MASHINA MEXANIZMLARGA TEXNIK XIZMAT KO’RSATISH VA TA’MIRLASH JARAYONI O’RGANISH
Ishlab chiqarish jarayoni zagotovkadan yoki chala mahsulotdan tayyor mahsulot olish uchun bajariladigan barcha jarayonlar (ishlar) yig’indisidan iborat. Ishlab chiqarish jarayoniga faqatgina asosiy jarayonlar: mashina detallariga mexanik ishlov berish, ularni yig’ish kirmasdan balki yordamchi turdagi jarayonlar: detallarni tashish, nazorat qilish, kesuvchi asboblar va moslamalarni tayyorlash kabi jarayonlar ham kiradi.
Texnologik jarayon material yoki zagotovkadan tayyor mahsulot olish maqsadida ularning shaklini, o’lchamlarini va xususiyatlarini belgilangan texnik talablar asosida ketma-ket o’zgartirishdan iborat.
Mexanik ishlov berish texnologik jarayoni ishlab chiqarish jarayonining bir qismidir. Ishlab chiqarish jarayoni quyidagi davrlardan iborat bo’ladi:
1) zagotovka tayyorlash – quyish, bolg’alash, shtamplash yoki prokatdan tayyorlanadigan materiallarga birlamchi ishlov berish;
2) mashina detallarini yakuniy shakl va o’lchamlarga keltirish uchun metall kesish dastgohlarida ishlov berish;
3) yig’ma birikmalar, agregatlar yoki mexanizmlarni hosil qilish;
4) mashina yoki mahsulotni yakuniy yig’ish;
5) mashina yoki mahsulotni sozlash va sinash;
6) mashina yoki mahsulotni bo’yash va ularni konservatsiya qilish.
Ishlab chiqarishda bajariladigan texnologik jarayonlarning barcha operatsiyalarida texnik nazorat o’tkaziladi. Texnik nazorat o’tkazishdan maqsad mahsulotni talab qilingan texnik shartlarga javob bera olishini tekshirishdan iborat.
Mexanik ishlov berish texnologik jarayoni kam material va mehnat resurslarini sarflagan holda talab etilgan texnik shartlar asosida tayyor mahsulot yaratishga qaratilgan bo’lishi kerak. Texnologik jarayonlar GOST 1.109-73 asosida loyihali, ishchi, donaviy, namunaviy, standart, vaqtli, taraqqiy xarakterdagi (kelgusida qo’llaniluvchi), marshrutli, operatsiya uchun va marshrutli-operatsiyali bo’lishi mumkin. Texnologik jarayonni maqsadga muvofiq ravishda amalga oshirish uchun tayyorlanayotgan detalning qaysi yuzalariga va qanday ketma-ketlikda ishlov berishni ifodalovchi reja tuziladi.Ushbu rejada detal yuzlariga ishlov berish usullari keltiriladi. Shu maqsadlarda mexanik ishlov berish texnologik jarayoni alohida qismlarga bo’linadi,bu qismlarning yig’indisi uning tarkibini tashkil etadi. Texnologik jarayon quyidagi tarkibiy qismlarga bo’linadi:
texnologik operatsiya;
holat;
o’tish;
yurish;
harakatlar yig’indisi.
Do'stlaringiz bilan baham: |