlis va muridlari, e’tiqod etuvchilari juda ko‘p bo‘lgan. Alisher Navoiy ham asarda ana shularni nazarda tutgan holda odamlarning «Qayerdan kelib, qayerga ketyapsizlar», degan savoliga Bahouddin Valad «Allohdan Allohga! Qo`rquv va quvvat faqat Allohdin bo`lur», kabi javobini eshitgan insonlar uning Bahouddin Valad ekanini bilganlar. Bahouddin Valad voizlik bilan shug’ullangan bo‘lib, uning nomini eshitmagan, bilmagan kishi bo‘lmagan. Shayx Shahobiddin Suhravardiy ham unga e’tiqod qilgan. Bahouddin Valad oilasi bilan Makka tomon yo‘l oldilar. To`rt yil Ozarbayjonda, yetti yil Larendeda yashadilar. Mavlono Jaloliddin Rumiyni o`n sakkiz yoshida uyli (uylantirdilar) qildilar. Yetti yuz yigirma uchda Sulton Valad dunyoga keldi. U ulg`aydi, ularni tanimagan ko‘rmagan kishilar, buzurgvor otalari bilan ko`rsa, og`a-ini deb xayol qilar edi. Undan so`ng podshoh ularni Ko`nyaga taklif qiladi. Va Hazrat Mavlono anda Haqning jivori rahmatiga vosil bo‘ldilar. (Nasoyim ul-muhabbat, 358-bet) Alisher Navoiy keltirgan bu ma’lumotlarni keyingi davr Eron olimlari tomonidan yaratilgan manbalar ham tasdiqlaydi.21
Alisher Navoiy Bohouddin Valad haqida bergan ma’lumotlari qisqa va lo‘nda bo‘lishiga qaramay, eng kerakli va asosli fikrlar keltiriladi. Bahouddin Valad va Mavlono Rumiy haqlarida fikrlar boshqa shayxlar zikrida ham bir necha marta tilga olinadi va ularning shaxshiyati va faoliyati haqidagi ma’lumotlarni to‘ldirib boradi. Jumladan, Sayyid Burhoniddin Muhaqqiq haqlaridagi quyidagi parcha ahamiyatli: «Ul kunki Shayx Bahouddin Valad olamdin o`tti, Said Termizda o`lturub erdi. Dediki, shayxim va ustodim hazratlari dunyodin o‘tdilar. Necha kundin so`ngra Mavlono Jaloliddin tarbiyati uchun Ko`nyag`a mutavajjih bo`ldi. Mavlono Jaloliddin hazratlari to`qqiz yilg`acha alar xidmatlarida bo`lub, irshodlar ko`rub tarbiya toptilar. Shayx Salohiddin Saidning muridlaridindur. Said derlar ermishki, holimni Shayx Salohidding`a bag`ishladim va qolimni Mavlonog`a». (Nasoyim ul-muhabbat, 359-bet)
Alisher Navoiy Said Burhoniddin Muhaqqiq haqida bildirgan fikrlarida ham bevosita Mavlono bilan bog’liq jihatlarni aks ettiradi. Zero, Said Burhoniddin Mavlononing otasi Bahouddin Valadning shogirdi. Sharqshunos olim Radiy Fish bu haqda shunday yozadi: «Sultonul ulamo vafotini Termizda eshitib, u zor-zor yig’lab ko‘z yoshi to‘kibdi, Qur’on o‘qib, marhumning ruhiga bag’ishlabdi, tunlari uxlamay qirq kun motam tutib, elga osh beribdi».22 Sayyid Burhoniddin Muhaqqiqning o‘zi esa «Pirim Sultonul ulamodan ikki bebaho xazina inom olmishmen: biri - fasohat, biri - ilhom. Fasohatni Jaloliddinga baxsh etdim, zero ilhom unda haddidan ziyoddir, ilhomni esa Salohiddinga». U Sultonul ulamoning vafotidan so‘ng o‘g’li yolg’iz qoldi deb, bir darveshdan Mavlonoga maktub yuboradi. Mavlononi to‘qqiz yil davomida tarbiya qiladi. Mavlono dastlabki ikki yarim yil ichida og’iz-burnini oq mato bilan o‘rab, charm chelaklarda axlat tashirdi, tunlari hammomda uch karra cho‘milib, to sahargacha otasining «Maorif» kitobida jamlangan muloqotlarni o‘qir edi. Piri mana shu kitobni bir yuz bir karra o‘qishni buyurgan. U o‘z ishini ado etgach, Said unga yangi saboq beradi: u shaharda ikki murid bilan jamoa uchun sadaqa so‘rashi lozim edi. Uchinchi yil ko‘klamida Said Jaloliddinni huzuriga chorlab, «Istaymenki, to ko‘zim ochiqligida uzlat sinovidan ham o‘tgaysen, taxayyul dengiziga cho‘mib, ilhom durdonalarini tergaysen» - deydi. Qirq kun bir hujrada uzlatga chekinadi. Mavlononing qirq kun ichida aytgan birinchi so‘zi, quyidagi baytni aytadi:
Narsa yo‘qkim xoriji olam erur,
Har ne istarsan o‘zingda jam erur.
Pirni nihoyatda hayajonga soladi va Jaloliddinni bag’riga bosadi. Shayx ilk bor hujraga oyoq bosganida uning hayolidan kechgan Qur’on so‘ziga murid javob qilgan edi. Shayxning fikrini ilg’ay olgan murid murid emas, orif sanaladi.
Alisher Navoiy Said Burhoniddin zikrida yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek, uning Bahouddin Valadning shogirdi ekanligi, uning vafotidan keyin Mavlononi to‘qqiz yil tarbiya qilganligi keltiradi-yu, lekin Mavlononing to‘qqiz yil ichida qanday tarbiyalanganligi nima ishlar qilganligi haqida so‘z yuritmaydi. Burhoniddin Muhaqqiqning «Saidi Sirdon» nomi bilan mashhur ekanligini, qisqa fikrlarda bayon qilib o‘tadi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, Alisher Navoiy Burhoniddin Muhaqqiq va Mavlono Rumiy haqidagi eng asosiy va eng kerakli ma’lumotni keltiradi.
Alisher Navoiyning ushbu asarida boshqa shayxlar qatori Mavlono Rumiy haqida bildirilgan fikrlarga ham katta o‘rin ajratilgan. Mavlono Rumiyning tavallud topgan kunidan boshlab, to vafoti kuniga qadar faoliyati haqidagi qimmatli ma’lumotlarni keltiradi. Jumladan, Mavlono Rumiyning vatani Balxda va u hijriy olti yuz to‘rtinchi yil melodiy 1207-yil, 30-sentabrda tavallud topganligi, Mavlonoda juda erta, ya’ni besh yoshidan boshlab ilohiy olam bilan aloqaga kirishganini rivoyat qiladilar. Olti yoshida bolalar bilan tomda o‘ynab yurganida ulardan biri:
-Kelinglar tomdan tomga sakraymiz!-deb taklif qiladi. Jaloliddin Rumiy unga qarshi chiqadi:
-Bu ish it bilan mushukka munosib. Odam bolasinig ularga taqlid qilishi yaxshi emas. Agar quvvatingiz yetsa osmon tomiga sakrang!
Shu so‘zni aytar-aytmas Jaloliddin havoga ko‘tarilib ko‘zdan g’oyib bo‘ladi. Bolalar qo‘rqqanlaridan qichqirish va yig’lashga tushadilar. Bir muddatdan so‘ng u rangi o‘zgargan holda yana tomga qaytadi va bolalarga aytadiki:
-O‘sha so‘zlarni sizga aytib turgan vaqtimda, yashil libos kiygan kishilar meni sizning orangizdan tortib oldilar. Osmonga ko‘tarib, farishtalar olamining ajoyibotlarini, ko‘rsatdilar. Sizlarning faryod-u, fig’oningizni eshitib, yana bu yerga tushirdilar.
Mavlono Jaloliddin Rumiy o‘z zamondoshi Mavlono Sadriddin Kazviyniyni xushlamas edi. Bir kuni suhbat asnosida gap islomdagi mazhablar haqida borganda, Mavlono Rumiy Kazviniyga qarab: «Men yetmish uch mazhab bilan birdirman», -deydi. (Nasoyim ul-muhabbat, 360-bet) Mavlono Sadriddin shogirdlaridan biriga: «Sen katta bir izdihom ichida Rumiydan mazkur gapni aytganmidingiz, deb so‘ra. Agar iqror bo‘lsa, og’zingdan kelgancha so‘k va ranjida qil» - deb buyurdi. Shogird paytini topib, haligi savolni berganda, Rumiy: «Ha, aytganman», deya tan oladi. Shunda u qabih so‘zlar aytib, Rumiyni haqorat qila boshlaydi. Ammo Jaloliddin Rumiy hech bir jahli chiqmay, tabassum qilib: «Men sening aytganlaring bilan ham birdirman», deydi. Mavlono Sadriddinning shogirdi o‘zi uyalib majlisni tark etadi.
Mavlono Rumiydan hol so‘rashga Shayx Sadriddin Kazviniy bir muridi bilan keladi. Mavlono Rumiy undan ko‘p aziyat chekkan edi. Shoirning she’rlari, suyukli rubobi, raqsi samosiga shayx otgan yozg’iriq va tuhmat toshlari, shubhasiz, uning o‘limini yaqinlashtirgan edi. Shoirlar xastalikdan emas, ranj-u, alamdan o‘lishadi deb bekorga aytishmaydi. Biroq Shayx Sadriddin aqlli edi, har nechuk o‘z vaqtida chekinib, so‘nggi yillarda shoirga izzat-ehtirom bilan cheklanib qolmay, o‘zining uning muxlisi deb e’lon qilgan edi. Shayx yergacha egilib ta’zim etib,
-Mahbubi habibimiz Allohi karim o‘zi shifo bergay, o sultonul ruh!
Mavlono uning bu so‘zlariga «Mahbubi habibimiz Alloh bilan uning bandayi oshig’i o‘rtasida yupqa bir ko‘ylak, yani bir bahya masofa qolmish! Sizni-ku, bilmayman, ammo men oshiq-ma’shuqlar yalong’och bo‘lib qovushsa, yaxshi deb o‘ylayman. Alloh sizning o‘zinggizga shifo bergay, muhtaram shayx!»
B a y t:
Men badandan, u xayoldan xoli bo`ldi,
Visol so`ngida masrur bo`laman.
Shayx as’hob bila yig`ladilar. Mavlono bu g`azalni dedilarki,
m i s r a:
Qaydan bilsanki, botinimda hamsuhbat podshohim bor?
Savol qildilarki, Mavlaviyning xilofatig`a kim munosibdur? Dedi: Chalabiy Hisomiddin! Uch qatlag`acha savol qildilar, javob bu erdi. Dedilarki, Sulton Valad nisbatig`a ne dersiz? Dediki, ul pahlavondur. Onga vasiyat hojat emas. So`rdilarki, sizga namoz kim qilsun? Dediki, Shayx Sadriddin! Va buyurdilarki yoronlar bu sori tortadurlar va Mavlono Shamsiddin ul sori. «Ey qavmimiz, Allohga da`vat qilguvchini qabul qilinglar» nochor borg`uluqdur.
Olti yuz yetmish ikkida jumod ul-oxir oyining beshida g`urub vaqti Mavlono olamdin o`tdilar. (Nasoyim ul-muhabbat, 361-bet)
Yuqoridagi ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, Alisher Navoiy Rumiy haqida uning hayoti va faoliyatidagi juda qimmatli, aniq hayotiy ma’lumotlarni keltiradi. Biz bu ma’lumotlar orqali Mavlono Rumiy haqlarida chuqur tasavvurga ega bo‘lishimiz mumkin. Bundan tashqari, Jaloliddin Rumiyning o‘g’li Sulton Valadga, uning muridlaridan biri Hisomiddin Chalabiyga, Mavlono Rumiy o‘ziga ustoz deb bilgan Shams Tabriziyga bag’ishlangan o‘rinlarda ham bevosita Mavlono Rumiy hayoti va faoliyati bilan bog’liq bo‘lgan jabhalarga duch kelamiz. Jumladan, Mavlono Shams Tabriziy haqida so‘z yuritganda, quyidagilarni keltiradi. «Hazrat Maxdumiy «Nafahot ul-uns»da shunday yozibdilarki, Hazrat Mavlaviy aning alqobida mundoq bitibdurkim, «yaxshilikka chaqiruvchi ulug` Mavlono – jonlarning xulosasi, chirog’, shisha, chirog`donning sirri, din va haqiqat quyoshi, avvalgi va oxirgilarga Allohning nuri». (Nasoyim ul-muhabbat, 363-bet) Mavlono Shamsiddin Ko`nyag`a yetkanda, Mavlono Jaloliddin madrasadin chiqib,ulamo jamoati uning ortidan borar edilar. Shunda yo‘lovchi xachir jilovini mahkam tutib, Mavlono Rumiydan ko‘zlarini uzmay so‘radi:
-Ey, u dunyo-yu, bu dunyo ma’ni-yu mohiyatlarining sarrofi! Aytgin kim ustun-Muhammad payg’ambarmi yoki Boyazid Bistomiy? Mavlono debdurki, ul so`zning haybatidin go`yoki yetti osmon bir-biridin ayrildi va yerga to`kildi va mening botinimdin azim o`te dimog`img`a urdi. Shunga qaramay notanish sayyohning gavjum yo‘l ustida shunday savol berishi gustohlik edi. Sultonul orifin bo‘lgan so‘fiy qayda-yu, Xudoning rasuli bo‘lmish Muhammad s.a.v. qayyerda! Jaloliddin Rumiy javob berdi:
-Bu ne safsata? Albatta, Mustafo s.a.v. olam ahlining buzurgrakidurlar, Boyazid ne bo`lg`ay? Pas dedi. Shamsiddin, shubhasiz, shunday javobni kutgan edi. Lekin uning tuzog’i ham mana shu savolda edi. Uning lablarida ingichka tabassum o‘ynadi.
-Durust,- dedi u. - Nega unda Muhammad s.a.v. «Yuragimni zang bosib, egamning oldida yetmish karra tavba qilamen», - deydi-yu, Boyazid esa: «Men o‘zimdagi har ne qusurlardan xolos topdim. Jismimda xudodin bo‘lak hech narsa qolmadi. Ulug’men, ulug’men shon-sharafga to‘liqmen!»-deb bong uradi?
Mavlono Rumiy javob berishdan oldin, o‘z hayajonini yashirmay, notanish kimsaning ko‘zlariga uzoq tikildi. Uning hayajoni yo‘lovchiga ham o‘tdi. Keyinchalik Shamsiddin Tabriziy shunday degan edi: «U mening so‘zlarimdagi balog’atni darrov payqadi, men bo‘lsam u so‘zini tugatmayoq, uning yurak musaffoligidan mast bo‘ldim». Mavlono Rumiy shunday javob beradi: Muhammad s.a.v. har kuni yetmish maqomni bosib o‘tardi, va har gal yangi poyaga yetib, avvalgi poyada erishgan bilimlarining qosirligi uchun tavba-tazarru etardi. Boyazid Bistomiy esa yolg’iz birgina poyaga yetib, shuning martabasidan boshi aylanib, jazava ichra shunday so‘zlarni aytmish.(Nasoyim ul-muhabbat, 363-bet)
Bu savolga Mavlono Rumiyga qadar, hech kim asosli javob berolmagandi. Javobni eshitgan Shamsiddin Tabriziy oh chekdi-yu, xushdan ketib yerga yiqildi. Mavlono yerga sakrab tushib, shogirdlariga buyurdi, uni ko`tarib madrasaga eltdilar. U o`ziga keldi va muborak boshin Mavlono tizzasi ustiga qo`yib, undan so`ng uning qo‘lin tutib ravon bo`ldi va uch oy muddat bir xilvatda laylan va nahoran visol savmi bila o`lturdilarki, aslo chiqmadilar. Ularning suhbati bo‘lishga hech kimning haddi sig’madi. Va ba`zilar aytadilarki, Mavlono Shamsiddin Ko`nyag`a kelganda, Mavlono xidmatlari darsig`a kirdi. Va Mavlono bir havz qirog`ida oldida kitoblar bilan o‘tirardi. U so`raydiki, bu qanday kitoblardur? Mavlono dediki, bu qiyl-u qoldur, sening munung bila ne ishing bor? Mavlono Shamsiddin qo‘l uzatti va ul kitoblarni suvga soldi. Mavlono tamom taassuf bila dedi: Ey darvish, ne qilding, ulardin ba`zilari otamning favoyidi erdiki, yana topilmaydi. Mavlono Shamsiddin qo‘lini suvga urub, birin-birin kitoblarni suvdan chiqardi va suv hech qaysig`a asar qilmagan edi. Mavlono ayttilarki, bu ne sirdur? Ul dediki, muni zavq-u hol derlar, muning bila sening ne ishing bor? Shundan so`ngra ul ikki buzurgvorning suhbatlari tutashti. Alisher Navoiy Shams Tabriziy vafoti haqida quyidagilarni keltiradi: «Bu nav` naql qilibdurlarki, Mavlono Shamsiddin shahodat sharafi bila dunyodin o`tubdur. Va tarix olti yuz qirq besh ekandur. Oz fursatda qotillarin birin-birin Tengri taolo tafzihlar bila olamdin chiqaribdur. Ul jumladin biri Mavlononing farzandi Alouddin Muhammad ermishki, «Ey Nuh, u sening ahlingdan emas» dog`ig`a muntasib ermish».
Uning qanday, qay tarzda vafot etganini Sulton Valaddan boshqa hech kim bilmaydi. Shams Tabriziy o‘limidan o‘n yil o‘tgandan so‘ng, Sulton Valad rafiqasi Fotima xotunga aytadi. Fotima xotun yarim asr churq etmadi. Faqat qarigach, Mavlono Rumiy ham, Sulton Valad ham olamdan o‘tib bo‘lishgandan so‘ng, bu sirni qabrga olib ketgisi kelmay, og’liga aytib beradi. O‘sha ona qornidayoq uvol bo‘lmay, Mavlono sharofati tufayli dunyo yuzini ko‘rgan o‘g’liga. Jaloliddin Rumiy vafotidan ellik yil keyin nabirasining «kotibul asrori» Shayx Ahmad Aflokiy bu voqeani qalamga oladi. Shamsni eshikka chaqirganlar qalandarlar emasdi. Yetti kishi yarim doira olib, uni kutib turishardi. Ular orasida Alouddin ham bor edi. Shams ostonada paydo bo‘lishi bilan yetti uzun qassob pichog’i barobar uning taniga sanchildi. Qonni meshlarda keltirilgan suv bilan yuvib, jasadni quduqqa tashlashdi. «Shamsiddin tashlangan quduq Valadga tushida ayon bo‘lgan. U jasadni do‘stlari bilan yashirincha olib tuproqqa topshirgan»,- deb hikoya qilgan edi Fotima xotun. «Ammo Shamsiddinning qayerda dafn etilgani yana yetti asr sir bo‘lib qoldi»-deb keltiradi Radiy Fish.23
Alisher Navoiy yuqorida keltirilgan fikrlarini davom ettirib uning qabri qayerda joylashganini aytib o‘tadi. «Va ba`zi debdurlarki, alarning qabri Mavlono Pahlaviy madrasasida Mavlono Badriddinkim, boniy ekandur, aning yonidadur, vallohu taolo a`lam». (Nasoyim ul-muhabbat, 363-bet) Navoiy keltirgan hijriy olti yuz qirq besh, melodiy yilda 1247-yil 5-dekabr kuniga to‘g’ri keladi. Alisher Navoiy ham qotillarning orasida Mavlononing o‘g’li Alouddin ham bor edi va ko‘p o‘tmay Tangri ularning ham jonini oldi kabi asosli fikrlarni bildiradi.
Shams Tabriziy haqida Davlatshoh Samarqandiy shunday yozadi: «Shams o‘zining beqaror ruhining farzandi edi: Meni hech kim qanday bo‘lsam shunday tushunmadi». Shams Tabriziy Tabrizdan Bog’dodga, u yerdan Damashqqa safar qildi. Damashqda Ibn al-Arabiy bilan uchrashadi. U bilan suhbatlar, bahslar quradi, ammo taskin topmaydi. U Avhaddidin Kirmoniyni yoqasidan ushlardi. Avhaddiddin unga «Oyni suv solingan tog’arada tomosha qilaman» derdi. Shamsning fig’oni falakka ko‘tarilardi: Bo‘yningga tosh osilganmi nima balo, nimaga oyni osmonda ko‘rmaysan?». Shams faqihlar va mudarrislar huzurida quriladigan majlislarda qatnashib, ularning bilimlari ozgina undan, ozgina bundan dalillar faqat hadis-u xabardan olinganligini ko‘rardi. Hech qachon o‘tganlar qoldirgan bilimlarni o‘rganmanglar demasdi. Ammo manqul, ya’ni naql etilgan, og’izdan og’izga ko‘chgan ilmlarni o‘qigandan so‘ng, hazm qilish lozim, ana undan keyingina ularni egallab olib, tafakkur va aql yordamida zamon sharoitiga mos holda yangi bilimlarni yaratish kerak derdi. Nihoyat Shams Tabriziy o‘zi bilan fikriy bellasha oladigan, uning savollariga munosib javob qaytara oladigan insonni uchratadi. Bu uchrashuv «Marja ul bahrayin», ya’ni «Ikki dengiz uchrashuvi» bo‘lib, Alisher Navoiydan oldingi va keyingi manbalarda ham uchraydi. Bu voqea 1244-yilning 26-noyabrida ro‘y bergan edi. Yuqorida keltirib o‘tilgan voqealar sodir bo‘ladi. Navoiy keltirgan ma’lumotlar hech qanday mubolag’asiz va ilmiy xulosalarga tayanib berilganligini bir qancha ilmiy va badiiy manbalar tasdiqlaydi.
Shayxning quyoshdek botishidan so‘ng ikki xalifa –Salohiddin va Hisomiddin Mavlononing mulozimlari bo‘ldilar. Alisher Navoiy Salohiddin Faridun Ko‘nyaviy ma`ruf bi-Zarkub haqlarida so‘z yuritib shunday deydilar: «U kishi Sayyid Burhoniddin Muhaqqiq Termiziyning shogirdlaridan edi. Mavlono Jaloliddin zarkublar hovlisidin o`tarda, ularning zarbi unidin alarg`a hol voqe` bo`lubdur va samog`a kiribdurlar. Shayx Salohiddin ilhom bila do`kondin sakrab chiqibdur va boshin alarning ayog`ig`a qo`yubdur. Va Mavlono hazratlari aning boshin ko`tarib, iltifot va navozish qilib, peshindin namozi digargacha Mavlono hazratlari samoda ermishlar. (Nasoyim ul-muhabbat, 365-bet)
Shayx Salohiddin do`konni asbob uskunasi-yu, sud-u sarmoyasi bilan birovga inom etib, o‘zi Mavlono bilan birga ketdi va to o‘lguncha undan ayrilmadi. Bir kun Mavlono hazratidin savol qildilarki, orif kimdur? Dedilarki, orif uldurki, sening siringdin so`z aytqay va sen xomush bo`lg`aysen va andoq kishi Salohiddindur. Mavlono va Salohiddin o‘rtasida qarindoshlik iplari ham bog’landi. Salohiddinning qizi Fotima Sulton Valadning nikohiga kiradi. U ikkalasidan Orif Chalabiy dunyoga keldi.
Mavlononing birinchi xalifasi, Salohiddin Zarko‘b (zargarlik bilan shug’ullangani uchun shunday nom bilan atalgan) edi. U Ko‘niyadagi qishloqlaridan chiqqan, zarko‘blik do‘konini ochgan kosib edi. Haq oshiqlariga ixlosi baland bo‘lganligi sabab Burhoniddin Muaqqiq majlislarida ham qatnashgan ekan. Savodli va tajribali emas edi. Mavlononig yoshi kattaroq muridlari orasida Mavlononing xalifasi bo‘lish martabasiga loyiq emasday ko‘rinardi. Besavodlarday gapirardi, «Kulf» o‘rniga «kufl» derdi. Ammo Mavlono uni soflik va xolisligi uchun ham yaxshi ko‘rardi. Uni shunchalik yaxshi ko‘rardiki, hatto «Devoni Shams»da unga atalgan g’azallar ham bor. Bordi-yu «Salohiddin savodsiz, omi bir odam, hatto so‘zlarni to‘g’ri talaffuz qilolmaydi» desalar, «Aslida uniki to‘g’ri, chunki ko‘pgina otlar va lug’atlarni xalq yaxshiroq biladi», deb javob beradi.
Alisher Navoiy Mavlononing ikkinchi xalifasi Shayx Hisomiddin Chalabiy haqlarida Shayx Salohiddin vafotidan keyin, «Mavlono xidmatlarining inoyat va xilofatlari Chalabiy Nizomidding`a muntaqal bo`ldi va ishqbozlig` aning bila bunyod qo`ydilar», deb keltiradi. (Nasoyim ul-muhabbat, 366-bet) «Masnaviy» asarining yozilish sababini ham Hisomiddin Chalabiy bilan bog’laydi. Mavlono Rumiy boshidagi sallalaridan bir qog`ozni Chalabiy Nizomiddin qo‘liga beradilar, unda o`n sakkiz bayt bitilgan bo‘lib, u «Masnaviy»ning avvalgi baytlari edi, bu bayt shundan,
m a s n a v i y:
Tingla, nay andoq hikoyatlar qilur,
Ayriliq o‘tidin shikoyatlar qilur.
Shundan so‘ng ular «Masnaviy» nazmini yaratishga kirishdilar. Goh- goh shunday bo‘lar ediki, tun boshidan, kun oxirigacha imlo qilar edilar. Nizomiddin Chalabiy bitar edi va bitganlarini Mavlono oldida o‘qir edilar. Birinchi daftar nihoyasiga yetar vaqtida, Nizomiddin Chalabiyning rafiqasi vafot etadi. Asarni yozilishi ikki yil ortga suriladi. Ikki yildan so‘ng «Masnaviy» ning birinchi daftari xotimasi yoziladi. Ikkinchi daftarning boshida bunga ishora qilib o‘tiladi. 
Masnaviy:
Bir muddat bu masnaviy kechiktirildi,
Qon sutga aylanguncha vaqt kerak.
Undan so`ng kitobning oxirigacha Mavlono hazratlari aytar edi va Chalabiy Nizomiddin bitir edi. Bir kuni Chalabiy Nizomiddin Shunday dedikim, «qachonki as’hob Mahdumiyning masnaviysin o‘qurlar va huzur ahli aning nurig’a mustag`raq bo`lurlar, ko‘rarmenki, g’ayb ahlidin jamoate iliglarinda dashnalar va tig’lar tutub hozir bo‘lurlar. Har kim ixlos yuzidin isg’o qilmasa, imonining tubin va dinining shoxin kesib, ani sudray-sudray saqar mustaqarrig’a elturlar. Mavlono dedilarki, andoqdurki, ko`rung.
M a s n a v i y:
Bu so`zlarga dushman bo`lganlarning sharmanda bo`lib,
Do`zaxga tushgani ko`rsatildi.
Ey, Hisomiddin, sen uning holini ko`rding. Haq qilmishiga munosib javob berganini senga ko`rsatdi. (Nasoyim ul-muhabbat, 367-bet)
Alisher Navoiy asarida yuqorida ko‘rib o‘tganimiz, Hisomiddin Chalabiy haqlaridagi fikrlarda Mavlono Rumiyning «Masnaviyi ma’naviy» asarini yozilishi bilan bog’liq voqealarga duch kelamiz. Chalabiy Nizomiddin «G`azaliyot asrori ko`p bo`lubdur, mazkur bo`lg`on kitoblar tarzi bila agar kitobe mavzun bo`lsaki, do`stlarg`a yodgore bo`lg`ay, inoyatdur», kabi so‘zlari tufayli Mavlono Rumiy muqaddas asarning dastlabki o‘n sakkiz baytini Hisomiddin Chalabiyga uzotadi. Bu o‘n sakkiz baytni, olti daftardan iborat bo‘lgan «Masnaviyi ma’naviy»ning butun g’oyasini o‘zida mujassam etgan, shoh baytlar deb aytsak mubolag’a bo‘lmaydi. Yana shuni ta’kidlash joizki, Hisomiddin Chalabiy o‘z takliflarini bildirmasdan avval Mavlono Rumiyda mana shunday asar yozish istagi bo‘lgan. O‘n sakkiz baytli «Naynoma» buning yaqqol dalilidir. Alisher Navoiy keltirgan ma’lumotlarga tayangan holda «Masnaviyi ma’naviy»ning o‘n sakkiz baytidan tashqari qolgan barcha qismini Hisomiddin Chalabiy Mavlono Rumiydan bir dam ayro tushmagan holda uning og’zidan yozib borgan. Mavlono Rumiy asarning muqaddasligini nazarda tutib, Bu so`zlarga dushman bo`lganlarning sharmanda bo`lib, do`zaxga tushgani ko`rsatildi.
Mavlononing farzandlari Sulton Valad zikrida shunday deyiladi: «U Said Burhoniddin Muhaqqiq bilan Shayx Shamsiddin Tabriziyga shoyista xidmatlar qilib erdi. Va Shayx Salohidding`a katta e’tiqodi bor edi. Va o`n bir yil Chalabiy Nizomiddinni buzurgvor-otasi qoyimi maqom va xalifasi tutar edi. Va ko`p yillar otasi haqoyiq-u, maorifin fasih til bila taqrir qilur erdi. Va bir masnaviysi bor, Hakim Sanoyi «Hadiqa»si vaznida, base asror-u nukta anda darj qilibdur». (Nasoyim ul-muhabbat, 368-bet) Hazrat Mavlono unga shunday xitob qilibdiki, odamlar orasida menga surat va siyratda eng ko`p o`xshaydigani sensan. Va uni bag`oyat sevar emish. Deydilarki, katta harflar bilan o`z madrasasining devorida shunday yozibdilarki: «Bizning Bahouddinimiz baxtlidir. Yaxshi yashadi va rohatda o‘lajak» Mavlono Rumiy o‘g’lining xizmatlaridan nihoyatda mamnun bo‘lgan. Yuqorida ham takidlab o‘tgan edik Sulton Valad yigitlik davrining ilk fasllarida ko‘pchilik uni Mavlononing ukasi deb o‘ylardi. Mavlono ham bunday o‘xshashlikka urg’u berib: «Insonlar orasida ichki va tashqi yaratilish jihatdan menga eng ko‘p o‘xshagani sensan», deb lutf etgan edi. O‘g’lining o‘zi xohlaganidek kamol topishidan mamnun Mavlono «Bahouddin, mening bu olamga kelishim, sening zuhuring uchundir. Mening butun so‘ylaganlarim faqatgina so‘zlar bo‘lsa, sen mening ishim, asarimsan»,-deya ifoda etadi. 1245-yili Ko‘niyoni tark etib, Shomga ketib qolgan Shams Tabriziyni qaytarib olib kelish uchun Mavlono o‘g’li Sulton Valadni Shomga yuborgan edi. «Solihiya» degan bir karvonsaroyda Shamsni topgan Sulton Valad qattiq iltimos va yalinib yolvorishlardan so‘ng, nihoyat uni birga Ko‘niyoga qaytishga ko‘ndiradi. Uni otiga mindirib, o‘zi yayov holda shomdan Ko‘niyoga keladi. Yo‘lda Shams uni otga mindirmoqchi bo‘lganida: «Shoh otliq, qul otliq shunaqasi ham bo‘lurmi?»-deya taklifni qabul etmaydi. Shams Tabriziy Ko‘niyoga kelganda Mavlono va do‘stlarga Sulton Valadning bu xizmatini maqtagan va «Ulug’ Tangrining ehsonlaridan ikki narsam bor-boshim va sirim. Boshimni samimiyat ila Mavlono uchun fido etdim. Sirimni esa Bahouddinga bag’ishladim. Agar Bahouddinning umri Nuh umridek uzun bo‘lsa va buning hammasini sarf etsa, ham bu yo‘lchilikda, ya’ni safarda mendan qo‘lga kiritgani fayziga erisha olmasdi. Uni siz ham qadrlashingizni va buyuk bir shayx bo‘lajagini umid qilaman», deya iltifot etgan edi. Hazrati Mavlono vafotidan yetti kun o‘tgach, Hisomiddin Chalabiy Sulton Valadning huzuriga kelib, unga otasining o‘rniga o‘tirishni taklif qiladi. Hazrati Valad: «Shohning vasiyatiga muvofiq, xilofot va taxt siznikidir», deydi va Chalabiyning qo‘lini o‘padi. Sulton Valad o‘n bir yil uni otasining o‘rnida ko‘rdi, murshid deb bildi va samimiyat bilan unga muridlik qildi. Yetti yuz o`n ikkida Rajab oyining o`nida shanba kechasi dunyodin o`tti. (Nasoyim ul-muhabbat, 371-bet)
Alisher Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat»ning boshqa o‘rinlarida ham Mavlono Rumiy nomlarini tilga oladi. Jumladan, Najmiddin Kubro zikrida uning jangda javonmardlik ko‘rsatganini aytib, bu haqda Mavlono Rumiy g’azalyotida ishorat bor deyiladi. (Nasoyim ul muhabbat, 330-bet) Farididdin Attor zikrida Jaloliddin Rumiy aytgan ekanlarki, «Shayx Mansur Halloj nuri yuz ellik yildan so‘ngra Shayx Farididdin Attor ruhiga tajalliy qildi va uning murabbiysi bo‘libdur», - deb keltiriladi. (Nasoyim ul-muhabbat, 472-bet) Bundan tashqari Hakim Sanoiy G’aznaviy zikrida ham Mavlono Rumiy nomi tilga olinadi.
Alisher Navoiyning «Nasoyim ul-muhabbat» asari Abdurahmon Jomiyning «Nafohot ul-uns» asaridan ilhomlanib yozilgan nazirayi benazir asardir. Abdurahmon Jomiy o‘zining bu asarida mavlono Rumiy haqlarida:
Man chi go‘yam vasfi on oliyjanob,
Nist payg’ambar, vale darad kitob.
Mazmuni: Men ulug’ janob vasfida ne dey,
Payg’ambar emas, lekin kitobi bor,-
deb keltiradi. Alisher Navoiyda esa bu ta’rif takrorlanmaydi. Biz yuqorida «Masnaviyi ma’naviy» asarini bejizga muqaddas deb ta’kidlamadik. Bu asar butun dunyo miqyosida fors tilida yozilgan Qur’on darajasiga ko‘tarilgan. Jomiy hazratlari ham bejizga «Payg’ambar emas, lekin kitobi bor», deya ta’kidlamagan.
Alisher Navoiy «Majolis un-nafois» asarida «Avvalg’i majlis»da Hazrati Amir Qosim Anvor haqlarida so‘z yuritganlarida uning «Anisul-oshiqin» otliq muxtassarroq masnaviy ham nazm qildilar va tarji’,- yana dedilar,- tabarruk jihatidan ikki matla bitilur, biri bukim:
Rindimu oshiqemu jahon so‘z-u joma chok,
Bo davlati g’ami tu zi fikri jahon chi bok.
Bu faqr avval nazmkim o‘rganibmen, bu so‘ngg’i matla’dur. Hamono uch yosh bila to‘rt yoshning orasida erdim, azizlar o‘qimoq taklifi qilib, ba’zi hayrat izhori qilurlar erdi va masnaviylari hazrati mavlono Jaloliddin Rumiy (quddisa sirruhu) masnaviysi vaznidakim «ramali musaddas» derlar voqe’ bo‘lubtur, bu misrakim:
Bud dar Tabriz sayyid zodae,
Mazmuni: Tabrizda bir Sayyidzoda bor edi.
Bundan shuni anglash mumkinki, Alisher Navoiy Qosim Anvorning baytlarini Jaloliddin Rumiyning «Masnaviy»si vaznida, ya’ni ramali musaddasi mahzuf - foilotun, foilotun, foilon ruknida yozilganligini ta’kidlaydi. Demak, Jaloliddin Rumiyning «Masnaviy»si juda mashhur asar bo‘lgan. «Majolis un -nafois»ning boshqa bir o‘rinlarida ham Mavlononing «Masnaviy» asarini bir necha marta tilga oladi. Jumladan, Mavlono Husayn Xorazmiy zikrida shunday yozadi. «Zohir ilmida Mavlono zamonining mashoyihidir va «Maqsadi aqso»ning tasnifidur va Mavlono Jaloliddin Rumiy «Masnaviy»sig’a sharh bitibdir «Qasidai burda»g’a dag’i xorazmcha turki tili bila sharh bitibdur».24
Alisher Navoiy umrining so‘ngi yillarida yozgan «Mahbub ul-qulub» asarining o‘n oltinchi «Nazm gulistonining xush nag’ma qushlari» faslida shunday keltiradi «…forsiy iboratda ul jumladin, nozimi javohiri asror Shayx Farididdin Attordir. Yana qoyili masnaviyi ma’naviy g’avvosi bahri yaqin Mavlono Jaloliddin, ya’ni Mavlaviy Rumiydurki, maqsadlari nazmdin asrori ilohiy adosi va ma’rifati nomutanohiy imlosidin o‘zga yo‘qtur», deb keltirib o‘tadi.25
Alisher Navoiyning holotlaridan hisoblangan Abdurahmon Jomiyga bag’ishlangan «Xamsat ul-mutahayyirin» asarida ham Jaloliddin Rumiyga bog’liq jihatlarni ko‘ramiz. Asarda «Podshoh Marv shahrida erkanda Ustod Hasan Noyining favtining xabari Iroqdin keldi, Faqir hazrati Mavlaviy masnaviysining avvalg’i bayti munosabat jihatidin tazmin qilib erdim. Bu navkim, tazmin:
Sharhi hajri shohi ustodin Hasan,
«Bishnav az nay chun hikoyat mekunand».
Band-bandi u judo gashta zi ham,
«Az judoyiho shikoyat mekunand».
Mazmuni:
Ustodlar shohi Hasandan judolik sharhini,
«Naydan eshitgil, qanday hikoya qiladi».
Uning bo‘g’in-bo‘g’inidan bir-biridan ajralib,
«Judoliklardan, shikoyat qiladi»,-
misralarini bitib, hazrati Maxdum xizmatlarig’a yuborilib erdi. Alar kelur kishidin ham bu baytni tazmin qilib, bu ruq’ani yuborib erdilarkim, tazmin:
Shud nai xoma dilamro tarjimon,
«Bishnav az nay chun hikoyat mekunand».
Bo zaboni tezu chashmi ashrez,
«Az judoyiho shikoyat mekunand».
Mazmuni:
Qalam nayi dilimning tarjimoni bo‘ldi.
«Naydin eshitgil, qanday hikoya qiladi».
O‘tkir ko‘z va yosh to‘kuvchi ko‘zlar bilan,
«Judoliklardan shikoyat qiladi».26
Ayriliq kunlari cho‘zilishining hikoyati va mushtoqlik tunlarining uzayishi shikoyati ziyodaki, og’zi bog’liq siyohdan madadkorligi, siniq dastyorligi bilan bu noma davomida uni arz qilishga qudrat yetarmikan va bu sahifa ustida u yoziladigan narsani bitib bo‘larmikan?
Xullas, Alisher Navoiy o‘zining «Nasoyim ul-muhabbat», «Majolis un-nafois», «Mahbub ul-qulub», «Xamsat ul-mutahayyirin» asarlarida jahon so‘z san’atining muazzam siymolaridan bo‘lgan, o‘zidan keyingi Sharq va G’arb adabiyotiga kuchli ta’sir o‘tkazgan, bashariyat shoiri deb ulug’langan Mavlono Rumiy haqida bildirgan fikr-mulohazalari ilm ahli uchun asosiy manbalardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

Download 244 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling