Toshkent davlat yuridik universiteti iqtisodiy protsessual huquq


Iqtisodiy sudning hal qiluv qarori, uni qabul qilish va e’lon qilish tartibi, qo‘shimcha hal qiluv qarorini chiqarish asoslari


Download 464.55 Kb.
bet188/306
Sana05.02.2023
Hajmi464.55 Kb.
#1166720
1   ...   184   185   186   187   188   189   190   191   ...   306
Bog'liq
ИПҲ-дарслик-2018

Iqtisodiy sudning hal qiluv qarori, uni qabul qilish va e’lon qilish tartibi, qo‘shimcha hal qiluv qarorini chiqarish asoslari

Iqtisodiy sud hal qiluv qarori va uni qabul qilish
IPKning 176-moddasiga muvofiq nizoni mazmunan ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha iqtisodiy sud hal qiluv qarori qabul qiladi. Hal qiluv qarori asosan da’vogarning da’vo talabini qanoatlantirish yoki uni to‘liq yoxud qisman rad qilish, yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni belgilash kabi masalalarga javob beradi.
Hal qiluv qarori qabul qilinishi bilan iqtisodiy sudning birinchi instansiyasida ishni muhokama qilish tugaydi. Hal qiluv qarori O‘zbekiston Respublikasi nomidan qabul qilinadi.
Taraflarning nizolari mazmunan hal etilmagan vaqtda iqtisodiy sud ajrim chiqaradi. Iqtisodiy sudning ajrimi hal qiluv qaroridan farq qilib, unda nizoni ko‘rish jarayonida vujudga keladigan alohida masalalarni muhokama qilishni o‘z ichiga oladi (masalan, ish ko‘rishni qoldirish, to‘xtatish, ish yuritishni tugatish, da’voni ko‘rmasdan qoldirish).
Shunday qilib, iqtisodiy sudning hal qiluv qarori - bu iqtisodiy sud birinchi instansiyasining sud hujjati bo‘lib, da’vogarning javobgarga nisbatan moddiy-huquqiy talabini mazmunan hal qiladigan iqtisodiy sud ish yurituvidagi taraflarning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari va buzilgan, shuningdek bahsli huquqlarini himoya qiladigan sud hujjati hisoblanadi.
Iqtisodiy sudning hal qiluv qarori qonuniy va asoslantirilgan bo‘lishi lozim.
Hal qiluv qarori protsessual huquq normalariga aniq rioya etilgan va nizoli huquqiy munosabatga nisbatan qo‘llanilishi lozim bo‘lgan moddiy huquq normalariga to‘liq mos holda qabul qilingan taqdirda qonuniy hisoblanadi. Agar qonunosti normativ-huquqiy hujjatlarda yoki shartnomada belgilangan ayrim qoidalarning qonunga zidligi aniqlansa, sud qaror chiqarishda qonunga asoslanadi.
Iqtisodiy sud nizolarni O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, boshqa qonun hujjatlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga asosan hal qiladi. Agar xalqaro shartnomada O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgandan boshqacha qoida o‘rnatilgan bo‘lsa, bunday hollarda xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
Iqtisodiy sud O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va xalqaro shartnomalariga binoan chet el davlatlarining huquq normalarini qo‘llaydi.
Nizoli munosabatni tartibga soluvchi huquq normalari mavjud bo‘lmagan taqdirda, sud IPKning 13-moddasi uchinchi qismiga muvofiq shunga o‘xshash munosabatlarni tartibga soladigan huquq normalarini tatbiq etadi, bordi-yu, bunday normalar ham mavjud bo‘lmasa, nizoni qonunlarning umumiy asoslari va mazmuniga tayanib hal etadi. Qonun o‘xshashligi yoki huquq o‘xshashligi qo‘llanganligi hal qiluv qarorida asoslantirilishi lozim.
Hal qiluv qarorida ish uchun ahamiyatli barcha holatlar bayon etilgan va taraflarning huquq va majburiyatlari haqidagi xulosalarini tasdiqlovchi dalillar keltirilgan bo‘lsagina, u asoslantirilgan hisoblanadi.
Hal qiluv qarori ish holatlari haqidagi taxminlarga asoslangan bo‘lishi mumkin emas. Hal qiluv qarori dalillarga uning aloqadorligi va maqbulligi haqidagi IPKning 71,72-moddalari talablarini inobatga olgan holda asoslantirilgan bo‘lishi kerak.
Yozma va ashyoviy dalillar, ekspertlarning xulosalari, mutaxassislarning maslahatlari, guvohlarning ko‘rsatuvlari, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari dalillar bo‘lishi mumkin.
Hal qiluv qarorining asosi uchun iqtisodiy sud tomonidan muhokama qilingan va baho berilgan dalillargina olinishi lozim. Qonunni buzgan holda olingan dalillar yuridik kuchga ega emas va hal qiluv qaroriga asos qilib olinishi mumkin emas.
Iqtisodiy sud ish uchun ahamiyatli bo‘lgan u yoki bu holatni tasdiqlovchi dalillarni qayd etish bilan chegaralanmasdan, balki ushbu dalillarning mazmunini ham bayon etishi shart. Agar iqtisodiy sud dalillarning har birini alohida va ularni birgalikda baholab, taqdim etilgan u yoki bu hujjatlar, taraflar vakillarining ko‘rsatmalari, boshqa aniq ma’lumotlar taraflar o‘zlarining talab yoki e’tirozlarini asoslagan holatlarni tasdiqlamasligini aniqlasa, u o‘zining bu haqdagi xulosasini hal qiluv qarorida ishonchli asoslashi lozim.
Ekspertning xulosasi boshqa dalillarga nisbatan imtiyozga ega bo‘lmaydi va iqtisodiy sud uchun majburiy hisoblanmaydi. U boshqa dalillar bilan birgalikda baholanishi lozim. Ekspert xulosasiga baho hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida berilishi kerak. Ekspert xulosasi bilan kelishmaganlikni iqtisodiy sud asoslantirishi lozim. Agar ekspertiza o‘tkazish bir necha ekspertlarga topshirilgan bo‘lib, ekspert tekshiruvi masalalari bo‘yicha alohida xulosalar berilsa, iqtisodiy sud har bir ekspert xulosasi bilan kelishish yoki kelishmaslik asoslarini keltirishi lozim. Ekspertning iqtisodiy sud majlisida bergan og‘zaki izohi uning muqaddam taqdim etgan xulosasini tushuntirishga oid qismi bo‘yichagina dalil bo‘lishi mumkin. Hal qiluv qarorida ekspert xulosasiga havola qilinganda ushbu xulosa bilan ish uchun ahamiyatli hisoblangan qaysi faktlar tasdiqlanganligi ko‘rsatilishi lozim.
Hech qanday dalil iqtisodiy sud uchun oldindan belgilab qo‘yilgan kuchga ega emas. Iqtisodiy sud hal qiluv qarorini sud majlisida tekshirilgan dalillar bilangina asoslaydi. Masalan, javobgar tomonidan da’vo tan olingan bo‘lsa ham, hal qiluv qarorida bunga iqtisodiy sud majlisida aniqlangan ishning haqiqiy holatlari inobatga olinib, baho berilishi kerak.
Sud ishni mazmunan ko'rib chiqish natijalari bo'yicha hal qiluv qarori qabul qiladi. Sud hal qiluv qarorini O'zbekiston Respublikasi nomidan qabul qiladi. Hal qiluv qarori sudyalar maslahati sirini saqlash ta'minlanadigan sharoitlarda, sud majlisida ishtirok etayotgan sudyalar tomonidan qabul qilinadi. Sud hal qiluv qarorini qabul qilayotgan xonada faqat ishni ko'rib chiqayotgan sud tarkibiga kiradigan sudyalar bo'lishi mumkin. Ushbu xonaga boshqa shaxslarning kirishi, shuningdek sud tarkibiga kirmaydigan shaxslar bilan muloqotda bo'lishning boshqa usullari taqiqlanadi. Sudyalar hal qiluv qarorini qabul qilish chog'idagi muhokama mazmuni to'g'risidagi, sud tarkibiga kirgan ayrim sudyalarning nuqtai, nazari haqidagi ma'lumotlarni biror-bir shaxsga xabar qilishga, sudyalar maslahati sirini boshqa usulda oshkor qilishga haqli emas.

Download 464.55 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   184   185   186   187   188   189   190   191   ...   306




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling