Rahbar: Xoliqulova G
Nasriy asarlardagi ba’zi hikoyatlar talqini
Download 244 Kb.
|
alisher navoiy hikoyatlarida rumiy ananalari
2.2. Nasriy asarlardagi ba’zi hikoyatlar talqini:
a) «Tarixi anbiyo va hukamo»; b) «Tarixi mulki ajam»; s) «Mahbub ul-qulub». Alisher Navoiyning ikkita tarixiy asari ma’lum. Ular «Tarixi anbiyo va hukamo» hamda «Tarixi mulki ajam» asarlaridir. «Tarixi anbiyo va hukamo» asari 1485-1498 yillar orasida yozilgan deb ko‘rsatiladi. Bu asarda Navoiy Hamdulloh al-Mustavfiy, Solmon Forsiy, Banokatiy, Sharafiddin Ali Yazdiy kabi mashhur tarixchilar asarlaridan, «Qur’on»dan, Ibn Abbos, Vahb binni Munabbih kabi muhandis va tafsirchilardan va boshqa o‘nlab manbalardan foydalanganligi sezilib turadi. «Tarixi anbiyo va hukamo» Nosiriddin Rabg’uziyning «Qisas ul-anbiyo» asari singari Odam atodan to Muhammad s.a.v.gacha bo‘lgan davr payg’ambarlari haqida, shuningdek, ulug’ hakimlar to‘g’risida hikoya qilinadi. Biz bu o‘rinda Alisher Navoiyning «Tarixi anbiyo va hukomo» asaridagi hikoyatlarni aynan Mavlono Rumiy «Masnaviy»sidagi hikoyatlarga mushtaraklik asosida yaratilgan deb ayta olmaymiz. To‘g’ri, Mavlono Rumiy «Masnaviy»sining yetmish foizini «Qur’oni karim» oyatlarining tafsiri tashkil etadi. 690 ta hadisga rumiyona sharh berilgan. Uning forsiy Qur’on, Ma’naviyat dengizi, Tasavvuf qomusi, Dunyoning kitobi deb ulug’lanishi shundan. «Masnaviyda» ham Odam atoning yaratilishidan va payg’ambarimiz Muhammad s.a.v. va u kishigacha bo‘lgan bir qancha payg’ambarlar hamda mashhur olimlardan ba’zilari ham tilga olinadi. Ammo Navoiy bu o‘rinda Mavlonoga emas, boshqa diniy kitoblarga suyangan. Alisher Navoiyning «Tarixi anbiyo va hukamo» va «Saddi Iskandariy» dostonida Luqmoni hakim to‘g’risida hikoyat keltiriladi.37 Mavlono Rumiyning «Masnaviy»sida ham Luqmoni hakim haqida (Ikkinchi kitob, 173-174-betlar; Uchinchi kitob, 299-bet) bir nechta hikoyatlar keltiriladi. Alisher Navoiy asarlaridagi Luqmoni hakim haqidagi hikoyatlar boshqa-boshqa. Mavlono Rumiyning «Masnaviy»sidagi hikoyatga umuman o‘xshamaydi. Lekin shunday bo‘lishiga qaramay, bu hikoyatlar bir-birini to‘ldiradi. Bu hikoyatlar bir-birining mantiqiy davomidek ko‘rinadi. Luqmoni hakim hikoyati haqida so‘z borganda, biz yuqorida ta’kidlab o‘tgan Mavlono va Navoiy ijodida ham xalq og’zaki ijodining ta’siri juda yuqori bo‘lgan. Luqmoni hakim ko‘pdan ko‘p hikoyatlarning qahramoni, u asrlar mobaynida og’izdan og’izga, kitobdan kitobga o‘tib kelmoqda. Luqmon deganda eng murakkab mushkilotlarni ham o‘tkir aqli va tadbiri bilan hal etuvchi donishmand, so‘zamol va hozirjavob qahramon ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Mavlono va Navoiy ham Luqmoni hakimning mana shu jihatlarini tasvirlaydilar. «Tarixi mulki ajam» («Eron podshohlari tarixi») Alisher Navoiyning eng kam o‘rganilgan, lekin jiddiy o‘rganishga loyiq asarlaridandir. 1488-yilda yaratilgan bo‘lib Eron podshohlari tarixini yoritishga bag’ishlangan. Biroq Navoiygacha ham Eron podshohlari tarixini juda ko‘p tarixchi va shoirlar tomonidan ba’zi o‘rinlarda Navoiy asarlariga nisbatan kengroq yoritilgan edi. Navoiy o‘z asarini yaratishda «Tarixi Tabariy», «Tarixi sohib guzida», Firdavsiyning «Shohnoma»si, «Tarixi Banokatiy», «Tarixi Jaloliy», «Jomiut-tavorix» va yana boshqa bir qator asarlardan foydalangan. Alisher Navoiyning ushbu asarida ham Mavlono Rumiy an’anasi jiddiy ko‘zga tashlanmaydi. Mavlono va Navoiyning tarixiy shaxslar haqidagi hikoyatlari (Iskandar, G’aznaviy) yuqorida ta’kidlaganimizdek Navoiy Mavlononing izidan borgan deyishimizga asos bo‘laolmaydi. Alisher Navoiyning «Mahbub ul-qulub» asari 1500-yilda yaratilgan. Navoiy bu asarida hayotdan olgan tajribalariga, taasurotlariga, o‘zining ijtimoiy-siyosiy va axloqiy-ta’limiy qarashlariga yakun yasash, turli ijtimoiy tabaqa va guruhlarni tasnif va ta’rif qilib, ularning burchi va vazifalarini yoritish, ayrimlarining foliyati, xatti-harakati va va xulq-atvoridagi illatlarni fosh etish, ularni yaxshilikka yo‘llash maqsadini o‘z oldiga qo‘yadi. «Mahbub ul-qulub» falsafiy va axloqiy-ta’limiy asardir. Unda Navoiy XV asrdagi ijtimoiy tabaqa va guruhlarni tasnif va ta’rif qiladi. O‘z ijtimoiy-siyosiy va axloqiy-ta’limiy qarashlarini bayon etadi, pand va tanbeh beradi. Shu jihatdan qaraganda, «Mahbub ul-qulub» Yusuf Xos Hojibning «Qutadg’u bilig», Nosir Xusravning «Saodatnoma» Sa’diyning «Guliston» va «Bo‘ston», Abdurahmon Jomiyning «Bahoriston» asarlari tipidagi o‘ziga xos bir nasihatnomadir. Asarda bir necha kichik hajmli hikoyatlar ham bor. Bu hikoyatlar asarda qo‘yilgan biror masalani yoritishda bir ko‘rgazma sifatida xizmat qiladi. Masalan, odob – axloq tavozening foydasi va xudbinlik hamda muttakabbirlikning zarari to‘g’risida Muqbil va Mudbir haqida hikoya keltiriladi. (Bu haqda yuqorida to‘xtalgan edik). Bundan tashqari o‘ninchi bob, Ishq zikridan keyin Majnun haqida hikoyat keltiriladi. Alisher Navoiy «Xamsa» asari tarkibidagi «Layli va Majnun» dostoni bilan bir qatorda «Hayrat ul-abror», «Saddi Iskandariy» dostonida ham Layli va Majnun haqida hikoyatlar keltiradi.38 Mavlono Rumiy «Masnaviy»sining ham juda ko‘p o‘rinlarida Layli va Majnun haqida (Uchinchi kitob, 262-bet; To‘ttinchi kitob, 462-bet) hikoyatlar mavjud. Biz bu o‘rinda ishimizning ko‘lami kengayib ketganligi sababli bu hikoyatlar tahliliga alohida to‘xtalmadik. Bu albatta keyingi ishlarimizda o‘z aksini topadi. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Alisher Navoiyning nasriy asarlariga nisbatan, epik asarlarida ayniqsa «Lison ut-tayr»da Mavlono Rumiy asarlariga mushtaraklik ko‘proq kuzatiladi. Xulosa Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Alisher Navoiy buyuk lirik shoir, dostonnavis bo‘lish bilan birga mashhur hikoyatnavis hamdir. Navoiy garchand alohida hikoyatlar to‘plami yaratmagan bo‘lsa-da, uning «Hayrat ul-abror», «Sab’ai sayyor», «Saddi Iskandariy», «Lison ut-tayr» dostonlaridagi, «Mahbub ul-qulub» kabi prozaik asarlaridagi hikoyatlar Navoiyni hikoyatnavis deb atashimizga asos bo‘ladi. «Xamsa» va «Lison ut-tayr» asari tarkibidagi hikoyatlar she’riy yo‘lda bo‘lsa, boshqa asarlaridagi hikoyatlar o‘sha asarning nutq turiga muvofiq nasriydir. Navoiy hikoyatlarining yaratilishidagi asosiy manbalardan biri o‘zbek xalq og’zaki ijodi va yozma adabiyot bo‘ldi. Sharq tillariga tarjima qilingan mashhur «Kalila va Dimna» kitobi, umuman, xalq og’zaki ijodi na’munalari bilan Navoiy yaqindan tanish bo‘lgan. X - XI asrlardan boshlab, fors-tojik adabiyotida falsafiy-didaktik xarakterdagi asarlar vujudga kela boshladi. Ularda olg’a surilgan g’oyalarni asoslash uchun kichik-kichik hikoyatlar keltiriladi. Dastlab shunday hikoyatlarni XI asrning oxiri XII asrning boshlarida yashab ijod etgan Sanoiyning «Haqiqatlar bo‘stoni» nomli asarida uchratamiz. Yaqin va O‘rta sharq xalqlarining axloqiy-ta’limiy asarlarini, tarix kitobi va epik adabiyotini hikoyatlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ularning deyarli hammasida ibratomus hikoya, tamsil va masallar, latifa va afsonalar bor. XIII asrga kelib axloqiy-ta’limiy ruhdagi asarlarga hikoyat kiritish an’anaga aylanib qoldi. Bu an’ananing ahamiyati shundaki, yozuvchi o‘z asarida olg’a surgan g’oyani asoslash, ularni kengroq yoritish, o‘quvchining esida qoldirish maqsadida misol sifatida kichik hikoyatlar keltiradi. Buni biz Mavlono Rumiy, Sa’diy, Nizomiy, Xusrav Dehlaviy kabi buyuk shoirlarning ijodida ko‘rishimiz mumkin. Navoiy nomlari zikr etib o‘tilgan shoirlar ijodi bilan yaqindan tanish bo‘lgan. U yoshligidanoq Sa’diyning «Bo‘ston» va «Guliston» hikoyatlar to‘plamini, Fariduddin Attorning «Mantiq ut- tayr» asarini qayta-qayta o‘qib, hatto ba’zilarini yoddan bilganligi ma’lum. Alisher Navoiy o‘z ijodida ularga munosabat bildirish bilan bir qatorda asarlarida ularning an’analarini davom ettiradi. Bu jihatdan Navoiy Mavlono Rumiy ijodiga ham befarq bo‘lmagan. Jumladan, Alisher Navoiyning Mavlono Rumiy shaxsiyatiga, ijodiga o‘zining «Nasoyim ul-muhabbat», «Majolis un nafois», «Xamsat ul -muttahayriyn», va «Mahbub ul-qulub» asarlarida bildirgan fikr – mulohazalarining aniq va ishonarliligi, Mavlono shaxsiyatini va merosini o‘rganishimizda muhim manbalardan biri bo‘lib xizmat qiladi. Biz ushbu bitiruv malakaviy ishimizda yuqorida o‘rganilgan asarlar ichida Mavlono shaxsiyatini bevosita yoritgan, har jihatdan mufassal va aniq ma’lumot beruvchi asari «Nasoyim ul-muhabbat» deb bildik. Bu albatta bejiz emas, chunki «Nasoyim ul-muhabbat» tasavvuf ahli vakillari, mashhur mutasavviv shayxlar, so‘fiylar haqida ma’lumot beruvchi asardir. Jumladan, Mavlono Rumiy ham Mavlaviya tariqatining asoschisi, shayx va valiydir. Mavlononing mazhablar haqida, ularning ma’nisiz va maqsadsiz tortishuvlariga qarshi asosli fikrlari muhimdir.39 Mavlono Rumiy fikricha, dunyo dinlari mohiyatan birdir. Chunki ularning hammasida tavhid g’oyasi bor. Parvardigori olamga sig’inish, Undan madad olish, U sari intilish mavjud. Mavlononing tushuntirishicha, Ka’baga Shimol-u, Sharq, Janub va G’arbdan, Iroq-u, Ajamdan, Hind-u, Yamandan odamlar yo‘lga chiqadi. Ularning yo‘llari har xil ammo maqsadlari bir. Yo‘lda ixtiloflar tortishuvlar bo‘ladi, ammo Ka’baga yetgach, bahslar to‘xtaydi, ixtiloflar barham topadi. Yo‘lda bir-biriga kofirsan deganlar, Ka’baga kelishlari bilan maqsadlari bir ekanini anglaydilar. Bu fikrlarni isbotlash uchun Mavlono va Navoiy asarlarida bir xil sujet va bir g’oya asosiga yo‘g’rilgan «Ko‘rlar va fil», «Uzum hikoyati» kabi hikoyatlarning ahamiyati beqiyosdir. Mavlono fikricha kelishmovchiliklar ma’noda emas, shaklda so‘zdadir. Ma’noga yetishganlar orasida nizo yo‘q. Allohni chin dildan sevish, Undan umidvor bo‘lish unga suyanish har bir inson qalbi tubida balqigan muqaddas bir hisdir. Mavlono Rumiy hazratlarining maqbaralarining devoriga Mavlononing naqshinkor hoshiya ichiga yozilgan quyidagi satrlari yuqoridagi fikrlarni yana bir bor isbotlaydi. Yana kel, yana Kim bo‘lsang – o‘sha bo‘l, Xoh kofir, xoh majusiy, xohi butparast. Mayli yuz karra tavba qilgan bo‘l, Mayli yuz karra buzgan bo‘l bu tavbani. Umidsizlik dargohi emas bu dargoh, Qanday bo‘lsang – shundayligingcha kelaver.40 Demak, Navoiyning boshqa asarlariga nisbatan «Nasoyim ul muhabbat»da Mavlonoga keng o‘rin ajratilgan. Boshqa «Majolis un nafois», «Xamsat ul -muttahayriyn» va «Mahbub ul-qulub» kabi asarlarida esa bilvosita tilga olingan bo‘lsa-da, ularda ham Mavlononing yuksak e’tiqod egasi va mashhur shayx, bebaho asarlar muallifi ekanligi ko‘zga tashlanadi. Alisher Navoiyning «Lison ut-tayr», «Xamsa» asari tarkibidagi dostonlari va nasriy asarlaridagi hikoyatlarning Mavlono Rumiy hikoyatlariga mushtarakligini aniqlash va tahlil qilish jarayonida shu narsa ayon bo‘ldiki, Navoiy nafaqat hikoyatlarda Mavlono an’anasini davom ettirgan, balki she’riyatda ham o‘ziga xos an’anani davom ettirib, o‘z mahoratini nomoyon etgan. Navoiy she’riyatining Mavlono Rumiy she’riyatiga mushtarakligini uning ko‘plab orifona g’azallari misolida, Mavlononing «Devoni kabr» va Navoiyning «Devoni foniy» devonlari va «Xazoyin ul- maoniy»dagi ba’zi g’azallar misolida ko‘rsatish mumkin. Bu o‘rinda yana shuni ta’kidlash joizki, Navoiyning epik «Xamsa» asari tarkibidagi «Hayrat ul-abror» dostonidagi uch hayratning, Mavlononing «Masnaviy»sidagi qalb va ko‘ngil timsoli va bu timsol haqidagi Mavlononing fikr-mulohazalariga mushtaraklik jarayonlarini tadqiq etish bizning keyingi ishlarimizda albatta, o‘zining tahlili va isbotini kutadi. Download 244 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling