Soxibov salohiddin anvar o‘G‘li jamiyatda korrupsiyadan xavfsizlik: ijtimoiy-falsafiy tahlil (Monografiya)
-§. Manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiyaviy munosabatlarni
Download 1.04 Mb. Pdf ko'rish
|
2.2-§. Manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiyaviy munosabatlarni
oldini olishning falsafiy-analitik tahlili Jamiyatning yangi taraqqiyot bosqichida korrupsiyaga qarshi kurash yangi bosqichga olib chiqldi. Ayniqsa, O‘zbekistonning yangi taraqqiyot strategiyasida korrupsiyaga qarshi murosasizlikni shakllantirish, davlat miqiyosida kuchli kurash mexanizmlarini yaratish, jamiyatda jamoatchilik monitoringini takomillashtirishga qaratilgan bir qancha ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Zero, «yangi O‘zbekiston strategiyasi korrupsiyadan holi mamlakat barpo etishni nazarda tutadi. Ushbu maqsad bugun butun jamiyatimizni jipslashtiruvchi omilga aylanmoqda. Korrupsiya balosini jamiyatimiz hayotidan yo‘q qilishga qaratilgan siyosat kelgusida ham qat’iy davom ettiriladi» 75 . Shuningdek, korrupsiyaviy munosabatlarning ochiq-oydin tan olinishi, xalqaro tashkilotlar tomonidan baholangan vaziyatni to‘g‘rilash uchun davlat siyosati darajasida chora- tadbirlarning belgilanayotganligi e’tirfga sazovordir. Jumladan, «Bu borada Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reestri»ning yuritilishi, «Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol- 75 Mirziyoyev Sh.M. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi. –T.: O‘zbekiston. 2022. – 428-430 b. 61 mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi olib borayotgan sa’y-harakatlarimizning samarasini oshirishga xizmat qiladi. «Korrupsiyani qabul qilish indeksi» reytingida mamlakatimizning egallayotgan o‘rinlari bu boradagi harakatlarimizni baholovchi asosiy ko‘rsatkichlar sirasiga kiradi» 76 . Bu esa, korrupsion xavfsizlikni shakllantirishda nimalarga e’tibor qaratish, qanday kurash usullarini ishlab chiqsh, jilovlash mexnaizmlarini yaratish borasida rivojlangan davlatlar tajribasi asosida aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga imkon beradi. Mazkur paragrafda korrupsiyaviy xavfsizlikni shakllantirishda, manfaatlar to‘qnashuvini oldini olishga doir istiqboldagi vazifalar, davlat tomonidan aniq belgilab olingan strategik rejalar, istiqboldagi majburiyatlar tadqiq etilgan. Bugungi kunda jamiyatda korrupsiya xavfsizligini shakllantirishda manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish va uni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar rejasini ham aniq va izchillikda belgilab olishni talab etmoqda. Bu orqali korrupsiyaviy munosabatlarni yuzaga kelishini oldini olish mumkin bo‘ladi, shu bilan birga turli zanjirli korrupsiyaviy munosabatlar asosida iqtisodiy barqarorlikka salbiy ta’sir o‘tkaza oladigan, davlat budjetini noto‘g‘ri yo‘anltirilishiga, noto‘g‘ri sarflanishiga olib keladigan sharoitni yaratilishiga qarshi kurashish mumkin bo‘ladi. «Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish uchun «davlat organlarining davlat xizmatchilari mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorlikka yo‘l qo‘ymasligi» 77 kerakligi aniq belgilangan. Bu esa, davlat organlari davlat xizmatchilari, mansabdor shaxslar faoliyatini tartibga solish zaruratini ham keltirib chiqaradi. Unga ko‘ra, mansabdor shaxslarni turli sohalarda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni cheklashi, yoki yaqin qarindoshlarini tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishiga doir aniq qoidalarni ham ishlab chiqishni talab etardi. 76 Mirziyoyev Sh.M. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi. –T.: O‘zbekiston. 2022. – 433 b 77 O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonuni. 2017. 4 yanvar// http://parlament.gov.uz/uz/laws/adopted/253/19165 62 Mazkur qonunga ko‘ra, davlat organlari davlat xizmatchilari yoki mansabdor shaxslar faoliyatida «manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan taqdirda, bevosita rahbarni darhol xabardor qilishi kerak. Manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlar olgan rahbar bu to‘qnashuvning oldini olish yoki uni bartaraf etish yuzasidan o‘z vaqtida choralar ko‘rishi shart»ligi belgilangan bo‘lsada, bu qoida bajarilmaganda qanday huquqbuzarliklar sodir bo‘lishi, qanday jazo qo‘llanishi aniq belgilab qo‘yilmagan. Shuning uchun korrupsiya xavfsizligini shakllantirishda manfaatlar to‘qnashuvi holati kuzatilishi mansabdor shaxs faoliyatini so‘roq ostida qoldiradigan darajada munosabatga tortilsa, jamoatchilik monitoringi bunday holatlarda yuqori mas’uliyat bilan ishlasa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Manfaatlar to‘qnashuvi tushunchasini quyidagicha ta’riflash mumkin. Davlat tashkiloti xodimining, uning yaqin qarindoshlarining va unga aloqador shaxslarning shaxsiy manfaatlari bilan fuqarolarning, tashkilotning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelgan va kelayotgan (mavjud manfaatlar to‘qnashuvi) yoxud yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (taxmin qilinayotgan manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyatga nisbatan manfaatlar to‘qnashuvi ishlatiladi. Demak, manfaatlar to‘qnashuvi deganda shaxsiy manfaatdorlik tashkilot xodimining mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoki ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan tashkilotning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat tushuniladi. Korrupsiya xavfsizligini shakllantirishda, korrupsiyaga qarshi kurash samaradorligini oshirishda boshqaruv sohasidagi korrupsiyaviy munosabatlarni, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu jarayonda davlat siyosati darajasida ma’muriy tartib-taomillar sohasida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarning ishlab chiqilishi talab etiladi. Fikrimizcha, ma’muriy tartib-taomillar sohasida korrupsiyaning oldini olish uchun qonuniylik va adolatlilik prinsiplarini ta’minlash, ma’muriy-boshqaruv jarayonining 63 beg‘arazligi kafolatlarini yaratish, ushbu jarayonning shaffofligini, tashqi va ichki nazorat uchun ochiqligini oshirish eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Bu esa, davlat boshqaruvida, davlat organlari faoliyatida adolatlilik va qonuniylikni ta’minlash, davlat organlari faoliyati ochiqligi va shaffofligini yo‘lga qo‘yish, shu bilan birga ma’muriy boshqaruvdagi nazorat qilish mexanizmlarini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqishda davlat xizmatlari va davlat organlari faoliyati ochiqligini, qonunlar doirasida ishlashlarini, ulardan axborot olish erkinligini yo‘lga qo‘yish talab etiladi. Shuningdek, ma’muriy tartib-qoidalarni qat’iylashtirish va jazo muqarrarligini shakllantirish orqali mansabdorlar o‘rtasida o‘z ixtiyoricha harakat qilish vakolatlarini cheklagan holda ma’muriy tartib-taomillarni batafsil tartibga solish, byurokratik rasmiyatchilikka yo‘l qo‘ymaslik va bu orqali turli rasmiyatchiliklar, buyruqbozliklarni bartaraf etish ham ustuvor vazifalardan bo‘lib qoladi. Manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq, unga aloqador va uni namoyon qiluvchi harakatlarni anglatuvchi tushunchalar tahlilini ko‘rib chiqish ham maqsadga muvofiq ish hisoblanadi: Urug‘ aymoqchilik – davlat xizmatchisining umumiy ajdodga ega bo‘lgan muayyan qarindoshga mansubligi asosida uchinchi shaxslarga nisbatan sub’ektiv, iltifotli va noxolis munosabatda bo‘lish shaklidagi shaxsiy manfaatini namoyon etilishi; Kronizm – do‘stlar yoki ishonchli shaxslarga noqonuniy imtiyozlar taqdim etish maqsadida hokimiyat (lavozim mavqesidan) va obro‘sidan foydalanish; Maxalliychilik – shaxsni faqatgina qarindoshligi (qarindoshni hamma bilishi, mashhurligi va uning jamoatchilik tomonidan keng e’tirof etilgan) va bunday shaxsning hokimiyat vakolatiga ega bo‘lgan organlardagi qarindoshlarining xizmat mavqei sababli lavozimga qo‘yiladigan malaka talablarini hisobga olmasdan ishga yollash, rotatsiya qilish, lavozimga tayinlash; 64 Davlat xizmatchisining shaxsiy manfaatdorligi – davlat xizmatchisi tomonidan o‘z xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida uning yaqin qarindoshi yoki davlat xizmatchisiga aloqador bo‘lgan shaxslar tomonidan davlat xizmatchisining mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarilishiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan pul mablag‘lari, moddiy yoki nomoddiy qimmatliklar, boshqa mol-mulk, boylik va imtiyozlar ko‘rinishida shaxsiy naf olish imkoniyati (shaxsiy, ijtimoiy, moliyaviy, siyosiy va boshqa tijorat yoki notijorat manfaatlari); Manfaatlar to‘qnashuvini hal qilish – davlat organlari tomonidan davlat xizmatchilarining xizmat majburiyatlari lozim darajada bajarilmasligi holati va manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelganda ularning manfaatlari (shu jumladan shaxsiy, ijtimoiy, mulkiy, moliyaviy, siyosiy va boshqa tijorat yoki notijorat manfaatlar) davlat va jamiyat manfaatlaridan ustun kelishi xavfini kamaytirish yoki bartaraf etish. «Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida»gi qonunda davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaning oldini olishga doir aniq va strategik chora-tadbirlar belgilab berilgan. Unga ko‘ra, davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, ular bilan erkin axborot almashish imkonyatini yuzaga keltirish, ularning hisobdorligini ta’minlash va bu orqali ularda mas’uliyatni oshirish, davlat organlarining, ular mansabdor shaxslarining va boshqa davlat xizmatchilarining o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishi yuzasidan mas’uliyatini kuchaytirish, o‘z vazifasiga nisbatan, xalq manfaatlarini amalga oshirishga nisbatan chuqur hurmatni shakllantirish kerakligi belgilangan. Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish sohasidagi asosiy prinsiplar quyidagilardan iborat: − qonuniylik; − fuqarolar, tashkilot va davlat qonuniy manfaatlarining ustuvorligi; − ochiqlik va shaffoflik; − xolislik; − korrupsiyaga nisbatan murosasizlik. 65 Fikrimizcha, davlat tashkiloti manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishi juda zarur: − xodimlar tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabar berish tizimini samarali yo‘lga qo‘yish; − manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyalar va xabarnomaning belgilangan shaklini o‘zining rasmiy veb-saytida joylashtirish; − manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda qabul qilingan qarorlarni belgilangan tartibda o‘zgartirish yoki bekor qilish; − manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan bitimlarni o‘zgartirish yoki bekor qilish, bunday bitimlarni haqiqiy emas deb topish bo‘yicha belgilangan tartibda sudga da’vo kiritish; − odob-axloq komissiyasi faoliyatini samarali tashkil etish. − davlat tashkilotida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha samarali ichki idoraviy tartiblarni belgilash; − aniqlangan manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha xizmat tekshiruvlarining xolis tashkil etish hamda uning natijalarining odob-axloq komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilishiga erishish; − manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishda o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarni rag‘batlantirish choralarini ko‘rish; − manfaatlar to‘qnashuvi natijasida davlat tashkilotiga yetkazilgan zararning qoplanilishini ta’minlash, shuningdek, aholi ishonchini tiklash choralarini ko‘rish. Misol uchun, Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi «jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlaridan kelib chiquvchi davlat organlari va tashkilotlarining ochiqligi va shaffofligiga oid dolzarb masalalarni «Mening fikrim» veb-portali orqali umumxalq muhokamasiga chiqaradi. Ochiq ma’lumotlar shaklida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxatini uzluksiz to‘ldirib, takomillashtirib boradi va yangilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi hamda ularni amalga oshirishga ko‘maklashadi. OAV orqali davlat organlari va tashkilotlari xizmatchilariga «davlat organlari faoliyati ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligi» madaniyatini singdirish bo‘yicha chora-tadbirlarni 66 amalga oshiradi hamda davlat organlari va mansabdor shaxslarning xalq oldida hisobdorligini ta’minlash muhimligi to‘g‘risida tushuntirish ishlari olib borilishini tashkil etadi. Bundan tashqari, Agentlik tuzilmasida Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlash boshqarmasi tashkil etiladi» 78 . Agentlik tomonidan yuqorida belgilangan ishlarni amalga oshirish orqali jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasizlik ruhiyatini shakllantirish ochiqlik siyosatini rivojlantirish va hisobdorlikni oshirish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, davlat organlarida korrupsiyaviy munosabatlarni oldini olish, nazorat o‘rnatish uchun parlament nazorati va jamoatchilik monitoringini shakllantirish ham belgilangan. Bu borada ko‘plab ishlar amalga oshirilgan bo‘lsada, muammolar saqlanib qolmoqda. Chunki korrupsiyani jilovlash qonunlarning mustahkamligi va jamoatchilik nazoratining kuchligiga chambarchas bog‘liq hisoblanadi. Shu bois jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish muhim vazifalardan biridir. Korrupsiyaga qarshi kurashda mansabdor shaxslar va davlat xizmatchilarining mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarilishi samaradorligi mezonlarini, standartlarini va uning sifatini baholash tizimlarini joriy etish va bu orqali ularning faoliyatiga baho berish chora-tadbirlari belgilash zarur. Fikrimizcha, davlat tashkiloti xodimlari manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish sohasida quyidagi huquqlarga ega bo‘lishi lozim: manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha ko‘rilgan choralar ustidan yuqori turuvchi davlat tashkilotiga, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yoki sudga shikoyat qilish; manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish maqsadida maxsus bo‘linmadan maslahat olish; taxmin qilinayotgan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyada taqdim qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlardan tashqari qo‘shimcha ma’lumotlarni ko‘rsatish. Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashda davlat organlari davlat xizmatchilarining huquqiy maqomini belgilash ham usutvor vazifalardan biri 78 Davlat organlari ochiqligini ta’minlash uchun Antikorrupsiya agentligiga yangi vazifalar yuklatildi // https://www.gazeta.uz/uz/2021/06/17/anti-corruption. 67 bo‘lib qolmoqda. Bu orqali ularning xizmat vazifalarini bajarishdagi xavfsizligi, daxlsizligi va kafolatlangan huquqlarini ta’minlash imkoniyati yaratiladi. Bu esa ularni huquqlarini belgilash bilan birga burch va majburiyatlarini ham qayd etishga imkon beradi. Shuningdek, davlat organlari davlat xizmatchilari kasbiy faoliyatida xizmatni o‘tashning shaffof tartibini o‘rnatish va bu boradagi faoliyat samaradorligini oshirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, mahorat mexanizmlarini takomillashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, ularning shaxsiy va kasbiy sifatlar, ochiqlik, beg‘arazlik, adolatlilik va xolislik prinsiplari asosida tanlov bo‘yicha saralash hamda xizmatda ko‘tarilish tizimini joriy etish orqali ham ularni «halollik vaksina»si bilan emlashga harakat qilinmoqda. Davlat organi davlat xizmatchilarida adolatlilik va xolislikni shakllantirish, halol xizmatni olib borishga doir axloqiy ta’sir va tarbiya mexanizmlarini yaratish, shuningdek, davlat xizmatlarida ochiqlik va beg‘razlilik, shaffoflikni shakllantirishga doir yangicha ishlash usullarini tadbiq etilayotganligi ham muhim ahamiyatga sazovor ishlardan biri bo‘lmoqda. Jamiyatda korrupsiyaviy xavfsizlikni shakllantirishda jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklari kafolatlanishi, ularning faoliyatiga hech bir to‘siqlar mavjud bo‘lmasligi, mavjud muammolar doirasida yo‘llangan murojaatlar ochiq va shaffoflik bilan, qonun talablari asosida olib borilishi talab etiladi. Bu esa ularda o‘z faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish uchun ishonch, uni himoya qila oladigan qonun mavjud ekanligi hamda erkinliklarini kafolatlanganini amaliyotda ko‘rish imkoniyatini yaratadi. «Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, «davlat organlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi, murojaatlarning to‘liq, xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi, ular tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari, erkinliklarini tiklash hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida choralar ko‘rilishi ustidan nazoratni ta’minlash» 79 ham ko‘zda tutilgan. Bu qonunchilik asoslari orqali jismoniy va 79 O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonuni. 2017. 4 yanvar // http://parlament.gov.uz/uz/laws/adopted/253/19165 68 yuridik shaxslar va davlat idoralari yoki organlari o‘rtasidagi munosabatlar nazoratga olinadi, raqamlashtiriladi va qonunlar bilan qat’iy tartibga solinadi. Bu esa ularning faoliyatida korrupsiyaviy munosabatlarni yuzaga keltirolmaydi. Bundan kelib chiqadiki, qonunlar o‘z vazifasini aniq bajargan va fuqarolar tomonidan uni buzish imkoniyati umuman qolmagan sharoitda jamiyatda unga nisbatan hurmat bilan birga mustahkam ishonch ham shakllandi. Bu ishlarni amalga oshirish, davlat organlari faoliyatida qonuniylik va adolatlilik tamoyillarni to‘la shakllantirish va korrupsiyaviy munosabatlarni yuzaga kelmasligi uchun tizimli va doimiy monitoring nazoratini yo‘lga qo‘yish va bu borada vakolatli organlar faoliyatini qonuniylashtirish, turli byurokratik to‘siqlardan tozalash ishlari ham olib borilishi lozim. Bu masala «Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, «davlat organlari faoliyatida korrupsiyaning oldini olishga doir tadbirlarning amalga oshirilishi yuzasidan ushbu organlar tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini baholagan holda muntazam ravishda monitoring o‘tkazish» 80 muhim ijtimoiy talab ekanligi belgilangan. Bu esa, davlat organlarini nazorat qiluvchi boshqa bir yuqoriroq organ orqali monitoring qilish, shu bilan birga jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish ham kerak bo‘ladi. Davlat tashkiloti xodimlariga manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida quyidagilarni taqiqlash maqsadga muvofiq: ▪ o‘z xizmat mavqe’ini suiiste’mol qilgan holda shaxsiy manfaat ko‘rish; ▪ manfaatlar to‘qnashuvini ma’lum qilishda bila turib yolg‘on yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim qilish yoxud bunday ma’lumotlarni yashirish; ▪ davlat tashkilotiga bo‘ysunuvchi yoki bir-birining nazoratidagi tashkilotda o‘rindoshlik asosida ishlash; ▪ tijorat tashkilotlarining ta’sischisi (aksiyadori, ishtirokchisi) bo‘lish; ▪ o‘zi mehnat faoliyatini yuritayotgan davlat tashkilotining nazorat ob’ekti hisoblangan tijorat tashkilotlarining aksiyalariga yoki ustav fondidagi (ustav 80 O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonuni. 2017. 4 yanvar// http://parlament.gov.uz/uz/laws/adopted/253/19165 69 kapitalidagi) ulushlariga o‘zi yoki yaqin qarindoshlari egalik qilishi, shuningdek, ularning boshqaruv organlari va kuzatuv kengashi a’zosi bo‘lishi, bundan mazkur faoliyat qonunchilikka muvofiq lavozim majburiyatlari hisoblanadigan hollar mustasno. Bunda shaxs o‘zi yoki yaqin qarindoshlari tegishli tijorat tashkilotlarining aksiyalariga yoki ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga egalik qilgan, shuningdek, ularning boshqaruv organlari va kuzatuv kengashi a’zosi bo‘lgan holda davlat tashkilotida lavozimni egallagan hollarda bir oy muddatda ushbu aksiya yoki ulushlarni belgilangan tartibda realizatsiya qilishi yoxud boshqaruv organlari va kuzatuv kengashi a’zoligidan ketishi lozim; ▪ o‘zi faoliyat yuritayotgan davlat tashkilotida o‘zining, yaqin qarindoshlari yoki unga aloqador shaxslarga taalluqli ishlarni ko‘rib chiqishda vakil sifatida ishtirok etish, agarda qonunchilik hujjatlariga muvofiq qonuniy vakili hisoblanmasa; ▪ o‘zi faoliyat yuritayotgan davlat tashkilotining mulkini sotish va sotib olishda, ijaraga berish va ijaraga olishda ishtirok etishi yoxud ushbu savdolarda yaqin qarindoshlarining ishtirok etishi. Davlat organlari faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini yuzaga kelmasligini nazorat qilish, korrupsiya xavfsizligi shakllantirishda huquqiy- normativ hujjatlarning o‘zaro bir-biriga zid kelib qolmasligini oldini olish, ularni ekspertizadan o‘tkazish mexanizmlarini takomillashtirish va bu orqali manfaatlar to‘qnashuviga huquqiy asos bo‘luvchi qonunchilik normalarini tizimli to‘g‘rilab borish masalalari ham dolzarblik kasb etmoqda. Bugungi kunda qonunchlilikdagi «bo‘shliq»lar yoki to‘ldirilmagan jihatlar asosida korrupsiyaviy xavfsizlikka tahdidlar kelib chiqmoqda-ki ochiq-oydin manfaatlar to‘qnashuvi holatlari kuzatilmoqda. Korrupsiya xavfsizligi yaratishga doir qonunchlilik asoslarini rivojlantirish, muttasil takomillashtirib borishni talab etadi. Bu esa, «normativ- huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini tashkil etishni, davlat organlarining mansabdor shaxslari va boshqa davlat 70 xizmatchilarining samarali ijtimoiy himoya qilinishini, moddiy ta’minot olishini va rag‘batlantirilishini ta’minlash» 81 ni dolzarb vazifalardan biriga aylantiradi. Shuningdek, bugungi islohotlar sharoitida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga va tadbirkorlikni qo‘llab quvvatlashga doir chora-tadbirlar tizimini ham ishlab chiqish va mavjud islohotlarni rivojlantirish talab etiladi. Bu orqali iqtisodiy munosabatlar va tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘siq bo‘luvchi turli ma’muriy va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, ro‘yxatga olish yoki ruxsat berish bilan bog‘liq turli xizmatlardagi korrupsiyani tugatishga qaratilgan tizimli ishlarni ham amalga oshirish kerak bo‘ladi. Jamiyatimizning yangi taraqqiyot bosqichida turli ma’muriy va byurokratik to‘siqlar olib tashlandi, qog‘ozbozlik va turli ma’lumotnomalar yig‘ish ishlariga chek qo‘yildi. Ko‘plab davlat xizmatlari raqamlashtirildi, «Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, ijtimoiy iqtisodiy rivojlanishga erishish uchun bir qancha tashkiliy-huquqiy masalalarga yechim topildi va mavjud ildizlari chuqur ijtimoiy masalalarga borib taqaladiganlariga sekin-astalik bilan yechimlar ishlab chiqilmoqda. Bu esa davlat xizmatlari faoliyatidagi turli korrupsiyaviy munosabatlarni bartaraf etish, tanish-bilishlik, oshna-og‘aynigarchilik kabi illatlarni yo‘q bo‘lib ketishiga sharoit yaratdi. Boshqa tomondan, tadbirkorlikni rivojlantirishga doir chora-tadbirlarga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun teng shart-sharoitlar yaratish va insofsiz raqobatga yo‘l qo‘ymaslik orqali monopoliyaga qarshi kurashish, insofsiz raqobatga chek qo‘yish, davlat xaridlari ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, shu bilan birga ijtimoiy soha va xizmat ko‘rsatish sohalari faoliyatida ham adolatli shart-sharoitlarni yaratishga erishish mumkin bo‘ladi. Bu esa, korrupsiya xavfsizligini yangi bosqichga olib chiqishga imkoniyatni yaratadi. Adolatli shart- sharoitning yaratilishi hamda nodavlat tashkilotlari faoliyati orqali korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini taomillashtirish bu boradagi ishlar samaradorligini oshiradi. 81 O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonuni. 2017. 4 yanvar// http://parlament.gov.uz/uz/laws/adopted/253/19165 71 Davlat organlari faoliyatida ham soddalashtirilgan ma’muriy tartib- tamoyillarni joriy etish orqali ham korrupsiyaviy munosabatlarni yuzaga kelishini oldini olish va fuqarolarda ilojsizlikdan ta’magirlikkka sherik bo‘lib qolish holatlarini bartaraf etish mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga davlat organlari faoliyati ochiqligi va shaffofligini ta’minlash uchun davlat organlarining qarorlari ustidan shikoyat qilishning va yetkazilgan zarar o‘rnini qoplashning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish va bu orqali yuqoridan nazorat va jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish imkoniyati yuzaga keladi. Korrupsiya xavfsizligini shakllantirishda davlat byudjetini to‘g‘ri sarflanishi, to‘g‘ri yo‘naltrilishi, bu borada korrupsiyaviy munosabatlarni yuzaga kelishini oldini olish uchun ham bir qancha chora-tadbirlar belgilanmoqda. Misol uchun, davlat byudjetining to‘g‘ri yo‘naltirilishi, asosli muammolarni bartaraf etishga qaratilishi va korrupsiyaviy munosabatlarni oldini olish uchun «Ochiq byudjet» loyihasining ham yo‘lga qo‘yilganligi, shu bilan birga davlat xaridlarini amalga oshirish sohasida korrupsiyaviy munosabatlarni oldini olishga ham alohida e’tibor qaratilayotganligi ham diqqatga sazovordir. Korrupsiyaga qarshi kurash strategiyasi axborot bilan ishlashda yangicha formatga o‘tishni talab etadi. «Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, «davlat xaridlarini amalga oshirish tartib-taomillari to‘g‘risidagi axborotning shaffofligi va ochiqligini ta’minlash» va bu orqali davlat xaridlarini korrupsiyalashuvidan asrash, manfaatlar to‘qnashuvini yuzaga kelishini oldini olishga qaratilgan tizimli ishlarni amalga oshirilishi kerak. Bu jarayonda Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi va huquqbuzarliklarni oldini olishga vakolatli organlar faoliyatini takomillashtirish, ularningsh ish smaradorligini oshirish talab etiladi. Shuningdek, davlat xaridlarini amalga oshirishda adolatli raqobatni va qarorlar qabul qilish chog‘ida xolisona mezonlardan foydalanilishini ta’minlash ham muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. bu orqali sog‘lom raqobatni yaratish, korrupsiyaviy munosabatlarga yo‘l qo‘ymaslik, shu bilan birga davlat xaridlarini 72 amalga oshirishda xolislikni ta’minlanishiga yo‘l ochish mumkin bo‘ladi. Buning uchun davlat xaridlarini amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish, undan inson omilini uzoqlashtirish, raqamlashtirish bilan birga kuchli nazoratni o‘rnatish ham kerak bo‘ladi. Bu esa, «ichki nazoratning samarali tizimini, davlat xaridlarini o‘tkazish natijalari yuzasidan shikoyat qilish va nizolashishning samarali tartib- taomilini yaratish»ning huquqiy asoslari va tashkiliy jarayonlarini tartibga solish, soddalashtirish, ochiqlik va shaffoflikda olib borish tizimini yo‘lga qo‘yish talab etiladi. Bu borada davlat elektron savdolarining samarali ishlashini ta’minlashga doir tashkiliy islohotlarni olib borilayotganligini alohida ta’kidlash mumkin. Korrupsiyaga qarshi kurash samaradorligini oshirishda, jamiyatda korrupsiyaga murosasizlikni shakllantirishda normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini yo‘lga qo‘yish, bu borada jamoatchilik monitoringini yo‘lga qo‘yish muhim vazifalardan biridir. Normativ- huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi orqali korrpsiyaga sabab bo‘ladigan omillar, manfaatlar to‘qnashuvi uchun sharoit yaratilgan normativ hujjatlar va korrupsiyaviy munosabatlardan boshqa chora qoldirilmagan huquqiy asoslarni tekshirish, ekspertizadan o‘tkazish amaliyotini takomillashtirish dolzarb vazifalardan biridir. Iqtisodiy erkinlik, iqtisodiy demokratiya to‘g‘risida gap ketgan zahoti AQShlik siyosatshunos Robert Dalni esga olishadi va uning «plyuralistik demokratiya» g‘oyasiga murojaat qilishadi. Uning ilmiy g‘oyasiga ko‘ra, tenglik har doim erkinlikka, iqtisodiy demokratiya har doim siyosiy demokratiyaning rivojlanishiga olib kelavermaydi. Sanoatning rivojlanishi, mulkiy plyuralizmning rang-baranglashuvi «siyosiy hayotda foydalanadigan resurslarga teng ega bo‘lmagan fuqarolar korpusini shakllanishiga olib keldi» 82 . Siyosiy hayotda faol qatnashishini ta’minlaydigan resurslarga (mulkka, mavqega va b.) ega bo‘lmaslik kishilarning ijtimoiy-siyosiy hayotga ta’sirini susaytiradi, hatto siyosiy 82 Dal R. Vvedenie v ekonomicheskuyu demokratiyu. Per. s angl. –M.: Nauka; SP IKPA, 1991. 15 s. 73 demokratiyani fiksiyaga aylantiradi. Bu o‘rinda AQSh prezidentligiga, mer lavozimlariga mudom yirik mulk egalari, ijtimoiy-iqtisodiy hayotda yuqori mavqega ega bo‘lgan shaxslar da’vogar bo‘lib kelganini eslash o‘rinlidir. Demak, iqtisodiy demokratiya hamma vaqt ham siyosiy demokratiyaga xizmat qilavermas va jamiyatda tenglik, adolat tamoyillarining qaror topishiga xizmat qilavermas ekan. Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi rahbari A.Burxonov fikricha, «so‘nggi yillarda davlat organlari faoliyati ochiqligi va shaffofligini ta’minlash mexanizmlari, shuningdek, jamoatchilik nazorati institutlari tubdan takomillashtirildi. Raqamli va onlayn texnologiyalarning keng qo‘llanilishi davlat organlarining jamiyat oldidagi hisobdorligini oshirdi. Yer uchastkalari va davlat aktivlarini, shuningdek, avtotransport vositalari uchun davlat raqam belgilarini onlayn auksionda sotish tizimi yo‘lga qo‘yildi hamda doimiy takomillashtirilib borilmoqda» 83 . Mana shunday tashkiliy masalalarni yangicha munosabat asosida hal etilishi ham jamiyatda korrupsiyaviy munosabatloarga bo‘lgan fikrlash tarzini tubdan o‘zgartirdi. Shu bilan birga davlat xizmatlaridan raqamlashtirish va inson omilini chiqarib tashlanishi ham o‘z samarasini ko‘rsata boshladi. Bugungi kunda jamiyatimizning yangi rivojlanish bosqichida korrupsiyaga qarshi kurashni yangi bosqichga olib chiqish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada korrupsiyaga qarshi jazo choralarini qat’iylashtirish choralarini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Bu borada korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga chek qo‘yishga, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlashga doir aniq chora-tadbirlar ham bu boradagi ishlarning tarkibiy qismi hisoblanadi. Korrupsiyaga qarshi kurash tizimini takomillashtirish, jamiyatda korrupsiyaga murosasizlik munosabatini shakllantirishda korrupsiyaga doir ilmiy 83 Korrupsiyaga qarshi kurashish umummilliy birdamlikni talab etadi. https://anticorruption.uz/uzc/item/2021/04/06/2021. 6 aprel. 74 tadqiqot ishlarini rivojlantirish, rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish va ularni korrupsiyaga qarshi milliy kurash strategiyasiga olib kirish, shu bilan birga korrupsiya xavfsizligini shakllantirishga qaratilgan qonunchilik asoslarini takomillashtirish ham dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmqoda. Darhaqiqat, davlat xizmati institutining vazifasi ijtimoiy taraqqiyot qonunlari va uning ehtiyojlari bilan belgilanishi, davlat apparati faoliyatining strategik maqsadlariga muvofiq bo‘lishi, faoliyatning muayyan davridagi vazifalarga qarab unga aniqlik kiritilishi lozim. Bu esa «Davlat xizmati to‘g‘risida»gi qonun har tomonlama, chuqur asoslangan takliflar asosida keng muhokama etilishini talab qiladi. Davlat xizmatida xizmatchilarning manfaatlar to‘qnashuvi jarayonidagi xulq-atvorini tartibga soluvchi normalar muhim o‘rin tutadi. «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunning 3-moddasiga muvofiq manfaatlar to‘qnashuvi deganda shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat tushuniladi. Qonunning 19-moddasiga ko‘ra davlat organlari xodimlari manfaatlarining to‘qnashuvini hal qilishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish, ularga rioya etilishi yuzasidan monitoring o‘tkazish lozim. Shuningdek, qonunning 21-moddasiga binoan davlat organlarining xodimlari mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak. Manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelganda davlat organlarining xodimlari o‘zining bevosita rahbarini darhol xabardor qilishi zarur. Manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi to‘g‘risida ma’lumot olgan rahbar bu to‘qnashuvning oldini olish yoki uni bartaraf etish yuzasidan o‘z vaqtida chora ko‘rishi shart. Davlat organlarining 75 maxsus bo‘linmalari yoki odob komissiyalari manfaatlar to‘qnashuvini hal etish qoidasiga rioya etilishi yuzasidan monitoringni amalga oshiradi. Korrupsiyaga qarshi kurash samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasizlikni shakllantirish, shu bilan birga huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini takomillashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashda vakolatli bo‘lgan organlarning o‘zaro hamkorligini yangicha tartibda yo‘lga qo‘yish kabi ishlarni innovatsion asosda tartibga solish ish samaradorligiga ta’sir hisoblandi. Jamiyatning yangi rivojlanish bosqichida korrupsiyaga qarshi kurashning istiqboldagi vazifalarini belgilab olish va bu borada aniq rejalar asosida ish olib borish samara berishi ham ma’lum bo‘ladi. Davlat organlarining manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish yoki uni bartaraf etish talablari buzilishiga yo‘l qo‘ygan xodimlari, shuningdek ularning rahbarlari qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi. Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, O‘zbekistonda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvini yuzaga keltiradigan sabablarni o‘z vaqtida aniqlash, uning oqibatini oldindan ko‘ra bilish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, sohaga oid muammolar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ular asosida tavsiyalar ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish davlat xizmati samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Download 1.04 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling