Shajarayi turk
Download 64.79 Kb.
|
SHAJARAYI TURK
"SHAJARAYI TURK", "Shajarai turk va moʻgʻul" ("Turkiy xalklar va moʻgʻullar shajarasi") — tarixiy asar, muallifi Abulgʻoziy Bahodirxon. Eski oʻzbek tilida yozilgan. "SH.t." 13— 17-asrlardagi moʻgʻul va turk hukmdorlari haqidagi maʼlumotlarni, xususan, Markaziy Osiyo xonliklari, jumladan, Xiva xonligining muallif yashagan davrgacha boʻlgan tarixini oʻz ichiga olgan. "SH.t." Abulgʻoziy Bahrdirxonning oʻlimi tufayli nihoyasiga yetkazilmay qolgan boʻlsada, uning oʻgʻli Anusha Muhammadxon (1663—87) topshirigʻiga muvofiq, urganchlik tarixchi Maxmud ibn Mulla Muhammad Zamon Urganjiy tomonidan baʼzi maʼlumotlar bilan toʻldirilgan. "SH.t."ning yozilish sababi muallif tomonidan quyidagicha izohlangan: "Ammo bizning otaaqalarimizning beparvoliqi va Xorazm xalqining bevuqufliqi, bu ikki sababdin, bizning jamoatimizning Abdullaxonning (Abdullaxon II) otalari birlan bizning otalarimizning ayrilgan yeridin to bizga kelguncha tarixlarini bitmay erdilar. Bu tarixni bir kishiga taklif qilali teb fikr qilduk, hech munosib kishi topmaduk, zarur boʻldi (va) ul sababdin oʻzimiz aytduk". Asar moʻʼjaz muqaddima va 9 bobdan tashkil topgan. "SH.t."ning 7, 8 va 9boblari (1644 yilgacha kechgan voqealar) Abulgʻozixon tomonidan yozilgan. 1, 6boblar va 9bobning davomi (1644—64) Mahmud ibn Mulla Muhammad Zamon Urganjiy tarafidan bitilgan. "SH.t."da koʻplab etnografik hamda Xorazmning ijtimoiyiqtisodiy ahvoliga doyr maʼlumotlar bor. Asarning bizgacha yettidan ortiq qoʻlyozma nusxasi yetib kelgan, ular Toshkent, Ashxobod, SanktPeterburgdagi fondlarda saqlanmoqda. "SH.t." omma tushunadigan tilda va ommabop usulda yozilganligi bilan ajralib turadi. Hodisalar bayonidagi ixchamlik, ifodaning izchilligi, voqealarni latifa va rivoyat uslubida sodda, ravon tasvirlash asarning muhim tomoni hisoblanadi. Manba grammatik qurilishi, lugʻat tarkibi nuqtai nazaridan xalq soʻzlashuv tiliga yaqin turadi. Abulgʻozixon "SH.t."ni yozishda ilgari bitilgan bir nechta tarixiy asarlar, xususan, Rashiduddinning "Jomeʼ uttavorix", Sharafuddin Ali Yazdiyning "Muqaddimayi Zafarnoma"sidan kerakli oʻrinlarda unumli foydalangan. Mazkur asar rus, fransuz va nemis tillarida nashr etilgan. Ulug‘ muarrixlarning xokisoru haqirliklari hayratlanarlidir. Ular tarix ilmlari kitobotidan oldin Ollohga hamdu sanolarini hech vaqt kanda qilishmagan. Insonlarni gumrohlikdan xalos etib, hidoyat yo‘liga boshlagan Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sallalohu alayhi vassalam sharafiga duoi fotihada bo‘lishgan. Ul janobni va choriyori bosafolarni, ularning sadoqatli sahobalarini, zulmat ichra porlagan nur, deb bilishgan. Agar shunday ulug‘ e’tiqodu ixlos bo‘lmaganida ular boqiy umrga ega bo‘lgan tarixiy asarlarni ham bita olmagan bo‘lar edilar. Zero, xokisorlik va haqirlik ham asli ulug‘vorlikka daxldordir. “Fakrum-faxrum”, ya’ni faqirligim faxrimdir, deyishgan donishmand bobokalonlarimiz. “…Men shikasta qalbim kotiblik ishida orttirgan noqis ilmim bilan o‘zim uchun belgilanmagan ishga kirishmagan bo‘lur edim” deb yozadi “Siyrat as-sulton Jalol ad-din Manguburni” (Sulton Jaloliddin Manguberdi hayotining tafsiloti) asarining muallifi Shahobiddin Muhammad an-Nasaviy. Bu ish aslida aynan Nasaviy uchun belgilanganligini necha-necha zamonlar, asrlar ko‘rsatib turibdi. Aks holda asar shuncha vaqtdan buyon noyobu tanqis hisoblanib, ohori to‘kilmagan yodgorlik sifatida saqlanib qolmagan bo‘lar edi. Aynan xokisorlik va shu asosda tug‘ilgan jur’at va qat’iyat muarrixni qutlug‘ ishga boshlagan. Ulug‘ bobokalonlarimizdan yana biri Burxoniddin Rabg‘uziy esa “Qissasi Rabg‘uziy”ning avvalida shunday ta’kid etadi: “Qisasul-anbiyo” bo‘lsa, o‘qumoqg‘a keraklik, o‘rganmoqqa yarag‘lig‘ bo‘lgay erdi, teb iltimos yanglig‘ ishorat bo‘ldi ersa nechama o‘zumni og‘irlab nafas saqlamish bo‘lib o‘g‘ur bo‘lsun teb bu og‘ir ishga o‘g‘radimiz”. Rabg‘uziy ham Nasaviy singari necha fursat o‘zini shu asarni yaratishga chog‘lab, tarix bitishga istiholalar qilgan. Abulg‘oziy Bahodirxonning “Shajarai turk” asari ham ulug‘ tarixiy yodgorlikdir. Muarrix ham avvallambor shunday katta ishga qo‘l urishdan oldin o‘zidan bilimdonroq va mahoratliroq tarixnavisni izlaydi. “Bu tarixni bir kishiga taklif qilali deb fikr qilduk, hech munosib kishi topmaduk, zarur bo‘ldi (va) ul sababdin o‘zimiz aytduk”. Abulg‘oziy shu asarni bitganligi mutlaqo bejiz emas. Axir shu davrda yurt tarixini, avlodlar shajarasini uzviy bir tadrijiy taraqqiyotda yana kim ham shu qadar mukammal tasavvur qilgan bo‘lur edi. “…Sipohiygarlikning qonuni va yo‘sini nechuk otlanmoq va yormak va yovg‘a yasoq yasamak, ko‘p bilan yurganda nechuk qilmoq, do‘stga, dushmanga nechuk so‘zlashmak”, “Masnaviyot va qasoyid va g‘azaliyot va mulaqattot va ruboyot va barcha ash’orni fahmlamaklik”, “Odam ahlidan to bu damgacha Arabistonda, Eron, Turonda va Mo‘g‘ilistonda o‘tgan podshohlarning otlari va umrlarining va saltanatlarining kam va ziyodin bo‘lmaklik” ilmlarini uning kabi yana kim ham egallagan? Yuqorida sanab o‘tilgan va muarrixning o‘zi “uch hunar” – “ko‘p nimarsa” deya bilgan bilimlar aslida ma’naviy-ma’rifiy barkamollikning, beqiyos salohiyatning tajassumi edi. Ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifat, arbiy salohiyat bobida beqiyos yuksakliklarga erishgan bobokalonlarimiz juda ko‘p. Lekin ularning hammasi ham allomalik maqomiga erishgan deyish mushkul. Biz deyarli har kun tilga oladigan ulug‘ Al Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Bobur, Najmiddin Kubro, Bahoviddin Naqshband, Ogahiy va boshqalar ana shunday sarbalandlik masnadidan joy egallagan deyish mumkin, agar ta’bir joiz bo‘lsa, Abulg‘oziy ham ana shunday allomalardandir. Barcha tog‘din og‘ir yukki tarixning, Tarixning bo‘y-basti qo‘yoshga mengzar. Tarix yerda emas, u muarrixning, Kiftida har zamon chayqalib yashar. Beparvolik – koni illat: Agar ogoh sen, shoh sen, sen,
Hazrat Navoiyning bu so‘zlari ko‘pchilikka tanish. U ogohlikni shohlik darajasida ulug‘lar ekan, avlodlarga bu fazilat sohibi bo‘lishni vasiyat ham qiladi. Ulug‘ bobokalonlarimizdan yana biri o‘z tahallus nisbasini Ogahiy deb qo‘yganligi, bu purma’no so‘zni hayotning mazmun-mohiyati qadar yuksaltirganligi uchun ham ogohlik haqida takror o‘ylashimiz kerak. Talab yo‘lida kimning ixlosi komildir, Hamisha shohidi matlubining vasliga vosildir. Agar kim astoydil ixlos qo‘ysa, u maqsadiga yetadi demoqda shoir. Agar ogohlik nuqtai nazaridan qaraganda ham shunday. Astoydil ixlos manbai esa ishq, Vatan, tarix va ilmu ijod ekanligini anglash murakkab emas. “Shajarai turk”da ham asar muqaddimasidayoq ogohlik va voqiflik zaruriyati, beparvolik, loqaydlik, koni illat ekanligi haqidagi hikmatga bilvosita ham bevosita duch kelamiz. “…Bizning ota va akalarimizning beparvoligi va Xorazm xalqining bevuqufligi, bu ikki sababdin, bizning jamoatimizni Abdulloxonning otalari birlan bizning otalarimizning ayrilgan yeridan to bizga kelguncha tarixlarini bitmay edilar”. Muarrix ajdodlarimizning, og‘a-inilarimizning avlodlar tarixini bitish singari misli yo‘q ishga beparvolig‘i va ko‘p narsadan ogoh emasligidan iztirob chekadi. Yaqin yillargacha yurtimiz tarixining qanchadan-qancha sahifalari bitilmagan yoki titilgan, o‘chgan edi. Unda necha-necha ulug‘larimiz, qahramonlarimiz o‘rin topmay kelardi. O‘tmishni buzib ko‘rsatish, soxtalashtirish qancha davom etdi. Faqat mustaqillik epkini bu fojiaviy holatga barham berdi. Abulg‘oziy armonlari ham endi ushalyapti. Viloyatimizga bundan 15 yil oldin tashrif buyurgan qadimshunos Ziyo Bunyodov shunday xitob etgandi. Har bir inson kamida o‘zining o‘nta avlodi shajarasini bilmog‘i kerak. Men o‘zimning o‘n olti avlodimni nomma-nom bilaman. Bobokalonimiz Bunyod bobo bundan 5-6 asr burun yashagan. Yana “Shajarai turk”ka qaytaylik. Abulg‘ozining beparvolik, bevoqiflik haqida so‘z yuritishi bejiz emas. Chunki bu illatlar elu yurt taraqqiyotiga, o‘zlikni anglashga aks ta’sir etishi bilan birga yana boshqa illatlarni ham tug‘diradi. Ya’ni kibru havo hamda takabburlikni paydo qiladi. “Shajarai turk”da bu haqda ko‘p ta’kidlar bor. Xususan, Muhammad Xorazmshohning inqirozi va halokati aynan shu illatlar bilan bevosita bog‘liq holda aks etgan. “Bizning yurtimizning havosidan va ahli Xorazmning bebizioatligidan hech zamonda bo‘lmagan ish bo‘ldi” deyilgan ta’kid ham oxir-oqibatda beparvolikdan tug‘ilgan illatlarga ishoradir. Xulosa qilib aytganda, Vatan, xalq kelajagi, o‘zlikni anglash yo‘lida ogoh, fidokor bo‘lmaslik mumkin emas, bu shior Abulg‘oziy umrining asosiy mazmun va mohiyatini tashkil qiladi. Bu da’vatkor so‘zlar hech vaqt o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Hamma vaqt zamonaviy bo‘lib yashayveradi. Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash borasida hali ko‘p ishlar oldinda turgan hozirgi vaqtda bu shiorga qayta-qayta murojaat qilish maqsadga muvofiqdir. Prezident stipendiati, Urganch davlat universiteti talabasi Nasiba Sobirovaning Abulg‘oziy Bahodirxon hayoti va asarlarini o‘rganish yuzasidan ilmiy ishlari uning o‘ziga ham, boshqa talabalarga ham ilhom va rag‘bat bag‘ishlashi turgan gap. Ogohlik yurakda uyg‘ongan g‘urur, Vatanni, tarixni sevmoq – ogohlik. Elga beparvolik ko‘rgulik erur, Eldin bexabarlik esa – gumrohlik! Download 64.79 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling