INKOR IFODALOVCHI MORFOLOGIK VOSITALAR USLUBIYATI
Tilimizda inkorni ifodalovchi morfologik vositalar sifatida fe’lning bo‘lishsizlik shaklini yasovchi –ma qo‘shimchasini, emas, yo‘q kabi so‘zlarni, shuningdek, na..., na yordamchisini ko‘rsatish mumkin. Bu vositalar turli nutqiy uslublarda qo‘llanib, bir qator uslubiy ma’nolarni ifodalashga xizmat qiladi.
Eslatma! Fe’lning bo‘lishsizlik shaklini yasovchi –ma qo‘shimchasi so‘zlashuv, badiiy va publitsistik uslublarda tasdiqni, tasdiqning kuchli ta’kidini ifodalashi mumkin. Ritorik so‘roq gaplar tarkibida bu qo‘shimcha ko‘proq uchraydi va tasdiqni kuchaytirib ko‘rsatadi. Masalan: Rahimov g‘animga tashlangan chog‘da Alpomish shiddatin payqamagan kim?! («Hamma payqagan» degan fikr yorqin ifodalangan).
Eslatma! Bo‘lishsizlik ifodalovchi -ma qo‘shimchasi fe’l tarkibida -moq, -moqda, -moqchi kabi qo‘shimchalar mavjud bo‘lganda, fe’lga qo‘shila olmaydi, bu o‘zbek nutqiy odatida yo‘q. Masalan, kelmamoq, kelmamoqda, kelmamoqchi kabi qo‘llanishlar mumkin emas.
Eslatma! Na..., na yordamchisi inkor bog‘lovchisi sifatida ham, inkor yuklamasi sifatida ham inkorning kuchli va qat’iy ifodalanishiga xizmat qiladi, nutqning emotsional-ekspressivligini kuchaytiradi. Inkor ma’nosi ba’zan so‘zlashuv uslubida, demakki, badiiy uslubda ham ohang (intonatsiya) yordamida ifodalanishi mumkin. Masalan:
Bir kuni egarga o‘ngarib, opqochaman-ketaman, – dedi o‘tni tizzasiga bosib. – Topib bo‘ptilar keyin! (Murod Mansur)
Lug`at bilan ishlash!
ASIL, sara, sarxil, xil, mumtoz, zupta, poshshaxon.–Qimmati, fazilati va boshqa xususiyati jihatidan eng yuqori darajali, eng yaxshi.
Eslatma! Asil, sara, xil shaxs yoki narsa-predmetlarga nisbatan qo‘llana oladi. Lekin juda oz uchraydi.
Eslatma! Sarxil faqat narsa-predmetlarga nisbatan qo‘llaniladi. Sara, sarxil donalab sanaladigan narsa-predmetga nisbatan qo‘llanadi. Sarxil, asosan, saralab (xillab) ajratilishi mumkin bo‘lgan narsalarga nisbatan qo‘llanadi va unda saralash (xillash) ottenkasi sezilib turadi.
Eslatma! Mumtoz kitobiy uslubga xos, shaxsga nisbatan qo‘llanadi.
Eslatma! Poshshaxon oddiy so‘zlashuv uslubga xos. Zupta kam qo‘llanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |