Toshkent davlat Yuridik universiteti fuqarolik huquqi darslik I qism toshkent-2017 fuqarolik huquqi darslik I qism


Download 1.75 Mb.
bet81/132
Sana31.01.2024
Hajmi1.75 Mb.
#1833237
1   ...   77   78   79   80   81   82   83   84   ...   132
Bog'liq
KL фукаролик хукуки дарслик 14 02 2017

Umumiy mulk huquqining rejimi

FKning 217-moddasi 1-qismiga ko’ra, agar ulushli mulk ishtirokchilarining ulushlari qonun asosida belgilanishi mumkin bo’lmasa hamda uning barcha ishtirokchilarining kelishuvi bilan belgilab qo’yilgan bo’lmasa, ulushlar teng deb hisoblanadi. Bu qoida umumiy ulushli mulk ishtirokchilari ulushlari tengligining prezumpsiyasini mustahkamlaydi. Ammo, bu prezumpsiya rad qilinishi mumkin, chunki ulushlar, basharti qonun asosida aniqlanishi mumkin bo’lmasa hamda umumiy ulushli mulkning barcha ishtirokchilarining kelishuvi bilan belgilanmagan bo’lsa teng hisoblanadi.


Qonun chiqaruvchi tomonidan umumiy ulush huquqidagi ulushlarning tengligi prezumpsiyasini ishlatilishi fuqarolik qonunchiligining umumiy tamoyili–fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tartibga solishda oqillik va adolat talablariga rioya qilishning ko’rinishlaridan biridir. Umumiy ulushli mulk munosabatlarining ishtirokchilariga kelishuvga erishish orqali odatiy tartibni o’zgartirish hamda umumiy mulk huquqidagi ulushlarning o’zgacha miqdorlarini belgilash imkoni taqdim etilgan.
Ulushlar tengligining prezumptsiyasi tom ma’noda umumiy ulushli mulkka nisbatan mustahkamlangan bo’lsa ham, u umumiy birgalikdagi mulkka nisbatan ham, qachonkim u ajratilgan yoki taqsimlangan holatda barchaning yoxud faqat ajralayotgan sherik mulkdorning ulushini aniqlash zarurati vujudga kelganda amal qilaveradi. Bu xulosa Oila kodeksining er-xotinning umumiy birgalikdagi mulkiga doir, shuningdek, dehqon xo’jaligi a’zolarining umumiy birgalikdagi mulkiga doir normalarida o’z tasdig’ini topadi.
Kelishuv bilan ulushni aniqlash tartibi belgilab qo’yilishi mumkin. Bu holda u barcha ishtirokchilar uchun majburiy bo’lib qoladi va ular ulush miqdorini kelishuvda ko’rsatilganidan boshqacha tarzda hisob-kitob qilishga haqli emaslar.
Basharti ulush miqdorining umumiy mulk obyektiga qo’shilgan hissaga bog’liqlik sharti to’g’ridan-to’g’ri qayd etilmagan bo’lsa, ammo taraflarning munosabatlari shunday shartni faraz qilsa, u holda ulush miqdori kiritilgan hissani e’tiborga olib tegishli kelishuvga erishish yo’li bilan, erishilmagan taqdirda esa sud tomonidan belgilanadi.
Bundan tashqari, ulushlar tengligi prezumpsiyasidan chekingan holda umumiy ulushli mulk ishtirokchilarining kelishuviga muvofiq ularning ulushlari har bir shaxsning umumiy mol-mulkni vujudga keltirish va orttirishga qo’shgan hissasiga muvofiq aniqlanishi belgilab qo’yilishi mumkin. Ushbu hissa nafaqat umumiy mulkni tashkil etish paytida, balki uning mavjudligi va faoliyatining keyingi bosqichlarida ham unga kiritilgan moddiy, mehnat va o’zga qo’yilmalarni hisobga olib aniqlanishi mumkin. Bunday vaziyat, taraflar o’z hissalarini birlashtirib, umumiy xo’jalik maqsadiga yetish uchun birgalikda harakat qilishni boshlaydigan oddiy shirkat shartnomasini tuzishda yuzaga keladi. Birgalikdagi faoliyat mobaynida har bir ishtirokchining umumiy mulkka qo’shgan hissasi sezilarli darajada o’zgarishi mumkin.
Ulushlarning miqdorini aniqlash to’g’risidagi umumiy qoidalarni rivojlantirgan holda O’zbekiston Respublikasi FK 217-moddasining uchinchi qismi bunda umumiy mulkka ajralmas yoki ajraladigan yaxshilashlar kiritilganini hisobga olishni taklif etadi.
Yaxshilash deganda qonun chiqaruvchi mol-mulkning qiymatini oshirgan yoki uning iste’mol xususiyatlarini qulaylashtirgan oqilona va o’rinli o’zgartirishlarni tushunadi.
Ajratib olinadigan deb ashyodan unga sezilarli ziyon yetkazmasdan ayirib olish mumkin bo’lgan yaxshilashlar tan olinadi. Basharti bunday ajratib olish zararni yetkazsa uning boshlang’ich holatiga nisbatan ashyoning yomonlashuvi muqarrar bo’lsa, yaxshilashlar ajratib olinmaydigan deb hisoblanadi.
Agar ulushli mulk ishtirokchisi belgilab qo’yilgan tartibga amal qilgan holda umumiy mol-mulkni o’z hisobidan ajratib olish mumkin bo’lmaydigan tarzda yaxshilagan bo’lsa, u mol-mulk qiymatining ortishiga mutanosib ravishda o’z ulushining tegishli darajada ko’paytirilishini talab qilishga haqli bo’ladi. Bundan xulosa shuki, belgilab qo’yilgan tartibga amal qilinmagan bo’lsa (masalan, mol-mulkka yaxshilash kiritish uchun barcha sherik mulkdorlarning roziligi olinmagan bo’lsa), sherik mulkdor o’z ulushi miqdorini ko’paytirilishiga haqli bo’lmaydi. Yaxshilashlar ajratib olinadigan bo’lsa, sherik mulkdor yaxshilash kiritish uchun umumiy mulkning boshqa ishtirokchilarini roziligini so’rashi shart emas, chunki yaxshilashlar umumiy mulkka ziyon yetkazmasdan ajratib olinishi mumkin bo’ladi. Ajratib olinadigan yaxshilashlarning taqdiri barcha sherik mulkdorlarning roziligi bo’yicha aniqlanadi. Ular yaxshilashni kiritgan shaxsga umumiy mulkdagi ulushlarni o’zgartirmagan holda tegishli kompensatsiya to’lash; yaxshilashni kiritgan sherik mulkdorning ulushini ko’paytirish va h.k. to’g’risida kelishib olishlari mumkin. Bunday kelishuv bo’lmasa ajratib olinadigan yaxshilashlar ularni kiritgan shaxsning mulkiga o’tadi.
Ulushli mulkdagi mol-mulk uning barcha ishtirokchilarining kelishuvi bilan tasarruf etiladi. Amaldagi FK ulushli mulkchilikdagi mol-mulk hamda ushbu mol-mulkka nisbatan mulk huquqi ulushini tasarruf etishning turli tartibi belgilangan. Jumladan, birinchi holatda umumiy mulkni barcha ishtirokchilarining roziligi talab qilinsa, ikkinchi holda esa ulushli mulk mulk ishtirokchisi ulushini o’z ixtiyoriga ko’ra tasarruf qilishi mumkin. Mol-mulkni tasarruf qilish deb unga nisbatan har qanday bitimlarni tuzish, shuningdek, mol-mulkka nisbatan o’zga tasarrufiy xatti-harakatlarni (uni o’zgartirish, qayta qurish, mulkdan voz kechish, mol-mulkni buzish va sh.k.) sodir etishga aytiladi.
Umumiy mulkni tasarruf etishda: umumiy mulk huquqining bir ishtirokchisi – bitta ovoz tamoyili amal qiladi. Ulushni miqdori inobatga olinmaydi; barcha sherik mulkdorlarning bir ovozdan qabul qilgan qarori zarur bo’ladi. Kelishuv bo’lmagan taqdirda nizo sherik mulkdorlardan istalgan birining da’vosi bilan sudda hal etilishi mumkin.
Umumiy qoida bo’yicha, ulushni tasarruf etish uchun boshqa sherik mulkdorlarning roziligi talab etilmaydi. Ulushli mulkning ishtirokchisi o’z xohish-ixtiyori bilan mulk huquqidagi ulushini sotishi, sovg’a qilishi, vasiyat qilib qoldirishi, garovga berishi yoki boshqacha tarzda tasarruf qilishi mumkin. Haq olib tasarrufdan chiqarishda ulushli mulk ishtirokchilari tomonidan ulushni imtiyozli sotib olish huquqi amal qiladi.
Ishtirokchilardan biri tomonidan umumiy ulushli mulkdagi mol-mulkni tasarruf qilishga oid bitimlar yoki o’zga harakatlarning sodir etishi boshqa ishtirokchilarning roziligi bo’lmaganda bunday bitimlarning o’z-o’zidan haqiqiy emasligiga olib keladi, shu bilan u birgalikdagi mulk bo’lgan mol-mulkka nisbatan sodir etilgan bitimlarning nizoli ekanligini nazarda tutuvchi fuqarolik normasi qoidasidan farqlanadi.
Agar umumiy mulkni tasarruf qilish, avvalo, uchinchi shaxslar bilan bitimlar tuzishni nazarda tutsa, umumiy mulkka egalik qilish va undan foydalanish ishtirokchilar o’rtasidagi mol-mulkning o’ziga, uning foydali xususiyatlarini chiqarib olishga, ashyo ustidan hukmronlik qiliishga doir munosabatlarni qamrab oladi.
Bunda umumiy mulkchilikda bo’lgan mol-mulkka egalik qilish va undan foydalanish, shuningdek, uni tasarruf etish ham barcha ishtirokchilarning kelishuviga ko’ra, ulardan hech bo’lmasa birining e’tirozi bo’lgan taqdirda esa sud belgilagan tartibda amalga oshiriladi.
Mol-mulkka egalik qilish uning ustidan to’liq jismoniy nazoratdan iboratdir. Mol-mulkni qo’riqlash, turarjoyda istiqomat qilish yoki turarjoyga mo’ljallanmagan binoda turish egalikning shakllari bo’lishi mumkin. Egalik barcha ishtirokchilar tomonidan umumiy kelishuvga muvofiq amalga oshiriladi. Barcha ishtirokchilarning ashyoga teng erishuvi (foydalanishi) kelishuvda nazarda tutilishi shart emas. Agar hech bo’lmaganda bitta ishtirokchi umumiy rozilik bilan ashyoni nazorat qilayotgan bo’lsa, egalik amalga oshirilyapti deb hisoblanishi mumkin. Shunga muvofiq, uchinchi shaxslar tomonidan egalikning buzilishi ishtirokchilardan istalgan biri tomonidan huquqbuzarga qarshi qaratilgan egalikni (mulk huquqini) himoyalash to’g’risida da’vo kiritish huquqini beradi.
Ulushli mulkning ishtirokchilari umumiy mulkdan yaxlit holda yoki uning ayrim qismlaridan foydalanishlari va unga egalik qilishlari mumkin. Tanlov, odatda, umumiy mulk huquqi obyektiga bog’liq bo’ladi. Bo’linmas ashyolar yagona birlik sifatida ishlatiladi. Masalan, bir yoki bir necha qishloq xo’jalik tovarlari ishlab chiqaruvchilarning umumiy mulki sifatida xarid qilingan murakkab texnika har bir sherik mulkdor tomonidan mulk huquqidagi ulushiga muvofiq muayyan vaqt ishlatiladi. Umumiy ulushli mulkdagi xonadonga ega oila a’zolari xonalardan bir qismini alohida (masalan, yotoqxona, kabinet va x.k.), boshqa qismidan esa (vannaxona, oshxona, koridor va x. k.) birgalikda foydalanadilar.
Ishtirokchilar tomonidan egalik mulkdorlar sifatida amalga oshiriladi, shu sababli ular, o’zlari uchun egalik qilgan holda, bir paytning o’zida ashyodan foydalanish huquqini amalga oshirmoqda, uni saqlash bo’yicha majburiyatlarni bajarmoqda va boshqa jihatlardan ham o’zlarini uning mulkdori sifatida tutishyapti deb faraz qilinadi. Demak, mol-mulkni ishtirokchiga (ulush egasiga) egalikka yoki foydalanishga ajratish bir paytning o’zida shu mol-mulkka nisbatan mulkdorning barcha huquqlarini alohida kelishuvsiz amalga oshirishni bildiradi. Ammo ashyodan foydani unga egalik qilmasdan ham chiqarib olishning imkoni bo’lsa, bu holda foydalanish alohida kelishuv predmetiga aylanishi mumkin.
Sherik mulkdorlar ulushlarining miqdori nafaqat umumiy mulkka egalik qilish va undan foydalanishda, hosil, mahsulot va daromadlarni taqsimlashda, balki uni saqlab turish, asrash xarajatlarni ko’tarishda ham jiddiy ahamiyat kasb etadi. Har bir sherik mulkdor o’z ulushiga mutanosib ravishda umumiy mulkni saqlash bo’yicha xarajatlarda ishtirok etishi shart.



Download 1.75 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   77   78   79   80   81   82   83   84   ...   132




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling