SHAXS-SON QO‘SHIMCHALARI USLUBIYATI
Fe’lning shaxs-son qo‘shimchalari harakatning bajaruvchi shaxsini va bu shaxslarning miqdorini ko‘rsatadi.
Xususan, so‘zlashuv, badiiy va publitsistik uslublarda birinchi shaxsning ko‘plik shakli(-k) shu shaxsning birligini(-m) ifodalash uchun qo‘llanadi, bunda kamtarlik yoki manmanlik, kinoya-kesatiq kabi uslubiy ma’nolarni ifodalaydi. Masalan: Mana keldik(mana keldim demoqchi), – dedi u ichki bir hayajon bilan; Jahongir “Hozir ko‘ramiz”(hozir ko`rman demoqchi) deb, boshqaruv stoliga qaytdi; Bu maqolni biz ham bilamiz, – dedi Shoto‘ra. (bilaman demoqchi)
Eslatma! Ikkinchi shaxsning birligi va ko‘pligini ifodalovchi -san va -siz qo‘shimchalarining qo‘llanishidagi uslubiy holat shundan iboratki, -siz hurmat ifodalashga, ya’ni «sizlash»ga ham ixtisoslashgan, -san esa «senlash»ga ixtisoslashgan. Masalan: Mansur aka, mana, siz ham, harqalay, uncha-muncha narsani ko‘rgansiz; Otingni qamchila, bo‘lmasa, quruq qolasan!
Eslatma! Nutqda hurmatni va hurmatsizlikni yanada kuchliroq ifodalash zaruriyati tug‘ilganda, -siz va -san qo‘shimchalariga -lar ko‘plik qo‘shimchasi ham qo‘shiladi. Masalan: Voy, bo‘ylaringizga tasadduq. Xush kelibsizlar; Nima, hammang mum tishlaganmisanlar, nega javob bermaysanlar?
Eslatma! Shuningdek, buyruq-istak maylidagi -ing qo‘shimchasi ham hurmat ma’nosini ifodalaydi, ayni paytda ko‘pchilikni «sizlash» ma’nosida -inglar, ko‘pchilikni «senlash» ma’nosida esa -laring qo‘shimchasi ishlatiladi. Masalan: Sizlar ketaveringlar, orqalaringdan yetib boraman! Bu bolaga yetti yot begona edilaring-ku! Amaldor bo‘lgandan keyin g‘imirlab qoldilaringmi? Qani, jo‘nalaring!
Lug`at bilan ishlash!
AYYOR, mug‘ombir, hiylagar, quv, ustomon, makkor, dog‘uli, mo‘ltoni, qilvir(i), shayton, tulki, tullak, qirriq, xirpa, maston–Aldab, chalg‘itib, har qanday ishni o‘z foydasiga hal qiladigan makr-hiylaga usta.
Eslatma! Ayyor, quv, mug‘ombir so‘zlari odamga va ayrim boshqa jonivorlarga nisbatan ham qo‘llana oladi. Qolganlari esa bu ma’noda faqat odamga nisbatan qo‘llanadi.
Eslatma! Ustomon, hiylagar so‘zlarining ma’nosi uning o‘zagidan anglashilib turadi.
Eslatma! Mug‘ombir so‘zida belgi darajasi ayyor so‘zidagiga nisbatan biroz kuchsiz.
Eslatma! Quv so‘zida belgi darajasi kuchliroq.
Eslatma! Dog‘uli, mo‘ltoni, qilvir(i), makkor so‘zlarida ham belgi darajasi kuchli. Lekin bu so‘zlar nisbatan kam qo‘llanadi.
Eslatma! Shayton, tulki, tullak, qirriq, xirpa so‘zlari «ish ko‘rgan ayyor» ma’nosida qo‘llanadi.
Eslatma! Maston so‘zi folklor asarlarida va ayrim shevalarda uchraydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |