Shaxrisabz davlat pedagogika instituti


Tadqiqot natijalarining nazariy va amaliy ahamiyati


Download 140.63 Kb.
bet5/13
Sana23.06.2023
Hajmi140.63 Kb.
#1651912
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13
Bog'liq
KOMILLIK.docxZILOLA (3)

Tadqiqot natijalarining nazariy va amaliy ahamiyati. Tadqiqotda komil inson g‘oyasining ijtimoiy-tarixiy asoslari va namoyon bo‘lish xususiyatlari mavzusini hozirgi davr ijtimoiy-gumanitar fan vakillari uchun muhim metodologik asos ekanligini yoritishga alohida e’tibor berilgan. Shuning uchun ham komil inson g‘oyasining g‘oyaviy-mafkuraviy jihatlarini o‘rganishga doir tadqiqotlarda mazkur magistrlik dissertatsiyasi ishidagi fikr-mulohazalar, xulosalar va tavsiyalar nazariy ahamiyat kasb etishi mumkin.
Tadqiqot natijalarining ilmiy ahamiyati shundan iboratki, magistrlik dissertatsiyasi ish materiallari va natijalaridan oliy o‘quv yurtlarida milliy g‘oya: asosiy tushuncha va tamoyillari falsafa, sotsiologiya, pedagogika, oliy ta’lim boshqaruvi, psixologiya bo‘yicha maxsus kurslarni o‘qitishda foydalaniladi. Shuningdek, milliy g‘oya: asosiy tushuncha va tamoyillari falsafa, oliy ta’lim pedagogikasi, psixologiya va sotsiologiya fanlari rivojida mavjud nazariy qoidalardan, taklif va tavsiyalardan amaliy tajribalarni tasniflash maqsadida foydalanish mumkin.
Ish tuzilmasining tavsifi. Dissertatsiya kirish, uch bob, olti paragraf, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat. Umumiy hajmi __69__ betni tashkil qiladi.

I BOB. KOMIL INSON G‘OYASINING NAZARIY METODOLOGIK ASOSLARI
1.1. Komil inson g‘oyasi tushunchasi, mazmun-mohiyati va nazariy asoslari.
O‘zbekiston mustaqil faoliyatining yangi bosqichiga qadam qo‘ysa-da, globallashuvning ham ijobiy, ham salbiy jihatlari va turli tahdidlar fuqarolarning intellektini takomillashtirish zaruriyatini kun tartibiga qo‘ymoqda. Har doim ham mustaqil shaxsni shakllantirish, zamonning muhim vazifalaridan biriga aylangan. Shu sababli, mamlakatimiz oldida turgan ulug‘vor maqsadlarga erishish, ma’naviy barkamol avlodni voyaga yetkazish, yangicha tafakkurni shakllantirish orqali komil insonni tarbiyalash muhim ahamiyatga ega. Hayot falsafasi shundan iboratki, hech bir inson komil bo‘lib tug‘ilmaydi yoki o‘z-o‘zidan barkamol, fidoyi inson bo‘lib qolmaydi. Ota-bobolarimiz komil insonni tarbiyalashning ilmiy-nazariy g‘oyalarini takomiliga yetkazish ustida ko‘p bosh qotirishgan. Komillik nima? Uning mohiyati, tushunchalari nimalardan iborat?, degan savollarga javob izlashgan. Biz magistrlik dissertatsiyamizni birinchi paragrafida komillik g‘oyasining mohiyati, tushunchasi haqida fikr yuritib keyingi bosqichlarida takomillashtirish zaruriyatiga to‘xtalishni maqsad qildik.
“Komil inson” tushunchasi, xalqimizning orzu-istaklari, maqsad-muddaolari aks etadigan ikki dunyo saodatiga musharraf bo‘lish umidlarini ro’yobga chiqaruvchi, Haq (Olloh)ning vasliga yetish timsolidir, deb qaraladi. Komillik tushunchasiga mutaxassislar turlicha yondashadilar. “Tasavvuf” asari muallifi Najmiddin Komilov “Komil inson – bir ideal, barcha dunyoviy va ilohiy bilimlarni egallagan, ruhi Mutlaq ruhga tutash, fayzu karomatdan serob, siyratu surati saranjom, qalbi ezgu tuyg‘ularga limmo-lim pokiza zot3”, qilingan) deb ta’rif beradi. Uning fikricha, komil inson, odamzod orzu qilgan jamiki ezgu xislatlarning ifodachisi, u go‘yo Mutlaq Iloh bilan insoniyat o‘rtasida vosita bo‘luvchi muqaddas xilqat. Bunday martabaga musharraf insonlarni valiulloh, qibla, qutb, g‘avs (madadkor), avtod (ustunlar), abdol (badal deb ham ulug‘laganlar. Mo‘tabar kitoblarda naql qiladilarkim, dunyo shunday zotlar tufayli barqaror va osoyishtadir, yerning ikki qutbida ikkita qutbi a’zam, to‘rt burchagida to‘rtta avtodlardan, yetti iqlimda yetmish ikkita abdol doimiy qo‘riqchi bo‘lib turar ekan, ularning biri olamdan o‘tsa, ikkinchisi darrov o‘rnini bosar ekan. Shuning uchun Yer yuzida har qancha gunoh ko‘payib ketganda ham, u zeru zabar bo‘lmasdan, o‘z o‘qidan chiqib ketmay turarkan, chunki ana shu aziz avliyolar bandalar gunohini Parvardigordan so‘rab turar ekanlar.
Bu balki haqiqat, balki rivoyat – naqldir, unga ishonish-ishonmaslik har kimning o‘z ishi. Ammo rivoyatlar tagida ulkan bir haqiqat bor. Bu haqiqat shundan iboratki, dunyoning tinchligi va farovonligi – insoniyat butunligi haqiqatdan ham, dono va oqil, pok niyatli odamlar faoliyatiga bog‘liq. YA’ni ilohiy poklik va nafosat, e’tiqod va tafakkur bizni balo-qazolardan asraydi, hayotni avaylab, saqlab turadi. Tasavvuf uz usuli, haqiqat deb topgan yo‘li bilan shu maqsad sari intilgan. Tasavvuf ahli sig‘ingan ideal – Komil inson, aslida xalq ideali, adabiyot ideali edi4.
Komil inson tushunchasi haqida mustaqillik yillarida kengroq o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi. Shu sababli, komil inson g‘oyasini o‘rganib, yosh avlodni ushbu g‘oya asosida tarbiyalash muhim deb qaralmoqda. Chunki, komil inson g‘oyasi ota-bobolarimiz tomonidan ulug‘langan va farzandlar tarbiyasini o‘sha g‘oya asosida yo‘naltirishga qaratilgan ilmiy-amaliy nazariya bo‘lib, o‘z samarasini berib kelgan. Biz komil inson g‘oyasini kengroq o‘rganib farzandlar tarbiyasida qo‘llash, asosiy mohiyatini yetkazishdek vazifani yelkamizga yuklaganmiz. Aslida esa komil inson tushunchasi birinchi marta Shayxi Kabir nomi bilan mashhur bo‘lgan Muhyiddin Ibn al-Arabiy (1165 – 1240) tomonilan muomalaga kiritilgan Ibn al-Arabiy nazdida komil inson – bu aqli avval yoki nafsi avval, aqli kull tushunchalari bilan ma’nodoshdir. Chunki, Tangri taolo ilohiy nurdan ilk marta Aqli-avvalni yaratdi va uning suratu shaklini “komil inson” qiyofasida zuhur etdi. Shuning uchun “Xalaqallohu Adama ala suratir-Rahmon” (Alloh odamni Rahmon suratida yaratdi) degan hadis mavjud. Komil inson, shu tariqa, Allohning Rahmonu Rahim sifatlariga ega bo‘ldi5, degan fikrni ilgari surgan.
O‘zbek tilining izohli lug‘atida, Komil atamasi – yetuk, to‘liq, mukammal, kamolatga erishgan, bekamu ko‘st, ma’nolarini anglatishi, imoni komil esa, qat’iy ishonchni bildiruvchi iboratligi6 belgilangan. Islom enseklopediyasida, komil inson – tasavvuf falsafasiga ko‘ra, har jihatdan oliy poklikka erishgan, borliq va Allohni anglashda to‘liq bilimga ega bo‘lgan va natijada Haqqa yetishgan (Qur’on oyatlarining tub mohiyatini tushunadigan) inson7, deb qayd etilgan. Ensiklopediyada, komil inson Allohning barcha hislat va alomatlarini bamisoli ko‘zgida ko‘rgandek ko‘rib turadi. U borliqning bir-biriga zid ikki: ma’naviy va moddiy jihatlarini birga qo‘shadi. Komil inson Alloh Koinotning botiniy hukmdori, Olam yaratilishining sababchisi va kashshofi ekanligini butun vujudi bilan his qilishi bayon etiladi. Shuningdek, komil inson haqidagi ta’limotni Ibn Arabiy tomonidan yaratilgani, keyinchalik uning izdoshlari, Markaziy Osiyo va Xurosonda Ahmad Yassaviy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy va boshqalar tomonidan rivojlantirilgan8, deyiladi.
Najmiddin Komilovda ham Islom enseklopediyasida ham komil inson tushunchasini fanga kiritgan Ibn Arabiy ekanligi keltirilmoqda. Ibn Arabiy fikricha, komil insonning yerdagi timsoli hazrat Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamdirlar. Ul zot vujudlarida aqliy, ruhiy kamolot, dunyoviy va ilohiy bilimlar jamuljam edi. Payg’ambarimiz xalq va Haq muqobilida turardilar va orada vosita edilar. Shunday bo‘lgach, hamma odamlarni ham va, hatto, anbiyo va avliyolarni, donishmandlarni komil inson deb atash joiz emas. Va agar Payg‘ambardan o‘zga zotlarga nisbatan bu sifat aytilar ekan, buni shartli ta’rif yoinki shu ulug‘ martabaga hurmat ehtirom belgisi sifatida qabul qilish kerak. Bundan ko‘rinadiki, komil inson tushunchasi bir muncha murakkab tushunchadir. Komil insonda ham diniy, ham dunyoviylik mukammal darajada takomillashgan bo‘lishi kerakligini ko‘rsatmoqda. Bu haqda juda ko‘plab adabiyotlar tahlili komillikning mohiyatini ocha oladi. Biz paragrafning mohiyatidan kengroq tushunishni maqsad qilgan holda Najmiddin Komilovni “Tasavvuf” asarida keltirilgan ma’lumotlarni olgan holda tahlil qilamiz.
Sayyid Abdulkarim Geloniy fikriga ko‘ra, har bir inson ikkinchisining o‘rnini bosadigan nusxadir va bir-birining qarshisida turgan ko‘zgu kabidir. Bitta odamlagi xislat va sifat ikkinchisida aks etib turadi. Ammo farqi shundaki, bu akslanish ba’zilarda fe’l-harakat bo‘yicha bo‘lsa, ba’zilarda quvva, ya’ni xislat-xususiyatlar bilan namoyon bo‘ladi. Demak, iste’dod va qobiliyat, xususiyat va sifatiga ko‘ra bir-biriga o‘xshash odamlar behad ko‘p. Bularni umumiy nom bilan xalq, odamlar, kishilar deb qo‘ya qolamiz. Biriga qarab ikkinchisining xulqu atvori, darajasiga baho bera olamiz. Ammo shunday komil va akmal kishilar borki, ular kamolotda nafaqat o‘zga odamlardan, balki bir-biridan ham keskin farqlanib turadilar. Bularni anbiyo va avliyo deb ataymiz. Bularning ham darajalari bor: ba’zilari komil, ba’zilari akmal, bir qismi fozil, yana bir qismi afzal, yana bir guruhi esa afzalu akmaldirlar. Sayyid Abdulkarim Geloniy mazkur tasnifni aytib, yana qo‘shib qo‘yadi: “Komil inson, voqean, Muhammad sallallohu alayhi vasallamdir va qolgan anbiyo-yu avliyoning kamoloti unga nisbatandir, xuddi fozilning afzalga nisbatiday». Shayx Omuliy deydikim, haqgo‘y olimlarning fikriga qara-ganda, olam Komil inson haqiqati tufayli barqarordir, zero falaklar uning nafasi bilan aylanurlar, mulku malakut undan ta’lim olurlar. Shunday martabada Komil insonni Haqning ko‘zgusi deydilar. Haq taolo o‘z ismi va sifatlarini faqat komil insonda ko‘radi. Shuni ham ta’kidlaydilarki, Komil insongina Haq qudratining buyukligi, cheksizligiga guvoh bo‘la oladi. Ibn al-Arabiy, Shayx Omuliy va Abdulkarim Geloniy qarashlariga diqqat qilinsa, Komil inson bir kayhoniy vujud bo‘lib ko‘rinadi, uning sifatlari yerdagi foniy odamlar sifatiga, aniq shaxslar xislatiga o‘xshamaydi. Unda biz jamiki g‘ayritabiiy kuchlarning majmuini mushohada etganday bo‘lamiz. Bu yerda, albatta, jismoniy kuch haqida gap bormaydi, zotan, ilohiyot haqida gap borganda jismoniy kuch e’tiborli emas. Chunki xoliqiyat yaratgan jismlar ilohiy qudrat oldida arzimas va ojiz surat-lardir. Komil inson bular nazarida olamlarni egallagan, olam-larga, barcha jonzotlar va insonlarga ta’sir eta oladigan, insoniyatni boshqaradigan bir Buyuk ruhdir, Ma’naviy – Aqliy qudratdir. Shu mazmunda uni Allohning xalifasi – o‘rinbosari deyish mumkin. Qur’oni karimda insonga berilgan ta’riflar ham Komil insonga berilgan ta’riflardir. Hamma odamlarga nisbatan “Valaqad karramno bani Odama” (Odam bolalarini mukarram qilib yaratdik) va “Laqad xalaqnal insana fi ahsani taqvim” (Darhaqiqat, insonni chiroyli qomatda yaratdik) oyatla-rini qo‘llab bo‘lmaydi. Ammo Shayx Aziziddin Nasafiyning “Komil inson”, “Maqsadi aqso”, “Zubdat ul-haqoyiq” nomli va boshqa risolalarida komil inson masalasi birmuncha boshqacha yoritilgan. Unda bu tushuncha insonning paydo bo‘lishi, taraqqiyoti, martabalar topi-shi bilan bog‘liq holda olib qaraladi. Natijada biz Aziziddin ta’riflarida aynan hayotiy odamga xos belgilar, axloqiy sifatlarni ham ko‘ramiz. Yana shuni ham aytish kerakki, Nasafiy islomdagi bir nechta ilmning insonga bo‘lgan qarashlari va munosabatini chog‘ishtiradi, insonni kayhoniy vujud sifatida ham, yer maxluqoti sifatida ham tahqiq va tadqiq etadi. Nasafiyda komil inson ruh tushunchasi bilan zich aloqada tekshiriladi. Inson martabalari ruh martabalari sifatila olib qaraladi. Shu uchun umumiy tushunchalardan konkret tushunchalarga o‘tib turish bor. Buning sabablaridan yana biri Aeiziddin Nasafiyning kamolotni uruj (ko‘tarilish) va nuzul (tushish) nazariyasi asosida tushunishidir. Bu nazariya, o‘z navbatida, ulug‘ olam va kichik olam tushunchalari bilan bog‘lanib ketadi. Chunki Nasafiy Ibn al-Arabiyga qo‘shilib, insonni olami sug‘ro (kichik olam), ilohiy olam va moddiy olamni birgalikda olami kubro (ulug‘ olam) deb ataydi. Ulug‘ olamdagi jamiki narsa va xususiyatlar kichik olamda mavjud, deydi u. Shu tariqa, inson yuqori olam – olami kubroning kichraytirilgan nusxasi hisoblanadi. Aziziddin Nasafiy komil insonga ta’rif berib yozadi: “Bil-gilki, Komil inson deb shariat va tariqat va haqiqatda yetuk bo‘lgan odamga aytadilar va agar bu iborani tushunmasang, boshqa ibora bilan aytayin: bilgilki, komil inson shunday insondirkim, unda quyidagi to‘rt narsa kamolga yetgan bo‘lsin: yaxshi so‘z, yaxshi fe’l, yaxshi axloq va maorif” ya’ni tasavvufiy poklanish talabini qo‘shib qo‘ygan. Uning fikricha, tariqat yo‘liga kirgan soliqlarning vazifa maqsadi ushbu to‘rt fazilatni egallashdir. Kimki “o‘zida shu sifatlarni kamol toptirsa, u kamolga erishadi”9. Aziziddin Nasafiyning to‘rt sifat haqidagi fikri Zardo‘sht ta’limotidagi ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal tushunchalarini takrorlaydi. Bunda farqli jihati maorif, ammo Zardo‘sht ta’limotidagi amaliyot natijasi ta’lim-tarbiya asosida kechadi. Shu sababli, Aziziddin Nasafiy ta’limoti Zardo‘sht ta’limotining asosi sifatida qarash maqsadga muvofiq.
Komil inson g‘oyasi tushunchasini Abu Nasr Forobiy “fozil” fenomeniga bog‘laydi. U komil inson bilan bir qatorda, fozil inson tushunchasini asarlarida ishlatadi. Fozil – hurmatli, benuqson inson10 sifatida namoyon bo‘ladi. Fozillikning ahamiyatini barkamollikka, barkamollikdan fozillikka erishishligini ko‘p bora o‘qtiradi. Forobiy – fozil inson salohiyatidagi aqliy fikrlash quvvati bilan amaliy aqlga, shundan so‘ng amaliy aqlni faol aqlga yaqinlashtiradi. Faol aql sohibi esa zakovatli, mukofoga yaqin barkamol insonlar aqli bo‘lib, u moddiylikka bog‘lanmagan, ruhiy, ma’naviy olami yuksak, mukammal aql egasidir. Bunday odam insoniy kamolot cho‘qqisiga yetkani sababli eng a’lo baxt-saodatga yetishgan odamdir. Uning ruhi faol Aql bilan bog‘langani sababli u barcha insonlarni haqiqiy baxt saodatga yetaklaydi. Bunday odam aqliy, ma’naviy va jismoniy jihatdan ham eng sog‘lom insondir11. Forobiy fikricha, barkamollikdan fozillikka (komillikka) erishiladi. Fozil inson donishmand inson, donishmand inson fozil inson degan tushuncha Fozil odamlar shahari asarida sezilib turadi. Forobiy fozil insonda oltita fazilat hosil qilinishi zarur degan xulosaga keladi. Bular: donishmandlik, kuchli xotira va iroda, ixtirochilik (yaratuvchanlik), sezgirlik (prognozlashtirish), notiqlik, jismoniy quvvat va sarkardalik. Asarda keltirilishicha, “mabodo biror zamonda fozillar shahrida hokimlik qilayotgan bir yoki bir necha kishida boshqa zarur hislatlar bo‘lsayu, ammo donishmandlik bo‘lmasa, fozillar shahri yaxshi hokimsiz qoladi, bunday shahar halokatga yuz tutadi”12. Demak inson fozil (komil) bo‘lishi uchun olti fazilatning barchasiga erishgan bo‘lishi shart! Ularning birortasi bo‘lmasa ham fozil (komil)likka erishib bo‘lmasligi Forobiy g‘oyasining mohiyatini tashkil etadi.
Komillikning belgisi haq yo‘lidan borib, xalqqa foyda keltirishdir. Kishi o‘z so‘zi, amaliy ishlari, niyati bilan qanchalik odamlarga foyda keltirsa, yomonlarni to‘g‘ri yo‘lga solsa, haq yo‘lida fido bo‘lsa, u shuncha komil bo‘ladi. Komil, barkamol insonni tarbiyalash, voyaga yetkazish haqida musulmon Sharqi axloqi tarixida inson hayoti uchun dasturulamal, qo‘llanma vazifasini o‘tagan ko‘p pandnomalar, xalq kitoblari mavjud bo‘lgan. Shulardan ba’zilarini sanab o‘tamiz. Chunonchi, Kaykovusning “Qobusnoma”, Sa’diyning “Guliston”, “Bo‘ston”, Amir Temurning “Temur tuzuklari”, Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston”, Alisher Navoiyning “Mahbubul-qulub”, Xusayn Voiz Koshifiyning “Axloqi muhsiniy” va boshqalarni ko‘rsatishimiz mumkin. Bu asarlarning ko‘pchiligida odil shoh va adolat, halollik, soflik, poklik, to‘g‘rilik, rostgo‘ylik, insonparvarlik, ma’rifatli bo‘lish kabi insonning sharqona fazilatlari berilgan.
Komillik g‘oyasiga asarlarida ko‘proq to‘xtalgan mutafakkir Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat” asari so‘zboshisida komillik hislatlarini maxsus sanab o‘tadi. Chunonchi: birinchisi, tavba; ikkinchisi, halol luqma bilan qanoatlanish; uchinchisi, o‘z kasbidan topib kun o‘tkazish; to‘rtinchisi, shariatga rioya qilish; beshinchisi, tariqat odobini saqlash; oltinchisi, o‘zi-ni barchadan kam deb bilish, hagto farzandlari, xizmatkorlariga qo‘pollik qilmaslik; yettinchisi, chuchuk tilli bo‘lish; sakkizinchisi, rahmdil bo‘lish; to‘qqizinchisi, saxiy bo‘lish; o‘ninchisi, mard bo‘lish; o‘n birinchisi, halimlik, xushxulq bo‘lish; o‘n ikkinchisi, rizo-rozilik bilan kun o‘tkazish; o‘n uchinchisi, sabrli bo‘lish; o‘n to‘rtinchisi, sadoqatli, vafoli bo‘lish; o‘n beshinchisi, riyozat chekishdan qo‘rqmaslik; o‘n oltinchisi, xoriqulodda hislatlar ko‘rsatish13. Forobiyda oltita fazilat keltirilgan bo‘lsa Navoiyda o‘n oltita fazilatli komillikka erishishi ta’kidlanadi.
Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asarlari komil insonga qo‘yilgan umumiy va milliy talablardan tashqari, har bir toifaning xislatlaridan, har bir tabaqaning ahvolidan so‘zlaydi, “o‘z kasbining ustasi” qanday bo‘lishi kerakligini bayon etadi. Navoiy tabiblar to‘g‘risida shunday deydi: “Tabibga o‘z ishida mahorat kerak va kasallar holiga shafqat, asli tabib tabiati uyg‘un va donishmandlikka ergashgan bo‘lsin. So‘zida yumshoqlik va ko‘ngil ovlashlik, o‘zida hayo va xushfe’llik bo‘lsin. Shafqatli bo‘lgan o‘tkir tabib Isoga o‘xshaydi. Dami kasallarga davo va qadami xastalarga shifodir. Uning ko‘rinishi xaloslik xizri va sharbati tiriklik suvidir. Agar kasbiga mohir bo‘lsayu, ammo o‘zi badfe’l, beparvo va qo‘pol so‘z bo‘lsa, agarchi kasalga bir tomondan davo qilur, ammo necha tomondan kasalning mijoziga o‘zgarish kirgizur. Lekin savodsiz tabib jallod shogirdidir, u tig‘ bilan, bu zahar bilan azoblovchidir.
Shirin so‘z mohir tabib tan ranjiga shifodir,
Badfe’l, achchig‘i tez va savodsiz tabib el joniga balodir”14. Navoiy komillikni insoniyatga, jamiyatga, tabiatga, umuman barcha mavjudlikka yaxshilik, foyda berish, zarar yetkazmaslik xususiyatiga ega bo‘lmoqlik, deb ta’riflagan.
Mustaqillik yillarida O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov komillikning nazariy asoslarini yaratadi va alohida ta’rif berib o‘tadi. “Komil inson deganda, - deb yozadi Islom Karimov, - biz avvalo, ongi yuksak, mustaqil fikrlay oladigan, xulq atvori bilan o‘zgalarga ibrat bo‘ladigan bilimli, ma’rifatli kishilarni tushunamiz”15. Uning shakllanganligi darajasini xarakterlovchi eng muhim fazilatlar esa quyidagilardir: aqliy zukkolik, huquqiy komillik, axloqiy yetuklik, siyosiy teranlik, mehnatga halol munosabat, yuksak madaniy, ma’naviy saviya, professional iftixor, milliy va umuminsoniy g‘urur va boshqalar. Mustaqillik ruhida yangicha fikrlaydigan fozil, komil inson, eng avvalo, fuqarolik burchini a’lo darajada his etadigan shaxs bo‘lishi darkor. Sodda qilib aytganda, har qaysi komil inson, har birimiz: “Shu davlat, shu jamiyat menga nima berdi?” deb emas, balki: “Men o‘zim Vatanimga, elu yurtimga nima berdim?” deb o‘ylashimiz va har dam shu aqida bilan yashashimiz kerak.
Yuqoridagi ta’riflardan kelib chiqib, biz komil insonga – iymon va e’tiqodlilik, halollik va poklikning oliy timsoli, deb ta’rif berishni ma’qul topdik.
Paragraf xulosalariga ko‘ra, Komil inson iymon va e’tiqodlilik, halollik va poklikning oliy timsoli bo‘lib, insoniylikning yuqori bosqichidir. Insonlar komillikka intilishi asosida quyidagi natijalarga: birinchidan, inson ta’lim-tarbiya oladi va ilmlilikka erishadi; ikkinchidan, shaxs bo‘lib takomillashadi; uchinchidan, davlatning rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi.



Download 140.63 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling