I BO’LIM. POLIMERLANING FIZIK-KIMYOVIY XOSSALARI
Yuqori molekulyar moddalar bir qancha xossalari jihatidan past molekulyar
moddalardan farqlanadi. Bu farqlardan biri polimer molekulalarining juda kattaligi va
polidispersligidir. Polimer moddalar kimyoviy tarkibi va molekulyar tuzilishi bir xil,
lekin uzunligi har xil bo’lgan polimergomologlardan tuzilgan. Polimerlarning
makromolekulalari chiziqsimon, tarmoqlangan yoki to’rsimon tuzilishda bo’ladi.
Chiziqsimon polimerlarning hammasi ma’lum erituvchilarda eriydi, ularning
quyi kontsentratsiyasi juda katta qovushqoqlikka ega bo’lib, uning qiymati quyi
molekulyar moddalarnikidan bir necha marta ortiqdir.
Tarmoqlangan polimerlar ham yaxshi eriydi. Ular bir xil o’rtacha molekulyar
massaga ega bo’lgan taqdirda chiziqsimon polimerlardan ko’ra ko’proq eriydi va
eritmalarning qovushqoqligi past bo’ladi. Makromolekulalarning tarmoqlanishi ular
mustahkamligining kamayishiga sabab bo’ladi, chunki bunday molekulalar zich
joylashmaydi, ularning o’zaro ta’sir kuchi ham chiziqsimon molekulalarnikidan
kamroq bo’ladi.
To’rsimon polimerlar chiziqsimon va tarmoqlangan polimerlarga butunlay
o’xshamaydi. Bunday polimerlar hech qachon erimaydi va harorat ko’tarilishi bilan
suyuqlanmaydi. Molekulalar kimyoviy bog’lar bilan o’zaro bog’langan bo’lib,
bunday polimerlarda molekulyar massa degan tushunchaning fizik ma’nosi yo’qoladi.
Ularni eritmaga o’tkazish yoki suyuqlantirish uchun makromolekulalar o’rtasidagi
kimyoviy bog’larni uzish, ya’ni polimerni parchalash kerak bo’ladi. To’rsimon
polimerlarning barcha xossalari makromolekulalar o’rtasidagi ko’ndalang kimyoviy
bog’larning qanday joylashganligi, soni va tabiatiga bog’liq. Bu bog’larni sonini
ortishi bilan polimerning qattiqligi va issiqqa chidamligi ortib, deformatsiyaga
uchrash qobiliyati pasayadi. Polimerlar harorat va ta’sir etuvchi kuchga qarab uch
holatda bo’lishi mumkin: 1. Qattiq holatdagi polimerlar; 2. Elastik holatdagi
polimerlar; 3. Oqish xususiyati mavjud holatdagi polimerlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |