Termiz davlat universiteti tabiiy fanlar fakulteti
AFRIKA IQLIMINING TARKIB TOPISHI
Download 1.17 Mb. Pdf ko'rish
|
Tursunov begam 080522193027
2.AFRIKA IQLIMINING TARKIB TOPISHI.
Afrika Yer yuzida shimoliy va janubiy yarim sharlarda taxminan bir xil masofaga choʻzilgan yagona materikdir. Materikning ana shu xususiyati har ikkala yarimsharda bir xil kengliklarda bir xil iqlim paydo boʻlishi uchun sharoit yaratgan. Afrika territoriyasida deyarli barcha iqlim mintaqalari ikki martadan uchraydi. Biroq Afrikaning shimoliy qismining maydoni janubiy qismining maydonidan, yaʼni (ekvatordan janubdagi qismidan) ikki marta kattaligi muhim ahamiyatga ega. Afrikadan shimol va shimoli-sharqda juda katta Yevrosiyo quruqligi joylashgan. Kontinentlar orasidagi iliq dengizlar Oʻrta dengiz bilan Qizil dengiz Afrikani Yevrosiyodan ajratib turadi. Janubiy subkontinent Atlantika okeani bilan Hind okeani orasidadir. Shuning uchun ham ekvatordan shimol va janubda iqlimning vujudga kelish sharoiti bir xil emas. Materikning asosiy qismi tropiklar orasida boʻlib, butun yil davomida quyoshdan koʻplab issiqlik oladi va juda qizib ketadi. Shimoliy yaxlit qismi esa ayniqsa kuchli qiziydi. Butun Afrika (bir ozgina territoriyani istisno qilganda) yiliga 160 kkal. sm2 dan koʻproq issiqlik oladi. Shimoliy qismida esa yalpi radiatsiya 200 kal. sm2 dan oshadi. Bunday yuqori temperaturalar Afrikaning Yer sharidagi eng issiq materik ekanligidan dalolat beradi. Materik yer yuzasining ancha tekisligi va chekka qismining ichki qismlarga nisbatan bir oz koʻtarilganligi sababli Afrika iqlimiga okeanlar u qadar katta taʼsir qilmaydi va Afrika iqlimi oʻziga xos kontinental iqlimdir. Shimoliy qismi juda katta boʻlganidan va Yevrosiyoga yaqin joylashganligidan iqlimi ayniqsa kontinentaldir. Afrikaning katta qismi har ikkala yarimsharning subtropik antitsiklonlari va passat sirkulyatsiyasi taʼsiridadir. Shimoliy yarimsharning quruqlikdan esadigan passatlari nisbiy namligi kam boʻlgan kontinental havo olib keladi. Hind okeani tomonidan esadigan janubiy yarimshar passatlari materikning shimoliy chekkasiga beqaror sernam havo massalari keltiradi. Materikning gʻarbiy chekkalari shimoliy va janubiy yarim-sharlarda Atlantika subtropik antitsiklonlarining sharqiy chekkasi taʼsirida boʻlib, ular uchun passat inversiyasi xarakterlidir. Bu inversiya Atlantika okeanining sovuq oqimlari taʼsirida ancha kuchayadi. Bu esa yogʻin yogʻishi uchun noqulay sharoit yaratadi. Materikning ekvator atrofidagi qismlarida havo massalarining bir yarimshardan ikkinchi yarimsharga koʻchishi juda katta ahamiyatga ega. Shu bilan birgalikda materikning sharqida boshqa yarimshardan passatlarning oʻtib kelishi shu yarim- shardagi yoz paytida roʻy beradi. Gʻarbda esa bosim gradiyenti Janubiy Atlantika maksimumidan Afrikaning shimoliy sub-kontinenti tomoniga doimiy yoʻnalgani uchun butun yil. davomida janubiy passat (janubi-gʻarbiy musson) shimoliy yarimsharga oʻtib turadi. Shuning uchun 17° sh. k. bilan 20° j. k. orasidagi polosada har ikkala yarimsharda yoz paytida beqaror sernam ekvatorial havo olib keladigan va seryomgʻir davrni vujudga keltiradigan ekvatorial mussonlar taʼsir etib turadi. Materikning subtropik mintaqalar ichiga kirib boradigan chekka shimol va janub qismlari har ikkala yarimsharda qish paytida oʻrtacha kengliklardagi gʻarbiy sirkulyatsiya sharoitida boʻladi. Havo massalarining sirkulyatsiya sharoiti yogʻin-sochin va temperaturalarning taqsimlanishi yanvar va iyul oylarida har ikkala yarimsharda bir xil emas.Yanvarda materikning janubiy qismi issiq boʻladi, shimoliy qismi esa ancha salqin keladi. Shuning uchun yuqori bosimli subtropik mintaqa Sahroi Kabirning shimolini kesib oʻtadi va Shimoliy Atlantika maksimumi bilan qoʻshiladi. Materikning chekka shimoli-gʻarbi qishda oʻrtacha kengliklardagi gʻarbiy siklon sirkulyatsiyasi taʼsirida boʻladi.Ana shu paytda janubiy yarimsharda keng depressiya hosil boʻladi. Qoʻshni okeanlardan ham, shimoliy yarimshar tomonidan ham havo ana shu depressiyaga tomon esadi. Shimoliy passat 25° sh. k. dan ekvatorga qarab nisbiy namligi 30% dan 15% gacha boʻlgan uchta asosiy issiq havo oqimi shaklida esadi. Bulardan biri materikning kattaroq sharqiy qismida esadigan shimoli-sharqiy yoʻnalishdagi Misr oqimidir. Bu oqim Kongo havzasining shimoliy qismigacha kirib boradi, lekin ekvatorni kesib oʻtmaydi. Undan sharqroqda yanada quruqroq Arabiston passati esib, Somali yarim orolini oʻz ichiga oladi va ekvatordan janubroqqacha kirib keladi. Bu yerda u Janubiy Hindiston maksimumining chekkasi boʻylab Hind okeanidan keladigan janubi-sharqiy passat bilan qoʻshilib ketadi. Misr oqimidan gʻarbda Gvineya sohili tomoniga xarmattan deb ataladigan shamol-esadi. Bu shamol Gvineya qoʻltigʻining shimoliy qismida Janubiy Atlantika antitsiklonining sharqiy chekkasi boʻylab oqib keladigan janubi-gʻarbiy musson bilan uchrashadi. Odatda harmattan Gvineya qoʻltigʻi sohiliga yetib bormaydi va u yerda kuchsiz janubi-gʻarbiy shamollar esib turadi. Lekin, bir oz yuqorida passat oqimi hiyla janubroqqa kirib boradi va janubi-gʻarbiy mussondagi koʻtarilma havo oqimlariga va yogʻin yogʻishiga qarshilik koʻrsatadi. Shuning uchun ham Gvineya sohilida yanvar eng quruq oydir. Janubiy Hindiston maksimumi yanvar oyida ancha janubga suriladi. Bu maksimum Afrikaning chekka janubini oʻz ichiga oladi va janubi-sharqiy passatning boshlanishiga imkon beradi. Bupassat Hind okeanidan Afrikaning baland togʻliklari sharqiy yenbagʻirlariga moʻl-koʻl yogʻin olib keladi. Yogʻin miqdori materik ichkarisiga tomon keskin kamaya boradi va Kalaxari choʻlining markaziy qismida yogʻin ayniqsa kam yogʻadi. Afrikaning gʻarbiy sohili Janubiy Atlantika antitsiklonining sharqiy chekkasi taʼsiridadir. Janubdan esadigan shamollar taʼsirida baland kengliklardan keladigan ancha sovuq havo massalarining issiq materik ustiga kelishi natijasida Gʻarbiy sohildan to ekvatorgacha choʻzilgan polosada yogʻin hosil boʻlmaydi. Atlantika havosi Hind okeanidan keladigan havo massalari bilan toʻqnashgan rayonda front hosil boʻladi. Ana shuning uchun ham Kalaxarining gʻarbida materikning ancha gʻarbiy va sharqiy rayonlaridagiga nisbatan yogʻin bir oz koʻproq boʻladi. Iyul oyida shimoliy yarimshar koʻproq qiziydi, shuning uchun ham barcha barik zonalar shimolga tomon suriladi. Shimoliy yarimsharning subtropik maksimumi Oʻrta dengiz va Janubiy Yevropaga suriladi, Afrikaning chekka shimoli-gʻarbinigina oʻz ichiga oladi. Afrikaning shimoliy qismi ustida havoning kuchli qizib ketishi natijasida past bosim oblasti hosil boʻladi. Bu bosim ekvatordan janubda ham davom etadi. Janubiy Afrika qoʻshni okeanlar bilan birgalikda janubiy yarimsharning barik maksimumi zonasiga kiradi. Afrikaning faqat chekka janubiy qismigina janubiy yarimsharning oʻrtacha kengliklarining gʻarbiy sirkulyatsiyasi taʼsirida boʻladi. Shimoliy Afrikada (Sahroi Kabirda) shimoli-sharqiy va shimoli-gʻarbiy quruq shamollar esadi. Bu shamollar Qizil dengiz va Nil vodiysi boʻylab 20° sh. k. gacha, gʻarbda esa 18° sh. k. gacha kirib keladi. Janubiy Atlantika maksimumi tomonidan ana shu shamollarga qarab janubi-gʻarbiy musson esadi. Bu musson Sudan va Gvineya sohili territoriyasiga yogʻin olib keladi.Efiopiya, Somali va Afrikaning ekvatordan shimoldagi butun sharqiy qismi Hind mussoni taʼsirida turadi. Bu musson ekvatorni kesib oʻtib, moʻl-koʻl yomgʻir olib keladigan janubi-sharqiy passatning davomidir. Afrikaning deyarli butun janubiy qismida, xususan ichki rayonlarida bu davrda havo quruq boʻladi, chunki bu yerda bosim baland boʻlib, passat taʼsiri susayib qoladi. Kap oblasti bundan mustasnodir, chunki bu yerda siklon faoliyati kuchlidir. Afrikaning asosiy qismida, butun yil davomida temperaturaning baland boʻlishi quyoshning gorizontdan juda baland turishi va infolyatsiyaning kuchli boʻlishi bilan bogʻliqMaterikning anchagina qismida yillik oʻrtacha temperatura +20°S dan yuqori boʻladi. Afrikaning shimoliy qismi yaxlit boʻlib, katta territoriyani oʻz ichiga oladi, shuning uchun ham bu qism janubiy qismga nisbatan juda qiziydi va bu yerda oylik oʻrtacha temperatura eng yuqori ( + 35-40°S) boʻladi, shuningdek, Yer sharidagi eng maksimal temperatura ( + 58°S gacha) ham shu yerda qayd qilingan. Butun Afrikada iqlimning kontinental boʻlishi bilan birga, temperaturaning sutkalik oʻzgarishi ham kattadir, masalan, Sahroi Kabirda temperaturaning sutkalik amplitudasi 50°S ga yetadi.Materik territoriyasida yogʻin juda notekis yogʻadi. Materikning ekvator yaqinidagi qismida taxminan 5° sh. k. bilan 10° j. k. oraligʻida muntazam ravishda konvektiv yomgʻirlar koʻplab yogʻadi. Afrikada eng koʻp yogʻin (10000 mm atrofida) Kamerun togʻ massivining hukmron janubi-gʻarbiy shamollarga roʻpara yonbagʻirlarida yogʻadi. Ekvatordan shimol va janubdagi oblastlarda, har ikkala yarimsharda taxminan 17° gacha boʻlgan maydonda, yogʻin shu yarim-sharda yoz boʻlgan paytdagina ekvatorial mussonlar tomonidan keltiriladi. Joyning geografik oʻrni va relyefiga qarab yillik yogʻin miqdori katta farq qiladi. Ekvatordan yanada shimol va janubga tomon (30° gacha) butun yil davomida yogʻin juda kam tushadigan oblastlar joylashgan. Materikning chekka shimoli va chekka janubida, subtropik mintaqada yogʻin miqdori yana ortadi, shimoli-gʻarb va janubi-gʻarbda yogʻinning koʻpchilik qismi qishda, janubi-sharqda esa yozda yogʻadi. Ana shuning uchun ham Afrikada iqlim juda xilma-xildir. Ekvatorial iqlim mintaqasi Kongo havzasining anchagina qismini, taxminan 5° sh. k. bilan 5° j. k. oraligʻini, shuningdek, Gvineya sohilini 7-8° sh. k. gacha oʻz ichiga oladi. Kongo havzasida Yer yuzasi kuchli qizib ketganligidan havo massalari yuqoriga koʻtariladi va butun yil davomida konvektiv yomgʻirlar yogʻadi. Afrikada quyoshning gorizontdan eng baland koʻtarilishiga qarab yiliga ikki marta yogʻin eng koʻp tushadigan fasl boʻladi. Gvineya sohilida yogʻinlarni hukmron janubi-gʻarbiy shamollar keltiradi va bu yerda yiliga juda koʻpkamerun togʻ massivi yonbagʻirlarida 9 600 mm gacha yogʻin tushadi. Temperaturaning deyarli yil boʻyi yuqori boʻlishi ( + 24-28°S), bugʻlanishdan koʻra 1,5-2 marta ortiq darajada yogʻinning koʻp yogʻishi va havo nisbiy namligining yuqori boʻlishi tufayli namgarchilikning keragidan ortiqcha boʻlishi uchun sharoit yaratilgan. Ana shuning uchun ham Afrikaning ekvatorial qismi iqlimi unga oʻrganmagan yevropaliklar uchungina emas, balki mahalliy aholi uchun ham ogʻirlik qiladi. Shimoliy Afrikada subekvatorial mintaqa shimolda 17 sh. k. gacha davom etadi. Janubiy yarimsharda subekvatorial iqlim mintaqasi Atlantika okeanigacha yetib bormaydi. Janubda u deyarli 20° sh. k. gacha davom etadi. Materikning sharqida shimoliy yarimshar bilan janubiy yarimsharning subekvatorial mintaqalari qoʻshilib ketadi. Ekvatorial mintaqa esa Hind okeaniga yetib bormaydi. Har ikkala yarimsharda yoz paytida musson hukmron boʻlib, koʻplab yogʻin beradigan sernam ekvatorial havo keltiradi. Qish paytida bu oblast quruq tropik havo massasi keltiradigan passat taʼsirida boʻladi. Bu davrda umuman yomgʻir yogʻmaydi va nisbiy namlik juda kam boʻladi.Sernam davrning uzoq davom etishi yillik yogʻin miqdori va namgarchilik mintaqa doirasida ekvatordan tropiklar tomonga va gʻarbdan sharqqa oʻzgarib boradi. Ekvatordan tropiklarga qarab sernam davr qisqarib, 10 oydan asta-sekin 2-3 oygacha tushib qoladi. Musson susayishi munosabati bilan yogʻin miqdori gʻarbdan sharqqa tomon kamaya boradi. Shimoliy yarimsharning subekvatorial mintaqasi doirasida namgarchilik yetarli boʻlmaydigan eng qurgʻoqchil rayonlar Somali yarim orolidadir, chunki bu yarim orolni ekvatorial mussondan Efiopiya togʻligi toʻsib turadi, Shuningdek, Sudanning shimoliy qismida tropik mintaqa chegarasida ham eng qurgʻoqchil rayon joylashgan. Sub-ekvatorial mintaqada yilning koʻp qismida temperatura yuqori, lekin, ekvatorial mintaqaga nisbatan yillik tafovut ancha katta boʻladi. Yogʻingarchilik mavsumi boshlarida havo ayniqsa issiq boʻladi, bu paytda oʻrtacha temperatura +30°S dan ortiq boʻladi. Biroq, eng salqin oylarda ham oʻrtacha temperatura ,+20°S dan pastga tushmaydi. Soʻnggi klassifikatsiyalarda subekvatorial iqlim mintaqalari alohida ajratilmaydi va subekvatorial iqlimni yoz sernam boʻladigan tropik iqlim deb qarashadi.Afrikadagi katta maydonlar, ayniqsa shimoliy yarimshardagi joylar quruq tropik iqlimga ega. Shimoliy yarimsharda issiq quruq tropik iqlim Sahroi Kabirning katta qismi uchun xarakterlidir. Yozda Shimoliy Afrikaning yer yuzasi kuchli qiziydi va bu yerga shimoli-sharqiy passat esib, nisbiy namligi 15-30% boʻlgan havo olib keladi. Qish paytida Shimoliy Afrika ustida antitsiklonal rejim tarkib topadi va binobarin, butun yil davomida Sahroi Kabir ustida yogʻin yogʻishiga imkon bermaydi. Havoning quruq va bulutning juda kam boʻlishi, shu bilan birgalikda deyarli oʻsimlik oʻsmasligi temperaturaning sutka davomida keskin oʻzgarib turishiga sharoit yaratgan. Bu yerda potensial bugʻlanish yogʻinga nisbatan 20-25 marta koʻp. Janubiy yarimsharda qurgʻoqchil tropik iqlim Qalaxari kotlovinasi uchun xarakterlidir, biroq Hind okeanidan esadigan janubi-sharqiy passat taʼsirida Sahroi Kabirdagiga nisbatan yogʻin bir oz koʻproq.Bu passat Mozambik boʻgʻozi sohiliga va Drakon togʻlari yonbagʻirlariga ayniqsa koʻp yogʻin olib keladi. Ana shuning uchun ham Afrikaning janubiy yarimsharidagi tropik mintaqaning sharqiy chekkasida sernam passat iqlimi oblasti ajralib turadi. Shimoliy va janubiy yarimsharlarning tropik mintaqasida, yaʼni qirgʻoqlar yaqinidan sovuq oqim oʻtadigan va Atlantika antitsiklonlarining sharqiy chekkasi taʼsir etadigan territoriyalarda materikning gʻarbiy chekkalarida sohil choʻllari iqlimi xarakterlidir. Atlantika antitsiklonlarining sharqiy chekkasi taʼsiridagi nisbatan sovuq havo materikning isigan yer yuzasiga oqib keladi va temperatura inversiyasini vujudga keltiradi. Okeandan keladigan havoda koʻp miqdorda suv bugʻlari boʻladi, lekin inversiya oqibatida bu suv bugʻlari toʻyinmaydi va yogʻin juda kam yogʻadi, holbuki, havoning nisbiy namligi katta. Temperatura past (oʻrtacha oylik temperatura odatda + 21°S dan past) va sutkalik temperatura amplitudasi kontinental choʻllardagiga nisbatan ancha kichik. Afrikaning janubi- gʻarbiy qismida (Namib choʻlida) Sahroi Kabirdagiga nisbatan ham yomgʻir kam tushadi, lekin, shudring va tuman tez-tez boʻlib turganidan baʼzi bir oʻsimliklar yil bilan toʻyinib, rivojlanadi.Qirgʻoq yaqinidagi choʻllarda iqlimning rutubatli va diqqinafas boʻlishi kontinental choʻllardagi quruq, jazirama issiq havodan koʻra ham kishilarga ogʻirlik qiladi. Qizil dengiz sohilida va Adan qoʻltigʻi sohilida ham iqlim juda quruq. Qishda esadigan shimoli-sharqiy passat Qizil dengiz ustidan oʻtib, deyarli namlik bilan toʻyinmaydi va sohilning oʻziga bir ozgina yomgʻir yogʻadi. Sudan oblastiga yogʻin olib keladigan yozgi mussonni Efiopiya togʻligining gʻarbiy va janubi-gʻarbiy yonbagʻirlari toʻsib qoladi va bu yerda koʻplab yogʻin yogʻadi. Sharqiy sohilga esa bu musson fyon shaklida yetib keladi va yogʻin bermaydi. Ana shuning uchun ham, Qizil dengiz va Adan qoʻltigʻi sohillari Yer sharidagi eng issiq va eng quruq joylar hisoblanadi. Subtropik iqlim mintaqalari Afrikaning chekka shimoli va janubini oʻz ichiga oladi. Materikning shimoli-gʻarbi va janubi-gʻarbida yozi quruq subtropik iqlim oblastlari ajralib turadi. Ana shu paytda Afrikaning subtropik kengliklaridagi chekka qismlarida atmosfera holati muhim, tsmperatura yukori va yomgʻir yogʻmaydigan tropik antitsiklon taʼsirida boʻladi. Qish paytida siklon faoliyati hukmron boʻladi va yogʻin yogʻadi. Afrikaning shimoli gʻarbida janubi-gʻarbdagiga nisbatan mavsumlarga qarab temperatura tafovuti anchagina katta boʻladi. Oʻrta dengiz sohilida iyulning oʻrtacha temperaturasi +27, +28°S, yanvarning oʻrtacha temperaturasi +11, +12°S boʻladi. Kap sohilida eng issiq oyning oʻrtacha temperaturasi +21°S dan, eng salqin oyning temperaturasi esa +13, +14°S dan oshmaydi. Afrika janubi-sharqining subtropik iqlimi boshqacha qonuniyatlar bilan xarakterlanadi. Qishda gʻarbiy shamollar janubi-sharqiy sohilga deyarli kirib kelmaydi, chunki togʻlar toʻsqinlik qiladi va shuning uchun ham qish davrida bu yerda yogʻin ancha kam yogʻadi. Yozda butun janubi-sharqiy sohilda Hind okeanidan shamollar esib, Drakon togʻlarining sharqiy yonbagʻirlariga koʻp miqdorda yogʻin keltiradi. 2-RASM Afrika iqlim mintaqalarining shakllanishi xaritasi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling