TEXNIK JIHATDAN TARTIBGA SOLISH TO‘G‘RISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2008-yil 11-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2009-yil 27-martda ma’qullangan
LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 27-fevraldagi O‘RQ-819-sonli “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan 2023-yil 29-avgustdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi mahsulotlar, ishlar va xizmatlar xavfsizligiga doir majburiy talablarni belgilash, qo‘llash va bajarish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risidagi qonunchilik
Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
texnik jihatdan tartibga solish — mahsulotlar, ishlar va xizmatlar xavfsizligiga doir majburiy talablarni belgilash, qo‘llash va bajarish;
mahsulotlar, ishlar va xizmatlar xavfsizligi — mahsulotning, uni loyihalash, ishlab chiqarish, ishlatish (undan foydalanish), montaj qilish, sozlash, saqlash, tashish, realizatsiya qilish va utilizatsiya qilish jarayonlarining, bajariladigan ishlar, ko‘rsatiladigan xizmatlarning holati bo‘lib, bunda insonning hayotiga, sog‘lig‘iga, atrof muhitga, yuridik, jismoniy shaxslarning va davlatning mol-mulkiga zarar yetkazilishi ehtimoli bilan bog‘liq yo‘l qo‘yilmaydigan xavf mavjud bo‘lmaydi;
(3-moddaning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 25-apreldagi O‘RQ-405-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 17-son, 173-modda)
Do'stlaringiz bilan baham: |