Pichano‘rarlar (Opiliones) turkumi.
Uzunoyoqlilar keng tarqalgan (2500 tacha turi ma’lum) va ko‘pincha mayda (1 mm dan 2 sm gacha) o‘rgimchaksimonlar bo‘lib, ko‘pchiligida oyoqlarining nihoyatda uzun (ba’zilarida 16 sm gacha) bo‘lishi, tanasining esa ixcham va kichikligi, ko‘payishi va boshqa xususiyatlari bilan boshqa turkumlardan farqlanadi.
Uzunoyoqlilarning bosh-ko‘krak qismi qattiq qalqon bilan himoyalangan. Ba’zi turlarida mazkur qalqon qorincha qismini ham qoplab turadi. Xeletserasi ko‘pincha uzun va kuchli bo‘lib, pedepalplari kaltaroq. To‘rt juft juda uzun oyoqlari chaqqon harakat etishga va yirtqichlik bilan ovqatlanishga yordam beradi. Urg‘ochisining qorincha qismida ichga qayrilgan “tuxum qo‘yuvchi”, erkaklarida esa naychasimon qo‘shilish organi – penis bo‘ladi. Bular spermatofora hosil qilmay qo‘shiladi. Urg‘ochilari bir necha yuzlab tuxum qo‘yib ko‘payadi. Bularda partenogenez hodisasi borligi ham aniqlangan.
Uzunoyoqlilar turli hashoratlar, ularning qurtlari, hatto qorinoyoqli mollyuskalar, chirindilar yoki o‘limtiklarni yeb, hayot kechiradi. Ular bionika fani uchun ma’lum nazariy ahamiyatga ega.
Kanalar (Acari) turkumi.
Kanalar tashqi ko‘rinishidan bir-birlariga o‘xshash, mayda maxluqlar bo‘lsa ham, aslida ular uzoq davrlar davomida turli yashash sharoitlariga moslashish evolyutsiyasi natijasida xilma-xil guruhlar hosil etgan o‘rgimchaksimonlardir. Bularning bir qancha avlodlari nam tuproqda yashasa, ba’zilari suvda yashaydi. Juda ko‘p turlari o‘simliklar yoki hayvonlar tanasida parazitlik bilan hayot kechiradi. O‘simliklarda yashovchi yoki hayvonlarda parazitlik qiluvchi avlodlari bir tomondan, mazkur organizmlarga katta zarar yetkazsa, ikkinchi tomondan, turli kasalliklarni qo‘zg‘atuvchi mikrob va viruslarni tarqatish yo‘li bilan ham zarar keltiradi. Bular o‘rtasida insonga turli xastaliklar tarqatuvchi turlari ma’lum. Kanalarning bir necha ming turlari ma’lum bo‘lib, hozirgi zoologiya sistemasida ular ikki turkumdan tarkib topganligi aniqlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |