Asoratlari. Flegmona, teri abssesslari, flebitlar, tromboflebitlar, zotiljam, sepsis va boshqalar.
Davosi. Saramasda kompleks davo qabul qilingan: etiotrop vositalarini (penitsillin qatoriga oid antibiotiklar bilan birga, eritromitsin, tetrasiklin) stimullovchi terapiya bilan (gemoterapiya, gemotransfuziya, plazma va immunoglobulin quyish) qo‘llash, desensibilizatsiyalovchi terapiya, antigistamin, vitaminli va gormonal preparatlar, ultrabinafsha nurlar, UBN va simptomatik terapiya kabilar shular jumlasidandir. Saramasning surunkali qaytalovchi turini umumiy davolash usullari qatori gormonoterapiya bilan qo‘llash birmuncha samaraliroqdir.
Profilaktikasi. Saramas profilaktikasida terini ozoda tutish katta axamiyatga ega, shuningdek, infeksiya o‘choqlarini faol ravishda tugatish, markaziy nerv sistemasi faolligining normal bo‘lishini ta’minlash, organizmning immunobiologik quvvatini oshirib borish zarur.
ROTAVIRUS KASALLIKLARI (ROTAVIROSIS)
Rotavirus kasalliklari ko‘proq yosh bolalarda uchraydigan o‘tkir virusli kasallikdir. Xastalik umumiy zaharlanish, me’da-ichak yo‘llari zararlanishi va degidratatsiya simptomlari bilan xarakterlanadi.
Etiologiyasi. Rotavirus so‘zi lotincha rota — g‘ildirak so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, elektron mikroskop ostida qaralganda viruslar qisqa tolali, ingichka doirali mayda g‘ildirakchalarga o‘xshab ko‘rinadi. Tarkibida RNK tutadi. Virus bo‘laklarining kattaligi 65—75 nm. Odam rotaviruslarini to‘qimalarda o‘stirish va xayvonlarga yuqtirish ancha qiyindir. Viruslar tashqi muxitga chidamlidir.
Epidemiologiyasi. Xastalik juda keng tarqalgan bo‘lib, rivojlangan mamlakatlardagi barcha ichak kasalliklari bilan og‘rigan, 2 yoshgacha bo‘lgan bolalarning deyarli yarmi shu kasallik bilan kasallanadi. Rotavirus kasalliklari o‘tkir respirator kasalliklaridan keyin 2-o‘rinda turadi. 9—12 oylik bolalar ko‘proq kasal bo‘ladilar, lekin tug‘ruqxonalardagi chaqaloqlar, shuningdek, maktab yoshidagi bolalar ham kasal bo‘lishi mumkin.
Kasallik manbai va rezervuari faqat odam. hisoblanadi. Viruslar axlat bilan (1 g axlatda 1010—1011 tagacha viruslar bo‘lishi mumkin) 3 xafta davomida, ko‘pincha kasallik boshlangandan so‘ng 7—8 kun davomida ajralib chiqadi. Fekal-oral yo‘l bilan yuqadi. Havo-tomchi orqali yuqishi isbotlanmagan. Kasallik butun yil davomida kuzatiladi, lekin qish oylarida ko‘proq uchraydi. 2—3 yoshdagi bolalarda spetsifik antitelolarning topilishi infeksiyaning keng tarqalganligidan (90 foizgacha) dalolat beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |