Rahbar: Xoliqulova G
Download 244 Kb.
|
alisher navoiy hikoyatlarida rumiy ananalari
b) »Xamsa» dostonlarida.
Tarixiy-ilmiy, falsafiy asarlarning ko‘p qismi fors tilida yozilgan bo‘lib, turkiy tildagi adabiyot arab va fors tilida yaratilgan adabiyot bilan baqamti rivojlanib, adabiy an’analar, janrlar, g’oya va obrazlarda mushtaraklik kasb etdi. XV asr o‘zbek klassik adabiyoti oldiga bir qator katta va ma’suliyatli vazifalarni qo‘ydi. Shulardan biri o‘zbek tilida xamsa yaratish edi. Xamsa yaratish Navoiy uchun ham, umuman, o‘zbek klassik adabiyoti va uning istiqboli uchun ham katta va ma’suliyatli imtihon bo‘ldi. Navoiy «Xamsa»si uch yuz yillik tajriba va an’anaga ega bo‘lgan xamsachilik taraqqiyotida yangi va yirik adabiy hodisadir. Xamsachilik tarixi haqida bu o‘rinda to‘xtalmoqchi emasmiz. Biz maqsadimizdan chetga chiqmagan holda Alisher Navoiyning ushbu asarida Mavlono Rumiy an’anasini qay darajada davom ettirganliklari haqida fikr yuritamiz. «Xamsa» asari tarkibidagi dostonlarda bu an’ana «Lison ut-tayr» dostoni singari bo‘lmasa-da, ma’lum o‘rinlarda bu jarayonlarni kuzatamiz. Chunki «Lison ut-tayr» dostoni g’oyaviy va falsafiy jihatdan ham Mavlononing «Masnaviy» asariga hamohangdir. «Lison ut-tayr»dagi ko‘rlar va fil, ovchi va ayiq, Arastu va uning shogirdi, Azroildan qo‘rqib uning saroyiga qochgan kishi, Ibrohim Adham, Boyazid Bistomiy bilan bog’liq hikoyatlar hamda to‘ti, xo‘roz va tovus kabi qushlarning ramziy-majoziy timsolini yaratishda «Masnaviy»ga murojaat qilinganligini kuzatish mumkin. Keyingi epik asar «Xamsa» asari tarkibidagi «Hayrat ul-abror» va «Saddi Iskandariy» dostonlarida berilgan hikoyatlar orqali bu mushtaraklik qay darajada nomoyon bo‘lishini kuzatamiz. «Hayrat ul-abror» dostonining falsafiy-didaktik yo‘nalishi jihatidan va unda juda ko‘p insoniy sifatlar, umumbashariy xislatlarni tilga olib o‘tilishi, asarda butun bir odamiylik konsepsiyasi shakllanganligi, bu konsepsiya negizida diniy-tasavvufiy g’oyalarning yotishi va bu g’oyalar hikoyatlar orqali isbotlanishi jihatidan hamohanglik kuzatiladi. «Hayrat ul-abror» dostonida orifona mazmunli hikoyatlar, ya’ni so‘fiylar hayotidan olingan va tasavvuf g’oyalari aks etgan hikoyatlar bo‘lib, odatda ular qisqa sujetli turli tafsilotlardan xolidir. Asardagi orifona hikoyatlarni ikki qismga ajratamiz: biri – mashhur tarixiy shaxslar (so‘fiy shayxlar, ulamolar) nomi bilan bog’liq hikoyatlar. Ikkinchisi – umuman tasavvuf g’oyasi aks etgan ramziy hikoyat yoki masallardir. «Hayrat ul-abror»da Boyazid Bistomiy, Ibrohim Adham, Abdulloh Ansoriy, Shayx Iroqiy, Imom Faxriddin Roziy, Xoja Muhammad Parso nomi bilan bog’liq hikoyatlar keltiriladi. Asardagi ikki vafoli yor, rindi Bani Isroil, chinlik go‘zal va uning oshig’i haqidagi hikoyatlarni ikkinchi qism hikoyatlarga kiritamiz. Bundan tashqari No‘shiravon, Hotami Toy, Bahrom Go‘r, Ayub payg’ambar hayotidan olingan hikoyatlar ham mavjud. Hikoyatlarning umumiy xususiyati shuki, ularning har birida bir so‘fiyona g’oya ixcham, esda qoladigan darajada ifodali qilib tasvir etiladi. «Hayrat ul-abror»ning birinchi maqolatning birinchi hikoyatida shayx Boyazid Bistomiy haqida hikoya keltiriladi.32 Shayx Boyazid Bistomiy bir kuni g’amgin bo‘lib o‘tirganda, muridlaridan biri uning bu nohush kayfiyatini sababini so‘raganda, Shayx o‘tli ko‘z yoshlarini to‘kib: «Istiroblarimning boisi shuki, odamlar o‘z dardi bilan, to‘s-to‘palon, shikoyat-u, norozilik ko‘tarishadi-yu, har biriga o‘zi qilayotgan ishi maqbul ko‘rinadi. Ulardan birortasini ham chinakam inson deb bo‘lmaydi. Bo‘lsa ham, o‘tib ketganlar ichida bo‘lishi mumkindir». Bu so‘zni eshitgan murid shayxga shunday savol beradi: «Bu olamda haqiqiy inson qolmagan, deding, axir sen o‘zingni bu el ichiga qo‘shmading-ku?!» Shayx javob berdiki: «Ey, ishi gumrohlik, nodonlik bo‘lgan kishi, men aytayotgan sirdan ogoh bo‘lmagan odam! Men kabi yuz ming sargashta, ko‘z yoshi jigar qoniga belanganlar, imon bilan ketishni bilmasa, bunday gaplarni aytadigan odam bo‘lmasa, olamdagi sen-u menga o‘xshagan katta-kichik odamlar-hammamiz bu g’am tig’idan abgormiz, barchamiz bu g’amga giriftormiz. Bu alam tashvish bilan kimning ichi qon bo‘lmadi, kimga bu nukta ayon bo‘lmadi? Kim chu vido aylagusi jon anga, Hamroh o‘lur yo‘qsa, yo‘q imon anga. Agar jahon ahlining barchasi shu dard bilan istirob cheksa, mening so‘zlarim xatomi?». Alisher Navoiyning «Lison ut-tayr» dostonida ham Shayx Boyazid Bistomiy haqida hikoyat keltiriladi.33 Bu hikoyat «Hayrat ul-abror» dostonidagi hikoyat bilan aynan bir xil emas. Unga ko‘ra Bistomiy vafotidan keyin shogirdining tushiga kiradi. Shogird Shayxdan «Alloh senga nima qildi? Bizga holingdan xabar ber», - deydi. Komil murshid unga shunday javob berdi: -Lahad qari makon bo‘lgan zamon, savol beruvchi maloikalar hozir bo‘ldilar. Ular mendan: «Sening yaratuvching va abadiy murabbiying kim?» deb so‘radilar. Men dedim: «Bu so‘zni mendan so‘ramang, agar savollaringizga javob bermasam, aybga buyurmang. Yaxshisi, unga borib, so‘rab ko‘ring-chi, u bandalik qilishimga yo‘l berarmikan? Agar u meni o‘z qulligiga qabul etsa, shuning o‘zi javob o‘rnida o‘tadi. Agar u meni qabul etish baxtidan noumid qilsa, hajrida mudom ovvoraman. Unda meni rad etilganlar qatorida deb biling va ko‘nglingiz nimani istasa o‘shani qiling! Ular mendan o‘z savollariga shunday javob olgan ondayoq, yuqoridan oliy xitob keldi: «Ey, savol beruvchilar! U ma’suliyatli so‘zlar aytdi va bu bilan bizning eng yaxshi, maqbul bandalarimizdan ekanligini isbotladi». Xullas, uning nuriga ko‘z ravshan bo‘lmaguncha, o‘z demoqlik bilan rost so‘z kelmaydi». Hikoyatlar dostonlarning badiiy-tasviriy qiymatini oshirishda xizmat qilgan. Hikoyatlardagi shayxlar, alloma zotlar e’tiqodi, tamoyillarini ko‘rsatish barobarida, kichik lavhada ularning xarakterli xususiyati ochilgan. Ularning hammasiga xos xislat obrazlarni birlashtiruvchi jihat ham bor. Bu Allohga sadoqat, o‘z e’tiqodi yo‘lida, poklik, iymon yo‘lida jon fido qilishga tayyor turish, ibrat na’muna ko‘rsatishdir. Mavlono Rumiyning «Masnaviy»sida (Ikkinchi kitob, 195-bet) «Bir shayxning Boyazidga, men Ka’baman, atrofimdan aylanib, meni tavof et degani» hikoyati beriladi. Hikoyatda Shayx Boyazid Bistomiy Makkaga haj va ehson qilish uchun yo‘lga chiqadi. U qay shaharga borsa, avvalo u shaharning azizlarini so‘rardi: Boyazid yo‘llar bosarkan izladi, Bir Hizrdek muqtadoni ko‘zladi. U mo‘ysafidning qaddi dol, ammo chehrasidan nur yog’ilib turadi. Ko‘zlari ojiz, lekin yuz tarafni ko‘ra olib, ko‘ngil ko‘zlari ochiq edi. So‘rdi: yo‘l bo‘lsin senga, ey Boyazid? Qaysi manzillar sari eltar umid? Ka’baga, dedi, borurman haj uchun, So‘rdi: aqchang bormu, yo‘l harjing nechuk? Dedi: bordur ikki yuz tanga pulim, Ehtiyotdin to‘nga tiqqanman uni. (Ikkinchi kitob, 195-bet) Bu so‘zlarni eshitgan pir shunday deydi: «Atrofimdan yetti marta aylansang, bu Ka’bani ziyorat qilganingdan ham ziyoda bo‘ladi. Tangalaringni menga bergil, o‘yla, bu haj qilganing va murod nasib etgani, sadaqa qilsang bu baqoga yetganing, Tangrim meni jonimni (ya’ni ko‘ngil) jon deb saylab, o‘z uyidan ham ziyoda aylagan, Ka’ba hammaning mehr uyi bo‘lsa, meni jonim Allohning sir uyi, meni ko‘rding bu Allohni ko‘rganing va Ka’bani atrofidan aylanganingdir». Boyazid ushbu o‘gitni tingladi, Nukta-nukta ko‘ngliga jo ayladi. Shul tufayli bo‘ldi andoq muqtado, Etdi ul oxirdin ul oxirga to. (Ikkinchi kitob, 196-bet) Mavlono Rumiy bu hikoyat oldidan uning mazmunini ochib beruvchi, o‘qigan inson keyingi hikoyatning mag’zini chaqish uchun asos bo‘luvchi va hikoyatga o‘tish uchun ruhiy tayyorgarlik, ma’naviy ko‘prik vazifasini bajaruvchi to‘rt baytlik pir va muridning suhbatini keltiradi. Unga ko‘ra yosh bir murid yangi uy quradi. Pir uy muborak bo‘lsin deb, uy ko‘rishga keladi. Shayx imoratni u yoq, bu yog’ini aylanib, yangi muridni imtihon qiladi: Panjarang senga nechun manzur? – dedi, Chunki undan uyga tushgay nur, - dedi. Dedi: to‘g’ri, lek niyat qil bilasos, Shul taraflardin kelur bongi namoz. (Ikkinchi kitob, 195-bet) Yuqorida ko‘rib o‘tkanimizdek, Navoiy va Mavlono hikoyatlarining bosh qahramoni Boyazid Bistomiy, ammo har ikkala ijodkorning hikoyasi, mashhur tariqat piri, tasavvuf taqaqqiyotida katta rol o‘ynagan buyuk so‘fiy, «Sulton ul-orifin» («Oriflar sultoni») va «Burhon ul-muhaqqiq» («Tahqiq ahli hujjati») unvonlari bilan ulug’langan Boyazid Bistomiyning so‘fiyona donoligi-yu odilligini bir-birini takrorlamaydigan hikoyatlar orqali ko‘rasatadi. Bu o‘rinda shuni ta’kidlash joizki, Boyazid Bistomiy va umuman, Ibrohim Adham, Shibliy kabi tarixiy shaxslar hayotining o‘zi afsonaga aylangan, ular timsol darajasiga ko‘tarilgan – valilik, komillik timsoli bo‘lib qolganlar. Hikoyatlar ana shu timsol siymosidagi chizgilar deb, hisoblash mumkin. Mavlono va Navoiy hikoyatlarining qahramoni Boyazid Bistomiy, ammo turli xil yo‘l bilan hikoya qilingan bo‘lsa-da, har ikkala hikoyaning ham g’oyasi bir va bir maqsad sari yo‘naltirilganligi bilan ahamiyatlidir. «Hayrat ul-abror»ning ikkinchi hikoyatida Ibrohim Adhamning Ka’baga safari va Makkada Ka’baning o‘z joyida yo‘qligi hikoya qilinadi. Ibrohim Balxda toj-u taxtini tashlab, mulk-u, hashamdan kechib darvesh bo‘lgach, sahrolarni piyoda kezib, kecha-kunduz namozni kanda qilmay Ka’ba ziyorati uchun Makkaga yo‘l oladi. Ammo Makkaga borsa, Ka’ba o‘z joyida ko‘rinmaydi. Shunda hayron bo‘lib turganda Haqdan nido keladikim, «Ey, piri roh, badiya qat’ig’a durur bir ajuz (kampir), shavq-u muhabbat yukidin qaddi ko‘z (bukri), ul kampir zaif-u notavon bo‘lgandan keyin Ka’ba uning tavofiga bordi». Ibrohim qarasa, Robiya kelardi, ammo u Ka’ba bilan birga edi. Ibrohimning hayron bo‘lib bergan savoliga Robiya Adaviya shunday javob beradi: Bo‘ldi ishing arzi namoz aylamak, Sheva manga arzi niyoz aylamak. Sanga samar berdi namoz-u riyo, Bizga bu bar berdi niyoz-u fano.34 Shoir bu hikoyatda namoz va niyoz tushunchalarini qiyoslaydi. Ibrohim Adham namoz, ya’ni ibodatga beriladi, buni Allohga xizmatning yo‘li deb biladi. Robiya Adaviya esa niyozmand, ya’ni oshiq, u yonib-o‘rtanib xudoni sevadi. Parvardigor ishqida na o‘zini biladi, na olamni, na namozni, na ibodatni. Navoiy ana shunday oshiqona sadoqatni zohiriy toat ibodatdan ustun qo‘ygan. Bu hikoyat ikkinchi «maqolat» sharhi uchun keltirilgan. Ikkinchi «maqolat»da islom xususida so‘z boradi. Demak, Alisher Navoiy islom mohiyatini ham so‘fiyona ruhda idrok etadi. Shunga o‘xshash har bir hikoyat tasavvufning biror masalasini badiiy talqin etishga bag’ishlangan bo‘lib, asarning umumiy mazmuniga singdirilgan. Alisher Navoiyning tasavvufiy-falsafiy dostoni «Lison ut-tayr»da ham Ibrohim Adham hikoyati beriladi.35 Bu hikoyat ham «Hayrat ul-abror» dostonidagi hikoyat bilan aynan bir xil emas. Mavlono Rumiyning «Masnaviy»sida (To‘rtinchi kitob, 409,412-betlar) Ibrohim Adham haqida bir nechta hikoyat keltirilgan. Hikoyatda keltirilishicha Ibrohim Adham bir kechasi taxtda o‘tirar ekan, saroy tomida ayoq tovushlarini eshitadi. Ibrohim Adham «Saroyimning tomida nima ishingiz bor, nega u yerga chiqib oldingiz»,- deb so‘raydi. -Yo‘qotgan tuyalarimizni qidiryapmiz,- degan javobni oladi. Ibrohim Adham hayron bo‘lib so‘radi: -Kechaning shu vaqtida saroyning tomida tuyani qidirasizmi, saroy tomidan tuya qidirganni kim ko‘ribdi? Tomdagilar javob berishdi: -Sen ham taxtda o‘tirib, maishat, kayf-safo ichra podshohlik qilib, Alloh taolloni qidiryapsan, Uni topishga umidvorsan-ku, nega endi bizning bu yerda tuya qidirishimizga hayron bo‘lasan?! Bu javobdan so‘ng Ibrohim Adham toj-u taxtni tashlab, komillik yo‘lini tanladi. Adabiyotimizda nasr va nazm shaklida yozilgan bir necha «Ibrohim Adham manoqiblari» bor. Sharqda «Umum buldon», «Qubbatul islom» nomi bilan mashhur bo‘lgan Ibrohim Adham hozirgi Afg’oniston hududidagi Balx shahrida tug’ulgan. Ibrohim Adham bu hududning hukmdori edi. Toj-taxtni tashlab, zuhd va taqvo yo‘liga yo‘nalgani uchun juda ko‘p ijodkorlarning diqqat e’tiborini jalb etgan, bu borada ko‘plab hikoyat va qissalar yuzaga kelgan, hayoti doston qilingan. Yaratilgan barcha hikoyatlar bir-biriga mazmunan yaqin va bir-birini to‘ldirib boradi. Bir necha ma’naviy ogohlantirishlar sababidan Ibrohim Adhamning qalbida g’am, dard-u g’am paydo bo‘ladi. Bu albatta oddiy g’am emas. Bir kuni ovda bir necha soat bir kiyikning orqasidan yuguradi. Shu orada g’oyibdan bir necha bor ushbu so‘zlarni eshitadi: «Ey Ibrohim, sen shuning uchun yaratildingmi?» Oxiri unga: «Vallohi, sen bu ish uchun yaratilmagansan», - deyiladi. Ortidan quvgani kiyik ham tilga kirib, bunday deydi: «Men seni ovlamoq uchun yuborildim, meni ovlashing uchun emas. Bechora bir hayvonni o‘ldirish senga yarashadimi? Bundan boshqa ishing yo‘qmi?» Bu voqealarni shunday izohlashimiz mumkin: Ibrohim Adham mamlakatida hukmdor yoki shahzodadir, moddiy jihatdan yaxshi ahvolda bo‘lgan. Biroq xotirjam emas, ma’naviy izlanish girdobidadir. Bu hol uning atrofida sodir bo‘layotgan (unga ko‘rsatilayotgan) voqea hodisalarga shu jihatdan baho berishi, kerakli xulosalar chiqarishi, ibrat olishiga yo‘l ochadi. Nihoyat, qat’iy qarorga keladi. Shuncha dovrug’, shon-shuhrat, hashamatga qaramay, toj-u taxti hukmdorligi va ega bo‘lgan moddiy imkoniyatlarni tashlab, oddiygina ma’naviy barkamollik yo‘liga kiradi. Aslida bu juda og’ir va qiyin qaror. Ammo oxiri so‘nggi xayrli nihoya topadi, Ibrohim Adhamning nomi shu tufayli abadiylashadi. Buni Mavlono hikoyatda Shunday keltiradi: Kechdi ko‘zdin, eldin ayro bo‘ldi shoh, Dahr aro mashhur-u anqo bo‘ldi shoh. Mavlono Rumiyning «Masnaviy» (Oltinchi kitob, 767-768-bet) asarida Misrdagi xazina haqida hikoyat keltiriladi. Hikoyatda Bog’dodda katta merosga ega bo‘lgan, bir odam bor edi. Qisqa vaqtda boyligini yelga sovurib, yo‘qsil bo‘lib qoldi. Zero, boylikni hech zahmat mashaqqatsiz, qo‘lga kiritgan edi. Tang ahvolda qolgach, qo‘l ochib, Alloh taologa yolvora boshlaydi. Bir necha kun duo iltijolar qildi. Nihoyat, bir oqshom tushida: «Misrga borishing kerak, u yerda katta bir xazinaga ega bo‘lasan», - deyildi. Odam uyg’ongach vaqtni o‘tkazmay, Misr yo‘liga tushdi. Uzoq safar uni qiynab qo‘ydi. Och, tashna, charchagan edi. Bir necha kun parishon Misr ko‘chalarida tentirab yurdi. Na bir burda non topdi, na xazinaning izini. Nihoyat tilanchilik qilishga majbur bo‘ldi. Uyalganidan kechasi tilanardi. O‘sha kunlari Qohirada o‘g’rilar ko‘payib qolgan edi. Mirshab uni tutib oldi. O‘g’ri deb o‘ylab, rosa kaltakladi. Shunda uquvsiz tilanchi, bechora yo‘qsil: «Iltimos, urma. Men o‘g’ri emasman, senga haqiqatni aytaman!» deb faryod soladi. Qasam ichib, boshidan o‘tgan voqealarni ayta boshladi: - Men na o‘g’ri, na kisovurman, bir g’arib bog’dodlikman, - deya ko‘rgan tushini va xazina qidirayotganini aytdi. Mirshab uning gaplariga ishondi va: -Hoy, sen qanday aqlsiz odamsan, bir tushga ishonib, xayolga berilib, shu yerlarga keldingmi? Men necha yildir, Bog’dodda falon mahallaning falon ko‘chasidagi uyning falon joyida bir xazina yashiringanini tushimda ko‘raman. Shunga ishonib bo‘larkanmi? Qani tezroq bu yerdan ketchi. Yo‘qsa qo‘limdan qutulolmaysan,- deb baqiradi. Bu gaplarni eshitgan odamning sevinchi ichiga sig’masdi. Chunki Mirshab aytgan joy Bog’doddagi o‘zining uyi edi. Shosha – pisha Bog’dodga yo‘l oldi. Mavlono Rumiy xazina ortidan yugirayotgan, odamni shunday gapirtiradi: «Xazinaning boshida turib, yo‘qsillikdan o‘lyapman-u, xabarim yo‘q. Chunki zulmatda g’aflat pardasi ortida ekanman». Dedi sho‘rlik ganj erur xonamda chun, Men faqirmen, yo‘qsil-u xorman nechun? Bo‘yla bir yo‘qsil gado ganj uzramen, Chunki zulmat ichra, g’aflat ichramen. Hikoyatda anglatilgani kabi ba’zan juda yaqindagi ne’mat va imkoniyatlarga qancha ko‘p zahmat va qiyinchiliklardan so‘nggina erishiladi. Hikoyatdagi xazina aslida bir majozdir, erishilmoqchi bo‘lingan narsa ishq, ilohiy ishq xazinasidir. Bu asl xazina o‘zimizdadir. O‘z ichimizdagi xazinaga ye tishmoqni maqsad qilishimiz kerak. Xazina bilan bog’liq hikoyatni Alisher Navoiyning «Xamsa» asari tarkibidagi «Saddi Iskandariy» dostonida ham uchratamiz. Dostonning yetmish to‘rtinchi bobi «Mashriqda ganj topqon kishi hikoyatikim, mag’rib ganjnomasini o‘qib, mehrdek boshtin qadam qilib mag’ribqa bordi va ul zari mag’ribiy topg’ach mehrdek uyoqti»,36 mavzusi bilan boshlanib, unga ko‘ra bir kishi sharqda boy va nodir xazina topadi. Xazinaning eshigida «Kimki bu xazinani aniq toparkan, agar mag’rib diyoriga borib, falon yerlarni qarasa bundan ham katta ganj bor, u yerga shu xatni olib borgan odam bu mukofotni ham olg’usidir»,-degan xatni o‘qiydi. Bu xatni o‘qigach, ikkala xazinani ham olaman, - deb Mag’rib tomon yo‘l oladi. U necha yillab daryo kechib va dashtlarni kezib, mehnat va mashaqqatlardan so‘ng, istagan yeriga yetib, xazinasini topgan ediki, shu paytda birdan boshiga ajal yetdi. Shunday qilib, u na bu xazinadan bahra oldi, na u xazinadan. Mashaqqat cheka – cheka jonidan ham ayrildi. Navoiy hikoyat so‘ngida shunday xulosa qiladi: Shohlik - ho‘l-u quruq demay, behalovat kezib, hamma yoqni zabt etishdan iborat emas, balki tangri bergan ne’matlardan elni bahralantirishdir. Kimki sabrli va qanoatli bo‘lsa, dano baxtiyor odam shudir. Alisher Navoiyning «Hayrat ul-abror» dostoni yettinchi maqolati qanoat haqida so‘z yuritib, «Qanoatli juvonmard bilan tamagir jahongashtaning hamroh bo‘lgani, birining qanoat azobini chekish tufayli farog’at boyligiga erishgani, ikkinchisining farog’at boyligiga berilganidan xorlik azobida qolgani», haqida hikoya keltirilib unda Fors o‘lkasidan ikki o‘rtoq Chin mamlakati tomon safarga chiqadi. Yo‘lda oddiy bir toshga ko‘zi tushadi. Uning yarmi yerga kirgan, yarmi tashqarida bo‘lib, tashqari qismiga – Kimki, qiyinchilikka bardosh berib, toshning orqa tomonini ag’darsa, unda bir afsona yozilgan. O‘sha afsonaga ko‘ra, shu atrofda bir vayrona bor. U vayronada xazina bor. Mashaqqatiga chidagan o‘sha xazinaga ega bo‘ladi. Kimki bu mashaqqatga chiday olmasa, undagi sabr qanoatning boridan yo‘g’i yaxshi. Tamagir buni o‘qigach, besanjom bo‘lib, tamagirlik tomirlari qattiq ura boshladi. Xazina havasida toshning tagini xazishga tushadi. Qanoatli kishi bu so‘zlarga parvo qilmay o‘tib ketdi. Uni qanoat, bir mamlakatga podsho qildi. Tamagir kishi esa, ming mashaqqat bilan toshni boshqa tomonga aylantirganda unda «Kim xomtama bo‘lsa, u dunyoda doim azobda»,- deb yozilgan ekan. Hikoyatda bir-biriga qarama qarshi ikki xarakter yaratilgan. Bir-biriga qarama-qarama qarshi ikki xarekter «Sab’ai sayyor»ning oltinchi hikoyatida ham yaratilgan bo‘lib, qalbi sof Muqbil baxtiyor bo‘ladi. Mudbir esa baxtsiz. (Muqbil va Mudbir obrazi, bir-biriga tamomila qarama-qarshi kishilar obrazi «Lison ut-tayr» va «Mahbub ul qulub»da ham berilgan. Bu asarlardagi hikoyatlarda odatdagidek Muqbil baxtiyor bo‘ladi, Mudbir-badbaxt). Mavlono va Navoiy ijodidagi ushbu hikoyatlar turli maqsadlar uchun ya’ni, Mavlono ham, Navoiy ham o‘z fikrini isbotlash uchun bu hikoyatlardan vosita sifatida foydalangan. Bu g’oyalar Mavlono Rumiyda o‘zida mavjud ishqni bilmasdan boshqa yoqlardan izlash va o‘sha ishqqa erishish uchun turli mashaqqatlarni yengish orqali bunga erishish mumkinligi g’oyasi ilgari surilsa, Navoiyda esa qanoat va tama’girlik, tavoze va xudbinlik kabi sifat hamda illatlarni ko‘rsatish maqsadida keltiriladi. Biz bu o‘rinda Mavlono va Navoiy hikoyatlarining sujet chizig’i bir-biriga yaqinligi (hikoyatlardagi xat, tush, tosh, xazina bilan bog’liq jihatlar) nuqtayi nazardan tahlil qilishga harakat qildik. Download 244 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling