Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi samarqand davlat universiteti jahon tarixi


Download 222.12 Kb.
bet12/54
Sana30.12.2022
Hajmi222.12 Kb.
#1073109
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   54
Bog'liq
Jahon tarixi (o\'rta asrlar)

Ummaviylar davrida xalifalik


Xalifalikdagi inqiroz va birinchi fuqarolar urushi. Alining xalifaligi ichki isyonlar avj olgan pallaga to‘g‘ri keldi. Uning xalifaligi davrida islom birligi siyosiy jihatdan parchalanadi. Mamlakatda fuqarolar urushi boshlandi. Ali xalifa etib saylangan bo‘lsada, Abu Sufiyonning o‘g‘li Shom voliysi Muoviya uni tan olishni istamadi, Damashqda o‘zini xalifa deb e’lon qildi. Ali taxt uchun kurashda g‘alaba qozonolmadi. 657-yil iyulda Frot daryosi yaqinidagi Siffinda bo‘lgan jangda Ali yengildi. Ali va Muoviya bir- birlarining xalifaliklarini tan oldi.
Shunday qilib, xalifalik uning davrida ikki mustaqil qismga - Kufa va Shom xalifaligiga ajralib ketdi. Ali tarafdorlaridan bir qismi (keyinchalik ular havorijlar-xorijiylar deb ataldi) uning bunday xarakatlaridan norozi bo‘ldi va unga qarshi suiqasd uyushtirdi. Kufada masjidda u xorijiy Abdurahmon tomonidan o‘ldirildi. Ali tarafdorlari keyinchalik islomdagi ikki asosiy oqimdan biri bo‘lgan shi’alik (arabcha «shi’a» - guruh, bu o‘rinda «Ali tarafdorlari» mazmunida) oqimini tashkil etgan. Ali shi’alarning birinchi imomi va shi’a imomlari shajarasini boshlab beruvchi xisoblanadi. Shi’alarda Ali avlodlaridan 12 imom, ba’zi firqalarda 7 imom e’tirof etilgan.
Shi’alar sunniylarning xalifalaridan hech birini e’tirof etmaydi, o‘z imomlarinigina diniy rahnamo deb taniydi. Shi’alikka mansub bo‘lgan ayrim kichik firqalarda, masalan, ismoiliylar firqasida, Alini xudo darajasiga ko‘tarishga va uni ilohiylashtirishga xarakat qilingan.
661-yil Ali o‘ldirilganidan keyin, uning tarafdorlari Hasanni Iroqda xalifa deb e’lon qildi va Muoviya hokimiyatiga qarshi kurashni yangidan boshlashga da’vat etdi. Lekin Hasan Muoviya bilan muzokaralar olib borib, hokimiyat da’vosidan voz kechib, Madinaga ko‘chib ketdi.
Ummaviylarning ichki siyosati va ikkinchi fuqarolar urushi. Ummaviylar hokimiyatga kelgandan so‘ng poytaxtni Damashqqa ko‘chirdi. Ummaviylar davrida qator ma’muriy harbiy o‘zgarishlar amalga oshirildi: xalifalik lavozimi nasliy merosga aylantirildi, davlat xazinasi va davlat devonxonasi tashkil etildi, arab tili davlat tili deb e’lon qilindi, yangi oltin, kumush va mis tanga chiqarildi, harbiy-dengiz floti tashkil etildi.
680-yili xalifa Muoviya o‘lgandan keyin, Iroqda ummaviylarga qarshi xarakat faollashdi. Kufa shahri shi’alari Husaynni o‘zlarining imomi deb tan olib, xalifalikka taklif etdi va Muoviyaning o‘rniga bo‘lgan o‘g‘li xalifa Yazidga qarshi qo‘zg‘olonga bosh bo‘lishni so‘radi. Makkadan Kufaga 70 jangchisi bilan kelayotgan Husayn Makka yaqinidagi Karbalo dashtiga yetib kelganida, xalifa Yazidning 4 ming kishilik qo‘shinlari unga qarshi chiqdi. 681-yilda bo‘lgan bu jangda shi’alar mag‘lub bo‘lib, Husayn (627-681) o‘ldirildi. Shu munosabat bilan Karbalo shi’alarning asosiy muqaddas ziyoratgohiga aylandi. Husayn shahid bo‘lgan bu sana (ashuro*) shi’alarda motam kuni sifatida har yili nishonlanib turiladi.




  • Ashuro (arabcha «o‘n kunlik») – shi’alarda o‘tkaziladigan motam marosim kunlari. Shi’a musulmonlari har yili muharram oyining dastlabki o‘n kunligida motam tutib diniy yurish qiladilar. Shi’alar ta’sirida sunniylar ham ashur oyini o‘tkazadilar. Lekin sunniylarda bu marosimni ko‘proq ayollar bajaradi.

Karbalo fojeasi butun Hijoz vodiysini g‘alayonga solgan. Yazid xalifalikdan olib tashlandi. Makkada Abdulloh ibn Zubayr o‘z amirligini- xalifa bo‘lganligini e’lon qildi. Bu xalifalik 10 yilga yaqin davom etadi (683- 692 yillar).
O‘sha paytda Islom dunyosida uch xalifa o‘rtaga chiqdi:

  1. Iroqda Safaviy sulolasidan bo‘lgan qo‘mondon Muxtor.

  2. Hijozda Makka va Madina aholisining xalifasi Abdulloh ibn Zubayr.

  3. Suriya va Misrda ummaviylar hukmdori Abdulmalik.

Ummaviylar soliq tizimi. Ummaviylar davrida hunarmandlar, savdogarlar va chorvadorlardan zakot olingan. Zakot faqat musulmon bo‘lgan shaxslardan olingan. Yeri bor arablar, arab bo‘lmaganlar va islomni qabul qilganlar o‘ndan bir miqdorida soliq to‘lagan. Yer soliqlari orasida eng og‘iri xiroj bo‘lib, dastlab bu soliq faqat musulmon bo‘lmaganlardan natura shaklida yoki hosilning ulushi xisobida (muqassama, hosilning 10 % idan to 50 % igacha) olinar edi. Shuningdek, xiroj Eron sosoniylarida bo‘lgani kabi (ularda xaraj deyilgan), qa’tiy belgilangan pul bilan ham olingan bo‘lib, har bir jarib yer miqdorida undirilgan. Abbosiylar davriga kelib xiroj davlat yerlari va mayda yer egalarining yerlaridan olinadigan bo‘ldi. Har bir musulmon bo‘lmagan erkaklardan uning iqtisodiy ahvolidan kelib chiqib, 12, 24 yoki 48 dirhamdan jizya - jon solig‘i olingan. Hosilning 1/10 miqdorida olinadigan ushr faqat mulk yerlaridan, ya’ni xususiy yerlardan olinishi belgilandi.
Arab xalifaligidagi soliq tizimi dastlab Vizantiya va Sosoniylarning soliq tizimi asosida shakllantirilgan. Arablar bosib olingan hududlar bilan dastlab shartnoma tuzib, u yerdan o‘lja olish bilan cheklangan.
Xalifa Abdumalikning hukmronligi davridan butun xalifalik hududlarida yerning va soliq to‘lovchilarning ro‘yxati tuzildi. Bu ro‘yxatga tushgan dehqonlar o‘z yerlarini tark etib ketishlari mumkin emasdi. Xalifalikning soliq yig‘uvchi amaldorlari dastlab soliq olinadigan yer bilan tanishib chiqib, keyin shu yerdan qancha soliq olish mumkinligini belgilab berishardi. Soliqchilar aholining bir xil harajatlarini ham o‘rtaga xisoblab shunga qarab soliq qiymatini oshirib borishgan.
Soliq amaldorlari yerni unumdorligiga ham e’tibor berishgan. Masalan, agar yer shaharga yaqin joyda bo‘lsa, unda har 1000 tub uzumzordan 4 dinordan soliq olingan. Agar yer shaharga uzoq joyda joylashgan bolsa, unda 2000 tub uzumzordan 4 dinor olingan. Shuningdek, zaytun daraxti uchun ham
soliq belgilangan edi. Zaytun daraxti asosan Shimoliy Afrika, Suriya va Falastinda o‘sardi. Bu holda soliqlar har bir zaytun daraxti uchun olingan.
Ummaviylar tashqi siyosati. VII asr oxiri-VIII asrning boshlariga kelib fuqarolar urushiga chek qo‘yilgandan so‘ng, ummaviylar bosqinchilik yurishlarini davom ettirdi. 667-yili arablar Xalkedon shahrini ishg‘ol etib, Vizantiyani xavf ostida qoldirdi va Sitsiliyani vayron qildi. 698-yili vizantiyaliklar Karfagendan tamoman haydab chiqarildi.
VIII asrning boshiga kelib arablar Gibraltar bo‘g‘ozi hududlariga kirib keldi. 711-yilda Afrika noibligining sarkardasi Tariq ibn Ziyod 7 minglik qo‘shini bilan yarim orolga kelib joylashdi. Shu vaqtdan boshlab bu yer Gibraltar (Tariq tog‘i; arabchada Jebel Tariq) nomini oladi. 711-yilning 19- iyulida Tariq Afrikadan yordamchi kuch olib, 12 minglik qo‘shin bilan 25 minglik qo‘shinga ega bo‘lgan vestgotlar qiroli Rodrigoni mag‘lubiyatga uchratdi. Jangda vestgotlarning oxirgi qiroli halok bo‘ldi. 712-yilda Toledo taslim etildi. Shu tariqa 711-715-yillarda Ispaniya hududlari egallandi.
Reyn bo‘yi tizma tog‘larini oshib o‘tib, arab qo‘shinlari 725-yilda janubiy Fransiya tomon xarakatlandi. 732-yilda Puate yaqinida Karl Martell tomonidan arablar ustidan qozonilgan g‘alaba, arab qo‘shinining shimolga keyingi xarakatini to‘xtatib qo‘ydi.
Arablar muntazam ravishda Bosfor va Marmar dengizi hududlariga hujum qilib, ikki marta Konstantinopolni (673-677 va 717) qamal qilgan bo‘lsada, uni hududlarni bosib ololmadi. 741-yilda Akroin jangida mag‘lubiyatidan keyin arablar Kichik Osiyoga yurishlarini to‘xtatdi.
O‘rta Osiyoga qilgan yurishlari natijasida 705-715-yillarda Xorazm, Farg‘ona va Movoraunnahr hududlari egallandi. Xitoy bilan 751-yildagi jangdan so‘ng, arablar O‘rta Osiyo bilan cheklanib qoldi. 712-yilda Hindistonga bostirib kirdi. Muhammad ibn Qosim as-Saqafiy tomonidan Sind viloyati (hozirgi Pokistonning janubi) bosib olindi. Daybun (Qora chi) porti va Kiyrun (Haydarobod) shahri Muhammad ibn Qosim qo‘liga o‘tdi. Shimolda Multon hududlarigacha yetib borishdi.



Download 222.12 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   54




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling