Tarix o’tmishning ko’zgusi
Download 1.51 Mb. Pdf ko'rish
|
Depressiya (iotincha «depressio» - «tushkunlik»)- ortiqcha ishlab chiqarish
inqirozidan so'ng ro'y beradigan, iqtisodiyot turg'unligi, tovarlarga talab kamligi, ommaviy ishsizlik bilan tavsiflanadigan davr. Lloyd-Jorj hukumati (1918-1922) Angliyaning xalqaro mavqeini saqlab qolishga intildi. U Rossiyaning ichki ishlariga qo'pol ravishda aralashdi. Ingliz qo'shinlari Murmansk va Arxangelsk shaharlariga kiritildi, mahalliy hokimiyat ag'darildi. 1918-yil yozida ingliz qo'shinlari Ashxobod va Boku shaharlarini egalladilar va Kaspiy dengizida o'z flotiliyalarini yaratib, dengizdagi barcha qatnovni nazorat ostiga oldilar. Shuningdek, ular Boku-Batumi temir yo'li ustidan nazorat o'rnatdilar, Gruziya, Ozarbayjon va Armanistonda mustaqil hukumatlar tuzilishiga ko'maklashdilar. Angliyaning maqsadi Rossiyani bo'lib yuborish, 1916-yilda Fransiya bilan bitimda qayd etilgan va 1918-yil 13-noyabrda tasdiqlangan hududlar ustidan o'z hukmronligini o'rnatish edi. Angliyaning o'zida Rossiyaga qarshi harbiy yurish xalqning keskin noroziligi va namoyishlariga sabab bo'ldi. Ingliz hukumati qurolli yo'l bilan Rossiya hukumatini yo'q qilishga urinishdan voz kechishga majbur bo'ldi. Bu esa Lloyd-Jorj hukumatiga berilgan og'ir zarba edi. Ammo Angliya Parij konferensiyasida yirik muvaffaqiyatni qo'lga kiritdi. Konferensiyada ishlab chiqilgan shartnomaga ko'ra, eng ko'p harbiy o'lja - mustamlaka hududlar unga tegdi. Angliya Fransiyaning Yevropa qit'asida hukmron mavqega erishishiga yo'l qo'ymadi, Tinch okeanidagi o'z mavqeini ham, Yaponiya kabi ittifoqchisini yo'qotish evaziga bo'lsada, saqlab qoldi. Umuman, Versal-Vashington tartibining yaratilishi uning nazorati ostida va unga qulay yo'nalishda kechdi. Angliya strategik jihatdan muhim O'rta Yer dengizi hududida tayanch nuqtasiga ega bo'lishni istar edi. Kipr Angliya tasarrufida bo'lib, Gretsiyani ham o'z ta'sir doirasiga olish O'rta Yer dengizi mintaqasi taqdirida Angliyaning rolini oshirib yuborar edi. Angliyaning rejalarini Turkiya buzib yubordi. 1920-yilda Izmirning greklar tomonidan bosib olinishi bilan boshlangan grek-turk urushi 1922-yilgacha davom etdi. Angliya Egey dengizining har ikki tomonida Buyuk Gretsiya davlatini yaratish niyatida bo'lgan greklarning da'vosini qo'llab-quvvatladi. Ingliz siyosatining mohiyatini yaxshi - 52 - tushungan Fransiya va Italiya esa Gretsiyaning kuchayishiga qarshi chiqdilar. Angliya Birinchi jahon urushidan keyin birinchi marta yakkalanib qoldi. 1922-yil 9-sentabrda Muddaniya yaqinidagi jangda grek qo'shinlari tor-mor etildi va turk qo'shinlari Izmirga kirdi. Angliyaning Turkiyaga qarshi urushda yordam so'rab Yugoslaviya va Ruminiyaga qilgan murojaatlaridan natija chiqmadi. U o'ziga qaram davlatlardan ham rad javobi oldi. Birinchi jahon urushida g'alaba qozongan Angliya turk milliy-ozodlik harakati bilan urushda mag'lub bo'ldi. Grek-turk urushidagi bu mag'lubiyat Lloyd-Jorj hukumatining ham mag'lubiyati edi. Lloyd-Jorjga qarshi matbuotda ayovsiz kampaniya boshlandi. Raqiblari uni «urushni yutib, tinchlikni boy berganlikda» aybladilar. Ammo tashqi siyosatdagi xatolar bilan birga ichki siyosiy muammolar ham talaygina edi. Mamlakat oldida ulkan iqtisodiy qiyinchiliklar turardi. Sanoatning ayrim sohalari izdan chiqqan, ishsizlik ko'payib borardi. Lloyd-Jorj hukumatiga hal qiluvchi zarba Irlandiyada berildi. Urush payti va undan keyin Angliya va Irlandiya o'rtasidagi fojiaviy munosabatlar tarixiga yangi bob qo'shildi. 1914-yilda ingliz parlamenti Irlandiyaga avtonomiya berish haqida bill (qaror) - gomrul qabul qildi. Ammo urush tufayli uni amalga joriy etish kechiktirildi. Urush cho'zilib ketgach, irland millatchilarining toqati toq bo'ldi va ular Dublinda 1916-yili qo'zg'olon ko'tardilar. Angliya hukumati uni bir hafta ichida bostirdi, ammo qo'zg'olon rahbarlarini qatl etib, katta xatoga yo'l qo'ydi. Irlandiyaliklar nazdida ular milliy-ozodlik uchun halok bo'lgan qahramonlarga aylandilar. Parlamentdagi Irlandiya partiyasi «Shinn feyn» («Yolg'iz o'zimiz») deb nomlangan ekstremistik tashkilotga aylandi. 1918-yilgi saylovlarda «Shinn feyn» ingliz parlamentining irlandiyaliklarga ajratilgan barcha o'rinlarini olib qo'ydi. Irlandiyadan saylangan deputatlar parlament ishida qatnashishdan voz kechdilar va 1919-yil 21-yanvarda o'zlarini mustaqil Irlandiya parlamenti deb e'lon qildilar. «Shinn feyn»ning harbiylashgan qanoti Irlandiya respublikachilar armiyasiga (IRA) aylandi. Asli kelib chiqishi AQSHdan bo'lgan Edmon de Valeri (1882-1975) Irlandiyaning birinchi prezidenti qilib saylandi. Ko'p o'tmay Britaniya armiyasi bilan IRA o'rtasida harbiy harakatlar boshlandi, unda irlandiyaliklar partizan urushining barcha usullarini qo'lladilar. Irlandiyaliklarni «Blek end tans» («qora va qahvarang») nomi bilan mashhur bo'lgan yordamchi otryadlar qo'llab-quvvatladilar. Ikkala tomon ham murosaga kelishni istamadi. 1921-yilda Angliya bilan Irlandiya o'rtasida bo'lib o'tgan yopiq muzokaralar natijasida bitim imzolandi va unga ko'ra Irlandiyaga dominion maqomi berildi. Download 1.51 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling