Reja: Poshshoxoja ibni Abdulvahhobxoja shaxsiyati va adabiy merosi manbalari. "Miftoh ul-adl" va "Gulzor" asarlari kompozitsiyasi, nasr va nazm munosabati


Download 36.78 Kb.
bet5/10
Sana22.12.2021
Hajmi36.78 Kb.
#182456
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Bog'liq
Xoja

Tutdi alar bori tariqi fano,

degan xulosaga keladi. Keyin esa salaflari va xalq qissalaridan farqli ravishda, bularning o’limi faqat jismoniy o‘lim, ajal qo‘ymay olib ketgan bo’lsa ham, ular ma’naviy jihatdan tirikdirlar, chunki ulardan:

Bir necha so’z qoldi bu olam aro,

Kim ko’ngul oinasig’adur ziyo.

Masnaviyu she’ru g’azaldur ayon,

Kim borisi lutf ila topdi bayon.

Nazminaki, jonlar arodur huzur,

Diydai haqbing’a berur fayzu nur

To bu jahon bor-bu so’z bordur,

Ilmi haqiqatga bu so’z yordur.

Kimki borib, qo’ydi esa yaxshi ot,

O’lmadi ul kishiyu topti hayot.

Shoirning bu so’zlari uning etuk adabiyotshunos, nazariyotchi sifatida badiiy adabiyot, uning hayotdagi o’rni, mohiyatiga bergan ulug’ bahosi hisoblanadi. Keyingi baytlarda shoir o’zi haqida, o’zining adabiyot maydonidagi xizmati haqida faxrlanish bilan to’xtaladi. Bu baytlardan uning ijodiga xos xususiyat va ma’lumotlarni ham olish mumkin

Men ham alarg’a qilibon iqtido,

Nazm ila soldim bu jahong’a sado.

She’r-u g’azal fikrin agarchi edim,

Fikrim ila, «masnu’i soni» dedim.

Fikri ruboiy ila ham mustazod,

Qildimu ko’nglum anga ko’p bo’ldi shod.

Dedim esa fikr ila masnoini

Ayladim izhor bu matbo’ini,

Ondaki bu nav’ni yod ayladim,

Ko’p hunar ul fanda ziyod ayladim.

Qildim esa elga bu fanni kitob,

Hech kishi qilmadi anga javob.

Bo’ldi jahon nazmida mumtoz ul,



Topmadi hech kimning anga fikri yo’l.

Xojaning bu dostondagi hukmdor axloqiga doir tavsiyalari Shayx Ahmad Kosoniy – Maxdumi A’zamning asarlaridagi, xususan «Tanbeh us-salotin» asaridagi hikmatlarga o’xshab ketadi. Xoja aftidan bu pir bilan ko’p suhbatlashgan, unga e’tiqodi baland bo’lgan. Agar Maxdumi A’zamni Jonibekxon Farg’onadan olib kelganligini nazarda tutsak, Jonibekxon va Xoja Maxdumi A’zam bilan ko’p uchrashganliklariga ishonch hosil qilish mumkin. Nisoriy ham o’z tazkirasida «Hazrati Maxdumiy Mavlono Xojagiy Kosoniy – sirlari muqaddas bo’lsin. Xojani o’z sharif kitoblarida «Shahbozi balandparvoz» deb yozganlar, degan ma’lumotni keltirganki, bu Xojaning Ahmad Kosoniy nazdida hurmati baland bo’lgani isbotidir. «Maqsad ul-atvor» dostoni Alisher Navoiyning «Hayrat ul-abror» dostonidan keyin shu turdagi asarlar ichida eng yaxshisi deb aytish mumkin. Bu asar bevosita XVI asr voqealari zaminida yuzaga kelgan va o’sha davr talablariga javoban aytilgan pand-nasihatlar majmuidir.

Xojaning hozirgacha o’zbek adabiyoti tarixidagi o’rnini belgilab kelayotgan asarlari uning «Miftoh ul adl» va «Gulzor» to’plamlaridir. Ularning ikkalasi ham asosida pand-nasihat turgan mo’jaz hikoyatlardan tashkil topgan. Agar «Maqsad ul-atvor» nazm bilan aytilgan ma’viza, pand- nasihat bo’lib, uning janr jihatdan o’quvchi va tinglovchilarning esda saqlab qolishini osonlashtirish hisobga olingan bo’lsa, bunda badiiy hikoyatlar, obraz va tasvir vositalari orqali hikoyatlardan xulosa chiqarish kitobxon va eshituvchining o‘ziga havola qilinadi hamda ayrim hikoyatlar she’riy xulosalar bilan ta’minlanadi.

Xoja bu to’plamlarida Muhammad Avfiy Buxoriyning «Jome’ ul-hikoyot», Abdurahmon Jomiyning «Bahoriston», Husayn Voiz Koshifiyning «Anvori Suhayliy», Shayx Muslihiddin Sa’diy Sheroziyning «Guliston» va «Bo’ston» singari asarlariga tayangan. Ularda yozma va og’zaki adabiyotda mashhur bo’lib ketgan Anushervon, Daqiyonus, Iskandar, Sulaymon, Luqmon, Mahmud G’aznaviy, Sulton Sanjar Marviy, Sulton Malikshoh, Nuh va boshqalar nomi bilan bog’liq hikoyalar asosiy o‘rinni egallaydi. Bu rivoyatlarning ko’pchiligi islomdan avvalgi davrlarga taqaladi. Islomdan keyin ular musulmon roviy, qissago’y, muhaddis va voizlari tomonidan Qur’oni karim va hadislar g’oyalari talabi asosida qayta ishlangan. Keyingi davrlar mualliflari esa bu rivoyatlarning ayrimlarini islomdan so’nggi hukmdorlar nomi bilan bog’laganlar. Jumladan, Sulton Mahmud G’aznaviy, Sulton Sanjari Moziy va boshqalar haqidagi rivoyatlar shunday xarakterga egadir. To’plamdagi hikoyatlarning har biri biron axloqiy, siyosiy yoki diniy maslahat berish uchun xizmat qiladi. Masalan, Sulton Mahmud vaziri va ikki boyqush haqidagi rivoyatning asosiy mazmuni hukmdorning adolatli bo’lishi kerakligidan iborat. Bu rivoyat birmuncha o’zgartirilgan holda Gulxaniyning «Zarbulmasal»ida ham keltirilgan.

Iskandar Zulqarnayn va aholisi farovon yashaydigan mamlakat haqidagi rivoyatda ham hukmdor adolati etakchi g’oyadir. Bunda Forobiyning ajoyib shahar haqidagi hikoyati manba bo’lgan. Hamma teng va baxtiyor yashaydigan o’lka haqidagi orzudan maqsad hukmdorni xalqqa zulm qilmaslikka da’vat etishdir.

«Sulton Mahmud, tolibi ilm va qozi» haqidagi hikoyatda Sulton Mahmudning tadbirkorligi bilan qozining qallobligi fosh qilinadi, tolib ul ilmning oltini o’ziga qaytarib beriladi. Asardan kelib chiqadigan xulosa Qozi, Sadr va Shayxulislomlarni insof va diyonat bilan ishlashga chaqirish bo’lib, muallif zolim qozi, albatta, imonsiz jon taslim qiladi. O’ligini er ham qabul qilmaydi, degan xulosaga keladi. Bu rivoyat Saljuqiylar vaziri Nizomulmulkning «Siyosatnoma» hamda Vosifiyning «Badoe’ ul-vaqoe’» asarida ham mavjud. Vosifiy uni Ulug’bek faoliyatiga bog’lab keltirgan. Xoja esa bu qolipdan o’z davri qozilarini ogohlantirish, hukmdordan ular faoliyatini tekshirib turishni talab qilish maqsadida foydalangan. «Maqsad ul-atvor» dostonida ham bu masalaga ko’p baytlar bag’ishlangan.

To’plamlardagi bir necha rivoyatlar insoniy xislatlar, axloq, odob kabilar mavzusidadir. Jumladan, Shayx va uning muridi haqidagi hikoyatda har xil gunoh ishlar qilib, keyin pirdan tavba so’rab kelgan muridga pirning javobidan ko’zni, og‘izni, qo‘lni, oyoqni, quloqni har xil noshoista ishlardan saqlab, ko‘ngilni pokizalash kerakligi haqidagi xulosa kelib chiqadi.

«Sulaymon va obi hayot» rivoyatida dunyo o’zingga yaqin odamlar bilan go’zal, yaqin kishilarsiz hayot hayot emas.

Tiriklik yoru dildor ila xushtur,

Tiriklikni netar, bo’lmasa yor?

O’luk sonida ko’r, dema tiriktur,

Kishikim, yo’q anga yori vafodor,

deb nasihat qilsa, Chumchuq haqidagi tamsilda mahol (kishi ishonmaydigan, mavhum) so’zga ishonma, o’tgan ishga pushaymon bo’lmagil:

Odam ersang ko’p taassuf ema o’tkan ish uchun,

Demagil so’zni maholu chekmagil andin malol, -deya xulosa qiladi.

To’plamlardagi muhim va kuchli mazmunga ega bo’lgan rivoyatlardan biri «Bir soatlik adolat» haqidagi qissadir. Unda hajga bormoqchi bo’lgan podshoni uning donishmand vaziri qaytargani, oxiri podsho ko’p haj qilgan kishidan bir hajining savobini sotib olmoqchi bo’lgani hikoya qilinadi. Hoji podshodan bir soatlik adolat savobini menga bersang, men barcha hajlarim savobini beraman, deydi va bir soatlik adolat savobi barcha odamlar va farishtalarning ibodatidan ortiqdir, deydi. Bundan esa din, e’tiqod va ibodatning asosiy mazmun-mohiyati insonlarga yaxshilik qilishdir, degan xulosa kelib chiqadi.

Xojaning bu hikoyalari o’zbek adabiy tilining tobora silliqlashib, imkoniyatlari, ifoda vositalari kengayib borayotganidan dalolat beradi.

Shunday qilib, Poshshoxoja ibni Abdulvahhobxoja - Xoja o’zbek adabiyoti tarixida o‘zining nazm va nasr bilan yaratilgan go‘zal asarlari bilan munosib iz qoldirgan ijodkorlardandir. Uning an’analari keyingi davrlar adabiyotida davom ettirilgan.




Download 36.78 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling