Adabiy merosi. Nisoriy uning turkcha va forscha devon tartib qilganini xabar beradi. Biroq bu devonlar bizgacha yetib kelgan emas. Taqdiri noma’lum. Nisoriy keltirgan turkiy va forsiy baytlar haqiqatan ham, Xojaning iste’dodli shoirlardan bo‘lganini ko‘rsatadi. Xususan, bir g‘azalini Zahiriddin Boburga yuborganini va she’r unga ma’qul bo‘lib, maqtaganini qayd etib o‘tadi. Mana o‘sha she’r:
Kunduz avqotim1 sening hajringda nolon kechadur,
Kecha ham zulfung kabi holim parishon kechadur.
Anbarin zulfung xayolidin ko‘zumga, ey pari,
Yil-u oy-u soat-u kun bori yakson kechadur.
Ulki, jondin kechadur, sham’i visolingni ko‘rub.
Vah na xush vaqt-u na xush soat na oson kechadur.
Ravshan o‘lg‘ay davlati vaslida hijron oqshomi,
Gar gunohimdin bilib, ul mohi tobon kechadur.
Xoja yanglig‘ nola qil, zulfi g‘amidin kechalar
Kim, mahali nola-vu faryod-u afg‘on kechadur.
Darhaqiqat, she’r yuksak san’atkorlik bilan yozilgan. Shoir so‘zlarning ma’no va ohang tovlanishlaridan juda ustalik bilan foydalangan. Masalan, g‘azalda radif bo‘lib kelayotgan “kechadur” ko‘p o‘rinlarda ikki ma’noda kelyapti. Uchinchi-to‘rtinchi baytlarda bular yoniga “voz kechmoq”, “gunohini kechmoq” ma’nolari ham qo‘shilyapti. Bir so‘z bilan aytganda, butun she’rni birgina so‘z — “kechadur“ har maqomga solib o‘ynatmoqda. Bu juda nozik, yuksak mahorat talab qiladigan ishdir. Dastlabki baytlariga ko‘z tashlaylik.
She’rning har bir misrasi bir necha xil ma’no ifodalaydi. Jumladan, matladagi ilk misraning birinchi ma’nosi: kunduzi vaqtim sening hajringda nola bilan o‘ta (kecha)di. Ikkinchi ma’nosi: kunduz kunim sening hajring tufayli nolalarga to‘la qora tun (kecha)dir. Birinchi misrada oshiqning kunduzgi holati ifodalangan bo‘lsa, keyingi misrada tun (kecha)dagi to‘lg‘onishlari aks etgan. Misraning birinchi ma’nosi: Bu kecha zulfing kabi holimni parishon qilgan kecha (tun)dir. Ot so‘z turkumiga mansub “kecha” so‘zi misraning boshi va oxirida ega va ot kesim munosabatida takror qo‘llanyapti.
Do'stlaringiz bilan baham: |