Talim vazirligi toshkent davlat sharqshunoslik instituti


Download 1.41 Mb.
Pdf ko'rish
bet27/39
Sana15.11.2020
Hajmi1.41 Mb.
#146297
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   39
Bog'liq
Жахон тарихи. (Қадимги дунё тарихи). У.Абдуллаев


1Doro islohotlari idora ishlarining murakkab byurokratik tizimi 
yordamida davlatni bir qadar markazlashtirishga olib kelsa-da, lekin 
mamlakatda, har holda, qadimgi qabilachilik ittifoqining o‘ta ibtidoiy 
ko‘rinishi saqlanib qoldi. Shoh yakka mustabid hukmdor bo‘lishiga 
qaramay, ba'zi masalalarda qadimgi urug‘-qabila zodagonlaridan 
chiqqan oliynasab vakillar ta'sirida bo‘lgan. Masalan, Gerodot 
yozishicha, Doro yetti eng ulug‘ Eron zodagonlari kengashida shoh 
etib saylanib, bu odamlar shoh huzuriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish 
huquqiga ega bo‘lganlar. Shu bilan birga, shoh ana shu zodagonlardan 
birining qiziga uylanishi Shart edi. Behistun yozuvi matnida, Doro I 
Gaumatani o‘ldirishda va hokimiyatni qo‘lga kiritishda yordam 
bergan bu eroniylarning nomlarini sanab ko‘rsatib, bo‘lg‘usi Eron 
hukmdorlariga  “Sen, zamona zayli bilan shoh bo‘lsang, bu zotlar 
avlodini ehtiyot qil” deb murojaat qilgan. Gerodotning so‘ziga 
qaraganda, hatto Kserks ham yunonlarga qarshi yurishdan avval bu 
masalani shu oliy zot vakillari kengashida muhokama qilishga majbur 
bo‘lgan. Biroq zamon o‘tishi bilan qabilalarning avvalgi ittifoqi 
qadimgi Sharq klassik despotiyasi shaklini ola borgan. Shoh huzurida 
markaziy idoraning ayrim tarmoqlari, ya'ni xazina, sud va harbiy 
ishlar shoh nomidan Yuqori mansabli amaldorlar tomonidan bevosita 
boshqarilgan. Shoh boshliq markaziy hokimiyat mahalliy idora 
ishlarining barcha sohalariga faol aralashgan. Chunonchi, shoh 
fuqarolar, masalan, birorta ibodatxona kohinlarining shikoyatlarini 
ko‘rib chiqqan, soliq masalalarida yengilliklar joriy qilgan, ibodatxona 
yoki shahar devorlari qurish to‘g‘risida farmoyish chiqargan. Shoh 
muhri bosilgan har bir farmon qonun bo‘lib, bajarilishi Shart bo‘lgan. 
Davlatni idora qilish tizimi ko‘plab amaldorlar tomonidan yuritilgan. 
Shoh amaldorlar bilan maxsus noma (xatlar) orqali bog‘langan. Shoh 
mahkamalari va saroyda yozuv-chizuv ishlari e'tibor bilan olib 
borilgan. Barcha farmoyishlar alohida bayonnoma va kundalik 
daftarlarga oromiy tilida yozib borilgan.  
 
Bilasizmi? 
Ahamoniylar davlatni 40 ta satraplikka bo`lib 
idora qilishgan. Uning tarkibida Markaziy Osiyo 
hududidan 4 ta satraplik kirgan 
 

 
 
251
Asta-sekin oromiy tili Eron davlat tiliga aylangan. Oliy davlat noziri 
(“hukmdor ko‘zu qulog‘i”) markazlashgan davlatning 
mustahkamlanishiga yordam bergan, u shoh topshirig‘i bilan oliy 
nazorat qilish kabi ma'suliyatli vazifani bajargan. 
Ajrim ishlarining shoh va alohida “shoh hakamlari” qo‘lida 
bo‘lishi markaziy hokimiyatni yanada mustahkamlagan. O‘sha davr 
tilida aytganda, “huquqshunoslar” faoliyatida cheklanmagan shoh 
hokimiyatini asos qilib olganlar. Bu “shoh hakamlari” ning vazifasi 
barcha mojaroli masalalarda hukmdorga maslahat berishdan iborat 
bo‘lgan. Hakamlar umrbod tayinlanib, jinoyatga qo‘l urgan yoki 
poraxo‘rlikda ayblangan hakamlar vazifasidan mahrum etilgan. “Shoh 
hakami” vazifasi ba'zan otadan o‘g‘ilga meros sifatida o‘tgan. 
Hakamlar nafaqat Eron, balki uning tarkibidagi boshqa mamlakatlarda 
ham adolatpeshalik qilganlar. Tavrotdagi ma'lumotlar hamda 
eronliklar hukmronligi davriga oid Bobil hujjatlari (ular Nippurdan 
topilgan) shundan dalolat beradi. 
 Boshqa qadimgi Sharq mamlakatlari singari, Eronda ham natural 
xo‘jalik hukm surgan. Qishloq jamoalarida yetishtirilgan mahsulotlar 
shu joyning o‘zida iste'mol qilingan. Yetishtirilgan mahsulotning 
ortiqcha qismi bozorga chiqarilgan. Qadimgi natural xo‘jalik 
qoidalariga muvofiq, tovarlar muayyan qiymatga ega bo‘lgan. 
Masalan, Persepoldagi yollanma xodimlar ish haqi sifatida mahsulot, 
ya'ni non, yog‘, baliq olganlar. Mahsulot shaklida to‘lanadigan ish 
haqi “shak” ibora bilan ifodalangan. Persepoldan topilgan va keyingi 
davrga oid hujjatlarda ish haqi sifatida qo‘y va sharob to‘langanligi 
qayd etilgan. Biroq savdo ishlari rivojlanib borgan sari bahoning bu 
ibtidoiy tovar ekvivalentini dastlab og‘ir metall pul, so‘ngra esa zarb 
qilingan tanga tobora siqib chiqargan.  
Tashqi savdo ancha taraqqiy etgan Lidiyada miloddan avvalgi 
VI asrda zarb qilingan tanga paydo bo‘lib, u Bobilning eng qadimgi 
pul og‘irlik o‘lchovi tizimidan foydalanish asosida kelib chiqqan. 
Eronda pul tizimi Kayxisrav zamonida tashkil topgan. Kayxisrav 
Suza, Sarda va Bobilda oltin tangalar zarb qildirib, bu tanga “darik” 
nomini olgan (dari so‘zi qadimda eroniy “oltin” so‘zidan olingan 
bo‘lsa kerak). Eronning g‘arbida savdoda pul ishlatish rasm bo‘lib, bu 
yerda Bobil kabi ko‘hna savdo markazlari ravnaq topgan. Sharqiy 
o‘lkalar, jumladan, O‘rta Osiyoda, asosan, qadoq tilla ishlatilgan. 

 
 
252
Biroq Eron tangasi bu yerga ham yetib kelgan. Afrosiyob (hozirgi 
Samarqand yaqini) va eski Termiz xarobalaridan Eron dariklari 
topilgan.  
Doro I zamonida Eronda savdo taraqqiy etganligini shohning 
Suzada qurilgan saroyi misolida ko‘rish mumkin. Bizga qadar yetib 
kelgan yozuvda saroyni qurish uchun turli mamlakatlardan keltirilgan 
qurilish materiallari ro‘yxati mufassal bayon qilinadi. Masalan, kedra 
daraxti Livan tog‘laridan, oltin - Sarda va Baqtriyadan, lojuvard 
(lazurit) va qizil tosh - So‘g‘diyonadan, feruza - Xorazmdan, kumush 
va bronza - Misrdan, fil suyagi - Efiopiya, Hindiston va Araxoziyadan 
(hozirgi Afg‘onistonda) keltirilgan. 
G‘oyat keng hududdan iborat bo‘lgan Eron imperiyasi birligini 
saqlash, uning poyonsiz chegaralarini qo‘riqlash va mamlakat ichidagi 
qo‘zg‘olonlarni bostirish uchun qo‘shin, umuman, harbiy ishlarni 
tashkil qilish zarur edi. Tinchlik vaqtida muntazam qo‘shin eroniylar 
bilan midiyaliklardan iborat bo‘lib, ular asosiy kuchni tashkil qilgan. 
Shoh sara qo‘shini (gvardiyasi) otliq aslzodalar bilan 10 ming kishilik 
“o‘lmas” piyodadan tuzilgan. Eron shohining 10 ming kishilik 
shaxsiy soqchilari bo‘lgan. 
Eron davlatini ichidan mustahkamlash uchun mahalliy 
boshqarmaning muntazam tizimini tashkil qilish talab etilgan. 
Kayxisrav zamonida bo‘ysundirilgan mamlakatlar yirik o‘lkalarga 
birlashtirilib, ularni alohida hokimlar idora qilgan. Bu hokimlar satrap 
deb atalgan (satrap forscha - “xshatrapavan” - “mamlakat 
mutasaddilari”). Satraplar shohning o‘ziga xos noiblari bo‘lib, ular 
o‘lkadagi barcha idora ishlarini o‘z qo‘llarida markazlashtirganlar. 
Ular o‘lkalarda tartib o‘rnatib, ro‘y bergan qo‘zg‘olonlarni 
bostirganlar. Satraplar mahalliy hakamga ham rahbarlik qilganlar, 
kerak bo‘lganda ular jinoiy va fuqarolik ishlari bo‘yicha hukm 
chiqarganlar. Satraplar o‘lkadagi qo‘shinga qo‘mondonlik qilib, 
harbiy ta'minot ishlarini yuritganlar, hatto shaxsiy gvardiya saqlash 
huquqiga ham ega bo‘lganlar. Masalan, Lidiya satrapi Oroytning ming 
soqchidan iborat shaxsiy gvardiyasi bo‘lgan. 
Doro I zamonida Eron shohligi 25 taga yaqin satraplikka bo‘linib, 
ular nomi Behistun, Naqshi Rustam va Suvaysh yozuvlarida 
keltirilgan. Bu o‘lkalarning shohga to‘laydigan soliq miqdori Gerodot 
asarlarida berilgan. Biroq bir-biriga nomuvofiq bu ro‘yxatlarni 

 
 
253
ma'muriy ahamiyatga ega deb bo‘lmaydi. Satrapliklar 
o‘zboshimchaligiga chek qo‘yish maqsadida shohlarning chora 
ko‘rishiga qaramay, satraplar erkinliklarni uzoq vaqt qo‘llarida saqlab 
qolganlar. Ayrim satrapliklarda (Bobil, Misr, YAhudiya) mahalliy 
huquq, mahalliy og‘irlik va uzunlik o‘lchovlari, ma'muriy bo‘linish 
(Misrning nomlarga bo‘linishi), ibodatxona va kohinlarning 
soliqlardan ozod qilinganligi va boshqa imtiyozlari saqlanib qolgan.  
Shoh qo‘li ostida ma'muriy va harbiy jihatdan yagona kuchli 
davlatga birlashgan G‘arbiy eron qabilalari davlat asosini tashkil 
qilganlar. Eroniylar imtiyozli mavqyega ega bo‘lganlar. Ular barcha 
soliqlardan ozod qilinganligi sababli, soliqlar og‘irligi bo‘ysundirilgan 
xalqlar yelkasiga tushgan.  
 
Eron shohlari eroniylarning “xizmat va qadr-qimmatlari”, 
shuningdek, hukmron mavqey egallaganliklarini yozuvlarida 
doim uqtirib kelganlar. Doro I qabri ustiga qo‘yiladigan toshga: 
“Sen shoh Doroga qanchadan-qancha mamlakatlar 
bo‘ysunganligini o‘ylab ko‘rsang, taxtni ko‘tarib turgan 
odamlarning tasviriga qara: shunda sen Eron askarining nayzasi 
uzoq mamlakatlargacha borib yetganini hamda Erondan uzoqda 
ham dushmanini yenganini anglaysan” deb yozdirgan.  
 
Eroniylarni yagona til va din, xususan, oliy Xudo - 
Axuramazdaga bo‘lgan e'tiqod birlashtirgan.Biroq o‘sha davrda 
dunyoga hokimlik qilishga intilgan Eron shohlarining da'volarini ham 
asoslaydigan yagona mafkura paydo bo‘la boshladi. Shoh 
“mamlakatlar shohi” yoki “shahanshoh” yoki ”kun chiqardan kun 
botargacha mamlakatlar ahlining sultoni” nomini olgan. Shoh 
hokimiyatini mustahkamlash uchun qadimgi eron dinidan ham 
foydalanilgan. Ya'ni mazkur diniy qarashlar Eron davlati tarkibiga 
kirgan xalqlar, jumladan, O‘rta Osiyo xalqlaridan olingan. 
Ahamoniylar shohligida qaror topgan bu siyosiy-diniy nazariyaga 
ko‘ra, osmon bilan yerni yaratgan oliy xudo - Axuramazda Eron 
shohini “bu bepoyon yer yuzining hokimi, birdan-bir hukmdori”, 
“dengizning u va bu tomonidagi tog‘ va tekisliklar, har ikki 
tarafdagi cho‘lning yagona egasi” etib tayinlagan. Eron shohlarining 
Persepoldagi saroyi devoriga dunyoning har tomonidan Eron shohiga 

 
 
254
turli xiroj va qimmatli tortiqlar keltirgan odamlar surati tushirilgan. 
Doro I o‘z davlatining qudrati haqida oltin va kumush lavhalarda 
qisqa va ma'noli tarzda bayon etadi: “Doro buyuk shoh, shahanshoh, 
mamlakatlar shohi, Kashtosib o‘g‘li Ahamoniydir. Shoh Doro 
“So‘g‘diyonaning ortidagi saklar mamlakatidan to Kushga qadar 
(ya'ni Efiopiyagacha), Hindistondan Sardagacha shohlikni menga 
ulug‘ xudo Axuramazda ato etgan. Axuramazda yurtimni o‘z 
panohida asrasin”. 
Ahmoniylar davlatida satrapliklar va savdo - sotiq. Eronda 
Ahamoniylar davlatini ichidan mustahkamlash uchun muntazam 
mahalliy boshqarma tizimini tashkil etish talab qilingan. Kayxisrav 
(Kir) davrida bo‘ysundirilgan mamlakatlardan iborat yirik o‘lkalarni 
hokimlar idora qilgan. Ular “satrap” deb atalgan. Satraplar shoh 
noiblari hisoblanib, o‘lkalarda idora, boshqaruv ishlarini o‘z qo‘llarida 
markazlashtirgan. Ular o‘lkalarda tartib o‘rnatib, qo‘zg‘olonlarni 
bostirgan. Shuningdek, satraplar qo‘shinga qo‘mondonlik qilib, harbiy 
ta'minot ishlarini olib borgan va shaxsiy gvardiyani saqlash huquqiga 
ham ega bo‘lgan. Moliya - soliq ishlari, ya'ni, aholidan soliq yig‘ish, 
yangi soliqlar joriy etish va soliq orqali tushgan boyliklarni shoh 
xazinasiga topshirish satraplar qo‘lida edi. Bundan tashqari, ular 
o‘lkaning xo‘jalik hayotini, jumladan, dehqonchilik ishlarini borishini 
ham kuzatib borganlar. Nihoyat, o‘lka amaldorlarini tayinlash va 
xizmatdan chetlatish, ularning ishini nazorat qilish huquqiga ham ega 
edilar. Shunday qilib, satraplar katta vakolatlarga ega bo‘lib, o‘z 
saroyi va saroy ahliga ega mahalliy hukmdor bo‘lganlar. 
Ahmoniylar boshchiligidagi Eron shohligining ba'zi o‘lkalari 
o‘rtasida aloqalarni yo‘qligi Qambiz shohligining oxiri - Doro I 
hukmdorligining boshida avj olgan. Qo‘zg‘olonlar va ijtimoiy 
ziddiyatlar islohotlarni talab qilgan, chunki ular Eron davlatining ichki 
ahvolini mustahkamlashi kerak edi. 
Ahmoniylar hukmronligi davrida savdo-sotiq ishlari ham ancha 
rivoj topdi. Qadimgi savdo yo‘llari Eronni Mesopotamiya va 
Kavkazorti o‘lkalari bilan bog‘lagan. Bronza qurollarini tayyorlashda 
zarur qo‘rg‘oshin va qalay Erondan Mesopotamiyaga olib borilgan. 
O‘rta Osiyo va Erondan boshlangan boshqa savdo yo‘llari Sharqqa - 
Xitoyga va janubi-Sharqiy Hindistonga olib borgan. Jumladan, 
miloddan avvalgi I ming yillik o‘rtalarida Baqtriya va Hindiston 

 
 
255
muhim savdo markaziga aylangan. Savdo-sotiq taraqqiy etishi bilan 
qadimgi qal'alar iqtisodiy markazga aylana bordi. Xorazmning ayrim 
shaharlari, Baqtriyada Balx, So‘g‘diyonada Marokanda, Eron g‘arbida 
Suza, Midiyada Ekbatana, shuningdek Bobil kabi shaharlar muhim 
savdo markazlariga aylandi. 
Doro I davrida Eronda savdo ishi taraqqiy etganligi Suzadan 
topilgan yozuvda nomoyon bo‘ladi. Bu yozuvda Suzada qurilgan 
saroy haqida ma'lumot keltirilgan. Shuningdek, shoh saroyini qurish 
uchun turli mamlakatlardan materiallar keltirilganligi haqida 
ma'lumotlar bor. Masalan, kedr daraxti Livan tog‘laridan, oltin - Sarda 
va Baqtriyadan, lojuvard va qizil tosh - So‘g‘diyonadan, feruza - 
Xorazmdan, kumush va bronza - Misrdan, fil suyagi - Efiopiya, 
Hindiston va Araxosiyadan keltirilgan. 
Eronda savdo-sotiq ishlarini yanada rivojlantirish, davlatning 
ayrim xududlari o‘rtasida iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash 
uchun yagona pul birligini kiritish zarur edi. Shu maqsadda Doro I pul 
islohotini amalga oshirdi. Mamlakat hududi bo‘ylab yagona oltin 
tanga - darik (8, 416 gr) joriy qilindi. Eng Yuqori qadoq va tanga 
birligi - Eron talanti 3 ming darikdan iborat bo‘lgan. Oltin tangalarni 
zarb qilish huquqi faqat markaziy hokimiyat qo‘lida bo‘lgan. 
Satrapliklarda esa satraplarga faqat mis va kumush tangalarni zarb 
qilish huquqi berilgan. Mayda chaqa o‘rnida eroncha “shekel” deb 
atalgan kumush pul bo‘lib, u darikning yigirmadan biriga (5,6 gr. 
kumushga) teng bo‘lgan. 
Savdo - sotiqni rivojlantirishda va, umuman, xo‘jalikni yuritishda 
qurilish ishlari va aloqa xizmatini keng suratda yo‘lga qo‘yish katta 
ahamiyatga ega bo‘lgan. Bu masalada eronliklar qadimgi xettlar va 
ossuriyaliklar tomonidan qurilgan yo‘llardan foydalanib, bu yo‘llarni 
savdo karvonlari, pochta xizmati uchun va qo‘shinlarni olib yurish 
uchun moslashtirgan. Shu bilan birga, bir qancha yangi yo‘llar ham 
qurilgan. Ahamoniylar davrida Kichik Osiyodan to Hindistongacha 
bo‘lgan hududda muhim savdo yo‘llari mavjud bo‘lgan. 
Doro I ning tashqi siyosati. Doro o‘zidan oldingi shohlar - 
Kayxisrav va Qambiz siyosatini davom ettirib, Eronni boshqa 
mamlakatlar ustidan hukmron bo‘lgan qudratli davlatga aylantirishni 
maqsad qilib qo‘ydi. Kayxisrav Hindikush atrofi va Qobul vodiysida 
yashagan hind qabilalari, jumladan, qandahor qabilasini 

 
 
256
bo‘ysundirgan. Eron davlati tarkibiga kirgan qabila va o‘lkalar orasida 
ushbu qabila ham bo‘lganini o‘zining mashhur Behistun yozuvida 
eslatib o‘tadi. Doro Sulaymon tog‘larining etaklaridan to Hind 
daryosiga qadar tekislikni alohida o‘lkaga aylantirgan. 
Dengiz yo‘llari muammosi Doroning tashqi siyosatida muhim 
o‘rin tutgan. Doro dengiz yo‘li orqali Misrni Mesopatamiya va Eron 
bilan bog‘lash uchun fir'avn Nexoning Nil daryosidan to Qizil 
dengizgacha kanal qazish bo‘yicha boshlagan ishini tamomlaydi. 
Toshga o‘yib yozilgan xatida Doroning shunday so‘zlari bitilgan: 
“Men forsdan chiqqan eroniyman... Misrni olgach, kanal 
qazdirishga buyruq berdim, kanal Pirava (ya'ni Nil) daryosidan 
chiqib Misrning ichidan to Erondan boshlanadigan dengizgacha 
boradi, bu kanal men aytgan kabi qazildi va Misrdan chiqqan 
kemalar bu kanal orqali mening irodamga ko‘ra Eronga qarab 
yuradigan bo‘ldi.” 
 
Doroni, ayniqsa, Eron shimolida joylashgan mamlakatlar 
qiziqtirgan.  Kayxisrav ham baqtriyaliklar va saklarga qarshi kurash 
olib borgan. Nihoyat, u O‘rta Osiyodagi massaget qabilalari bilan jang 
chog‘ida Yaksart (Sirdaryo) daryosi bo‘yida halok bo‘lgan. Saklar 
yashagan ba'zi o‘lkalar avval, ya'ni Doro davrida egallangan bo‘lsa 
kerak.  Doro I zamonidagi Eron tarkibiga kirgan o‘lkalardan - 
Xorazm, Baqtriya, So‘g‘diyona va sak qabilalari yodga olingan. Eron 
davlatini mustahkamlash uchun Doro I  miloddan avvalgi 517 yilda 
saklarga qarshi katta yurish qilgan deb faraz qilinadi. Behistun 
yozuvining so‘nggi qismida Doro I buni quyidagicha tasvirlaydi: 
“Doro aytadi: saklar qo‘shini bilan birga men saklar yurtiga bostirib 
kirdim. Ul saklar yurti daryoning narigi tomonida bo‘lib, alarning 
o‘zi cho‘qqi qalpoq kiyib yurur edilar. Alqissa, men daryoda 
kemalardan ko‘prik qilib o‘shal ko‘prik orqali saklar yurti 
ichkarisiga kirib bordim va ularni yer bilan yakson qildim. Saklar 
qo‘shini boshliqlaridan birini asir oldim. Boshqalarining qo‘llarini 
bog‘lab, huzurimga keltirdilar. Ular orasida boshliq - Skunxa ismli 
odamni ham qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, huzurimga keltirdilar. Men o‘z 
amrim bilan saklar yurtiga yangi hukmdor tayin qildim. Shundan 
so‘ng mamlakat mening qo‘limga kirdi”. 
Doro I g‘arbga qilgan yurishlarida yirik yutuqlarga erishdi. U Egey 
dengizining yunon qabilalari joylashgan viloyatlarga yaqinlashib 

 
 
257
borib, ularni batamom istilo qilish maqsadida yana g‘arbga qarab 
yurishga tayyorgarlik ko‘ra boshlagan. Doro I  Demokred 
boshchiligida Yunonistonga ekspeditsiya yo‘llaydi. Bu ekspeditsiya 
Yunonistonga, hatto Tarentga qadar yetib bordi. Doro I janubiy 
chegaralarni mustahkamlash maqsadida Barkani istilo etadi. Bu bilan 
Shimoliy Afrikaning Liviya bo‘yida hamda Shimolda skiflar bilan 
kurash boshlab, Frakiyada mustahkamlanib olgan. Doro I yunonlar 
bilan urush natijasida Frakiya, Vizantiya, Samos va boshqa bir qancha 
orollarni istilo qilib, Egey dengizi bo‘yigacha borgan. 
Doro I ning vorisi Kserks  (miloddan avvalgi 486 - 465 yillar) 
tashqi siyosatda jahonga hukmdorlik to‘g‘risidagi orzusini amalga 
oshirmoqchi bo‘lgan. U barcha yunon qabilalarini bo‘ysundirish va 
O‘rta yer dengizining yerlarida tanho hukmronlik qilishga intildi. 
Gerodot Kserks tilidan so‘zlab, shunday deydi: “Agar afinaliklar 
hamda ularga qo‘shni Frigiyani, Pelop tuprog‘ida yashovchi xalqni 
bo‘ysundirsak, Eron yerini Zevs osmoni kabi kengaytirgan bo‘lar 
edik. Quyosh bundan keyin bizning yerimizdan boshqa joyga o‘z 
nurini sochmas edi. Men sizlar bilan butun Yevropani kezib, bu 
yerlarni birlashtiraman. Agar biz bu xalqlarni bo‘ysundirsak, u 
holda odamlar aytganicha, bundan keyin bironta shahar, xalq bizga 
qarshi kurashishga jur'at eta olmaydi. Shunday qilib, biz 
gunohkorlarning ham gunohsizlarning ham bo‘yniga asorat 
zanjirini osamiz”. Asosiy maqsadi harbiy bosqinchilik va boylikdan 
iborat bo‘lgan Kserksning bu so‘zlari Eron quldorlik siyosatini ochiq 
ifodalagan. 
Biroq dunyoga hokim bo‘lish uchun yuritilgan bu siyosat Eronni 
halokatga eltdi. Yunonlar birlashib, Eronga qaqshatqich zarba 
berdilar.  
Tarixchilarning, qadimgi Eron madaniyati Mesopatamiyadagi 
xalqlar madaniyati bilan chatishuvi o‘ziga xos Eron madaniyatining 
orqaga ketishiga va qudratli Eron davlatining kuchsizlanishiga olib 
keldi, degan fikri asossiz. Aksincha, Eron qabilalari mixsimon xatni, 
(mixxat yozuvi) moddiy va ma'naviy madaniyatning ko‘pgina 
yutuqlarini, shuningdek, davlat tashkilotini ossur-bobilliklardan 
o‘rganganliklarini biz yaxshi bilamiz. 
 Ahamoniylar davrida qadimgi fors tilida 
yozilgan mixxatlar, madaniy 
Qadimgi Eron dini va 
madaniyati. 

 
 
258
yodgorliklarda aks ettirilgan turli suratlar, tasvirlar hamda ba'zi yunon 
tarixchilari yozib qoldirgan ma'lumotlar, shuningdek, “Avesto”ga 
asoslanib, qadimgi forslarning dini haqida tasavvurga ega bo‘lish 
mumkin. 
Qadimgi Sharq - Eron, Markaziy Osiyo xalqlarining urf-odatlari, 
rasm-rusmlar to‘plami va diniy kitobi hisoblangan “Avesto” qadimgi 
afsonalar asosida tuzilgan. “Avesto” asari ezgulik xudosi - 
Axuramazda bilan yovuzlik xudosi Axrimanning o‘zaro kurashi 
bayoni asosiga qurilgan. Unda goh ezgulik, goh yomonlik kuchlari 
g‘olib chiqib, o‘z hukmronliklarini o‘rnatadilar. 
“Avesto”ning qadimgi qismlari - “Gatlar” (muqaddas ashulalar, 
kuylar) forslarning ahamoniylar davriga qadar qadimiy dinlarini ifoda 
etgan. 
Eng qadimgi forslarning dunyoqarashi oddiyligi bilan ajralib 
turadi. Boshqa Sharq xalqlari singari forslar muqaddas suvlarga 
sig‘inishgan. Forslarda oliy tangrining o‘g‘li bo‘lmish olov alohida 
e'zozlangan. Olovga sig‘inish odati eronliklarda keng rasm bo‘lib, 
uzoq vaqtgacha saqlanib qolgan. Eng qadimgi zamonlarda muqaddas 
jonivorlar: buqa, qoramol, ot va itga e'tiqod mavjud edi. 
O‘sha vaqtda Axuramazda Oliy xudo deb e'lon qilinadi. Doro I 
davridagi qabr toshlarida “Axuramazda Doroni, osmonni, yerni, 
insonni yaratgan. Doroni shoh etib, unga shohlik qilishni 
topshirgan” deyiladi. Shunday qilib, Oliy xudo - yaratguvchi 
Axuramazda shohlar hukmdori - osmon xudosi sifatida tasvirlanadi.  
Forslarning dinida shohlarning ilohiy kelib chiqishi har 
tomonlama uqtiriladi. Eron shohlarining dunyoga hukmronlik qilish 
g‘oyasi keng targ‘ib qilinadi.  
Oliy xudo Axuramazda ezgulik, yorug‘lik, nur timsoli hisoblansa, 
unga qarama-qarshi qora kuchlar homiysi Ahriman o‘lim, zulmat va 
yovuzlik timsoli sifatida tasvirlanadi. Ana shu diniy dualizmga asosan 
insonlardan vijdonlilik, kamtarlik, saxovat, adolat va insonparvarlik 
kabi fazilatlar talab etilgan. 
Tarkibida ko‘p mamlakat va elatlarni birlashtirgan yirik Eron davlati 
shohlardan yagona davlat dini, yagona Oliy xudoni joriy qilishni talab 
etgan. Shundagina ulkan davlatni boshqarish, idora qilish oson 
bo‘lgan. Shuning uchun Kserksning shohlik davridan boshlab qadimgi 
“dayv”larni quvg‘in qilish boshlandi. Ular zolim ruhlar deb e'lon 

 
 
259
qilindi. O‘sha davrdagi yozuvlarning birida Kserksning: 
”Axuramazda irodasi bilan men “dayv”lar turgan joylarni vayron 
qildim, toki ularga bundan buyon hech kim ishonmasin” degan 
so‘zlari bitilgan. Shunday qilib, Eronda yagona oliy shohning 
himoyachisi, o‘lim kuchlari ustidan g‘olib kelgan Axuramazdaga 
e'tiqod joriy qilindi. Qadimgi Eron diniga Ossuriya - Bobil dinlari ham 
ta'sir ko‘rsatgan. 
Ahamoniy hukmdorlar Axuramazda siymosini uning yerdagi 
noibi - shoh bilan bog‘laydilar va o‘z nomlariga “saoshiant” - 
“insoniyatning xaloskori, homiysi” nisbatini qo‘shadilar.  
Eron xalqi diniga oid tushunchalar Gerodot, Strabon, Ksenofont, 
Sitseron va boshqa antik mualliflarning asarlarida keltirilgan. 
Ahamoniylar davrida forslar tabiat xudolari Mitra (quyosh va nur 
xudosi), Anaxita (suv va hosildorlik xudosi)ga e'tiqod qilganlar. 
Qadimgi Eron tarixi va madaniyatini o‘rganishda 1933 - 1937 
Download 1.41 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   39




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling