So'ngi versia indd


Download 0.49 Mb.
Pdf ko'rish
bet1/29
Sana04.09.2023
Hajmi0.49 Mb.
#1672721
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   29
Bog'liq
zavqiy oxirgii



Hoshimjon RAZZOQOV
ZAVQIY
(Qayta ishlangan nashr)
“Farg‘ona” nashriyoti, 
2023-yil


UO‘K: 821.512.133.09
KBK: 83.3(5O‘)
R 18
Nashrga tayyorlovchi:
Shahlo KARIMOVA, 
adabiyotshunos, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa 
doktori (PhD)
Mas’ul muharrir:
Abdullatif TuRdIAlIyeV, 
filologiya fanlari nomzodi
Hoshimjon RAZZOQOV
ZAVQIy (Qayta ishlangan nashr): ilmiy-ommabop 
nashr; lotin yozuvida; nashrga tayyorlovchi: 
Sh.Karimova. – Farg‘ona: “Farg‘ona” nashriyoti, 2023. 
– 96 bet.
Mazkur ilmiy risola juz’iy o‘zgartirish va qisqartirishlar 
bilan havola etilmoqda. Asarni nashrga tayyorlash jarayonida 
Zavqiy ijodining mustaqillikdan keyingi tadqiqi asosida 
yondashishga e’tibor qaratilgan.
ISBN: 978-9943-9194-9-5
© H.Razzoqov – 2023
© “Farg‘ona” nashriyoti – 2023


3
NASHRGA TAyyORlOVCHIdAN
XIX asrning II yarmi – XX asr boshlarida Qo‘qon 
adabiy muhitida faoliyat ko‘rsatgan ijodkorlar adabiy 
faoliyati, poetik merosi bilan bog‘liq masalalar o‘tgan 
asrning boshlaridan o‘rganila boshladi, qariyb yarim asr 
davomida qator ilmiy tadqiqot ishlari yaratildi, ommaga 
asarlari tanishtirildi. Bunday ijodkorlar sirasida 
Ubaydulloh Zavqiy nomi ham bor.
Zavqiy hayoti va faoliyatini, adabiy merosini 
ilmiy asosda o‘rganish va asarlarini nashr etib, omma 
e’tiboriga havola qilish ishlari o‘tgan asrning qirqinchi 
yilaridan boshlangan. Qo‘qonlik jurnalist va yozuvchi 
Sharif Rizo (1910-1947) birinchilardan bo‘lib Zavqiy 
hayoti va ijodi haqida bir necha maqola va ocherk 
yozadi. Shuningdek, u shoir biografiyasi haqida “O‘ch” 
nomli voqeiy hikoya yozgan. Unda Zavqiyni shaxsan 
tanigan keksalar og‘zidan to‘plangan ma’lumotlar 
asosida shoir hayotining so‘nggi davri yoritiladi. Hikoya 
30-yillarning oxirlarida yaratilgan bo‘lib, o‘sha vaqtda 
matbuotda e’lon qilingan. Shuning uchun ham Zavqiy 
hayotini o‘rganishda tarixiy manba sifatida alohida 
e’tiborga molikdir.
Zavqiyshunoslikka tamal toshini qo‘ygan 
adabiyotshunoslardan Hoshimjon Razzoqovning bu 
boradagi xizmatlari katta bo‘ldi. Zavqiy tarjimai holi 


4
va ijodiga doir manbalarni to‘plash, o‘rganish, ularni 
yaxlit bir tizim holiga keltirish, ommalashtirishning ilk 
bosqichi bevosita shu olim nomi bilan bog‘liq. U kishi 
shoirning 1500 misraga yaqin she’riy merosi to‘pladi, 
kitobcha holida so‘zboshi va lug‘at bilan 1958 va 
1960-yillarda chop ettirdi. 
Davr taqozosi, ijtimoiy tuzum siyosati ta’siri 
o‘laroq kitobga shoirning she’rlaridagi din va shariatga 
mos so‘zlar jiddiy o‘zgarishlar bilan kiritilgan, ularga 
bir yoqlama munosabat bildirilgan. Kitobxon qayta 
nashr etilayotgan mazkur kitobga shu nuqtai nazar bilan 
yondashmog‘i lozimligini ta’kidlab o‘tsak. Bu hol, 
ayniqsa, shoirning muxammaslarida ko‘zga tashlanadi. 
Masalan, “Ko‘z ochaylik” radifli muxammasi ilk bor 
“Tirik so‘z” (Qo‘qon) gazetasining 1917-yil 2-apreldagi 
1-sonida bosilgan. Zavqiy “Tanlangan asarlar”ining har 
ikki nashrida ham bu muxammasning 2- bandidan boshqa 
barcha bandlari sho‘ro mafkurasiga moslab o‘zgartirib 
bosilgan. Chunonchi, muxammasning 3-bandi mazkur 
nashrlarda quyidagicha “isloh” qilingan: 
Zulmatda yotgan elni(ng) yondurdilar charog‘in, 
Mahkam tuting, bu fursat qiymat aning yarog‘in, 
Istang amallik olim – rahbarlarning so‘rog‘in, 
Oching aholilarni(ng) g‘aflatda kar qulog‘in, 
Bas emdi sustkashlik, jur’atga ko‘z ochaylik! 
(TA., – B. 90). 
Asl matn esa quyidagicha edi: 
Hurriyatu musovot yondirdular chirog‘in, 
Mahkam tutung bu fursat shar’i sharif yarog‘in,
Istang amallik olim fatvosining so‘rog‘in,


5
Oching aholilarning g‘aflatda kar qulog‘in, 
Bas emdi sustkashlik, jur’atg‘a ko‘z ochaylik! 
(“Ajab ermas”, – B.60) 
Ko‘rinib turibdiki, she’rdagi aynan shoir istagi 
va niyati, og‘riqli qalb nidosi aks etuvchi o‘rinlar 
o‘zgartirilgan. O‘sha davrda hurriyat, ozodlik haqida 
so‘z yuritish aslo mumkin emas edi. Matnda bu so‘zlar 
o‘rniga “zulmatda yotgan elni(ng)” kiritilgan bo‘lsa, 
“fatvo” so‘zi “rahbar” so‘ziga, “shar’i sharif” so‘zi esa 
“qiymat” so‘zi bilan almashtirilgan. Zero o‘sha paytlarda 
shariat, din ishlaridan so‘z ochish nihoyatda “qaltis” ish 
hisoblanar edi. Ko‘rinib turganidek, she’r mazmuniga 
to‘g‘ri kelmaydigan so‘z va iboralar o‘zboshimchalik 
bilan almashtirilgan va bandning mazmuni tushunarsiz
mavhum bir ko‘rinish olgan. To‘g‘ri, adabiyot davr 
bilan yonma-yon yashaydi, biroq shoirning asl maqsadi 
zamonlar o‘tib o‘zining asl qiymati va qadrini topdi. 
Qolgan bandlardan ham shunday “islohlar”ni topish 
mumkin. Masalan, “Ajab ermas” she’ri aslida 7 banddan 
iborat bo‘lsa-da, Zavqiyning “Tanlangan asarlar”ida 3 
bandi tushirib berilgan. 
Banddagi: 
Gadomiz, boshlar uzra soyalar solsun, Humo yetkur, 
Muqarrardur, zamona inqilob o‘lsa ajab ermas
– misralari she’rning chin mazmun-mohiyatini 
ko‘rsatib bergani uchun ham davrning mafkuraviy 
g‘oyalariga muvofiq qisqartirilgan, she’rning umumiy 
ruhi, asl mazmuni butunlay o‘zgartirilgan. Zavqiyni 
yaqindan tanigan zahmatkash adabiyotshunos Po‘lotjon 
Domullo Qayyumov tazkirasida “...Vaholanki, u boshqa 


6
maqsadlarda so‘zlagani she’rni butun o‘qug‘onlarga 
ma’lumdur” kabi muhim qaydlar uchrashi mulohaza-
larimizni isbotlaydi. Demak, “Ajab ermas” muxamma-
siga erk, istiqlol orzusida, milliy qadriyatlarimiz, din va 
shariat ishlari qaytadan rivoj topishi umidi bilan yozil-
gan asar sifatida baho berish to‘g‘ridir.
Olim 1953-yil shoir hayoti va ijodi bo‘yicha 
nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. Unda shoirning 
bio grafiyasi ilk bor to‘liq holda yoritildi. Ijodining bos­
qichlari va ularga xos xususiyatlar tahlil qilindi. Olim 
shoirni ilhomlantirgan, unga kuch bergan xalq og‘zaki 
ijodi ekanini yaxshi anglagan va ijodiga oid quyidagi 
haqqoniy fikrlarni ta’kidlab o‘tgan: “...Zavqiy davrning 
dolzarb muammolariga diqqatini qaratgan, mustamlaka 
voqeligiga va ijtimoiy hayotdagi salbiy hodisalarga tan-
qidiy baho bergan, mehnatkash xalq hayotidan, shahar 
va qishloqning ezilgan tabaqasi turmushidagi lavhalarni 
badiiy tahlil qilib asarlar yaratgan”.
Uning Zavqiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ush-
bu ishlari zavqiyshunoslikdagi ilk urinishlar sifatida 
ahamiyatli, biroq ularda hukmron mafkura talablari-
dan chetga chiqmagan holda shoir ijodi bir tomonlama 
o‘rganilgan, boshqacha talqin etilgan o‘rinlar uchrashi 
tabiiy ekanligini e’tiborda tutishimiz lozim.
Ta’kidlash kerakki, Hoshimjon Razzoqovning dast-
labki risolasi bundan qariyb oltmish yil avval e’lon 
qi lingan. O‘z-o‘zidan ma’lumki, o‘sha davr siyosati, 
mustabid tuzum mafkurasidan kelib chiqib, tadqiqot-
chi ba’zi o‘rinlarda biryoqlamalikka, sof ilmiy fikrlarni 
“qizil rang”lar bilan bo‘yashga majbur bo‘lgan. Nati-
jada u Zavqiy nomini “sovetlashtirishga” harakat qiladi. 


7
Bunday “uslub” boshqa ijodkorlar va olimlar ishlarida 
ham ko‘rinadi. 
Mazkur ilmiy risola juz’iy o‘zgartirish va 
qisqartirishlar bilan havola etilmoqda. Asarni nashrga 
tayyorlash jarayonida Zavqiy ijodini mustaqillikdan 
keyingi tadqiqi asosida zamonga moslab o‘zgartirishga 
e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, muallifning tadqiq 
uslubi inobatga olinib, zarur o‘rinlar aslicha taqdim 
etildi. Zamonaviy ta’lim jarayoniga monand, asar lotin 
yozuvida qayta nashr etilmoqda. 
Ushbu kitob Zavqiy tavalludining 170 yilligi 
arafasida chop etilmoqda. Undan oliy o‘quv yurti 
talabalari, shoir hayoti va ijodini o‘rganuvchi 
tadqiqotchilar, adabiyotga qiziquvchi kitobxonlar 
foydalanishlari mumkin.
Mazkur kitobni nashr qilishda homiylik qilgan 
Zavqiy jamg‘armasi a’zosi Olimjon Yoqubovga, o‘z 
fikr­mulohazalari bilan samimiy yordamini ayamagan 
taniqli olim va olimalar – Otabek Jo‘raboyev 
(Toshkent), Dildora Abdullayeva (Andijon) va 
Barno Abdurahmonovalarga (Qo‘qon) chuqur 
minnatdorchilik bildiramiz.

Download 0.49 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   29




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling