Toshkent davlat Yuridik universiteti fuqarolik huquqi darslik I qism toshkent-2017 fuqarolik huquqi darslik I qism


Shartnomalarni o’zgartirish va bekor qilish


Download 1.75 Mb.
bet126/132
Sana31.01.2024
Hajmi1.75 Mb.
#1833237
1   ...   122   123   124   125   126   127   128   129   ...   132
Bog'liq
KL фукаролик хукуки дарслик 14 02 2017

Shartnomalarni o’zgartirish va bekor qilish

Umumiy qoida bo’yicha, shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq, o’zgartirilishi va bekor qilinishi mumkin. Agar shartnomada muayyan vaziyatda shartnoma shartlarini bir taraflama o’zgartirish yoki bekor qilish haqidagi shart mavjud bo’lsa, bu holda shunday vaziyat yuz bergan taqdirda shartnoma shartlarini bir tomonlama o’zgartirish yoki bekor qilishga yo’l qo’yiladi. Masalan, agar shartnoma bo’yicha to’lovlar muntazam kechiktirilsa, mahsulot yetkazib beruvchi akreditiv orqali hisob-kitoblar joriy etishga haqli deb belgilab qo’yilgan bo’lsa, bu holda amalda sotib oluvchi tomonidan yetkazib berilgan tovarlar uchun to’lovni muntazam ravishda kechiktirilishi mahsulot yetkazib beruvchi uchun shartnoma shartlaini bir tomonlama o’zgartirishga asos bo’ladi yoki shartnomada muayyan muddat ichida buyurtmachiga xizmat ko’rsatilmasligi shartnomani bekor bo’lishiga olib kelishi belgilab qo’yilgan bo’lsa, bu holda o’sha majburiyatni bajarmasligi tegishli tarafga shartnomani bir tomonlama bekor qilishga asos bo’ladi.


Taraflardan birining talabi bilan shartnoma sud tomonidan faqat quyidagi hollardagina o’zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin:
1) ikkinchi taraf shartnomani jiddiy ravishda buzsa;
2) Fuqarolik kodeksi, boshqa qonunlar va shartnomada nazarda tutilgan boshqa holatlarda.
Garchi FKda belgilanmagan bo’lsa ham taraflardan tashqari vakolatli davlat idoralari (masalan, qonun talablariga rioya etilmagan taqdirda prokuratura organlari, g’irrom raqobat bo’yicha kelishuv mavjud bo’lsa raqobat qonunchiligiga ko’ra monopoliyaga qarshi organ, voyaga yetmaganlar manfaati qo’pol ravishda buzilgan bo’lsa vasiylik va homiylik organi) amalda shartnoma shartlarini sud orqali o’zgartirish yoki bekor qilishni sud tartibida amalga oshirishlari mumkin.
Bu o’rinda shuni ta’kidlash lozimki, agar shartnoma shartlari uchinchi shaxslar manfaatlariga daxl qilsa, uchinchi shaxslar tomonidan ham shartnoma shartlarini o’zgartirish yo bekor qilish bo’yicha sudga talab qilinishi mumkin.
Taraflardan birining shartnoma buzishi ikkinchi tarafga u shartnoma tuzishga umid qilishga haqli bo’lgan narsadan ko’p darajada mahrum bo’ladigan qilib zarar yetkazishi shartnomani jiddiy buzish hisoblanadi.
Masalan, da’vogar V. javobgar M.ga nisbatan da’vo ariza bilan sudga murojaat qilib, unda 2011-yil 20-dekabrda o’zi bilan javobgar o’rtasida umrbod ta’minlash sharti bilan xonadonni begonalashtirish shartnomasi tuzilganligini, hozirda javobgar tomonidan shartnoma majburiyatlari tegishli tartibda bajarilmayotganligi sababli ushbu shartnomani bekor qilish niyatida ekanligini, qayd qilingan shartnomada javobgar amaldagi eng kam oylik ish haqining uch baravari miqdoridan kelib chiqqan holda uni oziq-ovqat, kiyim-kechak va dori-darmon vositalari bilan ta’minlashi hamda uni parvarishlashi va boshqa yordamlarni ko’rsatishi lozimligi belgilanganligini, lekin unga aslida ushbu yordamlarni hozirda umuman boshqa odamlar ko’rsatib kelishini, javobgar o’tgan davr mobaynida unga faqat ba’zi oziq-ovqat mahsulotlarini olib kelganligini, dori-darmon va kiyim-kechaklarni esa olib kelmaganligini, bundan tashqari unga qo’pollik qilib uy o’ziga tegishli ekanligini aytib uni uydan haydab yuborishini aytib qo’rqitib kelishini, u shartnoma ko’rsatilgan barcha yordamlarni berib bo’lganligini, shuningdek, hozirda javobgar uning roziligisiz uyga o’z qizini doimiy ro’yxatga qo’yganligini, javobgar unga uy hujjatlarini bermasligini bayon qilib, suddan umrbod ta’minlash sharti bilan uy-joyni boshqa shaxsga berish shartnomasini bekor qilishni so’ragan.
Yuqoridagi misolda taraf umid qilgan manfaatdan mahrum bo’lganligi uni shartnomani bekor qilish masalasini ko’tarishga sabab bo’lgan.
Shartnoma tuzishda taraflar uchun asos bo’lgan vaziyatning jiddiy o’zgarishi, agar boshqacha tartib shartnomada nazarda tutilgan bo’lmasa yoki uning mohiyatidan anglashilmasa, shartnomani o’zgartirish yoki bekor qilish uchun asos bo’ladi. Ushbu norma dispozitiv xarakterag ega.
Vaziyatning taraflar oldindan ko’ra bilganlarida shartnomani umuman tuzmasliklari yoki ancha farq qiladigan shartlar bilan tuzishlari mumkin bo’lgan darajada o’zgarishi uning jiddiy o’zgarishi hisoblanadi. Binobarin vaziyatni jiddiy o’zgarishi o’ziga xos favqulodda xarakterga ega bo’ladi.
Agar taraflar shartnomani jiddiy o’zgargan vaziyatga muvofiqlashtirish yoki uni bekor qilish haqida kelisha olmagan bo’lsalar, shartnoma manfaatdor tarafning talabi bilan sud tomonidan bekor qilinishi, yuqorida nazarda tutilgan asoslarga ko’ra esa – o’zgartirilishi mumkin, agar ayni vaqtda quyidagi shartlar mavjud bo’lsa:
1) shartnomani tuzish paytida taraflar vaziyatda bunday o’zgarish yuz bermaydi, deb hisoblagan bo’lsalar;
2) vaziyatning o’zgarishini keltirib chiqargan sabablarni, ular paydo bo’lganidan keyin manfaatdor taraf shartnomaning xususiyatiga va muomala shartlariga ko’ra o’zidan talab qilinadigan darajada vijdoniylik va ehtiyotkorlik qilgan bo’lishiga qaramay, bu sabablarni enga olmagan bo’lsa;
3) shartnomani uning shartlarini o’zgartirmasdan bajarish taraflar mulkiy manfaatlarining shartnomaga mos keladigan nisbatini buzsa va manfaatdor tarafga zarar yetkazsa, natijada ular shartnoma tuzishda umid qilishga haqli bo’lgan narsadan ko’p darajada mahrum bo’lsalar;
4) ish muomalasi odatlaridan yoki shartnomaning mohiyatidan vaziyatning o’zgarishi xavfiga manfaatdor taraf uchrashi kerakligi anglashilmasa.
Vaziyatning jiddiy o’zgarishi oqibatida shartnoma bekor qilinganida sud har qanday taraf talabi bilan shartnomani bekor qilish oqibatlarini aniqlashda taraflarning ushbu shartnomani bajarish bilan bog’liq xarajatlarini ular o’rtasida adolatli taqsimlash zarurligiga asoslanadi.
Vaziyatning jiddiy o’zgarishi munosabati bilan shartnomaning o’zgartirilishiga shartnomani bekor qilish ijtimoiy manfaatlarga zid bo’lgan yoki taraflarga shartnomani sud tomonidan o’zgartirilgan shartlar asosida bajarish uchun talab qilinadigan xarajatlardan ancha ortiq zarar keltiradigan favqulodda hollarda sud qarori bilan yo’l qo’yiladi.
Vaziyatni jiddiy o’zgarishi munosabati bilan shartnomani o’zgartirish va bekor qilishni ba’zi huquqiy asoslari FKning tegishli normalarida o’z ifodasini topgan.
Masalan, FKning 506-moddasiga asosan, agar shartnoma tuzilgandan so’ng hadya qiluvchining moddiy ahvoli jiddiy yomonlashgan bo’lsa, u kelajakda hadya oluvchiga ashyoni yoki mulk huquqini berish yo bo’lmasa, uni mulkiy majburiyatdan ozod etish va’da qilingan shartnomani bajarishdan bosh tortishga haqli.
Bundan tashqari FKning 698-moddasida buyurtmachining majburiyatlari belgilangan bo’lib, ulardan biri kutilayotgan natijalarni olish mumkin emasligi yoki ishlarni davom ettirish maqsadga muvofiq emasligi aniqlangan taqdirda, bu haqda buyurtmachini darhol xabardor qilish hisoblanadi. Buyurtmachi ushbu axborotni olgandan so’ng yo shartnomani yangi shartlar asosida davom ettirish yoki bekor qilish huquqiga ega bo’ladi.
Shuningdek, FKning 949-moddasida vaziyatni jiddiy o’zgarishi munosabati bilan sug’urta shartnomasini bekor qilish asoslari belgilangan.
Vaziyatni jiddiy o’zgarishi agar FKning 383-moddasida nazarda tutilgan holatlarga to’liq mos kelsa, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan yoki tutilmaganligidan qat’i nazar shartnoma shartlarini o’zgartirish yoki bekor qilishga asos bo’ladi.
Masalan, “Yog’du” firmasi an’anaviy lampochkalar ishlab chiqarish bilan shug’ullanadi va u uch yilga “Olim” firmasi bilan xom ashyo yetkazib berish haqida shartnoma tuzgan edi. Biroq, shartnomani muddatining ikkinchi yilida bozorga energiya tejamli arzon lampochkalar keng miqiyosda savdoga chiqdi. “Yog’du” firmasi mahsulotiga nisbatan talab yo’qoldi. Bu holda vaziyat o’zgarishi munosabati bilan shartnomani bekor qilish haqida talab bilan murojaat qilindi. Sud FKning 383-moddasi asosida da’vo talabini qanoatlantirdi.



Download 1.75 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   122   123   124   125   126   127   128   129   ...   132




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling